Infektsion endokardit

DO`STLARGA ULASHING:

Infektsion endokardit – asosan yurak klapanlarining zararlanishi va yurak endokard qavatining ogʼir yalligʼlanishi bilan kechadigan kasallikdir. Endokard – yurak devorining tashqi tomondagi uchinchi – ichki qavati boʼlib, yurak boʼshligʼini oʼrab turadi. Infektsion endokardit ogʼir kechuvchi va aniqlanishi ancha qiyin boʼlgan kasalliklardan biridir. Аgar u oʼz vaqtida toʼgʼri davolanmasa jiddiy asoratlar qoldirib, bemorni ancha qiynab qoʼyadi, hatto nogironlikka olib kelishi ham mumkin.

Kuzatishlar natijasiga koʼra, infektsion endokarditning birlamchi turi yurak qopqoqlari zararlanmagan bemorlarda uchrasa, ikkilamchi turi esa koʼpincha orttirilgan va tugʼma yurak nuqsonlari bor kishilarda rivojlanadi. Ilgari yurak kasalliklari tufayli jarrohlik amaliyotini oʼtkazgan, sepsis, urologik, invaziv diagnostik muolajalarni qabul qilgan yoki qon tomirlariga tez-tez dori yuborish muolajasini olib turadigan kishilarda va giyohvandlarda va infektsion endokardit xastaligi roʼy berishi mumkin.
Bundan tashqari, oʼtkir respirator kasalliklar, ogʼiz boʼshligʼida yiringli oʼchoqlarning boʼlishi va shu sohada qilingan operatsiyalar, tanosil aʼzolari jarrohligi yoki bu aʼzolarda asboblar yordamida uzoq vaqt tekshirilishi tekshiruv davomida zond (kateter)larning uzoq turib qolishi singari holatlarda organizmda infektsiya oʼchogʼi paydo boʼladi va kasallik kelib chiqishi mumkin.
Klinik kechishi boʼyicha kasallikning oʼtkir, yarim oʼtkir va surunkali (qaytalanib turuvchi) turlari mavjudligi aniqlanilgan.
Infektsiya-bakteriyalar qon orqali yurak qopqoqchalari (klapanlari)ga oʼtib boradi va shu yerda toʼxtab, ikkilamchi infektsiya oʼchogʼini hosil qiladi. Qopqoqchalarda va uning yaqinida-arterial tomirlarga oʼrnashib olgan mikroblar yigʼilib toʼplamlar hosil qiladi, kasallik rivojlanishi jarayonida shu oʼchoqli toʼplamlar uzilib boʼlakcha (embol)lar ajralib chiqadi va qon tomir orqali tarqalishi natijasida septik holat yuzaga keladi. Embollar qon oqimi bilan tanadagi turli aʼzolarga tushib toʼxtashi oqibatida tromboemboliya yoki abtsess – yiringli oʼchoq asoratlari sodir boʼladi. Yurak qopqoqlarida joylashib olgan infektsiyalar aʼzo va toʼqimalarda haddan tashqari kuchli reaktsiya paydo boʼlishiga olib keladi. Umuman bu kasallikning rivojlanishi va zoʼrayishi kasallangan aʼzolarda distrofik oʼzgarishlarga sabab boʼladi. Rivojlanish jarayonida infektsion endokardit oxirgi bosqichga oʼtib tana aʼzolari faoliyatining buzilishi (masalan yurak-tomir, jigar, taloq hamda buyrak yetishmovchiligi) kuzatilishi mumkin.
Infektsion endokarditning rivojlanish bosqichlari tanadagi aʼzolar tizimining qay darajada shikastlanishi bilan bogʼliq. Аgar xastalik sababi virulent – patogen infektsiya boʼlsa, endokarditning oʼtkir kechishi kuzatiladi. Bunda bemorlar qaltiraydi, kuchli terlash holati roʼy beradi, tana harorati juda ham baland boʼladi. Bunda yurak va ichki aʼzolar shikastlanib, 1-2 oy davomida zoʼrayib boruvchi yurak-tomir hamda nafas yetishmovchiligi, jigar, taloq va buyrak faoliyati izdan chiqishi yoki bosh miya tomirlarida trombo emboliya holati roʼy beradi. Bunday holatlarda bemorning hayoti xavf ostida qoladi.
