Dasturchi boʻlish qiyinmi?

DO`STLARGA ULASHING:

Dasturchi boʻlish qiyinmi? Nega koʻpchilik oʻrganishga qiynaladi, yoki yarmida tashlab ketadi?

Buni bir qancha sabablari bor.

1) Rejasiz o’rganish. Koʻpchilik rejasiz oʻrganishni boshlaydi. Oʻrganayotgan texnologiyalarni ketma-ketlikda, reja bilan oʻrganish juda muhim. Reja esa sizning maqsadingizga bogʻliq. Dasturchilikning yoʻnalishlari koʻp, masalan veb, mobil, desktop dasturchiligi, va ho kazo. Boshlashdan oldin bir yoʻnalish tanlanadi va shunga qarab reja tuziladi.

2) Birinchi oʻrganayotgan texnologiyani toʻgʻri tanlamaslik. Oʻrganishni nisbatan qiyinroq boʻlgan texnologiyadan boshlash.

3) Boshlangʻich tasavvurga ega boʻlmay turib, kod yozishni boshlash. Dasturchiday oʻylashni oʻrganish oʻrniga, kod yozishni yodlab olish. Albert Eynshteyn bekorga “Tasavvur bilimdan muhimroq” deb aytmagan. Sizni tasavvuringizni toʻgʻri rivojlanishi sizga oʻrgatayotgan manbaga ham (masalan biror insonga) juda bogʻliq.

4) Toʻgʻri insondan oʻrganmaslik. Koʻpchilik kimdan oʻrganayotganiga eʼtibor bermaydi. Masalan oʻrgatayotgan odam nomdor, kuchli dasturchi boʻlishi mumkin, ammo unda pedagoglik qobiliyati boʻlmasligi mumkin. Aksariyat hollarda siz biror narsani oʻrganishga qiynalayotgan boʻlsangiz, u siz oʻrganayotgan narsani qiyinligidan yoki sizda qobiliyat yoʻqligidan emas, balki sizga oʻrgatayotgan manbaning toʻgʻri oʻrgata olmayotganidan boʻlishi mumkin. Bunga albatta eʼtibor qaratish kerak.

5) Shoshma-shosharlik. Yaʼni, dasturchilikni tezda oʻrganib olmoqchi boʻlish. Biron kurs yoki videoda reklama qilinganiday “men dasturchilikni 1 oyda 0 dan professionallikkacha oʻrganib olaman ekan” degan oʻy xayol bilan yurish. Bir-ikki oy oʻrganadi, qarasa natija kutilganday emas, va ruhiy tushkunlikka tushadi. Mendan dasturchi chiqmaydi shekilik deb oʻylab qoladi. Dasturchilikni oʻrganish vaqt talab qiluvchi jarayon. Boshlashdan oldin esa siz bunga tayyor boʻlishingiz kerak.

6) Oʻrganishga yetarlicha vaqt sarflamaslik. Har kuni ishdan charchab kelgandan keyin bir-ikki soat vaqt ajratish bilan dasturchilikni o’rganish ancha qiyin. Bazilar hatto kun-ora bir-ikki soat vaqt sarf qiladilar xalos. Bu kam. Jarayonni sekinlashtiradi. Bu esa vaqt oʻtishi bilan ishtiyoqni pasaytiradi, va sizni oʻrganishdan toʻxtatadi.

7) Yetarlicha praktika qilmaslik. Faqat nazariy bilimni olib, boʻldi endi men “pro” man deb oʻylashlik. Praktika, yaʼni oʻrganish davomida koʻproq kod yozish, real loyihalarni yaratish (hatto kichik boʻlsa ham), va boshqa professional dasturchilarni kodlarini oʻrganib chiqish bu — juda muhim.

Dasturchilikni oʻrganishni shu omillarga eʼtibor qilib oʻrgansangiz, jarayon ancha oson va qiziqarlik kechadi.

Muallif: Zafarbek Ibrohimov

Оставьте комментарий