Quyoshdan himoyalovchi vosita

DO`STLARGA ULASHING:

Oftob nuri ko’rinuvchi — kunduzgi va ko’rinmaydigan infraqizil hamda ultrabinafsha nurlardan iboratdir. Ultrabinafsha nurlarning me’yoridan ortig’i organizmda salbiy oqibatlarga olib keladi. Xususan, yuz terisining erta ajin tushib, tez qarishiga sabab bo’ladi. Odatda quyosh nuri teriga to’g’ridan-to’g’ri tushadigan bo’lsa, 15 daqiqadan so’ng unda o’zining «izi»ni qoldirishni boshlaydi.
Kosmetologlar terining go’zalligi va yoshligini saqlab qolish uchun uni muntazam ravishda quyosh nuridan himoya qilishni maslahat berishadi. Buning uchun esa SPF indeksli pardoz vositalaridan foydalanishni tavsiya etishadi. Bunday vositalarda quyosh nurining teriga tushishidan muhofaza etuvchi moddalar bor. SPF himoya kremi vaqt o’tishi bilan yuz terisida paydo bo’ladigan ajin va dog’larning oldini olishga xizmat qiladi. Hamda terini saraton kasalligiga chalinishdan asraydi.

SPF himoya kremini ishlatish tartibi quyidagicha:

  • Quyoshli kunda ko’chaga chiqishdan 20-30 daqiqa oldin surtish va uni ko’rsatilgan muddatiga qarab yangilab turish darkor.
  • Oftobdan saqlovchi kremni boshqa pardoz vositalaridan so’ng qo’llash qat’iyan man etiladi, chunki buning natijasida oftob nuri ta’sirida allergik reaktsiyalar kelib chiqishi ehtimoli bor.
  • Bu kabi vositalarni har mavsumda almashtirish lozim. Chunki o’tgan vaqt mobaynida uning tarkibidagi moddalar o’zining xossasini yo’qotgan bo’lishi mumkin.
SPF vositalarni tanlash

Birinchi o’rinda unda keltirilgan raqamlarga e’tibor qaratish lozim. SPF indeksi quyoshdan himoyalovchi kremning kuchini emas, vaqtini ko’rsatadi. Ularning ta’sir muddati ana shu raqamlarga qarab aniqlanadi. SPF himoya indeksini 15 ga ko’paytirib, bu vosita himoyasida qancha vaqt quyosh tig’ida yurish mumkinligini bilsangiz bo’ladi. Misol uchun:

SPF 4 (4 x 15) – 1 soat.
SPF 8 (8 x 15) – 2 soat.
SPF 10 (10 x 15 ) – 2 soat 30 daqiqa.
SPF 15 (15 x 15) – 3 soat 45 daqiqa.
SPF 20 (20 x 15) – 5 soat.

Bilib qo’ying!
Ushbu kremdan faqat quyoshli kunlarda emas, bulutli, yomg’irli ob-havoda ham foydalanish tavsiya etiladi. Chunki ultrabinafsha nurlar soya joylarda ham mavjud bo’lib, ular butun atmosferaga bir xil tarqaladi.
Shuningdek
Yuz terisi dog’ tushishiga moyil bo’lsa, quyosh nurlari u qadar faol bo’lmagan paytlarda 25, quyosh qizdirgan kunlarda esa SPF indeksi 30-40 dan kam bo’lmagan pardoz vositalarini xarid qilganingiz ma’qul.
SPF 50 va SPF 50+: quyosh nurlarining zararli nurlaridan 98-99 foiz himoya qiladi.
Me’yordagi teriga darajasi 10-20 bo’lgan SPF kremlar to’g’ri keladi.
Teri rangi qanchalik och bo’lsa hamda quyosh nuri qanchalik kuchli bo’lsa, SPF indeksi shunchalik yuqori bo’lishi lozim.
Bu xato!
Ko’pchilik quyoshdan himoyalovchi turli vositalardan bir vaqtning o’zida foydalansam, yaxshiroq natijaga erishaman, deb o’ylaydi. Bu to’g’ri fikr emas! Agar siz 15 indeksli SPF tonal kremi va shunday raqamli SPF upasidan foydalansangiz, natija 30 emas, atigi 16 SPF ga teng bo’ladi.
Eslab qoling!
«Sunblock» («quyoshni to’sish») — odatda bu yozuv SPF 35 va undan yuqori bo’lganda ko’rsatiladi.
UVB-filtr — UVB (terida va sochda melanin fermentini ishlab chiqaradigan) nurlardan asraydi.
UVA-filtr — ultrabinafsha nurning A turidan (teri saratoni va fotoqarishga sabab bo’ladi) himoyalaydi.

Оставьте комментарий