Zulfiya sherlari to’plami – Ona, Vatan, muhabbat va yoshlik haqida

DO`STLARGA ULASHING:

Zulfiya sherlari to’plami – Ona, Vatan, muhabbat va yoshlik haqida.

Zulfiya — o‘zbek adabiyotining betakror shoira ayollaridan biri bo‘lib, uning she’rlari yurakdan chiqqan samimiy tuyg‘ular, ona yurtga muhabbat va insoniy fazilatlar bilan yo‘g‘rilgan. Ushbu to‘plamda siz Zulfiya she’rlarini to‘liq matnda o‘qishingiz, ularning har bir satrida mehr, sadoqat va go‘zallikni his qilishingiz mumkin.

Shoira ijodida Ona, Vatan, muhabbat, yoshlik va tabiat mavzulari alohida o‘rin tutadi. Quyida Zulfiya ijodining eng mashhur va yuraklarga yaqin she’rlari siz uchun jamlangan.

Xalqimga aytar so’zlarim.

Zulfiya sherlari vatan haqida.

O‘zing tashna etding, o‘zing suv tutding,
Qalbimdagi sahrom, daryomsan, xalqim!
Seni seva-seva men boyib ketdim,
Dunyo ichra topgan dunyomsan, xalqim!

Yurak chaqmoq tekkan osmon yuziday,
Lekin e’tiqodim, iymonim butun,
Umrimda qilganim ozmi-ko‘pimdan,
Mehrim daryosidan serobman bu kun.

Menga Navoiydan ayting alla deb,
Lutfiydan ongimga ziyo taratding,
Qiynalgan olamga bo‘lgin dalda deb
Asli o‘zing meni shoir yaratding…

Yosh shuur, kurashchan tuyg‘ular bilan
Sening taqdiringga mahkam tutashdim,
Ne-ne g‘animlar-la kurashganing on
Ko‘pning biri bo‘lib malhamga shoshdim.

Sarg‘aygan dashtlarga berding yashil qon,
Tuproq tepalarda shahar ko‘tarding:
Har bir g‘alabangni ko‘rgan suyuk on
Dildagi o‘z g‘amim kuyi cho‘kardi.

Yo‘l yurdim, sog‘indim, to‘kildi baytim
Xorijning shomlari, saharlarida,
Ezgu istaklaring jaranglab aytdim
Osiyo, Afrika minbarlarida.

Paxta xirmonining o‘sdi bo‘ylari,
Tanidi, tan oldi yaqinu yiroq
G‘ururdan dengizday to‘lib kuyladim,
Tolelar tiladim bundan yorqinroq.

Maktublar yozding sen, maktublar bitdim,
Goh ko‘zga nam qalqib, gohida xushbaxt.
She’r bilan, so‘z bilan qalbingga yetdim,
O‘sha qalb men uchun eng sharafli taxt.

Ko‘zim ustidasan bu tug‘yonli dam,
Sen bilan taqdirdosh kunduzli bo‘ldim.
Seni deb siyladi Umr, aziz Vatan
E’zozli bo‘ldim men, yulduzli bo‘ldim.

Hali bor oldimda o‘tmagan burchim,
O‘tayman ko‘zimda tirik tursa nur.
Umrimdagi barcha fasllar uchun
O‘ziga bek xalqim, Senga tashakkur.

Ko’rganmiding ko’zlarimda yosh?

Sog’inganda izlab bir nishon,
Qabring tomon olar edim yo’l.
Keltirarding menga bir zamon,
Endi har chog’ men eltaman gul.

Keldim. Uzoq qoldim men sokin,
Sening aziz boshingda yolg’iz,
Osmon tiniq edi va lokin,
Parcha bulut yetib keldi tez.

Ko’kda mening boshimda turib,
Go’yo yuragimda qalqdi u.
Kozimdagi yoshimni korib
U ham to’kdi yoshini duv-duv.

Biz yig’ladik tepangda shu kun,
Keldingmi deb ko’tarmading bosh.
Ayt-chi, senla baxtiyor onlar
Ko’rganmiding ko’zlarimda yosh?

Ona haqida Zulfiya she’rlari.

Onam! Sening issiq, aziz joningni,
Zarradek chog‘imdan boshlab bilaman,
O‘zim ham zarra-yu, lekin qoningni
Yangilab jismingdan o‘zni uzganman.

Sen gul juvon hali mendan bexabar,
Bulutday go‘daklar tortdi havasing,
Endi men sen desam qaynoq, muattar
Hovrin his qilaman iliq nafasing…

Muhabbat haqida Zulfiya sherlari.

Oqshom edi, oydin ko’prikda
Barno qiz-u yigit turardi,
Oyni kutgan oqshomgi ko’kda
Beshik-beshik bulut yurardi.

Bulutlaming yorib quchog’in,
Oy ko’rsatdi olmos yuzini.
Mag’rur tashlab yerga nigohin,
Tinglab qoldi yigit so‘zini.

«Xohi inon, xohi inonma,
Sening sevging qilmoqda shaydo.
Bunday yonish begona jonda
Bir o’chmas o‘t bo’libdi paydo!»

Oy suzadi yel sari mayin,
Ikki qalbni yoqar bir otash.
Yoniq dilning baxtiyor nayin
Yutmoq bo’lur sukut jafokash.

Yigit sevgi tongini kutar,
Qiz ko’ziday quyuladi tun.
Lekin uzun kipriklar o‘ta —
Yarqiraydi baxtga to‘la kun.

«U bir o‘tki, seni ko’rmasam
Iztirobga solar jismimni,
Lol qolaman — axtarib topsam,
Unutaman hatto ismimni.

