‘Yosh notiqlar’ to’garak mashg’ulot ishlanma

DO`STLARGA ULASHING:

Familiyasi: Karimova
Ismi: Nargiza
Sharifi: Urishovna
Ish joyi: 18-umumta’lim maktabi
Lavozimi: o‘qituvchi
Tuman: Do‘stlik
Viloyat: Jizzax
To‘garak nomi: “Yosh notiqlar”
Sinf: 9
To‘garak mashg‘ulot mavzu: 1.Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni haqida.

2.Men notiqman.

O‘quvchilar soni: 15 nafar
I. Dars mavzusi: Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni haqida.
II. Dars maqsadi:
ta’limiy -Navoiyning “Xamsa” dostoni bilan kengroq tanishish;
tarbiyaviy -“Xamsa” dostonida ilgari surilgan ijobiy g‘oyalarni o‘quvchilar ongiga singdirish; o‘quvchilarda ajdodlar merosidan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘otish;
rivojlantiruvchi — o‘quvchilarda mustaqil fikrlashni o‘stirish, badiiy asarni tahlil qilish malakasini shakllantirish.
III. Dars jihozi: Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni, boshqotirmalar, bukletlar, badiiy asarlar, rag‘bat kartochkalari, didaktik materiallar, slaydlar, kompyuter, proyekrt
IV. Dars metodi: noan’anaviy.
V.Dars usullari: “Kichik guruhlarda ishlash”,”Aqliy hujum”,”Tanqidiy mushohada”,didaktik o‘yin.
V. Dars rejasi:
1) Tashkiliy qism. (1 daqiqa)
2) Sinf o‘quvchilarini kichik guruhlarga bo‘lish.(1 daqiqa)
3) Mavzu yuzasidan topshiriqlar asosida kichik guruhlarda ishlash:
a) asosiy topshiriqlar. (30 daqiqa)
b) qo‘shimcha topshiriqlar. (8 daqiqa)
4) Darsni yakunlash, uyga topshiriq berish
VI. Darsning borishi.
Hurmatli o‘quvchilar, barchamizga ma’lumki, 9-fevral buyuk mutafakkir, shoir, atoqli davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavallud kuni. Bu betakror siymodan bizga katta adabiy meros qoldi. Uning yaratgan asarlari bugungi kunda ham kitobxonlarning eng sevimli asarlari hisoblanadi. Jumladan, “Muhokamat ul-lug‘atayn”,”Hazoyin ul-maoniy”,”Majolis un-nafois”,”Devoni Foniy”,”Badoye ul- bidoya”,”Navodir un-nihoya”,”Tarixi mulki Ajam”,”Holati sayyid Hasan Ardasher”,”Holati Pahlavon Muhammad”,”Hamsat ul-mutahayyirin” va boshqalar. Uning asarlari ichida, ayniqsa, turkiyda bitilgan “Xamsa” ning o‘rni beqiyosdir.
Bugungi darsimizdan ko‘zlangan maqsad ham Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni haqida ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lish, unda ilgari surilgan g‘oyalar, fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarishdir.
Bugungi darsimiz noan’anaviy uslubda bo‘lib, barchangizga topshiriq sifatida shu darsga tayyorgarlik ko‘rib kelish topshirilgan edi. Darsimiz “Mulohazali kitobxon” deb nomlanadi. Sinf o‘quvchilari 5 guruhga- “Xamsa” dostoni tarkibidagi dostonlar:
1)”Hayrat ul-Abror”, 2)”Farhod va Shirin”, 3)”Layli va Majnun”, 4)”Sab’ai sayyor”, 5)”Saddi Iskandariy” guruhlariga bo‘linadilar va har bir guruh o‘z guruhi nomlangan dostonga xos xususiyatlarni quyidagi asosiy topshiriqlar asosida ko‘rsatib guruhlarning faoliyatini kuzatib borishlari va yutuq, kamchiliklarini qayd etib borishlari lozim bo‘ladi.
I topshiriq. “Umumiy tavsif”.
