Maxtumquli (1733-1793)

DO`STLARGA ULASHING:

Mashhur turkman shoiri va mutafakkiri, turkman adabiyoti, madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan talant sohibi. U shoir Ozodiy Davlatmamat oilasida 1733 yilda tugʻilib, boshlangʻich savodni ovul maktabida oladi. Soʻng oʻz ilmini oshirish maqsadida Xiva, Buxoro va Andijon madrasalarida tahsil olib, oʻzbek adabiyotining oʻtmish namoyandalari asarlari bilan yaqindan tanishadi.
Maxtumquli bir qancha fanlarni oʻzlashtirish bilan birga, zargarlik hunarini ham egallaydi. U Turkistondagi shaharlardan tashqari Ozarbayjon, Eron, Afgʻoniston, Hindistonga ham sayohat qilib, ajnabiy shahar hayoti, u yerlardagi xalqlar turmushi bilan ham tanishadi. Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron folklori va adabiyotini chuqur oʻrganadi, Nizomiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy, Firdavsiy ijodidan bahramand boʻladi. Maxtumquli ayniqsa oʻzbek madaniyati tarixi bilan yaqindan tanishib, bir qancha liroepik dostonlar, juda koʻp gʻazallar yaratib, oʻz davri hayotini, oʻz xalqi urf-odatlari, oʻtmish tarixini kuylaydi.
Maxtumquli ijodining turkman adabiyoti tarixidagi oʻrni, uning oʻzbek-turkman adabiy aloqalar sohasidagi ahamiyati B. Qoriyev, G. Choriyev, M. Koseev, U. Abdullayev, A. Qilichdurdiyev kabi taniqli turkman olimlarining ilmiy ishlarida qalamga olingan.
Isteʼdodli turkman shoirining oʻzbeklar oʻrtasidagi obroʻ-eʼtibori, uning joʻshqin sheʼriyati professor J. Sharipov, Q. Tohirov va K. Kuramboyev kabi oʻzbek olimlarining ishlarida ham tadqiq etila borgani maroqli bir holdir. Maxtumquli asarlarining mavzulari, janriy xususiyatlari, shakliy oʻziga xosligi, asarlari tilining nihoyatda xalqchilligi bilan koʻp asrlik turkman adabiyotini yangi bir bosqichga koʻtardi. Shoir asarlarining yetakchi gʻoyasi – bu turkman yerlari ustiga yopirilib turzdagan chet el bosqinlariga barham berish, tarqoq yashayotgan, oʻzaro nifoq va ziddiyatlardan zada boʻlgan qabila hamda urugʻlarni birlashtirish bilan osoyishtalik va ittifokdikka asoslangan qudratli bir davlatni barpo etishdek milliy vatanparvarlik his-tuygʻudan iborat. Ana shu millat manfaatlari yoʻlida qaygʻurish, maʼrifatparvarlik yoʻli bilan bu gʻoyani samarali kuchga aylantirish shoir ijodining asosiga aylandi. Bu yoʻldagi izlanish sheʼriyat kuchi bilan yuksak ufqlarga talpinish Maxtumqulini oʻz davrining koʻzga koʻringan taraqqiyparvar siymosi darajasiga koʻtardi.
Turkman adabiyoti tarixi tadqiqotchilarining taʼkidlashlaricha, Maxtumquli oʻz davrida el va yurt qadr-qimmatini oyoq osti qilib kelayotgan illatlarni hammadan koʻra koʻproq anglab yetdi. Shoir asarlarida zamondoshlarini oʻz davrida roʻy berib turgan voqealarning mohiyatini chuqur idrok qilib ish tutishga chaqirdi.
