D.Ditto biografiya

DO`STLARGA ULASHING:

D.Ditto biografiya
Shoubiznes olamidagi taniqli insonlardan biri bo‘lgan, bloger, sportchi, tadbirkor D.Ditto taxallusi bilan ijod qilayotgan Dilshodbek Umirov 1984 yil 6 avgust kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Otasi Ravshan Akbutayev Umumiy ovqatlanish muassasasi rahbari, Onasi Shahlo Hojiyeva maktabgacha ta’lim muassasasida o‘qituvchi-tarbiyachi bo‘lib, farzandlarining yaxshi bilim olishi uchun, kerakli sharoitlarni yaratib berishgan. Dilshodbek bolaligidanoq zehnli, qobiliyatli yigit bo‘lib, sportga, bilim olishga va tashkiliy ishlarga juda qiziqar edi. Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida joylashgan 2-maktabda o‘qigan vaqtlaridayoq, o‘z bilimi bilan tengdoshlaridan ajralib turgan va a’lo baholarga o‘qib, sinf sardori bo‘lgan. U 9 sinfni tugatgach, Iqtisodiyot litseyida o‘qish uchun Toshkent shahriga keladi. Bilimi kuchli bo‘lganligi uchun ham, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, litseyga qabul qilinadi. O‘sha vaqtda Toshkent shahrida shaxsiy uyi bo‘lmaganligi uchun, jiyani, ammasining o‘g‘li taniqli xonanda Shoxruh reperning uyida yashashiga to‘g‘ri kelgan. Dilshodbek ya’ni, D.Ditto Iqtisodiyot litseyini tugatgach, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiradi. Lekin, universitetni tugatgach, o‘z sohasi bo‘yicha faoliyat olib bormaydi. Chunki, u endi butunlay boshqa sohaga, ya’ni sportga qiziqib qolgan edi. Dilshodbek Universitetda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq sportning taekvando, kikboksing va futbol turiga qiziqib, ular bilan shug‘ullangan. Undagi intilish, qat’iyat va salohiyatni ko‘rib, ustozi treneri Botir Zokirov uni kikboksing bilan jiddiy va muntazam shug‘ullanishga undagan. Bu vaqtda Dilshodbek tungi klubda “oxrana” sifatida ham faoliyat olib borayotgan edi. Jiyani xonanda Shoxruh reper uni o‘zining “Balandda”, “Xayolimdasan” kliplariga taklif qiladi. Klip ssenariysini ham, Dilshodbekning o‘zi, Shoxruh reper bilan birgalikda yozishadi. Dilshodbekning musiqaga bo‘lgan qiziqishi ana shu vaqtlarda paydo bo‘lgan.
Bu orada Dilshodbek biznesga ham qiziqib qolib, Toshkentdagi “Parkent” bozorida tijorat bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘ygan.

Ammo, unda sportga bo‘lgan qiziqish ustunlik qilgan. Buning sababchisi do‘sti, yakkakurash sport turining aralash turi bo‘yicha Jahon chempioni Murod Xonto‘rayev bo‘lib, u Dilshodbekka sportda ma’lum bir natijaga erishish uchun muntazam ravishda shug‘ullanish kerakligini aytib, uni doim mashg‘ulotlarga chaqirgan. Shundan buyon Dilshodbekda muntazam ravishda kuniga 2 mahal sport bilan shug‘ullanish odatga aylangan. U har tong sahar soat 6.00 da uyg‘onib, mashq qilishni o‘zining turmush tarziga aylantirgan. Bir necha janglarda munosib ishtirok etib g‘olib bo‘lgan.
D.Ditto Dilshodbek Umirov oilali, 2010 yilda uylangan.
Sport va biznesga bo‘lgan qiziqish Dilshodbek Umirovni 2013 yilda Dubayga borishiga sabab bo‘lgan. 2014 yilda Dubayga kelgach, Dilshodbek biznesga bo‘lgan qiziqishini yanada rivojlantirib, shuningdek uni sport bilan ham bog‘lashga erishgan. Dastlab Dubayga cho‘ntagida 100 dollar pul bilan kelgan Dilshodbek, ma’lum bir vaqt davomida Iphone telefonlar biznesi bilan shug‘ullangan. Hayotida shunday kunlar ham bo‘lgan-ki, Dubayda avtomobil ichida va masjidda ham tunab qolishiga to‘g‘ri kelgan. Ammo, u tushkunlikka tushmay, o‘z maqsadlari sari olg‘a intilib harakat qilgan. Natijada, hozirda Dilshodbek Dubayda istiqomat qiladi va Dubayda biznes borasida muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlardan biri bo‘lib, u yerda sport zal ochgan. Shuningdek, avtomobil va uy biznesi bilan ham shug‘ullanadi. O‘zining kompaniyasiga ega va MultiBank hamkori hisoblanadi.
D.Ditto o‘zi sportchi bo‘lganligi uchun ham, doimiy ravishda yosh sportchilarni katta arenalarga chiqishlariga yordam bergan va hozirda ham qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
D.Ditto shuningdek, musiqa olamiga ham munosib qadam qo‘yib ulgurgan. Dilshodbek o‘zining musiqiy faoliyatini 2022 yilda pop-musiqa yo‘nalishida boshlab, D.Ditto taxallusi ostida Jasur Abdurahmonov bilan hamkorlikda, “5 Element” singlini tinglovchilarga taqdim etdi. Shuningdek, “Sensiz”, “Har soniya”, “Ishq”singllari ham, tinglovchilar tomonidan iliq kutib olindi. Hozirda D.Ditto o‘z ijodiy jamoasi bilan birga ilk musiqiy albomi ustida ish olib bormoqda.

Оставьте комментарий