Har bir guruh o‘z asariga tavsif berib o‘tishi kerak. Bunda har bir guruhga quyidagi savollar asosida aqliy hujum uyushtirish mumkin:
1. Doston mavzusi?
2. Doston qahramonlari qanday insonlar?
3. Dostonda qanday g‘oya ilgari surilgan?
II topshiriq. “Ko‘rinishli qahramonlar tahlili”
Ushbu topshiriqqa ko‘ra har bir guruh o‘z asaridan ko‘rinish tayyorlab, bosh qahramonlarga tavsif beradi. Bunda quyidagi savollar asosida har bir guruhga aqliy hujum uyushtirish mumkin:
1. Hozirgi ko‘rinishda asar qahramonlarining qaysi jihatlari namoyon bo‘ldi?
2. Bu qahramon orqali shoir qanday fiklarni bermoqchi deb o‘ylaysiz?
3. Qahramonning qaysi sifatlari sizga ma’qul bo‘ldi?
III topshiriq. “Xulosa”
Har bir guruh asardan olgan taassurotlari, xulosasi haqida fikrini bayon qiladi. Bunda quyidagi savollar asosida har bir guruhga aqliy hujum uyushtiriladi:
1. Dostondan qanday taassurot oldingiz?
2. Doston qanday tarbiyaviy ahamiyatga ega deb o‘ylaysiz?
3. Dostonda ilgari surilgan g‘oyalar bugungi hayotimizda muvofiq deb o‘ylaysizmi? Nega?
V topshiriq. “Muhokama”
Ushbu topshiriq ijrosi tanqidiy mushohada metodi asosida tashkil etiladi. Bunda har bir guruh dars davomidagi kuzatishi asosida o‘zidan keyingi guruhning faoliyatuga -yutuq va kamchiliklariga baho beradi. Dars jarayonida zehnni charhlovchi quyidagi qo‘shimcha topshiriqlar asosiy topshiriqlar oralig‘ida amlga oshiriladi.
1. G‘azalxonlik (aruz vaznida she’rlar asosida);
2.Xotira mashqi. O‘quvchilar slayddagi Navoiy asarlari nomlarini bir bor o‘qib, eslab qolish asosida chiroyli va to‘g‘ri yozishlari kerak:
“Xamsa”,”Tarixi anbiyo va hukamo”,”Mezon ul-avzon”,”Sab’atu abhur”,”Mahbub ul-qulub”,”Muhokamat ul-lug‘atayn”,”Hazoyin ul-maoniy”,’Majolis un-nafois”,”Devoni Foniy”,”Badoye ul-bidoya”,”Navodir un-nihoya”,”Tarixi mulki Ajam”,”Holati Sayyid Hasan Ardasher”,”Holati Pahlavon Muhammad”,”Hamsat ul-mutahayyirin”
3. Lug‘at bilan ishlash. Har bir guruh beshtadan Navoiy asarlarida qo‘llangan so‘zlar ma’nosini aniqlaydi. Ma’nosi aniqlanishi lozim bo‘lgan so‘zlar slayd orqali ko‘rsatiladi.
“Hayrat ul-abror” guruhiga:
axtar — yulduz
azal tog‘i- doimiylik tog‘i ,qismat
volid- ota
valad- farzand
huqqa- quticha
“Farhod va Shirin”guruhiga:
tavis- tumor
ashk- ko‘z yoshi
murur- o‘tish, yurush
ulum- ilmlar
avroq- varaqlar
“Layli va Majnun” guruhiga:
ashob- suhbatdoshlar
gulbun- gul butasi
atfol- bolalar
shugufta- ochilgan
resh- yara, jarohat
“Sab’ai sayyor” guruhiga:
vuquf- voqiflik,xabardorlik
dodxoh- arz dodga keluvchi
tag‘yir- o‘zgarish
nasaq — tartib,intizom,qoida
darang- sekinlik
“Saddi Iskandariy” guruhiga:
talaf- nobud ,halok
muntaqil- o‘tuvchi, ko‘chuvchi
hadis- so‘z
arjumand- aziz,izzatli-obro‘li
adam- yo‘qlik
4. Boshqotirma yechish. Navoiyning “Xamsa” dostoni yuzasidan quyidagi savollar asosida tuziladi:
1. Shoh Bahrom qayerlik sayyoh tomonidan Dilorom daragini eshitadi?
2. Shoirning fikricha, insonni komillikka yetaklovchi bu….
3….So‘ngin nechakim uzatdim oxir,
Yig‘lay-yig‘lay tugatdim oxir. Ushbu bayt qaysi dostonning yakunlovchi qismi?
