Boqiysan, iftixorimsan,ona tilim!

DO`STLARGA ULASHING:

21 FEVRAL — XALQARO ONA TILI KUNI
O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar (Abdulla Qodiriy).
ONA TILI HAQIDA
04
Alisher Navoiy
TURKIY TIL NAZDIDA
04
Chunki toptim ul kalom ichra kamol,
Turk alfozi bila surdum maqol…
Turk nazmida chu men tortib qalam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam…
* * *
Men turkcha boshlabon rivoyat,
Qildim bu fasonani hikoyat;
Kim shuhrati jahonga to’lg’ay,
Turki bila dag’i bahra olg’ay.
Chunki bu kun jahonda atrok
Ko’ptur xush tab’, sof idrok…
Abdulla Avloniy
HIFZI LISON
04
Hifzi lison deb har bir millat o’z ona til va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig’in ko’rsatadurgan oyinai hayoti til va adаbiyotidur . Milliy tilni yo’qotmak millatning ruhini yo’qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun kundan-kun unutmak va yo’qotmaqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz bo’lg’on rus lisonini bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin o’z yerinda ishlatmak va so’zlamak lozimdur. Zig’ir yog’i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur.
«Yohu! Bizga na bo’ldi? Bobolarimiz yo’lidan chiqub ketduk. Yaxshi qo’shningdan olguncha yomon uyingni qidir», – demishlar. Bobolarimizga yetushg’on va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O’z uyimizni qidirsak va axtarsak yo’qolganlarini ham toparmiz. «Yo’qolsa yo’qolsun , o’zi boshimga tor edi», – deb Yovrupo qalpog’ini kiyub, kulgi bo’lmak zo’r ayb va uyatdur. Payg’ambarimiz: «Erlarda jamol lison va tildur», – demishlar.
Ey ona til, aziz qadrdonim,
Iltifoti ruhim, Rahmonim.
Tug’dig’im kundan aylading ulfat,
O’lguncha ayilma, ey jonim.
Menga ilm-u adab san o’rgatding,
Chin adib, muallim, shonim.
Millatning ruhini ko’targuchisan,
Ey muqaddas karamli sultonim.
Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy og’iz orasidagi tilni ham saqlamak lozimdur. Chunki so’z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o’lchab ko’rsatadurgan tarozusidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so’zlagan so’zidan bilurlar. «Quruq so’z quloqg’a yoqmas» – demishlar.
Agar so’z aql va hikmatga muvofiq bo’lub, o’ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurgan bo’lmasa, asalarilari orasida g’ung’ullab yurgan qovoqari kabi quruq g’o’ng’ullamoq faqat bosh og’rig’idan boshqa bir narsa emasdur . Boshimizga keladurgan qattig’ kulfatlarning ko’pi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun: «Ko’p o’yla, oz so’yla», – demishlar.
Tillarning eng yaxshisi so’zga usta til, so’zlarning eng yaxshisi bilub, oxirini o’ylab so’ylangan so’zdur.
Go’zallik yuzda ermas, ey birodar,
So’zi shirin kishi har kimga yoqar.
So’zing oz bo’lsinu ma’noli bo’lsun,
Eshitkanlar qulog’i durga to’lsun.
So’zing bo’lsa kumush, jim turmak oltin,
Misi chiqg’ay so’zing ko’p bo’lsa bir kun.
Ko’paygan so’zni bo’lgay to’g’risi oz,
Shakarning ko’pidan ozi bo’lur soz.
Alixontoʻra Sogʻuniy
ONA TILI HAQIDA
04
Milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan boʻlsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan oʻzimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qoʻyilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr-qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chogʻda millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda oʻsib saqlangʻusidir. Agar bunday boʻlmay, balki, aksincha, oʻz ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chogʻda koʻp uzoqlamayoq alvido aytib, oʻz tillaridan abadiy ajragan boʻladilar.
Shundoq boʻlib oʻz ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yoʻqotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulugʻ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi. Bunday boʻldi demak, ulugʻ Turkiston ulusi Turon nasli bosqinchilar tilagicha, qurbon boʻlgan holda inqirozga uchrab, Alloh saqlasin, tarix sahifalaridagi shon sharaflik nom nishonlari oʻchiriladi demakdir.
