Qisqa ertaklar bolalar uchun

DO`STLARGA ULASHING:

Qisqa ertaklar bolalar uchun

Ochko‘z bo‘ri
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, ulkan o‘rmonda bir ayyor tulki bo‘lgan ekan. Bir kuni u yo‘lda, bo‘rini uchratibdi. Bo‘ri semizgina quyonni tishlab ketayotgan ekan. Tulki bo‘riga:
– Assalomu alaykum, bo‘ri tog‘a, o‘lja muborak. Men sizga yangi yilga semiz qo‘chqor olib qo‘ygandim. Endi uni o‘zim yeya qolaman, – debdi.
Bo‘rini quvonchi ichiga sig‘may shoshib-pishib tulkiga:
– Yo‘g‘e, nega endi, men albatta, sovg‘angni qabul qilaman. Sen hozir uyingga boraver, men orqangdan tezda yetib olaman, – deb o‘rmonga kirib ketibdi.
Tulki esa bo‘rining orqasidan sezdirmay, poylab boribdi. Bo‘ri ulkan eman kavagiga quyonni yashiribdi. So‘ng tulkining uyi tomon ketibdi. Bo‘ri ketishi bilan tulki daraxt kavagidan o‘ljani olib, paqqos tushiribdi.
Bo‘ri borib qarasa, uyda tulki ham, qo‘chqor ham yo‘q ekan. Shunda bo‘ri aldanganini sezib, orqasiga yuguribdi. Daraxt kavagiga borib qarasa, u bo‘m-bo‘sh ekan. Laqma bo‘ri ochko‘zligi uchun o‘z luqmasidan ayrilibdi. Qissadan hissa shuki:
Ochko‘zlik yomon odat,
Keltirar faqat kulfat.

Boylik topgan bola
Bor ekan-u, yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda bir cholning ikki o‘g‘li bo‘lib, ulardan biri sabrli va mehnatkash, ikkinchisi esa yalqov va ishyoqmas ekan. Katta o‘g‘il tinmay mehnat qilgani uchun ham sog‘lom va baquvvat bo‘lsa, dangasa o‘g‘il xo‘ppa semiz va dardmand ekan.
Kunlardan bir kuni qarib qolgan ota merosni taqsimlashga kelganda o‘zi qurgan imoratni qaysi o‘g‘liga qoldirishni bilmay, boshi qotibdi. Shunda ularni sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘libdi.
– Shartim shunday, kimda-kim o‘ziga bo‘lib berilgan yerdan mo‘l hosil olsa, hovli-joy o‘shanga qoladi, debdi. Va o‘z-o‘zicha chamalab, baribir katta o‘g‘il g‘olib bo‘lsa kerak, chunki uning suyagi mehnatda qotgan, deya o‘ylabdi. Ammo, kichik o‘g‘il bo‘sh kelmabdi. O‘ziga ajratilgan yerdan mo‘l hosil yig‘ish uchun ishchilar yollabdi. Yig‘im-terim paytida bir necha kishining uygan xirmoni balandroq kelibdi. Katta o‘g‘il bundan xafa bo‘lmabdi. Chunki u xuddi otasi qurgan imoratdek uy sola olishiga ko‘zi yetarkan-da. Ammo, natija hammani hayron qoldiribdi.
Kichik o‘g‘il mehnat qilmay rohat ko‘rish mumkin emasligini tushunib yetibdi. Chunki u kamharakatlikdan tobora semirib, xuddi koptokday bo‘lib qolibdi.
Bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib, otasiga ekin-tikin ishlarida, novvos boqishda, o‘tin terishda yaqindan ko‘maklashibdi. Mehnat uning yuzlariga nur, taniga tetiklik bag‘ishlabdi. Shunda kichik o‘g‘il haqiqiy boylik bu – salomatlik ekanini anglab, sog‘lig‘ini va baxtini mehnatdan topibdi.

