Chaqaloqni qanday koʼtarish kerak?

DO`STLARGA ULASHING:

Kun boʼyi qomatni tik tutishga eʼtiboringizni qarating. Unutmangki, gavdani tik tutganda bel kamroq toliqadi. Yosh ona uchun esa bu juda muhim.

Ogʼir buyumlarni toʼgʼri koʼtarishni bilish lozim. Ularni yerdan bukilib emas, balki biroz choʼkkalagan holda olib, sekin turish lozim. Shunda asosiy ogʼirlik oyoqlarga tushadi.
Narsani olib ketayotganda uni koʼkraklaringiz balandligida tanaga yaqinroq ushlasangiz, ogʼirlik qoʼl mushaklariga tushadi. Belni ehtiyot qilmaslik radikulitga olib kelishi mumkinligini unutmang.
Ogʼir yukni kamroq koʼtaring. Masalan chaqaloqni koʼtarishda ham belga ogʼirlik tushmasligiga eʼtibor qarating. Xoʼsh, goʼdakni qanday koʼtargan qulayroq boʼladi?
Yuzini oldinga qaratib koʼtarish. Bir qoʼlingiz bilan kichkintoyingizning koʼkragidan shunday ushlab turingki, uning iyagi bilagingiz ustida boʼlsin. Uni bagʼringizga bosing. Ikkinchi qoʼlingiz bilan oyoqlarini sonidan ushlab koʼtaring. Bunday holatda farzandingiz bilan uyni kezib yurish qulay.
Yonboshga koʼtarish. Bolaning yuzini oldinga qaratib koʼtarayotganda uni biroz yon tomoningizda olib, tos suyagingizga “oʼtqizishingiz” mumkin. Bunday holat hali oʼtirolmaydigan, biroq boshini koʼtara oladigan kichkintoylarga toʼgʼri keladi.
“Samolyotcha”. Bir qoʼlingiz bilan koʼkrak qafasidan, ikkinchisini bolaning ikki oyogʼi orasidan oʼtkazib qornidan koʼtaring. Ushbu holatda biroz olib yurish uning vestibulyar apparatini mashq qildirib, tana muvozanatini saqlashga oʼrgatadi.
“Chavandoz”. “Samolyotcha”dan “chavandoz” holatiga osongina oʼtish mumkin. Buning uchun qornidagi qoʼlingizni koʼkragigacha olib boring. Shunda kichkintoy bir qoʼlingizda joylashib, ikkinchisi boʼsh boʼladi.
“Ustuncha”. Ovqatdan soʼng ichiga ketgan havodan bolani xalos etish uchun uni “ustuncha” holatida koʼtaring. Eng qulayi, bolani qorni bilan yelkangizga yotqizib, boʼsh qolgan qoʼlingiz bilan boshini koʼtarib turishdir. Bunda ogʼirlik markazi yelkangizga tushadi.
Dilfuza TOʼRАQULOVА, akusher-ginekolog.

Оставьте комментарий