Mirtemir
ONA TILIM
04
Yobonlarning cheksizligi,
Ham samumi, ham hovuri,
Onajonlar allasidan,
Qo’z yoshidan, oq sutidan;
To’qaylarning tengsizligi,
Jilg’alarning sho’x g’ovuri,
Yigitlarning yallasidan,
Suluvlarning sukutidan —
Yo’g’rilgan til —
Ona tilim.
Daryolarning toshqin payti
Arslon yanglig’ arillashi,
Dovonlarning ko’k qiyosi,
Qorli tog’lar jilosidan,
Cho’ponlarning qamish bayti,
Childirmaning darillashi,
Go’ro’g’lining alp siymosi,
Alpomishning da’vosidan —
Tug’ilgan til —
Ona tilim.
Tulporlarning asovligi,
Tosh chaqishi, olovligi,
Bobolarning oltin so’zi,
Bo’yoqchining o’lanidan:
To’quvchining alg’ovligi,
Chilangarning dalg’ovligi,
Bu tuproqning qo’sh ho’kizi,
Qo’shchisi ham qo’lanidan —
Yaralgan til —
Ona tilim.
Shu tuproqning jon ayamas
Tarlonlari, burgutlari,
Kelinlarning dildoshligi,
Yor-yorlarning jarangidan;
Bosqinlarning bedodligi,
Buvilarning o’gitlari,
Do’mbiraning mungdoshligi,
Dutorning ham tarangidan —
Taralgan til —
Ona tilim.
Elbek
TIL
04
Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat,
Kimlar erur Turk tilini sotg‘uchi?
Bulbul kabi sayrab turgan bu tilni
Uyalmayin bu o‘lkadan otguchi?
Bolday totli, jondan aziz turkchani
Tushunmayin, xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uchi?
Mungli qushim, ularni qo‘y, sen sayra!
Turk tilining dong‘in chiqar ko‘klarga!
Qo‘y ularni, ular yo‘ldan ozsinlar,
El ichida bo‘sh bo‘g‘uzlik sotsinlar!
Erkin Vohidov
ONA TILIM O’LMAYDI
04
Notiq dedi:
«Taqdir shul,
Bu jahoniy iroda.
Tillar yo’qolur butkul,
Bir til qolur dunyoda».
«Ey voiz, pastga tushgin,
Bu gap chiqdi qaerdan!»
Navoiy bilan Pushkin
Turib keldi qabrdan.
Kim darg’azab,
Kim hayron,
Chiqib keldilar qator:
Dante, Shiller va Bayron,
Firdavsiy, Bal`zak, Tagor.
«Va’zingni qo’y, birodar,
Sen aytganing bo’lmaydi».
Barcha dedi barobar:
«Ona tilim o’lmaydi».
— Hey, bu qanday aqida! —
Qo’lida tabarruk jom,
Go’zal forsiy haqida
Ruboiy aytdi Xayyom.
Ehtirosli, otashdil
Beranje so’rdi nolon:
— Nahotki, farangi til
Yo’qolgusi bir zamon!
Neruda, Lorka turdi
Servantesning yoniga:
— Kim qasd etib tig’ urdi
Ona tilim joniga!
Fuzuliy yondi:
— Ozar
Tili guldek so’lmaydi.
Barcha dedi barobar:
«Ona tilimo’lmaydi».
Kamalakdek rango-rang
Bo’lsin deb san’at, tillar,
Asrlarcha qildik jang,
Armon qildik ming yillar.
Beqadr bo’lsa, nahot,
Tillardagi tarovat!
Yo’qoldi bu kun, hayhot,
Qabrlarda halovat!
«Faust» yondi gurillab,
«Xamsa» o’tga tutashdi.
Bir sado jahon bo’ylab
Taraldi, tog’lar oshdi.
Bu sado yangrar hamon,
Sira ado bo’lmaydi.
Olam aytar:
Hech qachon
Ona tilim o’lmaydi!
Abdulla Oripov
ONA TILIM
04
Ming yillarkim bulbul kalomi
O’zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho’rlik to’tining holi
O’zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo’qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to’ti bo’lib qolaman!
Rauf Parfi
IKKI SHE’R
04
O’ZBEK TILI
Hayhot, toptaganda arab va mo’g’il,
Hayotingning zanjirli yili,
Boshdan ne kechirding, mardona o’g’il,
O’zbek tili, o’zbek tili.