Xo‘roz bilan bo‘ri
Bir bo‘ri daraxt ustida o‘tirgan Xo‘rozni ko‘ribdi va uni tutib yemoqchi bo‘lib, daraxt ostiga keldi. Hiyla bilan bechora Xo‘rozni daraxtdan tushirmoqchi bo‘libdi: «Ey, Xo‘roz o‘rtoq! Men senga bir yaxshi xabar keltirdim. Hayvonlar bilan qushlar o‘rtasida sulh bo‘ldi. Bir-biriga zulm qilmaslikka, biri ikkinchisini tutib yemaslikka qaror qilindi. Kel, birodar, pastga tush! Bir-birimizga do‘st bo‘lib, birga o‘ynaylik», — dedi. Xo‘roz Bo‘rining so‘ziga aldanadigan darajada nodon va ahmoq bo‘lmaganidan Bo‘riga qarab shunday dedi:
— Do‘stim, so‘zing rost. Lekin biroz sabr qil. Sendan boshqa ikki it ham sulh xabarni eshitib, bu yerga kelishmoqda. Hammamiz birga o‘ynaymiz.
Bo‘ri Xo‘rozdan bu so‘zni eshitgan zamon dumini orqasiga qo‘yib, qocha boshladi.
Xo‘roz: «Hoy, birodar, nima uchun qochayapsan, o‘rtamizda sulh bor-ku?» — desa. Bo‘ri:
— Oh, do‘stim! Bu zolim itlar sulhni buzganga o‘xshaydi, — deb qochib ketibdi. Xo‘roz orqasindan: «quq- qa…ru…qu-u…», — deb qichqirib qolibdi.

Notanish “do‘st”
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Kapa degan qurbaqa bor ekan. U suvda juda yaxshi suzar ekan. Yana kuylashni xush korarkan.
Qishning sovuq ammo quyoshli kunlarining birida Kapa muzlagan suv yuzasida o‘tirib, hayol surib turganida, suv ostida bir mavjudodni unga boqib turganini ko‘rib qolibdi.
— Salom, qirg‘oqqa chiq, birga o‘ynaymiz, — deb taklif qilibdi Kapa.
Notanish mehmon nimadir debdi, lekin qurbaqa tushunolmabdi. Bu orada kun ancha ilib, muzlar eriy boshlabdi.
— Kel, birga sakrab quvlashmachoq o‘ynaymiz, — debdi Kapa.
Suv tagidagi mavjudod ham javob qaytaribdi, lekin, Kapa yana tushunmabdi. Ular kechgacha birga o‘ynashibdi. Kech tusha boshlagach Kapaning do‘sti g‘oyib bo‘libdi. Qurbaqa do‘stini ovozi boricha chaqiribdi, lekin hech kim sado bermabdi. Boshini egib, xafa bo‘libdi. Uni bu ahvolda ko‘rgan onasi, sababini so‘rabdi.
— Shunga ham xafa bo‘lasanmi?, — debdi oyisi jilmayib. — U sening suvdagi aksing-ku. Quyosh botayotganda hamma yoq qorong‘u bo‘la boshlaydi va aksing yo‘qoladi. Ertaga kun chiqishi bilan “do‘sting” suvda yana paydo bo‘ladi. Endi esa yotib uxla, — debdi oyisi.

Qalam va sichqon
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Oddiygina bir qalam bo‘lgan ekan. Bir kuni uning egasi Valijon qalamini stol ustida unitib qoldiribdi. Paytdan foydalangan sichqoncha inidan chiqib qalamni tishlab olib qochmoqchi bo‘libdi.
— Iltimos, meni qo‘yib yubor — deb yalinibdi Qalam. — Meni nima qilmoqchisan? Yog‘ochdan yasalgan bo‘lsam, meni yeb bo‘lmaydi.
— Tishlarim qichishayapti, shuning uchun seni g‘ajimoqchiman, — debdi Sichqoncha va qalamni qattiq tishlab olibdi.
— O‘g‘riyapti, — deb baqiribdi Qalam. Men chizishni juda yaxshi ko‘raman. Maylimi so‘nggi bor rasm chizsam? — debdi Qalam.
Sichqon rozi bo‘libdi. Qalam zo‘rg‘a nafasini rostlab oppoq varaqqa kattagina aylana chizibdi.
— Bu nima? Pishloqmi? — deb so‘rabdi Sichqoncha.
— Bo‘lishi mumkin, — debdi bosiqlik bilan Qalam va chizishda davom etibdi.
Avval yuzini keyin esa quloqlari va katta-katta ko‘zlarini chizibdi.
— Axir, bu mushuk-ku! Yo‘q bo‘ldi, chizma, iltimos, — deb Sichqon yugurgancha iniga qochib ketibdi.
— Ha, bu haqiqiy mushuk, — deb baqairibdi Qalam.
Shundan buyon Sichqoncha inidan tashqariga chiqmaydigan bo‘libdi. Valijonning qalami esa hali sog‘-omon, faqat ozgina kichraygan, xolos.

