Buzoq, echki va qo’zi

DO`STLARGA ULASHING:

Bor ekanda yo’q ekan, bir dangasa bor ekan, hech ishga tobi yo’q ekan. U hatto shu daraja dangasa ekanki, kunga chiqib o’tirishni ham xushlamas ekan.
Uning birgina xotinidan boshqa hech kimi yo’q ekan. Bahor kelib, o’tlar ko’karib, yozning issiq kunlari kelmasdan boylar o’z mollari bilan yaylovga ko’chib ketar ekanlar. Hech qanday moli bo’lmasa ham dangasa xotini bilan ularga ergashib ko’chib keta berar ekan.
Bir qancha vaqt o’tgach, dangasaning xotini har kimning ishini qilib, bir oz pul topibdi.
Kunlardan bir kun dangasaning xotini topgan pulini berib, aytibdi:
— Biz ham mol qilib, yaylovga ko’chib boraylik, bozordan bir mol sotib oling.
Dangasa bozorga tushib katta hayvonlardan sotib olishga puli ozlik qilibdi, yurib-yurib oxiri bir qo’tir uloqni sotib olibdi.
Yana bir hafta o’tgandan keyin dangasaning xotini uning qo’liga: «mol oling», deb yana bir oz pul beribdi.
Dangasa bozorga borib bir qo’tir qo’zi sotib olibdi.
Yana bir hafta o’tgandan keyin dangasaning xotini uning qo’liga yana pul berib:
— Bozordan bir mol sotib oling, — debdi. Dangasa bozorga borib, bir qo’tir buzoq sotib olibdi.
Shu orada bahor kiribdi. Boylar mol-hollari bilan yaylovga ko’cha boshlabdilar.
Dangasa olib kelgan mollariga qaramay, xotini bilan boylarga qo’shilib ko’chib keta beribdi. Xotini ham «molimiz boylarning mollari ichida yurgandir», deb xotirjam bo’lib keta beribdi. Dangasaning qishi bilan yashagan joyida ham o’tlar chiqib, oradan ko’p vaqt o’tmay uning qarovsiz qolgan mollari semirib ketibdi. Endi buzoq buqa, uloq serka, qo’zi qo’chqor bo’libdi. Uchalasi kunda birga o’tlab kelib uyda yota beribdi.
Kunlardan bir kuni uyga bo’ri kirib qolibdi.
Ularni ko’rib o’ziga uch kunlik ovqat deb mo’ljallab xursand bo’lib, ashula aytibdi:
Dingirdik-dingirdik
Buzoqcha ham bir kunlik
Dingirdik-dingirdik
Uloqcha ham bir kunlik.
Dingirdik-dingirdik
Qo’zichoq ham bir kunlik.
Shunda aqlli buzoq o’ylab turib, bo’riga bir siyosat qilib ko’rmoqchi bo’libdi: Buzoq turib:
— Echki, sen eshikni to’s, qo’y, sen teshikni to’s, — deb buyruq beribdi.
Buzoq tilini chiqarib bo’kira bergandan keyin, bo’ri qo’rqib ketibdi, nima qilishini bilmay, uydan yugurib chiqib qochib ketibdi.
Bo’ri shoshilib qochib ketayotganida sakkizta bo’ri bir erda to’planib turgan ekan. Ulardan biri:
— Ey, og’ayni, nimaga qochib ketayotibsan? — deb so’rabdi.
Bo’ri:
— Mana bu erda buzoq-buqa, serka-taka, qo’zi-qo’chqor uchovi meni o’rtaga olib qolgan edilar, arang ularning oldidan qochib ketayotibman, chaqqonlik va abjirlik qilib qochib qoldim, bo’lmasa, o’lar edim, — debdi.
Bo’rilar aytibdi:
— Shoshma, bizni ularning oldiga boshlab bor, ularni bir eylik.
Dangasaning mollari ham bo’rilarning to’dalanib kelishini bilib, o’zlarini panaga olibdilar. Hovlida bir tup o’rik bor ekan. U o’rikning ayrisiga echki bilan qo’zi buzoqni bir amallab ko’tarib chiqazib qo’yibdilar. Uning ketkdan shu o’rikka qo’zi keyin echki chiqib yashirinibdi.
Birdan hovliga to’qqiz bo’ri kirib kelibdi. Bo’rilar uyni, molxonani qarab, qidirib-qidirib buzoq, echki, qo’shni topolmay, boshlab kelgan bo’rini «bizni aldading», deb koyibdilar. Qochib borgan bo’ri:
— Xuddi mana shu erda ko’rgan edim, — deb ularni ishontiribdi.
To’qqiz bo’ri o’rik ostiga to’planib fol ochibdilar. Shu payt o’rik ustidagi buzoq shoxga o’rnashib turolmay sekin-sekin og’a boshlabdi.
Shunda buzoq asta-sekin:
— Ey, og’ib ketyapman, og’ib ketyapman, — debdi. Echki:
— Tilingni tishla, tilingni tishla! — debdi. Axiri buzoq o’rnashib turolmay gumbillab fol ochayotgan bo’rilar ustiga ag’anab tushibdi. Echki bo’lsa, o’rik ustidan turib:
— Fol ochganini ushla, fol ochganini ushla! —deb baqiribdi.
To’qqiz bo’ri qo’rqib, to’qqiz yoqqa qochibdi. Bo’rilar qochib, borib-borib bir erga to’planibdilar. Eson-omon qutulganlari uchun shodlanib bir-biriga:
— Folchisini ushla, deb baqiradi, ular bizning folchimizni ushlab olgandan so’ng avlod-ajdodimizni qo’ymay quritar edi. Yaxshiki vaqtida qochib qoldik, endi boshqalarga ham aytaylik, bu erlarga hech kelmasinlar, — deyishib jo’nab qolishibdi.
Dangasaning mollari bo’rilardan sog’-salomat qutulib, semirib, xursand bo’lib yuribdilar.
Kunlardan bir kuni dangasaning xotini:
— Ey, bizning mollarimiz bor edi, ular qayoqda qoldi? — deb so’rabdi.
Keyin er-xotin mollarini qidirib yo’lga tushibdilar. Dangasaga ham g’ayrat kiribdi.
Ular o’z hovlilariga kelib ko’rsalar, mollari o’tlab yurgan ekan. Shu bilan er-xotin ham molga ega bo’lib murod-maqsadiga etgan ekan.

Оставьте комментарий