Ulug’ tarixingga qilaman xitob,
Navoiy she’rining guli,
Kechmish zamonlarning tirik guvohi,
O’zbek tili, o’zbek tili.
Seni naqadarlik sevaman, ona,
Oh, yuragimning bulbuli
Bo’lib sayragansan go’dak chog’imdan,
O’zbek tili, o’zbek tili.
1958
ONA TILIM
1. Abut-Turk tarixdan balki bir hikmat
Biroq sen borsan-ku Turon elinda.
Shoir, So’z aytmakka sen shoshma faqat,
Ulug’ Alisherning qutlug’ tilinda.
Ul olis quyoshdir kuyinib yonar,
Olis xotirotlar o’chmas falakda.
Haqdan, Hakiqatdan ko’ring, kim tonar?
Dunyoviy alamning tiyg’i yurakda.
Vatan deb atalgan beshik, onajon,
Men uchun yopilgan eshik, onajon,
Men sokin sollanib ilg’ab borarman.
Vatan deb atalgan tobut qo’ynida,
Chuvalgan bulutni qordek qorarman,
Ruhimning panjasi chaqmoq bo’ynida.
2. Hech zot uza bilmas uzilgan jonni,
Haqiqatni uza bilmas hech qachon.
Elim, ona tilim, ruhimning qoni,
Bir imdod so’rayman sendan, onajon.
Chayonzor yo’lidir borar yo’llarim,
Tanim yonmaktadir ishqsiz ochunda,
Ko’klarga to’qinar so’ngak qo’llarim,
Oyoqlarim mening tuproq ichinda.
Barchaning boshida birdek beomon,
Manxus zamonlarning o’lik shamoli, —
Buzg’un yigirmanchi asr a’moli…
Mening ona tilim, munis, mehripbon,
Sen Turkiy Dunyoning g’olib xayoli —
Seni yozajakman, tirilgan jahon.
3. Ulug’ Turkistonim, oltin dalalar,
Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib,
U sening tilingda aytar allalar,
Qonim, ona tilim, oh, ona xalqim.
Navoiy baytiga o’xshaydi yo’llar,
Bu toshlar Hamzaning qotili, hayhot!
Nahotki umrbod o’rtasa o’ylar,
Umrbod zanjirband etsa xotirot?!
Zanjirbandman, ona tilim Ona So’zingga,
Kundayin so’larman, oydek to’larman,
Mil kabi tortarman Senn ko’zimga.
Men g’arib bandangman. Bir So’z tilarman,
Boshimni qo’yarman Sening izingga,
Qudsiya anfosin aytib o’larman.
1997 (1965)
Halima Xudoyberdieva
«ESKI O’ZBEK TILI»GA YOZUV
04
Mening tig’ tilgan tilim,
Mening kesilgan tilim,
Bahaybat to’g’on tushib,
Yo’li to’silgan tilim.
Qushning unut patiday
To’kilgan unut jonim,
Kitoblarning qatida
Rangi-ro’yi somonim.
«Eski o’zbek tili»mas,
Dedilar eskirgan til,
Qo’rqib chiqarmoqqa sas,
Sandiqlarga kirgan til.
Senda bodom isi bor,
Senda bobom isi bor,
Bolam na rus, na o’zbek,
Arosat belgisi bor.
Besh yuz yillar avvalgi
Xatni men anglayman, bas,
Men bugun aytganimni
Bolam ba’zan tushunmas.
Ko’kragimda dod qotgan,
Yaqinlashar katta xavf,
O’z tilini yo’qotgan
Xalq bo’lmasmi yerdan daf.
Oldga, safarbarlikka
Qanday yaraydi bolam,
Ortidagi jarlikka
Qanday karaydi bolam.
Uni kim qilib qo’ydim,
Kim bo’ldi og’am-inim,
Tomir-tomirim kuydi,
Sindi bo’g’in-bo’g’inim.
Guli unut xalq bo’ldik,
Io’li unut xalq bo’ldik,
Ommaviy gunglik sodir,
Tili unut xalq bo’ldik.
Umrimning shom, kechiga
Shu o’y sanchilib turib,
«Lug’atit-turk» ichiga
Yoshim tomchilab turib,
Dedim: — Tig’ tilgan tilim,
Mening kesilgan tilim.
