Qutadgu Bilig asaridan olgan taassurotlarim

Qutadgu Bilig asaridan olgan taassurotlarim

DO`STLARGA ULASHING:

Qutadgu Bilig asaridan olgan taassurotlarim

Kirish

Sharq adabiyotining yirik durdonalaridan biri bo‘lmish «Qutadg‘u Bilig» asari bizga qadimiy turkiy xalqning dunyoqarashi, axloqiy tamoyillari va davlat boshqaruvi haqida bebaho ma’lumot beradi. Yusuf Xos Hojib tomonidan yozilgan bu asar nafaqat siyosiy va axloqiy pand-nasihat, balki hayotning ma’nosi, adolat, halollik kabi muhim qadriyatlarni o‘z ichiga olgan.

Asardan olgan asosiy taassurotlarim

1. Donishmandlik va adolat tamoyillari
«Qutadg‘u Bilig» asari adolatning jamiyatdagi o‘rni va uning davlat boshqaruvidagi ahamiyatini ta’kidlaydi. Adolat timsoli bo‘lmish Kuntug‘di (podshoh) obrazi orqali muallif adolatli hukmdor qanday bo‘lishi kerakligi haqida fikr yuritadi. Bu menga adolat va halollik hayotda muvaffaqiyat kaliti ekanligini tushuntirdi.

2. Ilm va donishmandlikning qadrlanishi
Asarda ilmga va donishmandlikka katta e’tibor qaratilgan. O‘quvchi Odg‘urmish obrazi orqali bilimli insonlar jamiyatga qanchalik foyda keltirishi ko‘rsatiladi. Bu menga ilm olish va doimiy ravishda o‘z ustimda ishlash muhimligini yana bir bor anglatdi.

3. Hayotning o‘tkinchiligi va taqdir tushunchasi
Yusuf Xos Hojib hayotning o‘tkinchi ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Davlat, boylik va martaba abadiy emas, inson haqiqiy baxtni ma’naviy poklik va axloqiy komillikda topishi kerak. Ushbu fikrlar menga hayotga real qarash, boylik va mansab ortidan quvmay, asl insoniy fazilatlarni qadrlash lozimligini uqtirdi.

4. Mehnatsevarlik va fidoyilik
Asarda mehnatning qadr-qimmati va jamiyat uchun foydali bo‘lish muhimligi haqida ko‘plab hikmatli so‘zlar bor. Hushyor (vazir) obrazi orqali muallif davlat va xalq oldidagi mas’uliyatni, halol mehnatning ahamiyatini ko‘rsatadi. Bu menga har qanday muvaffaqiyat mashaqqatli mehnat evaziga qo‘lga kiritilishini anglatdi.

Xulosa

«Qutadg‘u Bilig» menga ko‘plab saboqlar berdi. Ushbu asar orqali men adolat, ilm, axloqiy poklik, halollik va mehnatsevarlik kabi qadriyatlarning inson hayotidagi o‘rnini chuqurroq tushundim. Bu asar nafaqat o‘tmishda, balki hozirgi kunda ham insonlarga muhim pand-nasihat bera oladigan bebaho ma’naviy merosdir.

Yusuf Xos Hojib va uning mashhur ”Qutadg’u bilig” (”Saodatga yo‘llovchi bilim”) asari haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?

Yusuf Xos Hojib (asl ismi Yusuf bo’lgan, Yusuf Bolasog’uniy 1020/21-yilda tug’ulgan, vafot etgan yili noma’lum) -ulug’ shoir, mutafakkir, davlat arbobi bo’lgan. Yusuf Xos Hojib ”Qutadg‘u bilig” dostoni muallifi bo’lib, uning hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar beruvchi yagona manba ham “Qutadg‘u bilig” asaridir. Ushbu asarga ko‘ra, Yusuf Xos Hojib zamonasining barcha asosiy ilmlarini atroflicha o‘rgangan, arab va fors tillarini mukammal bilgan. Ulug’ olim Yusuf Xos Hojib mashhur tilshunos olim Mahmud al-Qoshg’ariy kabi turkiy tilning mavqeini oshirish, uning madaniy-adabiy hayotdan o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun kurashgan.

