Ayollar haqida ma’noli sher

DO`STLARGA ULASHING:

Tun.

Uxlaydi toliqqan butun jonzot bu damda,
Sukunatni buzadi bir xonish sel ohangda,
Alla aytar mehrini taratib ming xil rangda,
Eng yoqimli qo‘shiqni qalbida tuygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Xastalansa dilbandi boshida giryon halak,
Shu damda bir tutamdir uningchun yeru falak,
Bolasiga Ollohdan shifo so‘rar jonsarak,
Dilbandim deb ko‘ksini ko‘zini o‘ygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Oy qo‘ynidan to‘kilar nur ayolning boshiga,
Oq sochlari yosh qo‘shgan eh navqiron yoshiga,
Yulduzlar shivirlashib tan berar bardoshiga,
Dilbandini jonidan ortiqroq suygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Mingta tashvish o‘yi bor yuragini kuydirgan,
Shirin xayollargamas hasratlarga to‘ydirgan,
Bag‘ri yonib tursada, farzandini kuldirgan,
Issiq tandir uchoqda yuzlari kuygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Oy bekinar ko‘ziga hayratli doshni qamab,
Mana go‘dagi uxlar, toliqdi u allalab,
Endi ro‘zg‘or ishiga kirishadi amallab,
Oilam, bola-chaqam deb yonib kuygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Tong yorisha boshlaydi, shafaq tuslanib alvon,
Ko‘zi qizargan horg‘in ayol bedordir hamon,
Shu mehribon hilqatsiz tongning tongligi yolg‘on,
Bor yo‘q iztirobini tolega
yo‘ygan ayol,
Farzandi deb o‘zini o‘ylamay qo‘ygan ayol.

Osmon ulkan emasdir, ayolning qalbi ulkan,
Mehrli ko‘zidagi joziba sehri ulkan,
Dunyoning dunyoligin tutguvchi ona ekan,
Olamni sadoqatga chulg‘atib qo‘ygan ayol,
Farzandi deb o‘zini unutib qo‘ygan ayol.

Оставьте комментарий