Toshbaqaning hikoyasi
Dushanba og‘ir kun deganlari to‘g‘ri ekan. Bugun havo shunaqayam isib berdiki, nafas olsang, xuddi cho‘g‘ yutayotgandek boֲ‘lasan. Hali hech qancha yo‘l yurganim yo‘g‘-u, sillam qurib, tomog‘im qaqrab ketdi. Odamlarning bolalariga maza-da. Ular bunaqa paytda salqin joyni topvolishib, muzdek sharbat ichib o‘tirishadi, yo bo‘lmasa, burunlarini tortib-tortib, muzqaymoq yalashadi. Umuman, toshbaqa bo‘lib ming yil sudralgandan ko‘ra, odam bo‘lib yuz yilgina yashagan ma‘qul ekan. Sezib turibman, shunchalik holing bor ekan, safarga chiqishni senga kim qo‘yibdi, deb o‘ylayapsiz. Ho‘ bo‘yterakni ko‘ryapsizmi? O‘sha tomonda bitta xolam bor. Xolamning kenja chevarasi qadrdon oshnam. Kelasi dushanbada o‘sha kichkintoy o֥‘rtog‘im bir yuz o‘n yoshga to‘ladi. Uni tabriklagani ketyapman. Nega menga bunaqa qaraysiz? Bir hafta oldin yo‘lga chiqqanimdan hayron bo‘lyapsiz shekilli? Nima, men ayg‘irmidimki, oyog‘imga taqa qoqvolib, tosh yo‘ldan shaqira-shuqur chopib ketsam? Orqamdan it quvlasayam bo‘lgan-bitganim shu. Ana xolos, gap bilan bo‘lib qumloqqa chiqib qolibman-ku. Hammadan ham anavi do‘nglikka to‘g‘ri kelib qolganimni ko‘rmaysizmi? Ishlar chatoq endi. Bunaqa do‘nglardan ko‘p pand yeganman. O‘lib-tirilib tepaga chiqdim deganingda bir sirg‘anasan-u o‘zingni yana pastda ko‘rasan. …Umringda birovga yaxshilik qilganmisan, do‘stim? Malol kelmasa, meni do‘ppingga solib ana shu do‘ngdan o‘tkazib qo‘ygin. Nima bo‘lgandayam, yaxshi niyat bilan yo‘lga chiqqanman, ziyofatdan quruq qolmayin tag‘in.
(- Anvar Obidjon)

Sovg’a
Puchuqvoy hech qachon birovdan xat olmagan va birovga ham yozmagan. Xat tashuvchi qarg‘avoy unga konvertni tutqazganida hayron bo‘ldi. Maktubni shosha pisha ochib qarasa, bolalikdagi do‘sti Baroqvoydan ekan. “Hurmatli do‘stim Puchuqvoy! Seni judayam sog‘indim. Seni uyimga mehmonga taklif qilaman”, deb yozilgan ekan. Puchuqvoy nima qilarini bilmay qoldi. Axir shaharga borish tugul qishlog‘ini ham tuzukroq bilmas edi-da. Nima bo‘lsa bo‘ldi deb, yo‘lga tushdi.“Ziyofat bo‘lsa, bir-biridan mazali taomlar bo‘lishi tayin”, degan o‘y uni orziqtirib yubordi. Shaharga kelsa, hammayoq o‘zgacha, u yashaydigan qishloqdan butunlay farq qiladi.Bir amallab Baroqvoyni uyini topdi. Baroqni avvaliga tanimadi. U juda chiroyli, oq, qora rangli yungi va ikki yuzidagi kulrang yanog‘i o‘ziga juda yarashgan. Baroqvoy Puchuqvoyni darrov tanidi. Chunki u xali ham o‘sha-o‘sha o‘zgarmagan. Uning ko‘rinishi hozirgina pala partish ovqatlangan yosh bolani eslatardi. Baroqvoy esa do‘stini uyiga taklif qildi. Hamma yoqqa hayrat nigohini o‘qlagan Puchuqning diqqatini devordagi bir buyum tortdi. Avvaliga qo‘rqib ketdi, sekin qo‘l tekkazib ko‘rib: “Nahot egizagim bo‘lsa”, deb o‘yladi. Axir, bu oyna-ku, bunda o‘z aksing ko‘rinadi xolos, dedi kulib Baroqvoy. Oynada o‘z aksini ko‘rganini bilgan Puchuqvoy uyalib ketdi. Ikki do‘st maza qilib mehmondorchilik qilishdi. Puchuqvoy uyiga otlanganida Baroqvoy unga chiroyli oyna sovg‘a qildi. Endi Puchuqning ham o‘z aksini ko‘rsatadigan “do‘sti” bor.
(- Shahnoza Bahromjonova)

