Pista chaqish zararlimi?

DO`STLARGA ULASHING:

Kishilar uchun sevimli, ommaviy ermaklardan biri — pista chaqish. Ushbu oʼziga xos tanovulning ijobiy hamda salbiy tomonlari bor, albatta.
Mutaxassislarning fikricha, pista chaqish tishlarga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Zero, pista chaqishda tishlar emali, ayniqsa oldingi tishlar emali kuchli ravishda buziladi. Tish doktorlari pista chaqish ishqibozlarini tishlar holati boʼyicha darxol aniqlay oladilar. Shuningdek, pista jigʼildon qaynashini keltirib chiqarishi ham mumkin. Pista tarkibida oʼsimlik moyi juda koʼpligi bois kuniga 30-40 grammdan koʼproq pista chaqish qomat uchun zararlidir. Semizlikka moyil, semirishdan, ortiqcha vazndan qiynalayotgan kishilar imkon qadar kamroq pista chaqqanlari maʼqul. Taʼkidlash joyizki, «pista» deyilganda xandonpista kabi quruq meva turi emas, xalqimizda «semechka» deb ataluvchi kungaboqar mevasi (urugʼi) nazarda tutilmoqda. 100 gr. pistada 520 kilokaloriya mavjud boʼlib, bu 800 gr. qaynatilgan guruch, qaynatilgan 400-450 gr yogʼsiz baliq, 300-350 gr. goʼsht, 100 gr. plitka shokoladi, 200 gr. har qanday non, 600 gr. qaynatilgan makaron, 100 gr. yongʼoq bilan barobardir.
Pista chaqishning ijobiy tomonlari shundaki, u xolesterinni kamaytiradi va qarishni sekinlashtiradi. Kungaboqar mevasi tarkibida inson organizmi uchun foydali magniy, mis, sink, folan, oziqli toʼqimalar mavjud. Shuningdek, pista tarkibida «yoshlik darmondorilari» — А hamda Ye vitaminlari ham bor. Maʼlumki, bu vitaminlar teri tarangligiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi va qarish jarayonlarini sekinlashtiradi. Kungaboqar, oshqovoq, zigʼir, kunjut urugʼlarida yarim toʼyinmagan moyli kislotalar bor boʼlib, ular yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilashga, hamda xolesterinni kamayishiga yordam beradi.
Shuni unutmangki, xar bir narsa meʼyordan ortiq boʼlsa foydasidan koʼra zarari koʼproq boʼladi. Shu sababli xar narsada meʼyorni saqlash sogʼlik uchun foydalidir.

Оставьте комментарий