Sabzi yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

DO`STLARGA ULASHING:

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: ertapishar Mushak-195, Nurli-70, o‘rtapishar Mirzoi sariq-304, Mirzoi qizil-228, Nant-4, Shantane-2461, Ziynatli, Farovon navlari ekishga tavsiya etiladi.
Urug‘ tanlash. Ekiladigan urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, butun, vazndor bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.
Yer tayyorlash. Maydon o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan tozalanadi. Tuproq 20-25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalanib, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari olinadi.
Ekish muddati. Mamlakatimizning janubiy viloyatlarida bahorgi sabzi urug‘i 15-28 fevralda, yozgisi 1-15 avgust, to‘qsonbosti muddatda 15-30 dekabrda sepiladi. Markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda bahorgi sabzi 1-15 mart, yozgisi 10 iyundan-10 iyulgacha, to‘qsonbosti muddatda 10 noyabr-10 dekabr, shimoliy mintaqalarda bahorgisi 15-30 mart, yozgisi 10-20 iyun, to‘qsonbosti muddatda 1-30 noyabrda 1,5-2 sm chuqurlikka 52×8,62×8 sm sxemada ekiladi. Urug‘ sarfi 10 sotixga 500-600 g. Urug‘lar sepilgandan keyin xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi.
Parvarishlash. Sabzini parvarishlash jarayonidagi eng muhim masalalardan biri – bu urug‘ni yerdan tekis undirib olishdir. Sabzi nihollari tuproq doim nam bo‘lganda 5-7 kunda ko‘rinadi va 10 kunda unib chiqadi. Sabzi unib chiqishi bilan darhol begona o‘tlarni o‘tash va yaganalashga kirishish kerak. Sabzi 2 marta o‘taladi. Dastlabki o‘tash sabzi bitta chinbarg chiqarganda, keyingisi esa 3-4 barg chiqarganda o‘tkaziladi.
Sug‘orish. Sabzining ildizi yaxshi rivojlanadi, tuproqqa chuqur taraladi, barg shapalog‘i unchalik katta emasligidan suvni ko‘p bug‘lantirmaydi, ammo tuproqning biroz chuqur qatlamidan nam tortib olish qobiliyatiga ega. Yurtimiz sharoitida sabzi ko‘klamda, kuzda va yozda sepiladi. Ayrim, ya’ni ko‘klam qurg‘oqchil kelgan yillardagina urug‘ning unib chiqishini tezlashtirish maqsadida urug‘ suvi beriladi. Dastlabki paytlarda ekin har bir yarim-ikki haftada, mayning ikkinchi yarmidan e’tiboran, ya’ni ildizmevalar jadal sur’atda kattalashayotganda esa har 7-8 kunda sug‘oriladi. Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda ertagi sabzi o‘suv davrida 8, sizot suvi yuza dalalarda esa 5-6 marta sug‘oriladi. Sabzi mana shu tartibda sug‘orib borilsa, sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda mavsumda 11-12, sizot suvi yuza uchastkalarda 6-8 marta suv ichadi.
O‘g‘itlash. 10 sotix sabzi maydoniga sof holda 15 kg azot, 8 kg fosfor, 4,5 kg kaliy solish kerak. O‘tloqi, o‘tloqi botqoq yerlarda yetishtirilganda sof holda 12 kg azot, 7 kg fosfor, 4 kg kaliy berish kerak. O‘g‘itlarni berish muddatlari: fosfor o‘g‘itini yillik miqdorining 75 foizi, kaliyning hammasi shudgorlashda, fosforning qolgan 25 foizi yerni boronalab, egat olishda berish tavsiya etiladi. Azotli o‘g‘itlarning hammasi vegetatsiya mobaynida ikkiga bo‘lib beriladi.

 

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Ko‘p yillik begona o‘tlarga qarshi kuzda 10 sotixga preparatlardan Dalapon 4-4,5 kg. dan solinadi. Bir yillik o‘tlarga qarshi ekishdan oldin 50 foizli Gezagard preparatini 200-300 grammdan, begona o‘tlar urug‘i yerdan ungunga qadar yoki 1-2 chinbarg chiqargan vaqtda, 33 foizli Stomp 100-200 ml yoki 12,5 foizli Fyuzilad Super preparatini 100-200 g me’yorda 60-80 l suvda aralashtirib purkash tavsiya qilinadi. Kimyoviy preparatlar mutaxassislar nazoratida qo‘llaniladi.
Hosilni yig‘ishtirish. Sabzi ildizmevasining diametri 1,5-2 sm bo‘lganda kovlab olinadi. Takroriy ekilgan sabzi hosili qattiq sovuq tushmasdan yig‘ishtirib olinadi, aks holda mevalar mazasini yo‘qotadi va uzoq saqlanmaydi.
R. Hakimov, B. Azimov
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti

Оставьте комментарий