Alouddin Muhammad haqida

DO`STLARGA ULASHING:

Alouddin Muhammad.
(taxm. 1182-1220 yil dekabr)
(1200-1220)
Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazmshohlar davlati hukmdori. To‘liq ismi Qutbiddin Muhammad ibn Takash ibn Elarslon ibn Anushtegin. Otasi — Takash xorazmshoh, onasi Turkon xotun qipchoq xoni Jonkishning qizi. Muhammad 1193 yil dekabrda otasi tomonidan Nishopur shahriga voliy qilib tayinlangan.
Muhammad davrida saltanat ham hududiy, ham kuch-qudrat jihatidan o‘zining yuksak cho‘qqisiga yetgan. Muhammad davrida Xorazmshohlar davlati shimolda Orol, g‘arbda Kaspiy dengizigacha, janubda Iroq va G‘aznagacha, sharqda Yettisuvgacha kengaygan. U mamlakatni kengaytirish siyosatini olib boradi. Dastavval u Hirot va uning atroflari hamda Xurosonning Xorazm davlati tasarrufiga kiritilmagan viloyatlarini zabt qilishga kirishadi. Ayniqsa, u qoraxoniylarga zarba berib, Movarounnahrni ular qo‘lidan tortib olishga harakat qiladi.
1218 yil Chingizxon Muhammad huzuriga shaxsiy vakili Uhuna boshliq 500 tuyadan ortiq elchi va savdogarlar karvoni O‘trorga kirib keldi. O‘tror hokimi Inolchiq karvonni ushlab, elchilarni qatl ettirgan. Muhammadning davlatini yaxshi o‘rgangan Chingizxon Xorazmga qaram xalqlarning noroziligidan, lashkarboshilar orasidagi nizolardan, Muhammadning onasi Turkon xotun qarindoshlari orasidan chiqqan amaldorlardan foydalanishi hamda Muhammadning mo‘g‘ullar hujumi xabarini amalga oshirgan noto‘g‘ri tadbirlari (har bir shahar o‘z-o‘zini himoya qilishi; raiyatdan 1 yil uchun 3 barobar xiroj yig‘ishi) sababli muvaffaqiyatga erishdi.
Chingizxon Xorazmga yurish qilib O‘tror (1219), Buxoro va Samarqand (1220)ni bosib oldi. Muhammad Movarounnahrni tashlab Xuroson tarafga qochdi. Chingizxonning 20 minglik qo‘shinining tinimsiz ta’qib qilishi Muhammadga o‘z kuchlarini qayta to‘plab, nafasini rostlashga imkon bermadi.
Kaspiy dengizining Ashur oroliga borib qolgan Muhammad qattiq betob bo‘lib qoldi va umrining oxirida oldingi qarorini o‘zgartirib, o‘g‘li Qutbiddin O‘zloqshohning o‘rniga Jaloliddin Manguberdini valiahd deb e’lon qildi. O‘sha oroida vafot etdi va shu yerda dafn etildi. Keyinchalik Jaloliddinning farmoyishiga ko‘ra, Muhammadning jasadi Isfaxondagi xorazmshohlarning xotirasiga qurilgan maqbaraga ko‘mish uchun Ardahn qal’asiga keltirilgan.

Оставьте комментарий

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek