Chaqaloqni beshikka belash qanchalik to‘g‘ri?

DO`STLARGA ULASHING:

Beshik tarixi juda qadimga borib taqaladi. U haqida ilk ma’lumotlarni Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni lug‘atit-turk» asarida uchratish mumkin. Bolaning tagi quruq bo‘lishini ta’minlovchi sumak va tuvak esa faqat O’rta Osiyo xalqlariga xos. Beshiklarimizdagi bunday o‘ziga xoslikni o‘rta asr ustalarining ixtirosi deb taxmin qilishimiz mumkin. Bu haqda aniq ma’lumotlar mavjud emas.
Afzalliklari
Uzoq tarixga ega bo‘lishiga qaramay, biror tadrijiy takomillikni boshdan kechirmagan beshikning avvalo afzalliklarini sanab o‘tsak:
1) Uxlaganda usti surp yoki doka bilan yopiq bo‘lgani uchun chaqaloqni turli xil hasharotlar bezovta qilmaydi.
2) Bola qo‘lga o‘rganib qolmaydi. Chunki chaqaloq ko‘p ko‘tarib yurilsa, keyinchalik ham mana shunday e’tibor talab qiladi.
3) Beshikning rangli bezaklariga qarab ovunadi va ranglarni ajratishni o‘rganadi.
4) Tagi hamma vaqt quruq turgani uchun beshikdagi bola kechqurun tinch uxlaydi.
5) Beshik yordamida bolani uxlatish qulay. Shuningdek, chayqalayotgan beshik bir necha daqiqa o‘z inertsiyasi bilan ham tebranib turish xususiyatiga ega.
6) Qovuzda yotgan bolaning umurtqa suyaklari tekis bo‘ladi.
7) Pampersga ketadigan xarajat va taglik yuvishga ketadigan vaqt tejaladi.
8) Chaqaloq yotganda yuztuban o‘girilib qolmaydi.
9) Qo‘li bilan yuz-ko‘zini tilib, jarohatlamaydi, barmog‘ini og‘ziga solib so‘rmaydi.
10) Beshikning ichki iqlimi doimiy harorat mo‘‘tadilligini saqlab, chaqaloqning isib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shifokorlar nima deydi?
Shifokorlar beshik xususida aniq bir to‘xtamga kelishmagan. Ular beshikni munozarali mavzu hisoblaydilar. Masalan, tibbiyot fanlari nomzodi Nizom Ermatov, oliy darajadagi jarroh Tojiboy Yoqubov, shifokor O’ktam Qo‘chqorovlar o‘z maqolalarida («Shifo-info» gazetasi) beshikka ijobiy baho berganlar. Professor Mamazoir Xo‘jamberdievning fikricha esa, beshikning muttasil va suratli tebratish bola miyasiga shikast yetkazishi, hali yaxshi qotib ulgurmagan bosh suyagining sinishiga va miyaga qon quyilishiga olib kelishi mumkin. U o‘z fikrlarini 10 yil burun Farg‘ona vodiysida tadqiqot olib borgan shotlandiyalik pediatrlar natijalari bilan isbotlashga urinadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra taxminan har 100 ming go‘dakdan 25 tasida bosh suyagi deformatsiyasi yoki jarohatlanishi kuzatilgan. Andijon tibbiyot instituti professori Rishat Osmanovning fikriga ko‘ra bir xil holatda 10-15 soat uzluksiz yotishi bola sog‘lig‘i uchun xavfli. Chaqaloqni yelka, qorin va oyoq qismidan qattiq bog‘lash ham qon aylanishini buzadi, suyaklarning qiyshiq o‘sishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek Osmanov bola beshikda harakatlana olmasligi natijasida mushaklari yaxshi rivojlanmay qolishi hamda organizmda modda almashinuvi buzilishi mumkinligini ta’kidlaydi. Ellik yillik ish tajribasiga ega, bolalar ortopedi va travmatolog Kozim Qobilov esa bunday qarashlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Uning fikricha, beshikda yotish suyaklarning qiyshiq o‘sishiga olib kelmaydi. Zero suyaklarning qiyshiq o‘sishi asosan raxit kasalligi bilan bog‘liq. «Beshikdagi qovuz bolaning shakliga moslashadi va umurtqaning to‘g‘ri o‘sishiga yordam beradi. Oyoqlardagi «O» va «X»simon deformatsiyalarning beshik bilan aloqasi yo‘q. Chunki, bunday qiyshiq o‘sish holatlari bola yura boshlagandan keyin qaysidir yuzaga kelishi mumkin», deydi ortoped Qobilov.
