Oyoq venalari varikozi asoratlari va profilaktikasi.

DO`STLARGA ULASHING:

⚡️Oyoq venalari varikozi asoratlari va profilaktikasi.
Oyoq venalari varikozi, ya’ni venalarning kengayib cho‘zilishi va tugun-tugun bo‘lib qolishi asosan muntazam og‘ir jismoniy ish bajarish, uzoq vaqt tik turib ishlash natijasida tomirlarda qon oqishi qiyinlashishidan kelib chiqadi.
Kengaygan venalar (varikoz tugunlar) teri ostidan bo‘rtib ko‘rinib turadi, oyoq shishib og‘riydi, bemor yurganida tez charchaydi. Keyinchalik tomirlarda tromblar (tiqilmalar) paydo bo‘lishi mumkin.
Varikoz xastaligini davolash kechiktirilsa, quyidagi xastaliklar kelib chiqadi:
▪️ qon tomirlarida qon quyuqlasha boradi;
▪️ terida turli trofik yaralar hosil bo‘ladi;
▪️ oyoq vena qon tomirida tromboflebit (vena devorlarining tromblar tufayli yallig‘lanishi) yuzaga keladi;
▪️ tomirlar tromboyemboliyasi (kasallangan tomirning tromb tiqilishi natijasida yopilib qolishi) kuzatiladi.
Ayniqsa oyoq chuqur venalari tromboflebiti varikoz kasalligining eng og‘ir asorati hisoblanadi. Varikozni davolash uchun shifokor maslahati asosida turli muolajalar olib borish lozim. Uy sharoitida kasallikning dastlabki bosqichlarida oyoqlarni faqat elastik bint bog‘lab yurish foyda beradi.
Konservativ (dori-darmon) usulda davolash bilan bir qatorda oyoq venalari varikozi uchun skleroterapiya, lazerli obliteratsiya va jarrohlik amaliyotlari qo‘llaniladi. Skleroterapiya kosmetik usul hisoblanib, u qo‘llanilsa oyoqda hech qanday chandiqlar qolmaydi. Lazerli obleteratsiyada esa vena bo‘shlig‘i lazer nuri yordamida to‘liq bekitiladi.
Varikozning oldini olish uchun quyidagi ehtiyot choralarini qo‘llash mumkin:
▪️vaznni nazorat qilish, ya’ni qisqa muddat ichida semirishga yo‘l qo‘ymaslik;
▪️qon harakatini cheklab qo‘yadigan tor buyumlardan voz kechish;
▪️paxtali matodan tikilgan ichki kiyimlar kiyish;
▪️baland poshnali tuflilardan ko‘ra tovonni yaxshi ushlab turadigan poyafzallarni tanlash;
▪️og‘ir yuklarni ko‘tarish yoki bir joyda uzoq vaqt tik turib ishlashdan saqlanish.
Unutmangki, venalarning varikoz kengayishiga xos belgilari paydo bo‘lganda avvalo shifokorga murojaat eting, shundan so‘ng doimo elastik paypoqlar kiyib yuring. Og‘ir ishlarni bajarayotganda oyoqlarni to‘qilgan elastik bint bilan bog‘lab qo‘ysangiz ham bo‘ladi.
@doridarmonlar

Оставьте комментарий