1989 yil 14 fevral`
Xurshid Davron
ONA TILIM
04
Kelib ketdi necha dunyolar,
Kuldi hayot, yig’ladi o’lim.
Sen deb qurbon bo’ldi bobolar,
Ular ketdi, sen qolding, tilim.
Belanchaging uzra Koshg’ariy
Kuylab o’tdi qadim navoni
Va navqiron yaproqlaringga
Dil qonini berdi Navoiy.
Samarqanddan Bobur ketarkan
Dilda bo’g’ib hasrat sasini,
Olib ketdi ona yurtidan,
Turkiy tilim, birgina seni.
Mashrabmas, sen osilding dorga,
Nodiramas, sensan so’yilgan
Hoziqningmas, sening, ey tilim,
Boshing ayru, ko’zing o’yilgan.
Ammo dushman o’ldirgan botir
Tirilgandek yana qasosga,
Mangu borsan va mangu qodir
To’ldirmoqqa yerni ovozga.
Vatan uchun baxsh etib jonni,
Kechib olov, kirib daryoga,
Farzandlaring to’kkan har qonni
Shimirding sen o’xshab giyohga.
Ona tilim, omon bo’l mangu,
Sen borsan-ki men ham o’lmayman,
Tildan qolsam, seni Oybekday
Men ko’zlarim bilan so’ylayman.
1982
Shukur Qurbon
ONA TILIM
Qasida
04
Yuragimning qoshida
Sayrab turgan bulbulim,
Sensiz ochilmas gulim
Ruhiyat bo’stonimda,
Ona tilim, jon tilim.
Qadim ajdod qonida
Seni tanidi dunyo,
Insoniyat tongida
Berding qalbdan aks-sado.
Suvrat bo’lib chekilding
G’orlar ichra birma-bir:
«Ona qo’shuv bola», sevmoq bu,
«Yurak qo’shuv yoy o’qi»—sabr.
Ashshuriy, bobil, okkad
Taraqqiyoti bir yon,
Bir yon bo’ldi quyoshli –
O’lka quchgan sharaf-shon.
Ma’naviyat ufqida
Noming mangu aylandi.
Shumerlar mixxatiga
Ohanglaring joylandi.
Tosh, deganni kim-kimlar
Tepib o’tmagan befarq,
Lekin sen bois uni
Boshga ko’tardi bashar.
Misli ong dengizida
Zarrin mavj bo’lib qalqding.
Buyuk «O’rxun-Enasoy
Yozuvlari»da balqding.
Shakl—misli libosdir,
O’zgarar o’tib zamon.
Ayniqsa, bosqinchi yov
Bo’lsa boshda hukmron.
Ayniqsa, u bor yerda
So’zlashsang o’z tilingda,
Bilmay xunob bo’lsa u
Ne borligin dilingda.
Zo’rlab-da o’z yozug’in
Peshonangga o’yar u,
Yot tilda chuldiratib
Tomoshangni ko’rar u.
Biroq mazmun-mohiyat
Hokim erur shaklga.
Arab imlosi bo’yin
Egdi turkiy aqlga.
Navoiyday farzanding
Dunyoga keldi shu kez.
Seni deb sarg’ardi u,
Qon tupurdi erta-kech.
Parvoz etib nazm aro,
Osmonlarga urding bosh,
Lekin tuproqni qo’msab,
Pinhona to’karding yosh.
Ta’zimda bo’y-bastingga
Yetmish olam bosh egdi.
Go’zal «Boburnoma»da
Oyog’ing yerga tegdi.
Yer dardlari shu ondan
Seniki bo’ldi butkul,
Falakdan baxt so’radi
Mashrab – isyonkor o’g’il.
Yana shoir zarur bo’ldi
Sening so’z minbaringga,
Ona-tilim, chiqdi shoir
Turdi, yarab koringga.
Muqimlikni ko’rding yillab,
Yig’lab yurding furqatda.
Ko’plar seni unutdi
Davomli bu kulfatda.
Tumtaroq xonliklardan
Turfa jaholat qoldi.
Kim necha yillar yanglish
Xalqim omi sanaldi.
Kim aytar «bu g’alvirdan
Oson o’tdi vatanim».