Yusuf Xos Hojib Yettisuv o’lkasidagi Kuzo’rda (Bolasog’un) shahrida 1021-yilda tug’ulgan. Bolasog’un hozirgi Qirg’iziston hududidagi Chu daryosi vodiysida, aniqro’i hozirgi Bishkek (oldingi nomlari Pishpek, Frunze bo’lgan) shahridan taxminan 150-200 km janubi-sharq, Issiqko’lning g’arbiy sohilidan 100-150 km shimoli-g’arb tomonida joylashgan. O’sha davrda Yettisuv va Sharqiy Turkiston o’lkalari turkiy qarluq qabilasidan chiqqan qoraxoniylar sulolasi qo‘l ostida edi. Bu sulola VI-IX asrlarda hukm surgan Buyuk Turk xoqonligining davomchilari bo‘lib, IX asr o’rtalaridan boshlab davlatni boshqarib keldilar. X asr boshlarida Abdulkarim Sotuq Bug’raxon islom dinini qabul qildi va shu bilan turkiy elatlar ham uzil-kesil islom mintaqa madaniyatiga qo‘shildi. X asr oxiriga kelib, somoniylar tanazzulga yuz tutgach, qoraxoniylar Movarounnahrni to‘liq egalladi. Qoraxoniylar poytaxti dastlab Qoshg’ar bo’lib, keyinchalik u Bolasog’un, keyin O’zgan va yana Qoshg’arga ko‘chganligi tarixiy ma’lumotlarda qayd etilgan.

Yusuf Xos Hojib haqida ma’lumotlar ko‘p emas. Yusuf Xos Hojibning  Qashqardagi maqbarasi ziyoratgohga aylangan.

Ulug’ olim “Qutadg’u bilig” asarini 50 yoshlarida,1070-yilda yozib tugatgan. Ulug olim o‘zi haqida mazkur asar muqaddimasida shunday ma’lumot beradi: “Bu kitobni tartib beruvchi Balasog’unda tug‘ilgan, sabr-qanoatli kishidir. Ammo bu kitobni Koshg’arda tugal qilib, Mashriq maliki Tavg’achxon dargohiga keltiribdir. Malik uni yorlaqab, ulug’lab, o‘z saroyida Xos Hojiblik lavozimini beribdi. Shuning uchun Yusuf Ulug’ Xos Hojib deb mashhur nomi tarqalibdi”. Kitobda nomi tilga olingan xoqon Nasriddin Tavg’ach ulug’ Bug’ro Qoraxon Abu Ali Hasan Xorunxon binni Arslonxon bo’lib, 1070-1103-yillar davomida qoraxoniylar davlatini boshqargan.

Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asari islomiy turkiy adabiyotni boshlabgina qolmay, uni yangi taraqqiyot bosqichiga ham ko’tardi. Ushbu asar nafaqat turkiy xalqlar adabiyoti an’analari, balki qardosh xalqlar, jumladan, forsiy adabiyot tajribalarini ham ijodiy o‘zlashtirgan holda yozilgan.Ushbu asar XI asr so’z san’atining nodir namunasi bo‘lib, unda o‘z davrining ilg’or ijtmoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy masalalari badiiy talqin qilingan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, ilm-fani, urf-odat va an’analari, turmush tarzi, qadriyatlari xususida batafsil ma’lumot berilgan. Lekin dostonning oxiridagi shikoyat ohanglariga qaraganda, ulug’ shoir umrining oxiri bu davlatning tanazzuli davriga to’g’ri kelgan, shunga muvofiq hayoti ham og’ir kechgan.

Ushbu asar mazmuni, tili va uslubidan kelib chiqib aytish mumkinki, ulug’ shoir qadimgi turk yozma adabiyoti, turkiy xalqlar og’zaki ijodini ham yaxshi bilgan, shu muhitda tarbiya topgan. Shoir turkiy elatlarning qadimiy qo‘shnilari xitoy, mo‘g‘ul, hind, eroniy xalqlar madaniyati, yunon falsafasi va o‘sha davr ma’naviy hayotining boshqa jihatlari haqida mukammal ma’lumotga ega bo’lgan. Afsuski, bizgacha shoirning yagona dostonidan boshqa asari yetib kelmagan.

Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asarining bizning qo‘limizga yetib kelgan nusxasi oxirgi tahrir bo‘lib, u xoqonga taqdim etilgan.

Asosiy qism oxirida (6261-6286 baytlar) shoir kitobning yozilish yili, nima maqsadda yozilgani, o‘quvchiga murojaat, Allohga munojot, Payg‘ambar va chahoryorlarga salomlar bilan asarni xotimalaydi va alohida xotima qismga hojat qoldirmaydi. Ammo bundan so‘ng yana 2 qasida (yigitlikka achinib, qarilikdan shikoyat qilish-44 bayt va zamon buzuqligi, do’stlar jafosidan yozg‘irish (xafa bolib gapirish)-40 bayt qo‘shilib, yana 1 masnaviy bobda muallif o’ziga o‘zi nasihat qiladi (37 bayt), asarning turkcha yozilganligi, tugallanish sanasi, yana munojot va salomlar qaytariladi. Shulardan bilinadiki, xotima qismiga ham 2 qasida qo‘shilib, qayta tahrir qilingan paytda yozilgan. Asosiy qism mazmuni va mundarijasiga ko‘ra “Qutadg‘u bilig” dostoni mintaqa adabiyoti shakllanishining birinchi bosqichida turkiy tilda yozilgan islom ma’naviyatining badiiy-falsafiy, ijtimoiy-axloqiy qomusi deb aytsak bo’ladi.

Ulug’ shoir Aql va Bilimni el-yurt, xalq farovonligi yo’lida xizmat qilishni asosiy burch deb hisoblaydi. Ulug’ shoirning fikricha, Aql avvalo Adolatga himoyachi va maslahatgo’y bo’lmog’i talab etiladi.

“Qutadg’u bilig”da o‘sha davr hayotining barcha qirralari o’z ifodasini topgan. Yusuf Xos Hojib o‘zining yuksak o’y-xayollarini ajoyib timsollarda ifodalar ekan, hayotdan bir zum uzilmaydi. Davr ziddiyatlaridan ko’z yummaydi, jamiyatdagi barcha tabaqa, toifalarga xos fazilat, qusurlar, ijtimoiy ahvolni aniq idrok qiladi.

“Qutadg’u bilig” kitobi avom xalq uchun emas, birinchi navbatda, xoqon va beklar, ya’ni yurtning hukmdorlariga atab yozilgan.

Sharq adabiyotining tengsiz yozma obidasi “Qutadg’u bilig” asarining yozilganiga 953 yil to’ldi. “Qutadg’u bilig”-ota-bobolarimizning komil inson haqidagi qarashlari, davlat va jamiyat boshqaruvi, bilim o‘rganishning ahamiyati, axloq va odob masalalari, falsafiy qarashlari, o’g’il-qiz tarbiyasi, kishining ichki ma’naviy olami, uning fazilatlari to’g’risidagi kuzatuvlarini o’zida jamlagan noyob asar. U qadimgi turkiy yozma adabiyotining bebaho yodgorligidir. O’rta asrlarda uning ta’sirida turkiy adabiyotdagina emas, butun musulmon sharq adabiyotida ko‘plab asarlar yozilgan.

“Qutadg’u bilig” asarida mashhur ijodkorning odob-axloq, o‘g‘il-qiz tarbiyasi, halollik, chin insoniylik, kishilikning ulug’ hislatlari, kishining ma’naviy dunyosi, komil inson haqidagi teran falsafiy qarashlari badiiy shaklda bayon etilgan. Ulug’ mutafakkir falsafasi o‘rta asrlar Sharq falsafiy qarashlarining cho‘qqisida turadi.

“Qutadg’u bilig”-baxtu saodat haqidagi kitobdir. Asarni o‘qib, ibrat olgan, undagi ko‘rsatmalarga amal qilgan kishilarga saodat eshiklari ochiladi.
“Qutadg’u bilig” dunyo olimlarining doimiy e’tiborida bo‘lib, o‘zbek, turk, rus, qozoq, qirg’iz, ozarbayjon, turkman, uyg’ur, ingliz, nemis tillarida ilmiy tarjimalari va tadqiqotlari nashr etilgan. 2019-yilni YUNESKO tomonidan “Xalqaro “Qutadg’u bilig” yili” deb e’lon qilindi. 2020-yil 27-28-noyabrda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ushbu buyuk yozma yodgorlikning 950 yilligi munosabati bilan “Jahon turkologiyasining buyuk obidasi “Qutadg’u bilig” va uni o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

https://www.savol-javob.com/

Оставьте комментарий