Ona tili va adabiyot esse namunalari

DO`STLARGA ULASHING:

Ona tili va adabiyot esse namunalari.
Bugungi kunda umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash bo’yicha milliy sertifikat imtihonlari o’tkazib kelinmoqda.
Ma’lumki, ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarida 2 ta kompetensiya asosida talabgorlarning bilimi sinovdan o’tkaziladi.
Shulardan biri esse yozish bo’lib, esse alohida 75 ball bilan baholanadi.
Mazkur esse namunalari keltirilgan bo’lib, talabgor kitobdan foydalanganda nafaqat esse yozish ko’nikmasiga balki mavzularga oid ma’lumotlarga ham ega bo’ladi.
Esse nima?
Esse – erkin kompozitsiyali nasriy adabiy janr. Asosan, adabiy, falsafiy, ijtimoiy, publitsistik va boshqa turli xil mavzularda yoziladi, muammolar tizimli, ilmiy tarzda emas, balki erkin shaklda bayon qilinadi.
Milliy sertifikat imtihonlarida talabgorlardan talab qilinadigan esselar adabiyotdagi essedan tubdan farq qiladi. Biroq ularning umumiy jihatlari ham yo‘q emas. Har ikkisida ham muallifning fikri, munosabati, qarashlari, taassurotlari asosiy xususiyatdir.
Esse inshodan nimasi bilan farq qiladi?
Inshoda so‘z boyligi, badiiy til vositalaridan keng foydalanish muhim sanaladi. Ta’lim esselarida esa ko‘pincha biror muammoli mavzuga munosabat bildirish, unga yechimlar taklif qilish so‘raladi. Bunda o‘quvchi fakt
va ma’lumotlardan, iqtiboslardan ham o‘rinli foydalanishi, hayotiy misollar keltirishi zarur.
Esse inshoga nisbatan hajman kichik bo‘lib, unga reja tuzish talab etilmaydi. Inshodan o‘quvchining fikrini yozma shaklda va badiiy tarzda ifodalash qobiliyatini oshirish ko‘zda tutilsa, esse publitsistik uslubda fikrlash, fikrni dalillash va munosabatni bayon eta olishni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Esse turlari.
Essening turiga qarab unga sarflanadigan vaqt ham turlicha bo‘ladi. Essening mulohazali, tavsiflovchi, umumlashtiruvchi, argumentli kabi turlari bor.
Masalan, mulohazali yoki tavsiflovchi esseda vaqtni asosan yozishga sarflasangiz, dalilli esseda fakt va ma’lumotlarni izlash, qayta ishlashga ham yetarlicha vaqt ajratishingiz kerak. Har qanday esseni yozish uchun ma’lum bir bilim, ko‘nikma va hayotiy tajribaga ega bo‘lish lozim. Agar bular sizda mavjud bo‘lmasa, yozganlaringiz shunchaki sayoz chiqadi.
Esse yozish jarayoni ko‘pincha quyidagicha kechadi: muammo yoki mavzuni tushunish – mavzu haqida fikrlash – rejalashtirish – yozish – tekshirish – tuzatishlar va to‘ldirishlar kiritish.Mavzuni qanday yoritishingizga qarab xayolan reja tuzasiz. (Uni qayerdadir qayd qilib qo‘ysangiz ham bo‘ladi.) Mavzuning mohiyati nimada, uni nimalar orqali ochib berish va asoslantirish mumkin, qanaqa dalillar va faktlardan foydalaniladi, oxirida qanday xulo­saga kelinadi? Rejani o‘zingiz uchun belgilab olasiz, u inshodagi kabi matn boshida keltirilmaydi. Lekin nima deyishingiz, nimalarga urg‘u qaratishingiz, xulosangiz oldindan aniq bo‘lishi kerak.
Esse milliy sertifikat ballari.
