Ornitoz

DO`STLARGA ULASHING:

Odamlarga parrandalardan yuqadi yuqadigan oʼtkir yuqumli kasallik hisoblangan ornitozni asosan xlamidiy deb nomlanadigan mikroorganizm qoʼzgʼatadi. Bu mikroorganizm xonaki va yovvoyi parrandalar organizmida parazitlik qilib yashaydi. Kasal parrandalarni ovlaganda, goʼshtini yaxshi pishirmay isteʼmol qilganda, pat va parlaridan foydalanganda kishilarga kasallik yuqadi.


Infektsiya manbai kasallikka chalingan har turli parrandalar boʼlib, ular xurpayib qoladi, betoʼxtov qaltiraydi, tez-tez nafas oladi, aksiradi, tumshugʼidan shilimshiq aralash qon keladi, oxirida nobud boʼladi. Kasal parrandalarning axlati va tumshugʼi bilan koʼzidan oqadigan shilimshiqda kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar koʼp.

Ornitoz qoʼzgʼatuvchisi (xlamidiy) kishining nafas yoʼllariga tushib tezda koʼpayadi. Soʼngra qon orqali butun organizmga tarqaladi, zaharlanish boshlanadi. Natijada oʼpka, markaziy nerv tizimi, jigar, taloq, yurak, buyrak usti bezlarining faoliyati ishdan chiqadi.

Kasallangan odamning tana harorati 40˚S gacha koʼtariladi va qaltiraydi, boshi ogʼrib boʼshashadi, uyqusi buziladi, beli, tomogʼi ogʼriydi, quruq yoʼtal paydo boʼladi, lablari koʼkarib, koʼzlari qizaradi, terlaydi, koʼngli aynib qusadi, burni qonaydi, lablariga uchuq toshadi. Kasallik ogʼir oʼtganda jigar va koʼpincha oʼpkada asorat qoldiradi. Bemorlar kasalxonalarda davolanishlari kerak.

Davo maqsadida tetratsiklinlar va sulьfanilamidlar qoʼllaniladi, zarur vitaminlar buyuriladi.

Kasal parrandalar darxol yoʼq qilinadi, par va patlari yoqiladi. Shu oʼrinda aytish joizki, qush ovlovchilarning yoʼl xaltasida sovun, bint, qaychi, tibbiyot spirti, leykoplastыrь, yod, igna-ip bilan birgalikda aspirin va tetratsiklin tabletkalari boʼlishi maqsadga muvofiq. Mabodo ovchi qush ovlash jarayonida oʼzida ornitoz belgilarini sezsa, darxol qoʼllarini sovun bilan yuvib 1 tabletka tetratsiklin ichishi, soʼng ovni toʼxtatib vrachga uchrashishi kerak.

Ismoil MАTNАZАROV,
oliy toifali yuqumli kasalliklar shifokori.

Оставьте комментарий