Zaynab binti Muhammad s.a.v.

DO`STLARGA ULASHING:

Zaynab (roziyallohu anhu) Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambarlik sharafiga noil bo‘lishlaridan o‘n yil avval dunyoga keldi. Uning yuz-ko‘zlari boshqa farzandlari orasida Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) muborak chehralariga ko‘proq o‘xshardi. Muborak nubuvvat uyida tug‘ilgan ilk farzand bo‘lgani uchun ham xushbo‘y bir chechak kabi bu uyni quvonch nasimiga to‘ldirgan va oydinlatgan edi.
O’sha davr urfiga binoan uni ham enagaga topshirdilar. Go‘dak Zaynab sut onasidan nasibini olgach, yana tabarruk xonadon bag‘riga qaytdi.
Olamlarga rahmat bo‘lib kelgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) va mo‘minlar onasi Hazrati Hadichaning (roziyallohu anho) barcha go‘zal sifatlarini o‘zida mujassam etgan Zaynab bolaligidanoq yuksak axloq, go‘zal odob egasi bo‘lib voyaga yetdi.
Balog‘at yoshiga yetganida xolasining o‘g‘li Abul Os ibn Robi’ uni nikohiga oldi. Abul Os savdo bilan shug‘ullanar, ko‘pincha Shom taraflarda tijoriy safarlarda bo‘lar edi. Ba’zan safari cho‘zilib ketsa, Zaynab xojasini sabr bilan kutar, o‘z navbatida, Abul Os ham vafodor yoriga munosib mehr-oqibat ko‘rsatar, uning haqqini himoya qilar edi. Bir gal Shom safarida uzoq qolgan Abul Osning sog‘inch bilan shunday mazmunda she’r o‘qigani rivoyat qilinadi:
«Zaynab Makkada yolg‘iz qolganini o‘ylab, dedim:
Alloh Haramda o‘tirgan bu ayolga ehson aylasin.
U ayol Aminning qizidir.
Alloh uni soliha xotin bo‘lgani uchun ajrga ko‘msin,
Har erkak o‘z ahlini bilgan narsalari bilan madh etar..,»
Ko‘p o‘tmay ularning Ali va Umoma ismli farzandlari dunyoga keldi. Er-xotin qalblari quvonchga to‘lib, o‘zlarini g‘oyat baxtli xis etishardi. Ammo bu mas’udlik onlari uzoqqa cho‘zilmadi…
Abul Os har galgidek safarda bo‘lgan payti bir voqea sodir bo‘ldi. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) olamlarning Rabbi tomonidan payg‘ambar sifatida tanlanib, buyuk ish bilan vazifalantirildilar. Zaynab onasi va singlisi qatorida otasining da’vatini qabul qildi. Xojasi safardan qaytgach, uni ham Haq dinga da’vat etdi. Abul Os bunga javoban:
«Vallohi, men otangni hech bir ishda ayblamayman. Men uchun siz bilan birga bo‘lish har narsadan avlodir. Ammo men «xotinini deb, o‘z qavmini tark qildi va otalarining ilohlariga kufr keltirdi», degan gapga qolishni istamayman. Mening ahvolimni tushunsiz va meni ma’zur tutsangiz», dedi.
Shu holda ular bir-birlarini bag‘rilariga bosmoqchi bo‘lib, intilishgan edi, nimadir ularga monelik qildi. Go‘yo shu damdan e’tiboran oralarida ko‘rinmas bir devor paydo bo‘lgandek edi… O’sha kecha ularning ko‘zlariga hech uyqu kelmadi. Qalblari g‘am va qayg‘uga to‘lib, uylarini shodlik tark etdi.
Bu orada kofir va mushriklar yangi da’vat bilan kelgan Payg‘ambarimizga(sollallohu alayhi va sallam) qarshi aziyat va iskanjalarini borgan sari avj oldira boshladilar. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ahli oilasi va mo‘minlar Payg‘ambarimizning amakilari Abu Tolib mahallasida bir necha yil qamal holatida qolib ketishdi. Butun qavmdoshlari ularni tark etib, har qanday aloqani uzib qo‘yishgan edi. Zaynab ham bu holdan g‘oyatda g‘amgin bo‘lgan, ba’zan yig‘lar, qayg‘urar, keyin esa qorong‘i kechadan so‘ng nurli bir tong otishiga umid qilib, Allohning hukmiga bo‘yinsunar edi…
Ko‘p o‘tmay Zaynabning mehribon onasi hazrati Hadicha (roziyallohu anho) vafot etdi. Rasulullohning suyangan amakilari Abu Tolib ham hayotdan ko‘z yumdi. Shu bois Qurayshning iskanjalari yanada avjiga chiqdi. Bu holat Zaynabning ham bag‘rini yoqib, jigarini parcha-parcha qilayozgan edi.