O‘zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat bo‘yicha yozma ish natijalarini standart ball shakliga keltirish
Test natijalari Rash modeli asosida hisoblanganda maksimal ball shartli ravishda 75 ballik shkalaga keltiriladi:
– test topshiriqlari birinchi, yozma ish ikkinchi bo‘lim sifatida olinadi;
– yozma ish 24 ballik mezon bilan baholanadi va u quyida keltirilgan jadval asosida 75 ballik shkalaga o‘tkaziladi;
– ekspertlar tomonidan qo‘yilgan baholar 75 ballik shkalaga o‘tkazilgandan so‘ng ularning o‘rta arifmetigi yakuniy baho sifatida beriladi;
– birinchi va ikkinchi bo‘limlarning o‘rtacha arifmetik qiymati umumiy ball sifatida qabul qilinadi.
DIQQAT! Yaxshi esse yozish uchun siz esse bo‘yicha aniq bir ma’lumotga ega bo‘lishingiz zarur. Uning baholash mezonlari, esse yozishga qo‘yiladigan talablar, esse yozish uslublari va yana bir nechta haqiqiy esse namunalarini o‘rganib chiqing. Quyida bir nechta esse namunalarini keltirib o‘tamiz.
Milliy sertifikat ona tili esse namunalari.
  •  Ijtimoiy tarmoqlar globallashib borayotgan bir paytda baʼzilar buning ijobiy tarafini yoqlashsa, boshqalar aksincha fikrda. Sizning fikringiz qanday?
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar insonlarning kundalik hayotida muhim ahamiyat kasb etib ulgurgan. Bu esa aholi oʻrtasida qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Ayrimlar virtual platformalarni foydali deb hisoblasa, boshqalar ularning salbiy tomonlarini taʼkidlaydi. Aslida, ijtimoiy tarmoqlar jamiyatimiz uchun koʻproq foyda keltirmoqdami yoki zarar?
Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy jihatlariga toʻxtalsak, ular birinchi navbatda odamlar oʻrtasidagi masofani qisqartiradi. Bir-biridan minglab kilometr uzoqlikda boʻlgan insonlar suhbatlashish, fikr almashish, tajribali ustozlardan bilim olish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Ikkinchidan, koʻplab yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda qobiliyatini namoyish etib, oʻz yoʻlini topib ketmoqda. Masalan, sanʼat va sport sohalarida yutuqqa erishgan yoshlarni asosan shu tarmoqlar orqali taniymiz. Uchinchidan, YouTube, Telegram kanallari, Instagramdagi taʼlimiy sahifalar orqali koʻplab yoshlar bepul bilim olib kelmoqda.
Statistik maʼlumotlarga qaraganda, yoshlarning 50 foizi ijtimoiy tarmoqlardan taʼlimiy kontent uchun foydalanadi. UNESCO xabariga koʻra, pandemiya davrida 1,5 milliarddan ortiq oʻquvchi internet orqali masofaviy taʼlim olish natijasida taʼlim jarayonining toʻxtab qolishi oldi olingan. Shuningdek, onlayn shifokor maslahatlari orqali uzoqda yashovchi kishilar ham tibbiy xizmatdan foydalanmoqda. Masalan, YouTube’da 5 milliondan ortiq obunachiga ega tibbiyot xodimi N. Ischanov salomatlik bo‘yicha maslahatlari orqali minglab insonlarning sogʻlom turmush tarziga hissa qoʻshmoqda.
“Bir yaxshining bir yomoni bor”, — deganlaridek, ijtimoiy tarmoqlarning ham bir qancha salbiy tomonlari mavjud. Avvalo, internetdan haddan tashqari foydalanish vaqtni behuda sarflashga olib keladi. Shuningdek, koʻz nurini zaiflashtirishi va uyqusizlikni keltirib chiqarishi mumkin. 2019-yilda Sleep Health jurnalida chop etilgan tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlardan kechasi foydalanadigan oʻsmirlarning uyqu sifati yomonlashgani aniqlangan. Boshqa tarafdan, ayrim shaxslarning tarmoqlarda “ideal” hayotini namoyish etishi ko‘plab insonlarda norozilik, o‘zini solishtirish, tushkunlik va hasad kabi illatlarni kuchaytirmoqda.
Shu bilan bir qatorda, odamlar virtual olamga qaram bo‘lib qolmoqda. “Like” yoki koʻrishlar sonining ortishi inson miyasida kichik mukofotday tuyulib, ularni qayta-qayta tekshirishga majbur qiladi. Masalan, Hindistonlik bloger Misha Agrawalning obunachilari keskin kamayib ketgani sababli oʻz joniga qasd qilgani haqida people.com 2025-yil 28-aprel kuni dunyo miqyosida xabar berdi.
Fikrimcha, ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizga foyda yoki zarar keltirishi bizning undan qanday maqsadda foydalanishimizga bogʻliq. “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, illat izlaganga illatdir dunyo”, — deganlaridek, biz internetdan nimani qidirsak, shuni topamiz. Vaqtni toʻgʻri taqsimlagan holda va aniq maqsad bilan foydalanish esa eng maqbul yoʻldir. Shuningdek, tarmoqlardan ijobiy foydalanishda ota-onalar nazorati ham muhim ahamiyatga ega.
Xulosa oʻrnida, ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanish tarafdoriman. Biroq, internetdan foydalanish madaniyati va vaqtni boshqarishda meʼyorni unutmaslik lozim. Zero, Kevin Kelly aytganidek: “Texnologiya eng yaxshi paytda hayotni osonlashtiradi, eng yomon paytda esa insonni oʻziga qaram qiladi.”
  • Maqsadli va maqsadsiz xarajatlar haqida esse.
Savdo-sotiq – bu tovar yoki xizmatlarni muayyan qiymat evaziga erkin almashish jarayoni bo’lib, odamlar, jamiyatlar va bozorlar o’rtasida iqtisodiy aloqalarni shakllantiradi. Bozorlar bo’lsa shu jarayonni amalga oshirish uchun mo’ljallangan joylar hisoblanadi. Bugungi kunda savdo markazlari bo’lmish bozorlarning ikki xil ko’rinishi ya’ni usti ochiq va usti yopiq bozorlar mavjud bo’lib, ayrimlar o’z xaridlari uchun usti ochiq bozorlar ma’qul, deb bilishsa, boshqalar usti yopiq bozorlarning o’ziga xos afzalliklarga ega ekanligini e’tirof etishmoqda. Aslini olganda,qaysi tomonning fikrlari asosliroq?
Usti ochiq bozorlar ochiq tabiatda joylashgan tijorat majmualari bo’lib, savdo-sotiq qadimiy bozor an’analarini yaqqol ko’rsatib berishi bilan insonni o’ziga jalb qiladi. Avvalo, bu turdagi savdo muassasalari bizning milliyligimiz, savdo qilish vaqtida »ko’z bilan o’lchash», »mahsulot narxini so’rash», »kelishish» kabi jarayonlarni o’zida aks ettiradi. Xususan, savdolashish o’zbek millatiga xosligi, taassurotlarga boy hodisa ekanligini Zahiriddin Muhammad Bobur o’zining »Boburnoma» asarida mohirona tasvirlab o’tgan. Bundan tashqari,usti ochiq savdo markazlardagi rastalarda, asosan,qishloq xo’jaligida yetishtirilgan, kimyoviy moddalarsiz o’stirilgan mahsulotlar joy olganligi xaridorlar talabini ortishiga sabab bo’ladi.
Bunga misol tariqasida AQSHdagi »Whole Foods» mashhur organik mahsulotlar savdo markazini ko’rsatish mumkin. Shuningdek, ochiq bozorlarda katta markazlarda bo’ladigan navbat, kassada kutib turish, plastik karta bilan bog’liq muammolari bo’lmaydi. Chunki sotuvchilarning ko’pchiligi bir xil mahsulotlar bilan savdo qilishi xaridorlar o’rtasida navbat muammosini oldini olishga yordam beradi.
»Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozi», deganlaridek, ikkinchi tomonning usti yopiq bozorlardan xarid qilishni ma’qul ko’rishlarini ham inkor eta olmaymiz. Buning o’ziga yarasha sabab va afzalliklari mavjud. Birinchidan, bu kabi savdo majmualarida gigiyena, mahsulotlarni qay tarzda saqlanayotgani muntazam ravishda tekshirib boriladi. Bu vazifa SE, ya’ni Sanitariya-epidemiologiya nazoratiga yuklatilgan bo’lib, O’zbekistondagi barcha bozorlarda mahsulotlarning xavfsizligi, standartlarga javob bera olishi yoki olmasligi ularning e’tibor markazida bo’ladi. Ikkinchidan, xodimlar nazorati kuchliligi, kuzatuv kameralar mavjudligi o’g’irlik, jinoyat sodir bo’lishini oldini oladi.
Daryo.uz rasmiy kanalida xabar berilishicha 2022-yil 25-noyabrda Denov tumanida yashovchi K.A. »Namuna» mahallasidagi oziq-ovqat do’konidan 10.000.000 so’m pul va bir nechta xaridorlarning hamyonlarini o’g’irlagan, ammo kameralardagi tasvir orqali tezda qo’lga olingan. Uchinchidan, usti yopiq bozorlarda barcha mahsulotlar alohida joy va rastalarda joylashganligi u yerdagi tartibni, qulaylikni ta’minlaydi, bu ayniqsa, »Tartib bor joyda baraka bor» tamoyilida ish ko’ruvchilarga maqbuldir. Bundan tashqari, usti yopiq markazlarda mahsulot narxlari davlat tomonidan bir xilda belgilangani savdoda raqobat bo’lishini cheklaydi.
Bu masala yuzasidan o’z fikrlarimni bildirar ekanman, usti ochiq bozorlarning ijobiy jihatlari ko’p bo’lishiga qaramasdan, salbiy jihatlari ham yo’q emas. Bugungi kunda ob-havo bilan bog’liq o’zgarishlar, albatta, mahsulotlarga salbiy ta’sir qilmay qo’ymaydi. Shu bilan birga har bir mahsulot alohida mo’ljallangan joylarda-muzlatgich yoki usti yopiq omborlarda saqlanmasligi turli bakteriya va mikroblar tarqalishiga sabab bo’ladi. Usti yopiq bozorlar esa har tomonlama nazorat ostida bo’ladi. Shu bois ham usti yopiq majmualarlardan xarid qilish tarafdoriman.
»Yaxshi so’z – mo’tabar, so’nggi so’z – muxtasar»,- deganlaridek so’zim oxirida shuni aytmoqchimanki, an’anaviy bozorlardan xarid qilishdan ko’ra zamonaviy bozorlarda xaridni amalga oshirish ancha xavfsiz va manfaatli tanlovdir. To’g’ri tanlov esa muvafaqqiyat kaliti. Zero »Xarid qilishda faqat narxga emas, sifatga ham e’tibor berish kerak. Chunki arzon xarid ko’pincha ko’p marta takrorlanadigan xarajatlarga olib keladi»,- degan edi Warren Baffet.
  • Bugungi kunda ba’zi yoshlar an’anaviy sport turlari bilan shug’ullanishni ma’qul ko’rmoqda, ba’zilar kibersportni afzal deb bilmoqda.
Hozirgi zamonda sport faqat jismoniy harakatlar bilan cheklanib qolmay, raqamli maydonga ham ko’chib bormoqda. Shunday sharoitda, yoshlarning ayrimlari an’anaviy sportni afzal ko’rsa, ba’zilar esa kibersportni tanlashadi. Ikkala yo’nalishning ham o’z afzallik tomonlari mavjud.