4. “Xamsa”ning hajm jihatidan eng yirik dostoni qaysi?
5. Navoiyning ijtimoiy-siyosiy qarashlarining yorqin ko‘zgusi, qahramonlik epopeyasi bo‘lgan dostoni nomi?
6. Navoiyning mukammal inson haqidagi orzu-o‘ylari qaysi dostonda yoritilgan?
7. Iskandar qaysi tarixiy shaxs siymosi hisoblanadi?
8. Navoiyning ishqiy dostonlari orasida eng mahzuni, eng dardlisi qaysi?
Dars yakuni:
“Xamsa” dostonini o‘rganishga bag‘ishlangan darsimizni yakunlar ekanmiz, bugungi dars barchangizning qalbingizda eng ezgu istaklarni, eng go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otganligiga shubham yo‘q. Nafaqat “Xamsa” dostoni, balki Navoiy asarlarining barchasi ham kitobxonni go‘zallikka, ezgulikka, komillikka yetaklaydi.
Uyga vazifa: Har bir guruh o‘z asari bosh qahramonlariga tavsif yozish.
Dars jarayonida guruhlar ishtiroki rag‘bat va jarima kartochkalari bilan ta’minlanib boriladi va natijadan kelib chiqib, g‘olib guruh aniqlanadi.

I.Dars mavzusi: Men notiqman
II.Dars maqsadi: o‘quvchilarda ona tiliga mehr uyg‘otish, tilimiz imkoniyatlaridan keng foydalanish ko‘nikmalarini hosil qilish, notiqlik mahoratini shakllantirish
III.Dars jixozi: badiiy va ilmiy adabiyotlar, didaktik materiallar, slaydlar, kompyuter va proyektr
IV. Dars metodi: noan’anaviy, interfaol.
V.Dars usullari: «Muzyorar», «Tanqidiy mushohada», «Kichik guruhlarda ishlash», «Reklama», “Klaster”, didaktik o‘yinlar
V. Dars rejasi:
1.Tashkiliy qism. (2 daqiqa)
2. «Muzyorar» metodi asosida samimiy muhit o‘rnatish ( 3 daqika)
3.O‘quvchilarni kichik guruhlarga ajratish (psixologik trening yo‘li bilan)(3 daqiqa)
4.Mavzu bayoni ( 10 daqiqa)
5.Topshiriq ustida ishlash (10 daqiqa)
6.Mustahkamlash (10 daqiqa)
7. «Qofiya top» didaktik o‘yini ( 5 daqiqa)
8.Darsni yakunlash va uyga topshiriq berish (2 daqiqa)
VI.Darsning borishi:
Hurmatli o‘quvchilar, bugungi «Men notiqman» mavzusidagi darsimizni «Oltin qoidalar» asosida tashkil etamiz, ya’ni «O‘zaro hurmat», «Samimiylik», «O‘zgalar fikrini hurmat qilish, bir-birini masxara qilmaslik», «Faollik».
Keling, «Muzyorar» metodi asosida samimiy muloqot muhitini yaratamiz. (O‘quvchilar o‘z ismini va ismining bosh harfi bilan boshlanuvchi bitta fazilatini navbat bilan aytadilar. Masalan, Nargiza-nazokatli…)
Endi kichik psixologik trening o‘tkazamiz. Qo‘limda uchburchak, to‘rtburchak va aylana shakllari bor. Ulardan o‘zingizga yoqqan shaklni tanlang. Tanlangan shakllar bo‘yicha uch guruhga bo‘linamiz.
Endi guruhlarni nomlaymiz:
Uchburchak shaklini yoqtiruvchi kishilar o‘ta qat’iyatli, bir so‘zli, mustahkam irodali, maqsad sari olg‘a intiluvchi va o‘ziga ishongan insonlar bo‘ladi, shuning uchun bu guruhni «Ishonch» deb nomlasak.
To‘rtburchak shaklini yoqtiruvchi kishilar sabr-toqatli, keng fikr-mulohazali, bilimli va zukko insonlar bo‘ladi, shuning uchun bu guruhni «Bilim» deb nomlasak.
Aylana shaklini yoqtiruvchi kishilar samimiy, mehr-oqibatli, mehribon va dilkash insonlar bo‘ladi, shuning uchun bu guruhni «Samimiyat» deb nomlasak.
Yangi mavzu bayoni:
-Hurmatli o‘quvchilar, tez kunda maktabdagi ta’limni tamomlab, ta’limni kasb–hunar kollejlari yoki akademik litseylarda davom ettirasiz. Tabiiyki, yangi muhit, yangi jamoa bilan muloqotga kirishishga, o‘z o‘rningizni topishga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, bu bosqichga tayyormisiz, bu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tish uchun nimalarni bilish lozim? Bugungi darsimizda shu savollarga javob topasiz.
«Ba’zan katta-katta kitoblar qilolmagan ishni jimitgina bir nutq qilishi mumkin» deydi O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov. Demakki, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topishda notiqlikning o‘rni juda katta ekan. Tarixda juda ko‘p notiqlar o‘tgan, ular so‘z qadrini anglagan, o‘z o‘rnida qo‘llay olgan va o‘z so‘ziga boshqalarni ishotira olgan, orqasidan ergashtira olgan insonlardir. Ularga misol qilib tarixda o‘tgan buyuk allomalar, sarkardalar, davlat arboblari, shoirlar va yozuvchilarni keltirish mumkin. Vatanimiz shonli tarixida iz qoldirgan Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur, Nodira, Mahtumquli, A.Oripov, E.Vohidov va x. lar shular jumlasidandir. Bugungi kunda butun dunyoda e’tirof etilgan mahoratli notiq deya yurtboshimiz I.A.Karimovni faxr bilan ayta olamiz.
Xo‘sh, siz qay darajada notiqsiz, sizning hayotingizda notiqlikning ahamiyati qanday, yaxshi notiq bo‘lish uchun nimalarga e’tibor berish lozim?
Yoshingiz ulg‘ayib borgani sari ijtimoiy munosabatlarga ko‘proq kirishishiga to‘g‘ri keladi. Qaysi kasb egasi bo‘lmang, siz odamlar bilan muloqotga kirishasiz. Shunday ekan, hozirdanoq o‘zingizda notiqlikni va muomala madaniyatini shakllantirib borishingiz lozim. Mavzuni bugungi kun bilan bog‘laymiz. Darsda sinf o‘quvchilari oldida o‘qituvchi bergan savollarga javob berayotganda o‘zingizni qanday tutasiz, qanday so‘zlaysiz? Ko‘pincha, partangiz oldida tik turib javob berasiz. O‘quvchi partasi ko‘zi ko‘nikkan «himoya qo‘rg‘oni» hisoblanadi. Doska oldida o‘quvchilarga yuzma-yuz turish esa boshqalar bilan muloqotga kirishish muhitidir. Shuning uchun, ko‘pincha, doska oldida hayajonlanasiz, so‘zingizdan adashasiz. Aksincha, ushbu holatda o‘zingizni nazorat qila olish ko‘nikmasini hosil qilishingiz kerak, chunki begona muhitda noqulay ahvolga tushib qolmaslikning oldini olish uchun. Buning uchun quyidagilarni amalga oshiring:

1. Eng avvalo, o‘zingizga ishonch bo‘lsin. Hamma bilan samimiy munosabatda bo‘ling. Shunda hamma sizni tinglaydi.
2. Tashqi ko‘rinishingizga e’tibor qarating. Kiyimingiz ozoda, o‘zingizga qulay bo‘lsin, sochingiz turmagiga e’tibor qiling, ya’ni muhitga mos bo‘lsin, shunda ichki xijolatdan xalos bo‘lasiz.