Bir kuni Madinaga hijrat qilish uchun chiqqan Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) yo‘lda qurayshliklar hujum qilishgani haqida xabar tarqaldi. Zaynab otasining hayoti xavf ostida qolganidan qattiq qayg‘uga tushdi. Lekin tez orada Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) eson-omon Madinaga yetib olganlarining xabar kelib, ko‘ngli taskin topdi.
Bir necha kundan keyin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yuborgan bir kishi kelib, Zaynabning singillari Fotima va Ummu Gulsumni Madinaga olib ketdi. Zaynab esa xojasi Abul Osning uyida qolib, Allohning qazosi va amriga muntazir bo‘lib, quta boshladi.
Bir kuni quraysh mushriklaridan iborat maxsus qo‘shin Makkadan yo‘lga chiqqan savdo karvonlarini qo‘riqlash uchun Madina sari otlandi. Abul Os ham safga qo‘shildi. Yo‘lda musulmonlarga duch kelishdi. Ikki jamoa orasida bo‘lgan jangda musulmonlarning qo‘li baland kelib, mushriklar yengildi. Abul Os ham asirga tushdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) asirlarni fidya evaziga ozod qilishni buyurdilar. Bu xabar Makkaga yetib kelgach, Zaynab (roziyallohu anhu) ham bisotidagi birdan-bir boyligi bo‘lgan taqinchog‘ini sandiqdan chiqardi. Bu taqinchoqni to‘yi kuni onasi Hazrati Hadicha (roziyallohu anhu) sovg‘a qilgan edi. Zaynab taqinchoqni qaynisi Amrga berdi va uni asir tushgan erini ozod qilish uchun Madinaga jo‘natdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) taqinchoqqa ko‘zlari tushishi bilan sevimli zavjalari Hadicha eslariga tushib, qizlari Zaynabga rahmlari keldi. Uzoq jim qoldilar, keyin sahobalariga yuzlanib, marhamat qildilar:
— Agar maqbul ko‘rsalaringiz, Zaynabning asirini ozod qilinglar va molini qaytarib beringlar.
Sahobai kirom shu amrni kutib turganlari uchun bir ovozdan:
— Albatta, maqbul ko‘ramiz, ey Allohning rasuli, — deya rizolik biddirishdi.
Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abul Osga Zaynabni Madinaga yuborishini shart qilib qo‘ydilar. Zero, Islom dini mo‘mina ayolning imonsiz erkak bilan oila qurishini man etgan, binobarin, ularning nikohda bo‘lishlari nojoiz edi. Abul Os Makkaga kaytdi. Ayoli uni sevinch bilan kutib oldi. Ammo Abul Osning kayfiyati yomonlish shundoq yuzidan bilinib turardi. Zaynabga qarab:
— Siz bilan vidolashish uchun keldim, ey Zaynab, — dedi va Rasulullohga bergan va’dasini aytib, vaziyatni tushuntirdi.
Zaynab xojasi bilan xayrlashib, g‘amgin bir holatda uyidan chiqqi. Ko‘chaga chiqayotganida Abul Os:
— Nima bo‘lsa ham, toki hayot ekanman, sizga vafodor umr yo‘ldoshi sifatida sevgim aslo so‘nmaydi. Hayotimizning baxtli onlari o‘tgan bu uy har doim sizning yodingiz bilan munavvar bo‘ladi, — deya Zaynab bilan xayrlashdi.
Zaynab (roziyallohu anhu) ko‘z yoshlarini artib, yo‘lida davom etdi. Lekin quraysh mushriklari uning hijratiga to‘sqinlik qilib, Makkadan chiqib ketishiga yo‘l bermadilar. Ularning vajohatidan qattiq qo‘rqqan Zaynab homilasini tushirib qo‘ydi. Sog‘lig‘ini tiklab olguniga qadar yana Abul Osning himoyasida qoldi.
