Yurak sogʼlom boʼlishi kerak

DO`STLARGA ULASHING:

Dunyo olimlarining fikricha, yurak-qon tomir tizimi yaxshi ishlashi uchun profilaktik chora-tadbirlar qoʼllash bilan birga kundalik taomnomaga ham jiddiy eʼtibor qaratish zarur ekan. Masalan, hoʼl mevalar, ayniqsa oʼrik, qulupnay, sitruslar vitamin S ga boyligi tufayli qon tomirlar devorini mustahkamlash xususiyatiga ega. Tarkibida vitamin Ye serob boʼlgan pista va yongʼoq qonning yopishqoqligini kamaytirishga yordam beradi. Qonni suyultirishga koʼmaklashuvchi naʼmatak va turli shifobaxsh giyohlar damlamalari esa yanada foydali. Shuni ham aytish joizki, yurak ishi toʼsatdan yomonlashganda, dastlabki tibbiy yordam koʼrsatishni har bir kishi bilishi zarur.
Аritmiyada tez yordam
Аritmiya (yurak urishi maromining buzilishi) roʼy berganda avvalo bemorni yotqizib, toza havo kelishini taʼminlang. Odam hushini yoʼqotmagan boʼlsa, chuqur nafas olishi zarurligini ayting, bu aritmiya xurujini toʼxtatadi. Odam aritmiya tufayli hushidan ketsa, uyqu arteriyasi sohasini uqalang, buning uchun pastki jagʼning oʼng burchagidan 5 sm orqaroqdan boʼyinni 1-2 soniya bosing. Bu usul yordam bermay, odam hushidan ketsa va qon aylanishi buzilishi alomatlari (lab koʼkarishi va badanning oqarishi) kuzatilsa, koʼkrak qafasi oʼrtasiga kuchli zarb bilan urib, taxikardiyani toʼxtatishga urinib koʼring. Bu usulni qoʼllashga faqat inson hayoti xavf ostida qolgandagina ruxsat etiladi.
Stenokardiya roʼy berganda
Stenokardiya (koʼkrak qisishi, yurak sohasida ogʼriq turishi) kishini bezovta qilsa, uni yotqizib, toza havodan nafas olishini taʼminlang. Til ostiga nitroglitserin hab dorisini qoʼying. Bu yordam beravermasa, har 3-5 daqiqada bittadan hab dorini til ostiga qoʼyishi kerak. Bordiyu 4-5 ta nitroglitserin hab dorisini bergandan keyin ham ogʼriq toʼxtamasa, ogʼriqsizlantiruvchi dori berib, zudlik bilan “Tez yordam” chaqiring. Miokard infarkti boshlanayotgan boʼlishi mumkin!
Tibbiy tekshiruvdan oʼting
Yuragi bezovta qilib turadigan bemor har 3-4 oy ichida turli tahlillarni topshirib, jiddiy tekshiruvdan oʼtishi lozim. Shifokor maslahatiga koʼra, qunt bilan davolanishi shart. Bundan tashqari, sogʼlom turmush tarzini yoʼlga qoʼyishi yanada muhim. Аyniqsa tunda miriqib uxlang. Chunki sogʼlom uyqu salomatlik garovi boʼlib, yurak va qon tomirlari faoliyati uchun juda muhim. Toʼshak qattiq, yostiq past boʼlgani maʼqul. Har kuni oʼz vaqtida ovqatlanish va dam olishga ham harakat qiling. Shuningdek, turli kasalliklarda buyuriladigan dori-darmonlarni qabul qilishdan avval albatta kardiolog shifokoringiz bilan maslahatlashing.
Kamharakat boʼlmang
Jismoniy mashqlar bajarishga vaqt ajrating. Negaki, qoʼlda televizor pulьti bilan divanda choʼzilib yotib, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlab boʼlmaydi. Demak, oʼzingizga eʼtibor qaratib, mushaklar ishini yaxshilang. Tizimli ravishda shugʼullanishga vaqt topolmasangiz, shunchaki har kuni yarim soat ochiq havoda sayr qiling.
Toʼgʼri ovqatlaning
Taomnomaga mevalardan tashqari, baliq, goʼsht, oʼsimlik yogʼi, sabzavotlarni kiriting. Yogʼli, shirin va dudlangan yeguliklarni cheklang. Tuz va qand isteʼmolini kamaytiring, ularning ortiqcha miqdori organizm uchun zarar keltiradi. Tamaki chekmang. Kashandalik ham xuddi ichkilik kabi yurakka ziyon yetkazadi. Tana vazningizni nazorat qiling. Ortiqcha vazn tufayli yurak-qon tomir tizimi zoʼriqib ishlashini unutmang.
Gʼam-qaygʼudan uzoqlashing
Stress gormoni hisoblangan adrenalin koʼp ajralsa, avvalo yurak ishi qiyinlashadi. Shunday ekan, gʼam-qaygʼularni sabr bilan yengib oʼting, arzimas dilxiraliklarni deb yuragingizga ozor yetkazmang. Tez-tez tabassum qilib turing. Toza havo tanga davo ekanini yodda tuting, koʼproq piyoda yuring. Dam olish, mehnat qilish va uyqu tartibiga rioya eting. Аna shunda nafaqat yurak va qon tomirlari faoliyatini yaxshilagan boʼlasiz, balki butun tanangizga kuch-quvvat quyilib kelayotganini his qilasiz, turmushingiz sifati ham yaxshilanadi.
Nigora TOʼLАGАNOVА,
mutaxassis.

Оставьте комментарий