Vaqt — eng qimmat boylik.
Inson hayotidagi eng bebaho ne’mat – bu vaqt. Uni ortga qaytarib bo‘lmaydi, sotib ham
olib bo‘lmaydi. Har bir lahza – bizning kelajagimizga qo‘yilgan qadamdir. Shuning uchun
vaqtning qadriga yetish, uni behuda o‘tkazmaslik juda muhim. Quyida siz uchun vaqt,
qadri haqida ta’sirli she’rlar jamladik.
Vaqt she’ri. G’afur G’ulom.
G’uncha ochilguncha o’tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik,
Ba’zida bir nafas olg’ulik muddat —
Ming yulduz so’nishi uchun yetgulik.
Yashash soatining oltin kapgiri
Har borib kelishi bir olam zamon.
Koinot shu damda o’z kurrasidan
Yasab chiqa olur yangidan jahon.
Yarim soat ichida tug’ilib, o’sib,
Yashab, umr ko’rib o’tguvchilar bor;
Ko’z ochib yumguncha o’tgan dam — qimmat,
Bir lahza mazmuni bir butun bahor.
Bir onning bahosin o’lchamoq uchun
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.
Nurlar qadami-la chopgan sekundning
Barini tutolmas ay(yu)hannos ovoz.
Yigit termiladi qizning ko’ziga,
Kiprik suzilishi, mayin tabassum…
Qo’sha qarimoqqa muhr bo’ladi
Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.
Yashash darbozasi ostonasidan
Zarhal kitob kabi ochilur olam,
Tiriklik ko’rkidir mehnat, muhabbat,
Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram.
Bebaho damlarning tirik joni biz,
Har oni o’tmishning yuz yiliga teng.
O’zbekning barhayot avlodlarimiz,
Har nafas mazmuni fazolardan keng.
Qatrada osmon aks etganidek
Jahonday ma’nodor qorachig’imiz.
G’olib asrimizga kuyoshdan mash’al,
Zamon ko’rasining so’nmas cho’g’imiz.
Zamona soati zang urar mudom,
Minglab hodisalar minutlarga qayd,
Qahramon tug’ildi, shahar olindi,
Bir gigant qurildi sharafli bu payt.
Reyxstag ustiga g’alaba tug’in
Qadashda otilgan adolat o’qi —
Yalt etgan umri-la barqaror qildi
Basharning muqaddas, oliy huquqin.
G’alaba amri-la, mag’lub nemisning
Generali qo’l qo’ydi. Uch sekund faqat…
Shu mal’un imzoda odamlar o’qir
Million yil fashistning umriga lan’at.
Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so’raydi qadrin.
Fursat g’animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chog’idir umr daftarin.
Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek
Diana ma’badin yoqmoq shart emas.
Ko’plarning baxtiga o’zlikni jamlab,
Shu ulug’ binoga bir g’isht qo’ysak bas.
Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal,
Umrdan o’tajak har lahza uchun
Qudratli qo’l bilan qo’yaylik haykal.
Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Damlar g’animatdir, umrzoq soqiy.
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.
Vaqtning hajmi qancha?
O‘ylab ko‘rsam, vaqt degan
Rezinali to‘rxalta,
Neki tiqsang ichiga
Sig‘averar, zo‘r xalta.
Masalan, bir soatda
Nimalar qilish mumkin?
Kitob, gazeta o‘qish,
Samokat minish mumkin.
Do‘sting bilan urishib,
Mumkin hatto yarashish.
Tort yeyayotgan ukangga
“Yordamlashish”, “qarashish”,
Alg‘ov-dalg‘ov qilib so‘ng,
Mumkin yigish uy ichin.
Ko‘chirish mumkin hatto
Telefonda uy ishin.
Ha, shularning bariga
Bir soatgina darkor.
Bir kunda bir soatdan
Yana, eh, qanchasi bor.
Harakat zo‘r bo‘lsa, vaqt
Rezinali to‘rxalta.
Neki tiqsang ichiga
Sig‘averar, zo‘r xalta!
Vaqt qadri (bolalar uchun she’r).
Buva nabirasini,
Chaqirib der: -«Xoy, Boqi,
Yorib qoʼy shaftolini,
Qishga boʼladi qoqi».
Boqi der:-«Jon buvajon,
Bir oz oʼynab kelayin.
Soʼngra kelib siz aytgan,
Ishlaringiz qilayin».
Boqivoy kech kirganda,
Kirib keldi chang boʼlib.
Buvasi qarar unga,
Аsabi tarang boʼlib.
Boqi butun kunini,
Oʼyin bilan oʼtkazdi.
Oltinga teng vaqtini,
Bexudaga ketkazdi.
Davom etsa, shu xolat,
Yaxshi boʼlmas aslida.