Nihoyat, quraysh ahli g‘aflatda qolgan bir kuni Abul Os ukasi Qinona bilan birga Zaynabni Madinaga jo‘natishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik quraysh karvoni bilan Shom safariga chiqqan Abul Os Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tomonidan yuborilgan Zayd ibn Horisa boshchiligidagi bir yuz yetmish otliq musulmonlarning qo‘liga yana asir tushdi.
Abul Os Zaynabdan himoya qilishini so‘radi. Rasululloh ( sollallohu alayhi va sallam) bomdod namozidan qaytayotganlarida Zaynab u zotning huzurlariga kelib, xojasi uchun shafoat so‘radi va dedi:
— Ey otajon, men Abul Os ibn Robi’ga omonlik berdim, ayting, unga tegmasinlar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yana masjidga qaytib:
— Ey insonlar, men eshitgan narsani sizlar ham eshitdingizmi? — deb so‘radilar.
«Ha, eshitdik», degan javob olgach, yana marhamat qildilar:
— Nafsim qudrati, izmida bo‘lgan Allohga qasamki, siz eshitgan narsadan shu daqiqaga kadar aslo xabarim yo‘q edi. Mo‘minlar boshqalarga kafil bo‘ladilar va omonlik beradilar. Zaynab omonlik bergan kishiga biz ham omonink berdik».
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uylariga qaytganlarida Zaynab (roziyallohu anhu) yana huzurlariga chiqib, Abul Osdan olib ko‘yilgan mollarning qaytarib berilishini so‘radi. Otalari (sollallohu alayhi va sallam) uning istagini bajo keltirdilar. Ammo eri bilan uchrashmasligini kattiq tayinladilar. Chunki eri toki mushrik ekan, Zaynab unga halol bo‘lmas edi.
Abul Os Makkaga kaytib, haqqorlarning mollarini tarqatib bergach, Quraysh ahliga musulmon bo‘lganini ochiq e’lon qildi. Keyin bir musulmon va muhojir sifatida Madinaga yo‘l oldi.
Madinaga kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni ochiq chehra bilan kutib oldilar, Zaynabni unga qaytib berdilar. Shu tariqa parchalangan oila qaytadan barpo qilindi, xonadonlari yana huzur-halovatga to‘ldi.
Er-xotin Madinada yana bir yil birga hayot kechirdilar. Zaynab (roziyallohu anhu) hijrat qilish paytida yo‘lda og‘ir bir kasallikka chalingan edi. Bu dard ularni umrbod ayirdi. Hijratning sakkizinchi yili Alloh Zuljalol Zaynabni O’z rahmatiga oldi.
Musibatdan Abul Osning ko‘zlariga dunyo qorong‘i bo‘lgan edi. Uning nolalari atrofdagilarni ham yiglatdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko‘zlarida yosh va qalblari g‘amgin holatda qizlarining uyiga kelib, shunday marhamat qildilar:
«Uni uch marta g‘usl qildiring. Keyin kofur suring…»
Shundan so‘ng janozasini o‘qib, Zaynabni qabrga qo‘ydilar.
Alloh taolo Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) suyukli qizlari Zaynabdan rozi bo‘lsin. Boshiga tushgan musibatlarga ko‘rsatgan sabri, matonat va g‘ayratlari uchun uni jannati na’imlariga doxil etgan bo‘lsin. Omin.
 «Qahramon mo’mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.
Otasining ziynati
Bo‘lajak payg‘ambar o‘ttiz yoshga to‘lganlarida hazrat Xadicha onamiz Zaynabga yukli edi. Chaqaloqligida vafot etgan Qosimdan keyingi bu farzand dunyoga kelishida Salmo ismli ayol doyalik qildi. Atrofdagilar tug‘ilajak chaqaloqning qiz-o‘g‘illigini qiziqish bilan kutishardi. Tarixdan ma’lum, johiliya davrida qiz tug‘ilishi oila uchun isnod sanalgan, qizlarni tiriklayin ko‘mish qavm orasida ko‘p tarqalgan hodisa edi. Ammo vaqti-soati yetib Zaynab dunyoga kelganida atrofdagilar uyatdan boshi egik ota qiyofasini emas, nuroniy yuzda rahmat quyoshi porlaganini ko‘rishdi: “Muborak…”.