An’anaviy sport bu qadimdan rivojlanib kelayotgan va ma’lum qonun-qoidalar bilan belgilangan sport turidir. Bularga misol qilib, kurash, boks va futbolni keltirsak bo’ladi. An’anaviy sport, eng avvalo, yoshlar orasida jismoniy salomatlikni saqlashda muhim omillardan biridir. Muntazam ravishda mashq qilish qon aylanishni yaxshilaydi va suyaklarni mustahkamlaydi. Ma’lumotlarga ko’ra, inson haftasiga 130 daqiqa mashq qilishi kerak ekan. An’anaviy sport bilan shug’ullanish psixologik salomatlik uchun ham foydali, chunki muntazam sport bilan shug’ullanish stress va depressiyadan qutilishga yordam beradi. Bu fikrning isboti tariqasida Poul Fabre shunday deydi :»An’anaviy sport insonga nafaqat jismoniy, balki ma’naviy qat’iyatni ham o‘rgatadi».
Kibersport ya’ni e-sport – bu kompyuter o’yinlari bo’yicha professional musobaqa. Yoshlarning kibersportni tanlashiga ko’p sabablar bor. Eng avvalo, bu yoshlarni texnologiyalarga bo’lgan qiziqishidir. Hozirda zamonaviy raqamlashtirilgan dunyoda yashayapmiz, shu sababli virtual musobaqalarda ishtirok etish anchagina qulay. Ikkinchidan, bu global imkoniyatlarning borligi, ya’ni dunyo bo’ylab raqobatlasha olish va yutuqlari uchun ham mukofotlar olish mumkinligi.
Ma’lumotlar o’rnida aytish joizki, 2023-yilgi «Dota 2» chempionatining sovrinini 40 million dollarni tashkil etadi. Uchinchidan esa, kibersport ishtirokchilarga tezkor fikrlash, strategik reja tuzish kabi ko’nikmalarni rivojlantiradi. E-sportchi Lee «Faker» Sang-hyeok shunday fikrni aytgan :»Kibersport – bu aqliy sport. Bu yerda sekundgacha hisoblangan harakatlar g‘alabani belgilaydi».
Ushbu fikr to’g’risida shaxsiy qarashlarimga to’xtalar ekanman, an’anaviy sport va kibersport insonning turli jihatlarini rivojlantiradi va ularning foydasi individual maqsadlarga bog’liq. Lekin sog’lom turmush tarzi shakllantirish uchun an’anaviy sport va kibersportni uyg’unlashtirish foydali bo’lishi mumkin.
Fikrimga xulosa qilsam, qaysi sport turini tanlash har bir insonning o’z qiziqishi va ehtiyojlariga bog’liq. Fikrimni Aristotelning ajoyib hikmati bilan yakunlamoqchiman :»Sport – bu insonning nafaqat tanasini, balki aqlini va ruhini ham kamolotga yetkazadigan fan».
  • Yoshlarni maktab ta’limidan so‘ng oliy ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha ayrim qarashlar ilgari surilmoqda. Ayrimlar yoshlarni hunarga yo‘naltirishni ta’kidlasa, boshqalar ilm, oliy ta’limni afzal ko‘radi.
Yangi hayot ostonasida turib, kelajak rejalarini tuzayotgan yoshlar oldida katta imkoniyatlar va mas’uliyatli vazifalar turganini barchamiz anglaymiz. Yosh avlodga hayoti davomida qiyinchiliklarga duch kelgan taqdirda ulardan qanday chiqib ketish yo‘llarini o‘rgatishning qay usuli afzal – ilm yoki hunar? Ilm insoniyat yo‘lini yoritguvchi nurdir. Ilmning cheksizligi inson aql-u shuuriga sig‘mas darajada va uni ma’lum bosqichdagi
muassasalar bilan oxiriga yetkazib bo‘lmaydi. Maktabda olingan bilim bu cheksizlikka qo‘yilgan ilk qadam bo‘lib, faqat diplom olish maqsadida oliy ta’limni tanlash ham to‘g‘ri emas.
Oliy o‘quv yurtini tugatgan qanchalab kishilar borki, o‘qishni bitirar-bitirmas kitob-daftarni bir chekkaga uloqtirishadi. Ilm mansab, lavozim, obro‘, insonlarga yuqo­ridan qarash uchun o‘rganilmaydi. Haqiqiy ziyoli ilmni o‘rganishni maqsad emas, insonlarga xizmat qilish vositasi ekanini biladi. Ilmini insoniyat foydasiga ishlatadi. Ilm insoniyatga xizmat qilsagina qadrli, foydalidir. Amalga tadbiq etilmagan bilim qanchalik foydali bo‘lishidan qat’i nazar, biror ishga yaramaydi.
Ustozim, uzoq yillik muallima, respublikamizda tan olingan repititor, G. Yaxshiyeva ushbu so‘zlarimga yorqin misol bo‘la oladilar. Ustoz umrlari poyonigacha ilm olib, uni ulashib yashadilar.
Hunar ilmning qiyinchiliklariga dosh berolmay ortga qaytgan va bu sohada o‘zini ko‘rolmaganlar uchun ikkinchi variant hisoblangan. Ilmga sarflangan mehnatning mevasi kechroq pishishi bu borada hunarni asosiy tanlovga aylantirib qo‘ymoqda. Lekin bu gaplar hunarning ahamiyatiga aslo soya solmaydi.
Axir, hunardan rizq unishi – bor gap. Turkman xalqining mashhur shoiri Maxtumquli bir qancha fanlarni o‘zlashtirish bilan birga, zargarlik hunarini ham egallagani, Farhodning ham ushbu borada fikrimizning dalili bo‘la olishi insonning komillikka yetishida ilm bilan birga hunarning nechog‘lik ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi. O‘z hunari­ning haqiqiy ustasi bo‘lganlar jamiyatga va uning taraqqiyotiga ilm egalaridan kam foyda keltirishmaydi. Asil hunarmand ko‘p jabhada insonlarning og‘irini yengil qilish bilan birga, xalqaro arenalarda yurt sharafini himoya qila olishiga ham guvoh bo‘lmoqdamiz. «Yomon akademikdan mohir etikdo‘z yaxshi» deyiladi gruzin xalq maqolida.
Fikrimcha, ilm faqat fanlardan iborat emas va hunar ilmining cho‘qqisiga yetish ham yaxshi hayot kaliti bo‘la oladi. Tomonlarning mulohazalaridan kelib chiqadigan xulosamiz shuki, yoshlarning kelajagidan xavotirlarimizni ularni ham ilmli, ham hunarli qilish bilan yenga olamiz. Yaxshi hayot yo‘lidagi ba’zi to‘siqlarni yengishda ilm, ba’zi birida hunar asqatadi. Bu yo‘lga otlanayotganlar esa ikkovi bilan qurollanishlari manzilga yetib olishlarida asosiy
omil hisoblanadi.
Ona tili esse mavzulari.
  • Ehtiyojlarga to‘la zamonda baxtli bo‘lish uchun pul zarur deydiganlar va aksincha fikrlaydiganlar topiladi.
  • Texnologiya rivojlanib borayotgan hozirgi davrda sun’iy intellekt asosiy pozitsiyaga chiqmoqda. Ayrim insonlar sun’iy intellektning dahshatli oqibatlari haqida ogohlantirmoqda.
  • Bugungi kunda ba’zi insonlar ixtiyoriy xarajatlar miqdorining o‘sishi insonlarning yashash tarzini o‘zgartirayotganini ta’kidlashmoqda, ba’zilar bunday xarajatlarni kamaytirish insonlar uchun manfaatli ekanligini aytishmoqda.
  • Bugungi kunda ba’zi insonlar reklama peshtaxtalaridagi xatolarni tuzatish muhim deb o‘ylashadi. Boshqalar esa bundan ham muhim muammolar borligini ta’kidlashadi.
  • Ba’zi insonlar davlat ishsizlarga nafaqa tayinlashi ma’qul chora deb ta’kidlaydi, boshqa toifa kishilari esa bu fikrga qarshi.
  • zamonamiz qahramoni kim mavzusida esse.
  • Mustahkam oilani qanday tasavvur qilasiz?
  • Baxt va omad sabr ketidan keladi(mi?)

Оставьте комментарий