Qo‘l nega uvishadi?

DO`STLARGA ULASHING:

Qo‘l nega uvishadi?
Qo‘lning uvishib qolishiga tomirlar xastaligi, qo‘ldagi nerv kasalligi yoki orqa miya bo‘yin qismi nerv po‘stloqlarining ta’sirlanishi, ichki organlar xastaligi, masalan, yurak kasalligi sabab bo‘lishi mumkin.
Qo‘lda teri sezgirli ko‘p buzilib turadigan sohalar borki, qo‘l uvishishi shularga ham aloqador bo‘ladi.
Bitta qo‘lning, ko‘pincha ikkala qo‘lning bosh barmog‘i va ko‘rsatkich barmoq yoki ko‘rsatkich hamda o‘rta barmoq uvishib qoladi, bu nerv po‘stloqlarini bosib turadigan bo‘yin umurtqasi, umurtqalararo dikslar kasalligiga aloqador bo‘ladi. Bunda barmoqlar uvishib, ko‘pincha ularning kuchi kamayadi, ba’zan bilak va yelkaning tashqi tomoni og‘riydi.
Yurak xastaligidan azob chekayotgan kishilar ko‘pincha chap qo‘l jimjilog‘ining va nomsiz barmoq (jimjiloq yonidagi barmoq)ning aksari kechasi uvishib qolganini sezadilar.
Uvishish jimjiloqdan boshlanib, bilakning ichki yuzasiga tarqaladi. Qish oxirlab qolganda va bahor boshlarida ikkala qo‘l barmoqlari uchining yaxshi sezmay qolayotgani bilinsa, odatda organizmga vitamin A va V guruhi yetarli miqdorda tushmayotgan bo‘ladi. Bunda ko‘pincha barmoqlarning kaft tomoni po‘st tashlaydi.
45-50 yoshdan oshgan kishilar organizmida A va V guruhi vitaminlarining yetishmasligi tufayli qo‘l tomirlari aterosklerozi ertaroq boshlanadi. Bunda ham hamma barmoqlar yoki ularning ko‘pchiligi uvishadi.
Ma’lumki, surunkali ravishda ichkilik ichish, chekish nerv sistemasini, butun organizmni zaharlaydi. Bu yaramas odatlarning oqibatlaridan biri shuki, bunda ko‘rsatkich barmoq, o‘rta barmoq va nomsiz barmoqlarning ko‘pincha kaft tomonlari yoki barcha barmoqlar uvishib, bilakka tarqaladi.
Doim bir xil, bir qolipda harakat qiladigan kasbdagi odamlarda – qo‘lda to‘quvchida, sut sog‘uvchi va boshqa shu kabi kasbda ishlovchilarni o‘ng qo‘l bosh barmog‘i va ko‘rsatkich barmog‘i (o‘naqaylarda) yoki chap qo‘lning bosh va ko‘rsatkich barmog‘i (chapaqaylarda) yaxshi harakat qila olmaydi. Yo bo‘lmasa, ularni sira qimirlatib bo‘lmaydi, bu barmoqlar tortishib qolishi ham mumkin. Bunday noxush hodisalar qo‘l nerv mushak apparatining ortiqcha zo‘riqib ishlashi tufayli sodir bo‘ladi.
Agar ko‘rsatkich barmoq va o‘rta barmoqning ichki tomoni uvishib, u qo‘lning tashqi tomoniga ham tarqalsa, barmoqlar darmonsiz bo‘lsa, barmoqlarni bukkanda og‘risa, bu holat bo‘g‘im kasalligidan yohud yelka nerv chigalining zaralanganidan dalolat beradi. Og‘riq alomatli nega paydo bo‘layotganini faqat mutaxassis vrach aniqlaydi va zarur davo tadbirlarini tayinlaydi.

Оставьте комментарий