Pand-nasihat Maxtumquli ijodining muhim bir yoʻnalishi boʻlib, shoirning bizgacha yetib kelgan poetik merosi oʻsha davr adabiy hayotining hamma mavzularini qamrab oladi. Zotan, Maxtumquli ijodining xalqchillik kasb etib, ravnaqtopib borishida Sharq lirikasi anʼanalari bilan bir qatorda turkiy qoʻshiqlar, folklor murabbalari shaklidagi ijod namunalariningoʻrni katta boʻldi.
Maxtumquli ijodida Ahmad Yassaviy pandnomalari uslubining izlari yaqqol koʻzga tashlanib turadiki, odamning hayotda oʻz maqomini idrok qilishi, ota-bobolarning hamma yaxshi xislatlarini oʻzlashtira borishi va aksincha takabburlik, manmanlik, dilozorlik, mol-davlatga hirs qoʻyish, nafs kuyiga kirib ketish kabi illatlarni yengish gʻoyalari, pandnomalarning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Maxtumquli oʻz sheʼrlarining birida oʻzbek xalqining mutafakkir shoiri Alisher Navoiyni ustoz sifatida hurmat bilan tilga oladi. Uning “Chordevon”i haqida toʻlqinlanib gapiradi. Shoirning bu talqinlarida asos bor, albatta. Alisher Navoiy turkman xalqi tarixi, madaniyatini yaxshi bilgan. Uning bevosita Marv, Saraxs, Aliverd kabi turkman manzillarida boʻlganligi haqida maʼlumotlar saqlangan. Bugina emas, Navoiy oʻz zamonida Marvda “Xusraviya” nomi bilan madrasa qurdirib, bu yerda tolibi ilmlarni iqtisodiy jihatdan qoʻllab turgan. Shu oʻrinda Navoiyning Oqquyunli turkmanlarning sultonlaridan Yaqubbek bilan yaqin munosabatini ham eslash kerak boʻladi.
Navoiy “Majolis un-nafois”, “Nasoyim ul-muhabbat” kabi asarlarida turkman mavzelaridan boʻlgan yoki shu yerlardan Xurosonga kelib ijod qilayotgan bir qator turkman soʻz ustalarini qalamga oladi, ularga hurmat bildiradi. Jumladan, ulardan Ruhiy Yoziriyni “tabʼi xoʻb va suluki margʻub kishi erdi” deb, taʼrif etadi.
Alisher Navoiy asarlari oʻzbek va turkman adabiy aloqalarining taraqqiy etib borishiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Turkman adabiyoti tarixchilari Andaliy, Shaydoniy, Gʻoyibiy, Shukriy va Ozodiy kabi turkman shoirlarining Navoiy anʼanalarini ijodiy davom etdirishda muvaffaqiyatga erishganliklarini yozadilar.
Maxtumquli Navoiyning lirika sohasidagi anʼanalaridan koʻp bahramand boʻldi. Ustozning gʻazal va muxammaslari uslubida manzur asarlar yaratdi. Oʻz asarlarida goʻzallik timsoli boʻlgan mahbuba siymosini chuqur muhabbat bilan chizadi. Maxtumquli goʻzalga “Oltinmisan, kumushmisan, namasan?”, “Yo yoqutmi, yo marjonmi, durmisan?” deb savol bilan murojaat etadi.
Shoir el-yurt qismatiga beparvo odamlarni “nodon”, “nomard” sifatlari bilan ataydi. Nomard biror ishga qoʻl urgudek boʻlsa darhol horib qoladi. Biror kishi bilan gaplashganda qatʼiyatsizligini darhol bildirib qoʻyadi. Uyga kelgan mehmonga ham zahrini sochadi. Mardlar kirgan maydonga kirolmaydi. Butun bir qabila yoki urugʻning izzatnafsini yerga urishdan qaytmaydi. Agar shunday nomard saltanat taxtiga oʻtirib qolsa, u taqdirda hoʻlu quruq baravar yonadi. Maxtumquli “Fattoh” deb atalgan hajviy asarida shunday shaxslarning umumlashma obrazini yaratgan deb aytish mumkin:
Sen turkmanning elin gulin soʻldirding,
Qonlar toʻkib goʻzal yurtim toʻldirding,
