Farzand kasbni o`zi tanlagani ma`qulmikan?

DO`STLARGA ULASHING:

Ayni kunlarda farzandi bitiruvchi sinfda yoki kollej, akademik liseylarning oxirgi bosqichida o`qiyotgan ota-onalarning tashvishi ortgan. Farzand kasbni o`zi tanlagani ma`qulmikan? Xato qilib qo`ymasmikan? Men uni majburlashim to`g`rimi? Xullas, shunday savollardan boshi qotgan ota-onalar uchun quyidagi maslahatlarimiz yordam beradi degan umiddamiz.
Kasb tanlashdagi asosiy jihatlar
Bolaning qiziqishlari inobatga olish shart. 15 yoshga etgan bolaning qiziqishu qobiliyatlari ancha namoyon bo`lib qoladi. Ana shu qiziqishlarni rag`batlantirish, iste`dodini rivojlantirib borish kerak.
Kasb bolaning xususiyatlari, qobiliyatiga mos bo`lishi kerak. Masalan, adabiyotdan yaxshi o`qisa, undan fizik chiqmasligi mumkin, sportda ko`rsatkichlari yuqori bo`lsa, inshoni yaxshi yoza olmas. Xullas, bolaning kuchli taraflariga e`tibor berish lozim. Albatta, uni ham, buni ham eplaydiganlar uchraydi, ammo doim emas.
Tanlanajak kasbga mehnat bozorida talabning mavjudligi (yuqoriligi). Odamlar faqat qobiliyatlarini o`stirish uchun emas, pul topish uchun ham ishlashadi. Demak, qaysi kasbga odamlar qancha pul berishga tayyor, shuni tahlil qiling.
Oilaning moddiy ahvoli. Masalan, siz yashaydigan viloyatda ma`lum kasbga tayyorlaydigan o`quv yurti yo`q, buning uchun bolani katta shaharga jo`natish darkor. Bunga qurbingiz etadimi?
Tavsiyalar
1. «Kim bo`lmoqchisan?» — bu yo`l-yo`lakay beriladigan savol emas. Bafurja o`tirib, bo`lajak kasbi haqida farzandingiz bilan gaplashib oling.
2. Agar farzandingiz biror sohani tanlamagan, nima qilishini bilmayotgan bo`lsa, buning sababi bilan qiziqing. Balki ikkilanayotgandir, qo`rqayotgandir, o`ziga ishonmayotgandir. Har qanday holatda ham madadingizga ishonishi mumkinligini anglating.
3. Maktabning so`nggi yillarida ta`til kunlari bolani u yoki bu kasbga jalb qilish mumkin: ustaga shogird tushsin, tayyorlov kurslariga qatnasin.
4. Agar bolangiz tanlagan yo`nalish sizga yoqmasa, aslo taqiq, tazyiq va po`pisa yo`llarini tanlamang. Nega shu kasbni tanladi? Sabablari bilan qiziqing. Bolada ishtiyoq bo`lgani bilan, tajribasizligi tufayli xato qilishi mumkin. Ammo buni tushuntirish kerak. Majburlasangiz, baribir siz aytgan kasbning ustasi bo`la olmaydi.
5. Agar 14-15 yoshlardagi farzandingiz biror amaliy ish qilmay, nuqul orzuga berilsa, maqsadini aniqlashtirish va unga erishishi uchun aniq reja tuzishiga yordam bering.
6. Bordi-yu tanlangan yo`lda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, zaxira varianti bo`lishi kerak. Yana biror kasbni ehtiyot shart ko`z ostingizga olib qo`ying.
Birga, ammo o`rniga emas
Ota-onalar bolaga kasb tanlashda yordam berishlari mumkin, biroq uning o`rniga tanlab berishlari kerak emas. Ilgari bolalar 11-sinfni bitirguncha kasb borasida bir to`xtamga kelsalar bo`ldi edi. 15 yashar bola bilan 17 yasharning fikrlashi o`rtasida farq bor, albatta. Hozir bolalarimiz ertaroq kasb tanlashlari kerak ekan, bu o`rinda ota-onalarning ishtiroki ko`proq bo`ladi, albatta. Ammo bu ishtirok bosim yoki tazyiq emas, maslahat, muhokama va yo`naltiruv tarzida bo`lmog`i kerak. Xato qiladi, deb qo`rqmang. Xato ham kerak, dars bo`ladi. Hali yosh-ku, xatoni to`g`irlashga vaqti bo`ladi. Eng yomoni, har kuni o`zi istamagan ishni qilish. Bundan bola na moddiy manfaat, na ma`naviy huzur oladi. Shuning uchun unga yordam bering, xolos. Kasb tanlashdagi ishtirok va mas`uliyat ota-ona hamda farzand o`rtasida 60/40, uzog`i 50/50 nisbatda taqsimlanishi kerak. Albatta, ko`proq mas`uliyat va istak bola tomonida bo`ladi. Bolaning to`g`ri kasb tanlashi ota-onasi bilan o`rtada ishonch, oilaviy muhit barqaror bo`lgan sharoitdagina amalga oshadi.