Xabar keltirgan kishi iltifotli rahmat so‘zlarini eshitdi, kamiga yana suyunchi oldi! Olamlar sarvari darhol uylariga yo‘l oldilar. Ichkariga kirganlarida chehralari sevinchdan porlardi. Tabassum-la ayollarini tabrik­lar ekanlar, chaqaloqni mehr va shafqat bilan qo‘llariga oldilar. Yaratganga hamdu sanolar aytib, bu ma’sum chaqaloqqa “Zaynab” deb ism qo‘ydilar.
Fazilatli ayol
Hazrat Zaynab balog‘atga yetgan sari Makkaning o‘spirinlari nazariga tusha boshladi. Ham fazilatli, ham sharafli oilaga mansub qizga uylanish va nasabi ulug‘larga kuyov bo‘lish Makka qabilalari orasida muhim  edi. Xola binti Huvaylidning o‘g‘li Abul Os hammadan oldin sovchi qo‘ydi. U tijorat bilan shug‘ullanar va to‘g‘ri insonligi bilan tanilgan yigit edi. Mehribon ota qadrli qizi uchun Abul Osni munosib ko‘rib, rozilik bildirdilar.
Alloh rasuli (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambarlikni insonlarga oshkor etib Islomga chaqira boshlagan kezlari Abul Os safarda edi. Makkaga qaytgach, bu xabar uning ham qulog‘iga yetdi. To‘g‘ri uyiga bordi. Zaynabdan (roziyallohu anho) Islom dini va qavmidan Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvomlarning (roziyallohu anhum) musulmon bo‘lgani haqida eshitdi. Shuncha fazilat egasi bo‘lishiga qaramay, Abul Os o‘zi haqida “xotini va qaynotasini mamnun qilish uchun musulmon bo‘ldi”, deyishlaridan andisha qildi.
Zaynab (roziyallohu anho) bundan xafa, iztirobda edi. Shunga qaramay, uyidan ketmadi, hidoyatini Alloh taolodan so‘rab, erining xizmatini qilaverdi.
Abul Osning vafosi
Makka mushriklari koinot faxri Payg‘am­barimizga (sollallohu alayhi va sallam)­ qo‘llaridan kelgan barcha yomonlikni qilishdan toyishmasdi. Kunlarning birida qurayshliklar yana bir maqsad uchun to‘planishdi. Majlisda so‘z olganlardan biri: “Sizlar Muhammadning qizlariga talabgor bo‘lib, dardini arittilaring. U esa o‘zi g‘avg‘osiz qolib, bizni g‘avg‘oga soldi – qarshimizga payg‘ambarlik iddaosi bilan chiqdi. Qizlarining javobini beringlar, qizlarining dardi bilan mashg‘ul bo‘lsin”, dedi. Bu vaqtda Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Ruqiya bilan Ummu Gulsum Abu Lahabning Utba va Utayba ismli o‘g‘illariga unashilgan edi. Abu Lahab Rasulullohning (sollalollohu alayhi va sallam) amakilari bo‘lsa-da, ashaddiy dushman edi. U taklifni qabul qilib, unashtiruvni buzdi. Navbat Abul Osga kelgan edi. Abul Os Islomni qabul etmagan bo‘lsa ham musulmonlarga qarshi dushmanlik hatti-harakatidan yiroq edi. Makka mushriklari Utba bilan Utaybaga qilgan takliflarini unga ham aytishdi.
Abul Os: “Yo‘q! Ayolimdan voz kechmayman”, deya keskin javob qildi.
Payg‘ambarimiz (sollollohu alayhi va sallam) Madinaga ketganlarida Zaynab (roziyal­lohu anho) Makkada qoldi. Qayg‘ulari oshib ketsa, farzandlari Umoma bilan Alini bag‘riga bosar, chiroyli sabr qilishga urinar edi.
Qutqarish fidyasi
Hijratning ikkinchi yili. Abul Os ham Makka tomonida turib Badr sari yurishga majbur bo‘ldi.
Badrda musulmonlar mushriklardan uch barobar kam bo‘lishlariga qaramay, zafar quchishdi. Hazrat Zaynab musulmonlar zafaridan qanchalar quvondi. Eri Abul Osning tirik qolganidan ham sevinchda edi. Uni qutqarish uchun fidya hozirlab, qayinbo‘yini Amrdan Madinaga berib yubordi. Bu mollar orasida onasi hazrat Xadicha (roziyallohu anho) to‘yida sovg‘a qilgan bir zebigardon ham bor edi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu taqinchoqni tanidilar va ko‘ngillari bo‘shab ketdi. Sahobalarga: “Rozi bo‘lsangiz, Zay­nabning asirini ozod etib, gardonini o‘ziga qaytaring”, dedilar. Alloh rasulining iltimosini ulug‘ sahobalar qaytarisharmidi! Abul Os ozod bo‘ldi. Taqinchoq egasiga qay­tarildi.