Beshik tebratganda go‘dak bosh suyagining shikastlanishi faqatgina boshning yog‘och qismlarga qattiq zarb bilan urilganda sodir bo‘ladi. Odatiy beshik tebratishlarda bu holatning yuzaga kelish ehtimoli kam. Shotlandiyalik pediatrlarning tadqiqotidagi ko‘rsatkich ham juda past (0,00025 foiz) ekani esa beshikni yoqlaydigan shifokorlar e’tiborini tortgan. Shikastlangan chaqaloqlar esa beshikni noto‘g‘ri tebratish yoki boshqa sabablar tufayli zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, go‘daklarning to‘liq bitmagan va yumshoq bosh suyaklarining kompensator imkoniyatlari baland bo‘ladi. Ularda bosh suyak deformatsiyasi kam uchraydi. Shuning uchun miya chayqalishi, bosh suyagi shikastlanishi kabi holatlarga beshikni sababchi qilib ko‘rsatish yetarli asosga ega emas. Ayniqsa, sog‘lom tug‘ilgan bola uchun beshikning zarar yetkazish ehtimoli juda kam. Faqat chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi bilan dunyoga kelgan bolalarni beshikka yotqizmaslik tavsiya qilinadi.
Ba’zi urologlarning fikriga ko‘ra, bola beshikda yoki mahkam bog‘langan yo‘rgakda tagini ho‘l qilganida bir miqdor qoldiq siydik qovug‘ida qoladi. Natijada, siydik yo‘llarida tosh yig‘ilishi mumkin. Oyoqlari bukilgan holatda esa siydik qovuqda qolmaydi. Lekin hozircha ushbu qarash ham to‘liq tasdiqlanmagan. Zero, go‘daklar qovug‘ida tosh yig‘ilish holati juda kam uchraydi.
Me’yorga rioya qilinmasa…
Shifokorlarning fikrlaridan shularni xulosa qilish mumkinki, to‘g‘ri ishlatilganda beshikning salbiy jihati yo‘q. Quyida beshikni noto‘g‘ri ishlatish natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni keltirib o‘tamiz:
— Bolaning uzluksiz, uzoq vaqt beshikda yotishi zararli. Kun bo‘yi beshikda yotish natijasida ayniqsa, qish va kuz oylarida bola terisiga yorug‘likni tushishi kamayadi. Bu esa terida D-vitamini sintez bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi va raxit kasalligini keltirib chiqaradi. Bu kasallik natijasida bola organizmida kaltsiy almashinuvi buzilib, suyaklar yumshoqlashadi, boshning ensa sohasi tekislanadi. Suyaklar qiyshiq o‘sishi kuzatiladi.
— Beshikda bolani bir tomondan emizish tufayli ko‘pincha birlamchi bo‘yin qiyshiqligi kelib chiqadi.
— Sumak gigienik talablarga rioya etilmagan holatda tashqi jinsiy a’zolarda kontakt dermatitlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Beshikning asosiy qismi poydevor qism, ko‘prik, egma, qubba va oyoqlardan tashkil topgan. Beshiklar aksariyat qurt tushmaydigan tut daraxtidan, ba’zida o‘rik, yong‘oq daraxtidan, egmasi va sumagi esa ko‘pincha yumshoqroq bo‘lgan tol daraxtidan yasaladi. Eski ustalar mix ishlatishmagan. Hozirda faqat egmalarini mahkamlash uchun mix ishlatiladi. Ilgari bezaklarda ham tabiiy bo‘yoqlardan foydalanilgan. Shu bois hidi chiqmagan.
Govrapo‘sh — beshik ustiga yopadigan yopinchiq, uch xil mavsum uchun moslashgan bo‘ladi: duxoba (qish), ipakli yoki surp (kuz, bahor) va doka (yoz).
Qovuz — tariq, sholi, suli yoki bug‘doy po‘stlog‘idan tayyorlangan maxsus ko‘rpacha. O’ziga xos pampers vazifasini bajaradi.
Sumak — go‘dak jinsiy a’zosiga kiydiriladigan yog‘ochdan qilingan naycha. Qiz va o‘g‘il bolalarniki farqpi bo‘ladi. Yozilganda siydikning maxsus tuvakka tushishini ta’minlaydi.
Tuvak — go‘dak yozilganda yig‘iladigan hojat idishchasi Beshikning choyshablari, qo‘lbog‘, oyoqbog‘lari chit, ipak kabi sof tabiiy matodan tikiladi.
Beshikmi, pampersmi?
Qaysidir ma’noda ilk tabiiy pampersni, ota-bobolarimiz o‘ylab topishgan desak, xato bo‘lmaydi. Sababi, beshik qovuzi havoni yaxshi o‘tkazadi, namni tez shimib oladi va tez quriydi.
