Вы сейчас просматриваете Muhammad Bobur Akbarovich Xodjaev — biografiya
Screenshot

Muhammad Bobur Akbarovich Xodjaev — biografiya

DO`STLARGA ULASHING:

Muhammad Bobur Akbarovich Xodjaev 1991-yil 6-martda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Xodjaev 1997-yildan boshlab Ijtimoiy fanlar bo‘yicha Respublika grammatika maktabida tahsil olgan. Maktabda o‘qish davrida sport bilan muntazam shug‘ullangan. U, xususan, muay-tay sport turiga qiziqib, ushbu yo‘nalishda professional mashg‘ulotlar olib borgan.

2003-yilda Muay-tay bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ishtirok etib, O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. 2004–2007-yillarda ham ketma-ket O‘zbekiston chempioni unvonini qo‘lga kiritgan. 2007-yilda Markaziy Osiyo chempioni bo‘lgan. Shuningdek, 2007-yilda WMF Muay Thai jahon chempionati finalida ishtirok etgan va final bahsida mag‘lubiyatga uchragan.

2007-yilda maktabni tamomlagach, shu yili Toshkent davlat Milliy universitetining Falsafa fakultetiga o‘qishga kirgan. 2011-yilda universitetni tamomlagan.

Xodjaev 2011-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va qochqinlarga huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yurita boshlagan. Uning faoliyati, xususan, turli sabablarga ko‘ra fuqarolik ololmagan shaxslarni huquqiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga qaratilgan.

Kino va prodyuserlik faoliyati

Xodjaev san’at va kino sohasiga ham qiziqish bildirgan. 2013-yildan boshlab bir qator kino loyihalarida prodyuser sifatida ishtirok etgan.

2013-yilda ekranlarga chiqqan «Qidiruv» filmiga prodyuserlik qilgan. Filmga kiritilgan investitsiya o‘zini oqlagan. Shu yili u «Yangi yil», «Maqsad» va «Chempion» filmlarida ham prodyuser sifatida faoliyat yuritgan.

2014-yilda «Xiyonat girdobi» filmiga prodyuserlik qilgan. Filmda taniqli aktrisa Zarina Nizomiddinova ishtirok etgan. Xodjaev aktrisaning mashhurligiga ishongan holda film loyihasiga katta miqdorda investitsiya kiritgan. Biroq film katta ekranlarga chiqqach, kiritilgan investitsiyani to‘liq oqlamagan.

Shu yili Xodjaev «Tungi mehmon», «Hayotda hamma narsa bo‘ladi» va «Maqsadsiz hayot» filmlarida ham prodyuser sifatida ishtirok etgan.

2015-yilda esa «Shoh va Malika», «Mening bo‘ydoq akam» va «Xotira» filmlariga prodyuserlik qilgan.

Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan bog‘liq faoliyati

2016–2017-yillarda Xodjaev Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondagi hamkasblari bilan hamkorlikda postsovet hududida fuqaroliksizlik muammosini kamaytirishga qaratilgan loyihalarda ishtirok eta boshlagan.

2018–2019-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya faoliyatida qatnashgan. Shuningdek, Gumanitar Huquqlar Markazi vakili sifatida O‘zbekistonda fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirishga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etgan.

Keyingi faoliyatida Xodjaev Farg‘ona vodiysining chegara hududlarida yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan loyihalarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullangan.

Добавить комментарий