Ayiq nima dedi?
Bir kuni ikki do‘st o‘rmonda ketayotgan ekan, to‘satdan oldilaridan bir ayiq chiqib qolibdi va ularga hamla qilibdi. Ulardan biri tezda qochib ketibdi-da, yashirinib olibdi. Ikkinchisi esa qochishga ulgurolmay qolibdi. Shunda yerga yiqilib, o‘zini o‘likka solib, jimgina yotaveribdi. Ayiq uning yoniga kelib, hamma yerini iskab ko‘rgach, o‘lik gumon qilib, qaytib ketibdi. Ayiq ketgach, yashiringan do‘sti kulimsirab chiqib kelibdi va sherigidan so‘rabdi:
— Ey do‘stim, ayiq sening qulog‘ingga nimalar dedi?
— U menga «xavf-xatar duch kelganda o‘z do‘stini tashlab ketish — bu eng yomon odat» dedi, —deb javob bergan ekan.

G’oz bilan turna
Kunlardan bir kun semiz, dangasa bir G‘oz ko‘lning bo‘yida mudrab o‘tirgan ekan, tasodifan uning yoniga Turna qo‘nibdi. Turna G‘ozning qarshisida juda ham ozg‘in va nimjon ko‘rinbdi. Olifta G‘oz uni masxara qilib kulibdi:
— Menga qara, og‘ayni Turna! Namuncha chakak-chakak bo‘lib ozib ketibsan? Qoq suyaging qolibdi-ku. Xuddi yoz bo‘yi hech narsa tatimaganga o‘xshaysan-a?
Shu payt miltiq ko‘targan ovchining qirg‘oq yoqalab asta-sekin ularga yaqinlashib kela-yotganini sezib qolishibdi. Yengilgina Turna chaqqon qanot qoqibdi-yu, uchib ketibdi. Ammo semiz, baqaloq G‘oz o‘zini o‘nglab qanotlarini yozishga ulgurmasidan atrofni o‘q ovozi bosib ketibdi.
Ochofat, ishyoqmas G‘oz qirg‘oq bo‘yida mukka tushib qolaveribdi, oriq Turna bo‘lsa hozir ham ko‘kda parvoz qilarmish.

Qizg‘anchiq it
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. juda ochko‘z kuchuk bor ekan. Bir kuni u sheriklari bilan talashib, kattakon bir suyakni olib qochibdi. U suv ustidagi yakka cho‘pdan o‘tayotsa, suvda bir it og‘zida katta suyak tishlab, ko‘zlarini olaytirib itga tikilib turgan emish. It: “Ir-r,ir-r-r”, — deb tishini irjaytirgan ekan, suv ichidagi it ham tishini irjaytiribdi.
Qizg‘anchiq it uning og‘zidagi suyakni ham tortib olmoqchi bo‘libdi va “Xap!” — deb itga tashlanibdi. “Xap” deyishi bilan og‘zidagi suyak o‘zidan oldinroq “cho‘lp” etib suvga tushib ketibdi. Qizg‘anchiq it rossa shalabbo bo‘lib, suyagidan ajralib, suvdan chiqibdi.

Оставьте комментарий