Ma’lumki pamperslar haqida ayrim salbiy fikrlar bor. Pampersda tagini ho‘l qilgan bolaning oyoqlari ma’lum muddatdan keyin namlikni his qila boshlaydi.
Albatta, beshik yoki pampers ishlatish har bir oila o‘zi hal qiladigan masala. Shifokorlarning fikricha, har ikkala holatda ham to‘g‘ri ishlatish muhim ahamiyatga ega. Pampersning ko‘p harajatli ekani bu qiyoslamada aytib o‘tish mumkin bo‘lgan yana bir jihat sanaladi.
Beshik xususida zarur tavsiyalar
Beshkini me’yorida va to‘g‘ri ishlatish kerak. Buning uchun quyidagilarga amal qilish lozim:
— Beshikni qattiq yerga emas, ko‘rpacha ustiga qo‘yib tebratish kerak.
— Beshikda bola faqat uxlagan paytda yotgani ma’qul. Uyg‘oq mahalda uni qo‘lga olib orqalarini ohista uqalash va o‘ynatish kerak.
— Beshikni oftob tushadigan joyga qo‘yish yoki go‘dakni ma’lum paytlarda oftobga olib chiqish lozim. Chunki bola D vitaminini eng ko‘p quyosh nuri orqali o‘zlashtiradi. Ayniqsa, bahor-yoz oylarida kunduzgi soat 8-10 orasi, kuz-qish oylarida kunduzgi soat 9-11 orasi tushgan ultrabinafsha nurlari foydali.
— Bolani beshikda yotgan holda emizmagan ma’qul. Agar shunday qilishga to‘g‘ri kelsa, galma-galdan ikki tomondan emizish kerak.
— Beshikni ohista tebratgan afzal. Tez yoki qattiq tebratish xavfli.
— Chaqaloqni 1 yoshgacha yoki o‘zi mustaqil yuradigan bo‘lguncha beshikka belash tavsiya etiladi. Zero, bu paytga kelib bolada peshobini nazorat qilish qobiliyati shakllangan bo‘ladi. Agar beshikda yotishni bola o‘zi istasa yoki nimjon bo‘lsa bu muddatni biroz uzaytirish mumkin.
— Sumakni ishlatishdan oldin yumshoq bo‘lishi uchun yog‘ga botirib olish kerak. Vaqti vaqti bilan tozalab, gigienaga e’tibor berish lozim.
— Beshik yuzini sun’iy matodan tikilgan qalin pardalar bilan yopish qat’iyan man etiladi.
— Beshikni isitish uskunalari yoniga qo‘ymaslik kerak. Quruq havoda ion tarkibi buzilib, bolaga noqulaylik tug‘diradi va ko‘p yig‘lashiga sabab bo‘ladi.
— Vaqti-vaqti bilan beshik pardalarini ochib, o‘rin-ko‘rpalarini shamollatib turish kerak.
— Qovuz ko‘rpachasi paxtadan va yupqa ekaniga ahamiyat berish kerak. Chunki, bolaning to‘shagi o‘ta yumshoq bo‘lmasligi kerak.
— Biroq bosh qismiga yumshoq yostiq qo‘yish boshi «pachoq» bo‘lib o‘sishidan saqlaydi.
— Xatna qilingan go‘dakni beshikka sumaksiz belash kerak. Negaki sumak go‘dak yarasini zaxalab qo‘yishi mumkin.
— Oyoq va qo‘lbog‘larni juda qattiq bog‘lamaslikka ham alohida e’tibor qaratish lozim.
Qanday chaqaloqlar beshikka belanmaydi?
Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi (noto‘g‘ri o‘sish) bilan tug‘ilgan go‘daklarni beshikka belamaslik kerak. Sababi, ularning oyoqlari biriktirilmagan holda, ochiq turishini tavsiya etishadi. Bolada bunday tug‘ma kasallik bor-yo‘qligini bilish uchun ortoped ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Tug‘ma yurak poroklari bo‘lgan bolalarda ba’zan nafas olishi qiyinlashish holatlari uchraydi. Shuning uchun ularga ham beshik tavsiya etilmaydi. Ko‘pincha katta vazndagi chaqaloqlar tug‘ilish jarayonida bosh suyagi deformatsiyalanadi. Natijada, bosh suyagi ichidagi qon bosimi baland bo‘ladi. Bezovtalanish va injiqlik shu kasallik bilan og‘ringan bolalarga xos. Ular beshikka belansa, beshikni juda ohista tebratish lozim.
© Doctor Muxtorov

Оставьте комментарий