Xoh inongin, inonma xohi,
Xayolimda kezasan yolg’iz.
Meni sevgin!»
Yigit nigohi
Sevgi tilar — sukut qilar qiz.

Oppoq pag’a bulut ustida
Hayron suzar keksa oysuluv.
Yulduzlami quchib ko’ksida,
Anhor to’lib jo’shib oqar suv.

Shu choqqacha ishqin qiz faqat
Dildan so’rab aytgandi dilga.
Ilk, musaffo, katta muhabbat
Qiz dilidan kelmasdi tilga.

Hozir yurak bir nigoh bo’lib
Boqqan edi yigit ko‘ziga.
Oqshom ogushiga nur to’lib,
Tong kulganday bo’ldi yuziga.

Elda qo’shiq, ko’prikda shu’la,
Baxt-la tepdi ikki yosh yurak…
Oy so’zladi yulduzni to’plab,
Sevgi tongi haqida ertak.

Eng gullagan yoshlik chog‘imda…

(Hamid Olimjon Zulfiya Isroilovaga atab yozgan she’ri.)

Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.
Shunda ko‘rdi ko‘zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.
Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo‘yi bilan mast,
Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo‘qoldim.
Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim
Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.
Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting…
Eng gullagan yoshlik chog‘imda
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.

Sensiz.

Mana, bir umrni yashadim sensiz,
Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib,
Tobuting boshida cho’kkanimda tiz,
Farzandlar ko’tardi qo’limdan tutib.

Shundan beri tikman. Har nega qalqon,
Baxtga, bahorga ham, qishga, qayg’uga.
Birov azasida yig’layman qon-qon,
To’yida yayrayman o’xshab ohuga.

Lekin qolganimda qalbim-la tanho,
Tuyg’ular zoriga solganda quloq.
O’zni zaif, chanqoq sezganda goho,
Alamdan beraman javobsiz so’roq:

Tirik ekan nega tashlab ketmading?
Mendan nafisroqning husniga oshiq,
Mendan yoniqrog’i tortmadi sani,
Edi nigohingga bor jannat ochiq,

Seni majnun etib bir yer go’zali,
Nega meni tashlab ketavermading?
Tirik ayrilishning dog’I og’irmish,
Xo’rlik kemirarmish umrni chaynab!

Bu-mudhish egovga berardim turish,
Ketsang ham menga jon tuyg’ungdan aynab.
Bilardim, qaydadir olasan nafas,
Murakkab bu dunyo sen-chun ham tirik.

Senga yot-noshudlik, tund ruhlik, qafas,
Bugungi qadaming kechadan yirik.
Nega, nega meni tashlab ketmading?
Bilaman, rashk meni etardi halok,

Afzal ko’rganingni qarg’ab o’tardim,
Izingdan yurmasdim soyaday g’amnok,
Hayotda men uchun qolarding tirik,
Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.

Ma’yus taqdiringga yashab men sherik,
Mushkul bo’layotir shodlik yaratmoq.
Nega tirik ekan tashlab ketmading,
Tashlab ketmading-da, boshlab ketmading?!

Bugun tunda kelarmish, Bahor…

Zulfiya sherlari bahor haqida.

Derazangdan mo‘ralab asta,
Gul yuzingdan bo‘lib shikasta,
Uzun qishga siltab qo‘lini,
Ham qalbingdan boshlab yo‘lini,
To‘qqiz oyki, elarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…

Qoru muzni suvga g‘arq qilib,
Izg‘irinni butkul tark qilib,
Eshitgandek mening nolamni,
Guldastaga o‘rab olamni 
Tushda boshing silarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…

Go‘zallikni eltib jahonga,
Sano aytib har o‘tgan onga,
Jamolingga bo‘lib mahliyo,
Istarangdan olgancha ziyo,
Bizga iqbol tilarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Unutilar hazonrez kuzak,
Tabassuming yuzingga bezak.
Mehrlaring menga og‘dirib,
Yomg‘irlarni yerga yog‘dirib,
Suvlarini elarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Hissiyotga to‘ldirib dilni,
Kengaytirib kichik ko‘ngilni,
Duolarga ijobat etib,
Tabiatni chamanzor etib,
Baxtimizdek kularmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Bahor keldi seni so’roqlab…

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni,
O’rik gullarining eding maftuni.
Har uyg’ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko’zlaringga surtib o’parding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,
Ul ham yosh to’kdi-yu, chekindi nari.

Seni izlar ekan, bo’lib shabboda,
Sen yurgan bog’larni qidirib chiqdi.
Yozib ko’rsatay deb husn-ko’rkini,
Yashil yaproqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo’ron bo’ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog’laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog’ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo’ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so’roq.
Barida sukunat, mayuslik ko’rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…

So’ngra jilo bo’lib kirdi yotog’imga,
Hulkar va Omonning o’pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan zafar yonog’imga
Sekin xabar berdi menga o’zidan.

Lekin yotog’imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana el bo’ldi-yu, kezib sarsari,
Mendan so’ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo’shig’i mavjlanib bir daryo oqqan?
«Baxtim bormi deya, yakkash so’roqlab»
Meni she’rga o’rab suqlanib boqqan?

O’rik gullariga to’nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho’x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishqqa to’lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo’shig’ida
Mudom ko’rar edim o’z jamolimni.

Qani o’sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko’zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko’klamda sen parishonhol?»

Qanday javob aytay, loldir tillarim.
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g’aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamda tutoqib daraxtga ko’chdi,
Kurtakni uyg’otib so’yladi g’amnok.
Sening yoding bilan elib beqaror,
Gullar g’unchasini etdi chok-chok.

Gulu rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo’shiq.
Bu qo’shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to’liq.

Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo’shqin, zabardast.
O’lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo’limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam,
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

Оставьте комментарий