Kimlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan?

DO`STLARGA ULASHING:

“Islom.uz” saytida kimlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgani haqida maqola e’lon qilindi. Ma’lumot Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Mo‘minning qalqoni” kitobidan olingan.

Foto: “Islom.uz”

Juda qartayib qolgan kishi ro‘za tutishga ojiz bo‘lsa, og‘zini ochadi va har bir tutmagan kuni uchun bir miskinga sadaqai fitr miqdorida taom beradi. Keyinroq ro‘za tutishga qodir bo‘lib qolsa, qazosini tutadi.
Homilador yoki emizikli ayollar ro‘za tufayli o‘ziga va bolasiga zarar yetishidan, bemor esa xastaligi kuchayishidan qo‘rqsa yoxud musofir safarda bo‘lsa, og‘zini ochadi va fidyasiz qazo tutadi. Lekin zarar qilmasa, safarda ham ro‘za tutgan afzaldir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Va uni (ro‘zani) qiynalib tutadiganlarga bir miskin taomi” oyati yoshi ulug‘ qariyalarga tegishli ruxsatdir. Ular ro‘za tutishga qiynaladilar. Shuning uchun og‘izlarini ochib, har bir kun o‘rniga bir miskinga taom berishadi. Homilador va emizikli ayollar qo‘rqsalar, og‘izlarini ochadilar”.
Abu Dovud va Buxoriy rivoyat qilishgan. Buxoriyning lafzida:
“Ibn Abbos: “Bu oyat mansux emas, balki qari chol va kampirlar uchundir. Ular ro‘za tutishga qodir emas. Shuning uchun har bir kun o‘rniga bir miskinni taomlantirishadi”, dedi”, deyilgan.
Ma’lumki, Islom insonga toqatidan tashqari narsani yuklamaydi. Jumladan, ro‘za masalasida ham shunday. Alloh taolo qarib qolgani uchun ro‘za tutishga qiynalib qoladigan keksalar uchun ro‘za tutmaslikka ruxsat bergan. Bu haqda Baqara surasida oyatlar kelgan. Mazkur oyatga ko‘ra, qartayib qolgan chol-kampirlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat bor, ular har bir ro‘za tutilmagan kun uchun bir miskinga taom beradilar. Ba’zi kishilar o‘zi sog‘ bo‘lsa ham, keksayib qolgani uchun ro‘za tutsa qiynaladigan bo‘lib qoladi. Ana shunday kishilar ham ro‘za tutmay, o‘rniga fidya berishlari mumkin.
“Fidya” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “fido qilish” bo‘lib, shariat hukmiga ko‘ra, ma’lum bir narsaning o‘rniga mol sarflash “fidya berish” deyiladi. Qariliklari tufayli ro‘za tuta olmaydiganlar uchun fidya berishning joriy qilinishi bejiz emas. Unda miskinlarning manfaati bilan birga o‘sha ro‘za tuta olmagan, ibodatni ado eta olmagan kishilarning afsus-nadomatlarini yengillatish ham bor.
Yuqoridagi rivoyatda qari chol va kampirlar hukmiga homilador va emizikli ayollar ham qo‘shilishi, agar ular yosh bolalarining sog‘ligiga zarar yetishidan qo‘rqishsa, og‘izlarini ochishlari mumkinligi haqida ham so‘z ketmoqda. Homilador va emizikli ayollar o‘zlari va bolalariga zarar yetishidan qo‘rqishsa, ro‘zani ochib yuborishga ruxsat bor. Bunga barcha ulamolar bir ovozdan ittifoq qilishgan.
Ammo hanafiy mazhabiga ko‘ra mazkur toifadagi ayollar ro‘zaning qazosini tutadilar. Mazhab ulamolarining bu masalada o‘zlariga yarasha hujjat-dalillari bor. Qari chol-kampirlarning fidya berish bilan kifoyalanishlariga ruxsat berilishi ularning keyinchalik ham ro‘za tuta olmasliklari e’tiboridandir, chunki ular borgan sari qarib, zaiflashib borishaveradi. Ularning qayta yosharib, ro‘za tutishlaridan umid yo‘q.
Homilador va emizikli ayollar esa vaqtinchalik bemorga o‘xshaydilar. Homilani tuqqanidan, bolani ko‘krakdan ajratganidan so‘ng yana ro‘zani tutish imkoniga ega bo‘ladilar. Bir yilda bir keladigan ro‘zani qazo qilib tutish osondir.
Bemor va musofirlarning ruxsatlari Qur’oni Karim oyatlarida zikr qilingan. Alloh taolo Baqara surasida:
“Sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, uning ro‘zasini tutsin. Va sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan. Alloh sizlarga osonlikni iroda qiladi va sizlarga qiyinlikni iroda qilmaydi”, degan (185-oyat).
Tuzalishidan umid qilinayotgan bemorning xastaligi Ramazon kunlari ham davom etsa yoki bir kishi Ramazon kunlari safarga chiqqan bo‘lsa, o‘sha kunlari ro‘za tutmay, keyin imkon bo‘lganda, tutmagan kunlari sanog‘icha qazo ro‘za tutishiga asosiy dalil mana shu oyati karimadir. Shuning uchun ro‘za tutsa dardi og‘irlashadigan yoki tuzalishi kechikadigan bemorlar Ramazon oyida bemalol ro‘za tutmay yurishlari mumkin. Alloh taolo ularga bemorligi tufayli ruxsat bergan.