Kasallikning oʼrtacha oʼtkir kechishida esa umumiy xolsizlik, charchoq, ishtaha pasayishi, ozish, bosh ogʼrigʼi, terlash va ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi. Bemorlarning taxminan uchdan bir qismida infektsion endokardit koʼpincha angina, zotiljam, yiringli otit, siydik yoʼllari infektsiyasi, bola oldirish (abort qildirish) yoki tugʼruqdan keyin rivojlanishi mumkin. Аyrimlarda bu xastalik gemorragik belgilar (masalan oshqozon-ichak yoki burundan qon ketishi) bilan boshlansa, boshqa bir xil kishilarda esa septik gepatit, oʼpka abstsessi, tromboembolik boʼyin venalarining shishishi bilan kuzatiladi. Kasallikning boshlangʼich davrlarida bemor terisi rangpar, kulrang, kechki davrlarda esa “sutli qahva” rangida boʼlishi mumkin.
Infektsion endokarditda mayda tomirlar devori shikastlanishi sababli koʼz qovoqlarida, qattiq va yumshoq tanglayda, boʼyinda, koʼkrak, bilak va qoʼl-oyoq kaftlarida koʼkimtir dogʼlar paydo boʼladi va ularda qontalashlar kuzatiladi. Baʼzi bemorlarning boʼgʼimlarida ogʼriq turadi, yaʼni mayda yoki yirik boʼgʼimlarida artrit rivojlanadi. Umuman olganda infektsion endokarditning asosiy belgisi yurak shikastlanishi boʼlib, bu xol koʼkrak sohasida stenokardiya yoki miokard infarktiga oʼxshash ogʼriq bilan ifodalanadi.
Kasallikning erta davrida oʼchoqli nefrit, kechki davrlarida glomerulonefrit belgilari rivojlanadi. Shuningdek jigar, taloq kattalashishi mumkin. Hatto bemorda asab tizimi shikastlanib, meningoentsefalit va ruhiy oʼzgarishlar bilan ifodalanadi.
Infektsion endokarditning dastlabki bosqichlari turli bemorlarda turlicha boshlanadi. Masalan:
Kasallikning asta-sekin boshlanishida boʼshashish, oʼzini yomon his etish, bosh va boʼgʼimlarda ogʼriq turishi holatlari roʼy beradi. Bu vaqtda infektsion endokarditni ayrim kasalliklar (yaʼni revmatizm, aorta qopqoqlari yetishmovchiligi, perikardit, poliserozit, boʼgʼim kasalligi singarilar) dan farqlash lozim.
Endokardit oʼtkir yuqumli kasallikka oʼxshash holatda boshlanganda bemor kuchli terlaydi, titraydi va tana harorati baland koʼtariladi. Shunday paytda infektsion endokarditni gripp, terlama, bezgak kabi yuqumli xastaliklardan ajrata bilish muhim.
Xastalik tromboembolik asorat bilan (koʼpincha miya, taloq, buyrakda) boshlanganda uni buyrak tosh kasalligi bilan adashtirmaslik kerak.
Infektsion endokardit oʼtkir glomerulonefrit, tizimli qizil yugurik, bezgak, brutsellyoz, zahmli aortit belgilari bilan yuzaga kelishi yoki kamqonlik va taloq kattalashishi bilan kechadigan “gematologik niqobli” boʼlishi ham mumkin. Shunday holatlarda bu kasallikni qon tizimining boshqa koʼplab xastaliklaridan farqlab olish zarur.
Infektsion endokarditni tashxislash uchun bemorda EKG, ExoKG (iloji boʼlganda transtorakal ExoKG), koʼkrak qafasining rentgenografiyasi, periferik qon tomirlar dopplerografiyasi, 3 soatlik termometriya, umumiy qon tahlili, umumiy peshob tahlili, qonning bakterial ekmasi va boshqa biokimyoviy tekshirishlar oʼtkaziladi.
Davolash kasallikni yuzaga keltirgan sabablarga qarab amalga oshiriladi. Infektsion endokarditning boshlangʼich davrida uzoq vaqt katta miqdorda kasallikka sezgir boʼlgan antibiotiklar qoʼllanilsa xastalik tezroq tuzaladi. Bemorning immun tizimi ishini yaxshilovchi gormonal, nosteroid, peshob haydovchi, umumquvvatni oshiruvchi dori-darmonlar ham berish mumkin. Bordiyu antibiotiklar bilan davolash yaxshi natija bermasa, yurak qopqoqlarini jarrohlik yoʼli bilan sunʼiy qopqoqlarga almashtirish mumkin.
Har bir kishi bilishi zarurki, kasallikning oldini olish uchun yurak xastaligi bilan ogʼrigan bemor doimiy dispanser nazoratida turishi, ogʼiz, burun va boshqa sohalardagi yiringli infektsiyalar oʼchogʼini oʼz vaqtida aniqlab, muolajalarni barvaqt boshlashi dard tuzalishida muhim ahamiyatga ega.
Gulchehra JАBBOROVА, oliy toifali kardiolog.

Оставьте комментарий