Shahid boʻlganlarning boshin qoldirding,
Unutarsan taxti ravonni, sen Fattoh.
Maxtumquli oʻz davrining jarohatlariga aql-zakovatli, imon va eʼtiqodni, ahillik va hamjihatlikni, ajdodlar udumiga asoslangan hamdardlik va adolatli kurashni qarshi qoʻyadi va bu tuygʻuni poetik soʻz qudrati bilan maʼnaviy qurol darajasiga koʻtaradi.
Maxtumquli islomiy bilimlarni chuqur oʻzlashtirgan orif bir shaxs edi. Shunga koʻra ham uning pand nasihat ruhidagi sheʼrlarida Qurʼon oyatlari, Muhammad paygʻambar hadislariga koʻp murojaat etilgan… Ulardagi purmagʻz taʼlimiy axloqiy dasturlardan davrdagi voqea va hodisalarning mohiyatini ochib berishda mohirona istifoda etgan. Maxtumquli asarlarining til xususiyatlarini kuzatayotgan olimlar hakli ravishda uning soddaligi, shiradorligi, xalq jonli soʻzlashuviga yaqin turishini taʼkidlaydilar. Shoir oʻz asarlari tilida xalq maqollari va obrazli iboralarini mahorat bilan qoʻllash orqali ham tilning jonliligiga erishgan… Shoirning sheʼrlarida qoʻllangan badiiy vositalar ham oʻz talqinlari bilan xalqona, ayni paytda maʼnolidir. Uning ayrim misralari xalq hikmatlariga aylanib kettan. Maxtumquli bir oʻrinda turkman yerlarini “Xizr kezgan choʻllar” deb faxr qiladi. Uning binolarining mangu qad qoʻtarib turishiga umid bogʻlaydi. Shunday boʻlgach, uning yigitlari ham chilladagi mastlik uyqusida, yaʼni gʻaflat uyqusidan uygʻonish, ahil boʻlib bir dasturxon atrofiga toʻplanishi kerak. Shoir bu oʻrinda oʻz vatandoshlarini birlashtirishga chaqiradi.
Maxtumquli sheʼrlari mazmunligi va latif badiiyligi bilan oʻziga mangulik haykalini qoʻydi. Asarlaridan birida oʻziga xitob qilib: “Goʻzal dostonlaringni elingga baxshida qil” deb yozgan edi. Shunga koʻra shoirning merosi davrlar osha turkman xalqi ardogʻida yashab kelmoqda. Shoir turkmanlar orasida mashhur donishmavd adib sifatida nom qozongan boʻlsa, oʻzbekning ham eng sevimli shoiri sifatida maʼlum boʻlib ketgandir.
Turkmaniston Fanlar Akademiyasining qoʻlyozma fondida Maxtumquli asarlarining yuzgayaqin nusxasi toʻplangandir. Uning “Tanlangan asarlari” tarjimashunos J. Sharipov tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilib, 1958 yilda Toshkentda chop etilgan edi. 1976 yilda “Maxtumquli sheʼriyatidan” nomi bilan yangidan nashr yuzini koʻrdi. Oʻzbekistonda shoir ijodi yuzasidan bir qator tadqiqotlar eʼlon qilingan. Har subhidam havo toʻlqinlarida Lutfiy va Alisher Navoiy qoʻshiqlari sirasida oʻzbeklar uchun sevimli boʻlib qolgan Maxtumquli qoʻshiqlarini ham eshitamiz.

10 комментариев к “Maxtumquli (1733-1793)”

  1. Уведомление: news

  2. Уведомление: bbw cam

  3. Уведомление: maxbet

  4. Уведомление: psilocybe mushrooms for sale dc area

  5. Уведомление: magic mushrooms denver store​

  6. Уведомление: shroom chocolate bar Michigan

  7. Уведомление: ephedrine for sale

  8. Уведомление: 다시보기

  9. Уведомление: Buy B+ magic mushrooms for sale online near me

  10. Уведомление: วิเคราะห์บอลวันนี้

Комментарии закрыты.