Men aytarman, “ne baxtki,
Omon o’tdi vatanim».
Bois – har so’zing uni
Kelajakka chorlardi.
She’riyat osmoningda
Cho’lponlaring porlardi.
Yangrarding avj pardada
Yana-da hur, yana shan.
Lekin, odat, boqdilar
Senga ham hasad bilan:
Bir burchakda to’planib
Til bilmas uch-to’rt g’alcha,
Farzandlaring boshiga
Musibat soldi qancha.
Kitob ko’targan kimsa
Tahlikali ko’rindi,
Nonday aziz bitiklar
Yerga pinhon ko’mildi.
Asil shoirlaringni
Xalq dushmani dedilar,
Qarg’adilar, so’kdilar,
Bir-bir boshin yedilar.
Shoirni o’ldirarlar,
O’ldirib bo’lmas so’zni.
Sen tirik qolding yana,
Xalqimning ko’rar ko’zi.
Ne tong, Mustaqillikning
Shamollari esib shan,
Olding davlat maqomin
Qancha til aro rasman.
Peshonangga taqdirning
Saodati yozilgan.
Bugun senda Qur’oni
Karim, hadis bosilgan.
Men ham—ulug’ligingga
Orqa qilgan qalamkash.
Senda qanday kuyladim,
Elga havola yakkash.
Tasodif ko’p dunyoda,
Shoir bo’lsam-da bir kun—
Hikmating men uchun bu,
Muruvvating men uchun.
Bo’lolmasam, ayb menda,
Sevolmabman seni, oh.
Har ikki holatda ham
Senga sodiqman biroq,
Ona-tilim, jon tilim.
Zero men senikiman,
Sen tuygan zavqnikiman,
Sen kuygan qayg’uniki,
Ona-tilim, jon tilim.
Sen mangusan, baqosan,
Men esam – o’tkinchi zot.
Sen hamisha bahorsan,
Men – lahzalik xotirot.
Ona tilim, jon tilim.
Sensiz men so’ladirman,
Devona bo’ladirman.
Tuqqanimga yetti yot
Begona bo’ladirman,
Ona-tilim, jon tilim –
Yuragimning qoshida
Sayrab turgan bulbulim.
Muhammad Yusuf
ONA TILIM
04
Garchi zug’um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu bo’lak ishni qotirmadim.
Tilim turib o’z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag’ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Onam «erkam» deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yo’q deb zirqirardi bir joylarim,
Parovozni hansiratgan bug’doylarim,
Oltinlarim, ma’danlarim, ipaklarim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,
O’zbekni qon qaqshatganni uzbek siylar,
Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,
Topganimiz handalakdek tilim-tilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Kimdir mayda millat bo’ldi, kimdir katta,
Katta millat — Afandisi yo’kdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm o’tsa faqat sendan o’tdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Sen bo’lmasang nima bizga sillik she’rlar,
Bu dunyoda tili yo’kda dil yo’q derlar,
Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to’ridagi so’lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Bir qarasam har shevangda ming jilolar
Har novdangda, har mevangda ming jilolar.
Qodiriylar, Cho’lponlar-u, Abdullolar,
Sening qaytgan kuning men tug’ilgan yilim,
Ona tilim, ey muqaddas Ona tilim.
1981—91 yillar
Ирода Умарова
ОНА ТИЛИМ
04
Ona tilim – yurak qatimdan
Mehr bo‘lib sochilgan jarang.
Qulog‘imga go‘dak paytimdan
Alla bo‘lib singigan ohang.
Ona tilim – necha asrlar
Kurashida yenggan polvonim.
Necha ajdod, necha nasllar
Suyib o‘tgan turkiy zabonim.
Ona tilim – do‘ppi kiygan So‘z,
Doim yangi yo‘lcha-atlasi.
Bir satriga tashlasangiz ko‘z,
Tovlanadi ming-ming qirrasi.
Ona tilim – asalchoy ta’mli,
Bulbultalqin, muhabbatsheva.
Lablarimga ko‘chirgum doim
Talaffuzin men seva-seva.
Ona tilim – yurak qatimdan
Mehr bo‘lib sochilgan jarang.
Qulog‘imga go‘dak paytimdan
Alla bo‘lib singigan ohang…
2010 yil, oktyabr
kh-davron.uz
04

Оставьте комментарий