Shuningdek, Ramazoni sharif kunlari safarga chiqqan odam ham ro‘za tutmasligi mumkin. Safardan qaytganida Ramazon tugamagan bo‘lsa, ularni tutaveradi. Ramazondan keyin esa safarda necha kun tutmagan bo‘lsa, o‘shancha kun qazosini tutib beradi.
Musofir uchun safarda ortiqcha qiyinchilik bo‘lmasa, ro‘za tutmaganidan ko‘ra tutgani afzaldir, chunki Alloh taolo musofirlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat bergan oyatning oxirida “Ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir”, degan.
Xulosa qilib aytsak, ro‘za tutishga uzrli bo‘lganlar quyidagilardir:
  1. O‘ta qari kishilar.
  2. Homilador ayollar.
  3. Emizikli ayollar.
  4. Musofirlar.
  5. Bemorlar.
Ulamolarimiz yana quyidagi toifalarni ham uzrlilarga qo‘shganlar:
  1. Ochlik va tashnalik oqibatida holdan toyganlar.
O‘ta qattiq ochlik yoki tashnalik oqibatida halok bo‘lish darajasiga kelgan, aqliga yoki biror a’zosiga shikast yetishi xavfi tug‘ilgan kishi ham ro‘za tutishdan uzrli hisoblanadi. U ham keyin qazosini tutib beradi, chunki Alloh taolo “(O‘zingizni) o‘z qo‘lingiz bilan halokatga tashlamang…”degan.
  1. Majburlangan kishi.
O‘ldirish yoki a’zolaridan birini ishdan chiqarish bilan tahdid qilib, ro‘zasini ochishga majburlangan kishi ham uzrli hisoblanadi va ro‘zasini ochadi, qazosini keyin tutib beradi.
Majburlash deganda majburlangan odamning joniga yoki biror a’zosiga tahdid bo‘lishi shart. Bu darajada majburlanmasa, gunoh ishni qilaverishga yo‘l ochilmaydi. Faqat o‘lim xavfi yoki tanasidagi a’zolaridan birining yo‘q bo‘lishi, mayib bo‘lishi xavfigina shar’iy e’tibordagi majburlash hisoblanadi.
  1. Mashaqqatli kasb egasi.
Kasbi bilan shug‘ullanmasa kuni o‘tmaydigan kishi yoki ro‘za tutganda kasbini qila olmay qoladigan kishilar uzrli hisoblanadi. Bu toifaga novvoy, temirchi va kon ishchilari kabilar kiradi. Ular saharlikni qilib, ro‘zani niyat qilishadi. Ish davomida hollari og‘irlashsa, ro‘zani ochib, qazosini keyin tutib berishadi.
Musofir muqim bo‘lgan, hayzli ayol pok bo‘lgan, yosh bola balog‘atga yetgan va kofir musulmon bo‘lgan kuni kunning qolgan vaqtida o‘zini yeb-ichish va jimo’dan tiyadi. Ramazonda kunning bir qismi o‘tgandan so‘ng musofir safardan qaytib kelsa, hayz ko‘rib turgan ayolning hayzi to‘xtasa, yosh bola balog‘atga yetsa yoki kofir odam Islomni qabul qilsa, bularning hammasi kunning qolgan qismida xuddi ro‘zadordek bo‘lib, yemay-ichmay yuradi. Balog‘atga yetgan yosh bola va yangi musulmon bo‘lgan odamga o‘sha kunning qazosini tutish lozim bo‘lmaydi.
Muqim kishi safarga chiqsa, o‘sha kunning ro‘zasini oxiriga yetkazadi. Lekin ochib yuborsa, unga kafforat lozim bo‘lmaydi. O‘z yurtida yashab turgan odam ro‘za tutib olib, kunning ma’lum qismi o‘tganidan keyin safarga chiqsa, ro‘zasini safarda bo‘lsa ham oxiriga yetkazadi. Mabodo “musofir bo‘ldim” degan fikr bilan o‘sha kunning ro‘zasini ochib yuborsa, qazosini tutadi, ammo kafforat bermaydi.
Oyning barcha kunlarida majnun bo‘lish ro‘zani soqit qiladi, lekin ayrim kunlarida bo‘lsa, soqit bo‘lmaydi. Bir Ramazon oyi to‘liq majnun bo‘lgan kishiga ro‘za tutish farz bo‘lmaydi. Ammo Ramazon oyining ba’zi kunlari majnun bo‘lib, qolgan kunlari sog‘ayib qolsa, sog‘ kunlarining adosini, kasal bo‘lgan kunlarining qazosini tutadi. Agar bir necha kun hushidan ketib yotgan bo‘lsa, o‘sha kunlarning qazosini tutadi. Faqat niyat qilgan kunning qazosini tutmaydi, chunki o‘sha kungi ro‘zasi o‘z o‘rnida ado bo‘lgan hisoblanadi.

10 комментариев к “Kimlarga ro‘za tutmaslikka ruxsat berilgan?”

  1. Уведомление: talk to a soulmate

  2. Уведомление: maxbet

  3. Уведомление: sbobet

  4. Уведомление: แอพเงินด่วน

  5. Уведомление: explorer

  6. Уведомление: สินเชื่อโฉนดที่ดินเปล่า

  7. Уведомление: official statement

  8. Уведомление: benelli guns store

  9. Уведомление: More Info

  10. Уведомление: sistem filtrare aer

Комментарии закрыты.