Masala echimi tomon 7 qadam
Demak, ota-onaning vazifasi bolaga tayyor qarorni tiqishtirish emas, uning o`zi qaror qabul qilishiga yordam berish ekan, buni qanday amalga oshirish mumkin?
1-qadam. Kasblar ro`yxati va xarakteristikasini bir qog`ozga yozib chiqing. Inson kasb tanlar ekan, nafaqat tirikchilik vositasini, balki hayot tarzi va ijtimoiy muhitni ham tanlaydi. Bola bo`lajak kasbi qaysi talablarga javob berishi kerakligi ustida bosh qotirsin (ko`p pul keltirsinmi, tezroq mansab pillapoyalarida ilgarilash imkoni bo`lsinmi, kasbi elga tanitsinmi va h.k). Bu kelajakdagi maqsadlarni aniqlashga yordam beradi.
2-qadam. Qanday kasblar bor? Qaysi kasb egasi nima ish qiladi, degan savollarga javob izlang. Biz, masalan, shifokor, o`qituvchi, jurnalist, novvoy kabi keng tarqalganlarini bilamiz. Lekin tor ixtisosliklar borki, ularga doim talab mavjud: olaylik, mashina quruvchilari, mikrobiologlar, nanomuhandislar va hokazo. Shular haqida ham qiziqib ko`ring.
3-qadam. Axborot to`plang! Farzandingiz bilan birgalikda mehnat bozori haqida ma`lumot yig`ing. Bunda sizga turli ma`lumotnomalar, ishga taklif e`lonlari yozilgan davriy nashrlar va internet saytlari yordam beradi. Kasblarning istiqbolini ham o`ylang: bugun kerak bo`lgan sohaga 10 yildan so`ng talab tushib ketishi mumkin. Shuni ham hisobga oling.
4-qadam. Gapdan ishga o`ting. Quruq suhbatlar bilan cheklanib qolish yaramaydi. Bilamizki, o`smirlar ota-onasining fikriga doim ham qo`shilaverishmaydi. Bunda ularning o`zi orttirgan tajriba ko`proq foyda beradi. Agar bolani ma`lum yo`nalish qiziqtirgan bo`lsa, biror to`garakda, korxonada ma`lum muddat shu kasb bilan shug`ullanishiga imkon yaratib bering: mayli, mashina tuzatib ko`rsin, biznes-reja tuzsin va hokazo.
5-qadam. Bolani kasb tanlash testlaridan o`tkazing. Hozir maktablarda bunday testlar o`tkaziladi, unda bolaning u yoki bu kasbga layoqati, qobiliyati va fikrlash tarzi tekshirib ko`riladi. Agar bunday testlash o`tkazilmagan bo`lsa, internet yordamga keladi. Ular farzandingizning ichki salohiyatini to`g`ri baholashga yordam beradi.
6-qadam. Ta`lim muassasasiga ekskursiya uyushtiring. Hozirda o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi hamda Oliy ta`lim vazirligi tomonidan turli o`quv yurtlarida ochiq eshiklar kunlari o`tkaziladi. Farzandingizni shu tadbirlarga olib boring. Uning o`zi hal qilsin, bu o`quv yurtida o`qishni istaydimi yoki yo`q.
7-qadam. Muqobil variantlarni muhokama qiling. Bu institutga kira olmasa, nima bo`ladi? Yoki shartnoma asosida kirsa-yu, mablag` topilmasa-chi? Shunday vaziyatlar uchun qo`shimcha variantingiz bo`lishi kerak. Masalan, keyingi yil harakat qilar, ungacha biror hunar o`rganib turar. Balki aynan shu hunar bolangizning kelajagiga aylanar.
Nima bo`lganda ham, kasb tanlash masalasini shundoq tashlab qo`ymang. Bu ota-onalarning eng katta xatosi. Faqat pul topish, oilaviy an`analar asosida kasb tanlash yoki ishsiz qolmaslik uchun qaerdadir shunchaki ishlab turish haqida esa umuman unuting, siz ham, farzandingiz ham! Bu echim emas, kelajakdagi muammolarning asosidir.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

Оставьте комментарий