3.Muhitni o‘rganish, ya’ni siz so‘zlashingiz lozim bo‘lgan kishilar davrasini o‘rganing: nutqingizda ularning yoshi, qiziqishi, qarashlarini inobatga oling.
4.Ovoz ta’sirchanligiga e’tibor qarating. Ovozingizda qat’iyat va samimiyat sezilib tursin.
5.Jestlar va mimika, ya’ni qo‘l-oyoq, ya’ni tana va yuz harakatlariga e’tibor qarating. Gavdangizni to‘g‘ri va erkin tuting, ortiqcha harakatlardan saqlaning. Kaftingizni ochiq holatda, erkin tuting. Yuzingizni burishtirmang, qovog‘ingizni uymang, ochiq yuz bilan muomalada bo‘ling.
6.Nutq matni ustida ishlash, ya’ni nutqingizda hikmatli so‘zlar, maqollar, she’rlardan o‘rinli foydalaning, nutqingizni bugungi kun, muhit bilan bog‘lang.
7.Nutqingizni yumshoq va yengil qilib boshlang. Shoshib gapirmang. Dona-dona, tushunarli qilib so‘zlang.
7.So‘zlayotganingizda tinglovchilarni kuzating. Ular diqqatini saqlab turishga harakat qiling.Faqat bir kishiga qarab so‘zlamang. Ortiqcha, behuda so‘zlashdan saqlaning. Me’yorni saqlang.
Topshiriq ustida ishlash:
-«Sevimli mashg‘ulotim» mavzusida kichik matn tuzing. «Reklama» metodi asosida matn mazmunini tinglovchilarga yetkazing. Ularda so‘zingizga ishonch hosil qilishingiz, shu mashg‘ulotga qiziqish uyg‘otishingiz lozim bo‘ladi, ya’ni notiqlik mahoratingizdan foydalanb, sevimli mashg‘ulotingizni targ‘ib qilasiz.
Mustahkamlash:
Nar bir guruhdan 1 nafardan o‘quvchi «Sevimli mashg‘ulotim» mavzusidagi matnni tinglovchilarga so‘zlab beradi. Boshqa guruh a’zolari «Tanqidiy mushohada» metodi asosida yosh notiq kamchiliklarini tahlil qiladi. Tahlil so‘ngida «Eng yaxshi notiq» aniqlanadi.
«Qofiya top» didaktik o‘yini:
Ushbu didaktik o‘yin sizda ijodkorlikni, hozirjavoblikni shakllantiradi. Uyin shartiga kura men bir yoki ikki bug‘inli so‘z keltiraman, guruh a’zolari shu so‘zga qofiyadosh bo‘lgan so‘zlarn topadi. Kofiyadosh suz topa olmagan gurux uyindan chetlatiladi. Masalan:
Ot- bot, zot, yot, qot, sot, mot, tot …
Jon – xon, non, on, son, ton, kon, don, shon, qon..
Oy- boy, soy, loy, moy, toy, joy, choy, voy, hoy, poy…

Dars yakuni va uyga vazifa:
-Shu bilan bugungi mashg‘ulotimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Mashhulot so‘ngida mohir notiq bo‘lishingizda badiiy asarlar mutolaasining o‘rni kattaligini ta’kidlab utmoqchiman, shu sababli mashg‘ulotda faol ishtirok etgan o‘quvchilarni kitob bilan taqdirlayman.
G‘olib guruh aniqlanadi. Ramziy ko‘krak nishoni beriladi. Darsda faol ishtirok etgan o‘quvchilar kitob bilan taqdirlanadi. Oynaga qarab nutq so‘zlashni mashq qilish uyga vazifa qilib beriladi.

Оставьте комментарий