Zaynabning (roziyallohu anho) himoyasi
Manbalarda hijriy oltinchi yilga qadar hazrati Zaynabning Madinadagi hayoti haqi­da biror ma’lumot yo‘q. Abul Os tijorat karvoniga bosh bo‘lib, Makkadan Suriyaga­ safar qildi. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) karvon yo‘lini to‘sishni, hech kimning joniga zarar yetkazmaslikni buyurdilar.
Abul Os Zaynabdan (roziyallohu anho) omonlik so‘rashga muvaffaq bo‘ldi. Tong otdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bomdodni o‘qib, salom bergach, ayollar tomondan bir ovozni eshitdilar: “Ey odamlar, men Abul Os ibn Robi’ani himoyamga oldim!” Bu ovoz Zaynab binti Rasulullohning ovozi edi. Alloh rasuli (sollallohu alayhi va sallam) ashoblariga qarab: “Bu ovozni siz ham eshitdingizmi?” dedilar. Ular ham eshitishgani tasdiqlangach: “Muhammadning joni izmida bo‘lgan Alloh taologa qasam, siz eshitganingizni men ham eshitgunimga qadar  bundan xabarim yo‘q edi. Musulmonlarning zaifi himoyasida tutgani ham mo‘‘tabardir”, dedilar.
Abul Osning hidoyati
Sahobalar Abul Osga mollarni qaytarishdi va unga ruxsat berishdi. Karvon Makkaga qarab yo‘l olar ekan, Abul Osda o‘zgarish boshlandi. Bu kunga qadar musulmonlardan ko‘rganlarini bir-bir xayolidan o‘tkazarkan, borgan sari Islomning haq din ekaniga butun vujudi bilan taslim bo‘layotgan edi. Makkaga yetganida omonat mollarni ega-egalariga topshirdi va karvon boshida to‘plangan olomonga qarata: “Ey Quraysh xalqi, birortaning menda zarracha haqi qoldimi?” dedi. Qurayshliklar: “Yo‘q, Alloh senga yaxshiliklar qilsin, senda haqimiz qolmadi, Sen haqiqatdan ham to‘g‘ri va hurmatli odamlarimizdansan”, deyishdi. Shundan so‘ng Abul Os baland ovozda: “Guvohlik beraman, Allohdan boshqa iloh yo‘q va Muhammad uning bandasi va rasulidir! Bu tasdig‘im iqrorini u zotning yonida qilmay, bu yerga kelguncha kutishimning yagona sababi, mollaring menga omonat edi va men haqimda sizlarda xato fikr o‘yg‘onishini istamadim. Alloh taolo mollaringni qaytarib berdi va men ham omonatdan soqit bo‘ldim!” deya shu yerdan to‘g‘ri Madinaga yo‘l oldi. Qalbi esa Islom nuri bilan to‘lib borar, musulmonlar diyori sari qattiq talpinar edi…
Muborak birlashuv
Abul Osning musulmon bo‘lgani xabari Madina ko‘chalari bo‘ylab tarqaldi. Alloh rasuli (sollallohu alayhi va sallam) kuyovlarining Islom bilan sharaflanganidan juda xursand bo‘ldilar. Hazrat Zaynabning (roziyallohu anho) esa sevinchi ichiga sig‘masdi. Uning necha yillardan beri kechalari uxlamay qilgan duoyu iltijolari, nihoyat, Haq dargohida qabul bo‘lgan edi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ularning nikohini yangilashni lozim ko‘rmadilar.
Hijriy sakkizinchi yili Zaynab (roziyal­lohu anho) kasallikka chalinib, bir muddatdan keyin jon taslim etdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko‘p azob tortgan va sabr timsoli bo‘lgan qizlarini o‘zlari qabrga qo‘ydilar.
Zebuniso Husayn | “Hidoyat” jurnalining 2011-yil, 7-sonidan 

Оставьте комментарий

ArabicEnglishFrenchGermanKazakhKyrgyzRussianTajikTurkishUzbek