Ja’far ibn Abu Tolib

DO`STLARGA ULASHING:

Men Ja’farni jannatda ko’rdim.
Qanotlarining old patlari
qip-qizil qonga bo’yalgan edi.
Hadisi sharif
Banu Abdumanof qavmidan besh kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga quyib qo’yganday o’xshardi, hatto ayrim ko’rish quvvati zaif kishilar ba’zan ularni Payg’ambar alayhissalom bilan adashtirib ham yuborishardi. Albatta, siz eng yaxshi duoyu salomlarga sazovor Payg’ambarga ikki tomchi suvday o’xshash beshovlonning kimligini bilishga qiziqayotgandirsiz? Keling, ular bilan tanishib chiqaylik.
Ular:
Abu Sufyon ibn Horis ibn Abdulmuttolib, Payg’ambar janoblarining amakivachchasi, ham emchakdosh birodari.
Qusam ibn Abbos ibn Abdulmuttolib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchasi.
Soib ibn Ubayd ibn Abduyazid ibn Hoshim, imom Shofe’iy roziallohu anhuning bobokaloni.
Hasan ibn Ali, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamming nabirasi, beshovlonning ichida oxirzamon payg’ambariga eng o’xshashi.
Ja’far ibn Abu Tolib, amirul mo’minin Ali ibn Abu Tolibning akasi.

Endi esa Ja’farning hayotidan ayrim lavhalar bilan tanishing.
Abu Tolib Quraysh qabilasi ichida eng sharafli kishilardan bo’lishiga, qavmdoshlari orasida benihoya xurmat-extiromga ega ekanligiga qaramay qo’li qisqaroq odam edi. Boz ustiga, bola-chaqasi ham ko’p edi.
Bir yili Makkada qurg’oqchilik bo’lib, qurayshliklarning mol-hollari qirilib ketdi. Hatto ba’zi odamlar o’limtik jonivorlarning sasigan go’shtlarini yeyishgacha borib yetishdi. Ayni chog’da banu Hoshim qavmida Muhammad ibn Abdulloh va amakisi Abbosdan ko’ra to’qroq kishi yo’q edi.
Bir kuni Muhammad Abbosga:
— Ey amaki, odamlarni qahatchilikdan qiynalib qolganini, ocharchilik ularning sillasini quritib yuborganini ko’rib turibsiz. Akangiz Abu Tolibning bir etak bolasi bor. Yuring, uning oldiga boraylik, bir bolasini siz oling, birini men olay. Unga ko’rsatadigan yordamimiz shu bo’lsin, — dedi.
Abbos jiyanining gapini ma’qulladi. Ular Abu Tolibning oldiga borib:
— Biz sizning og’iringizni, oz bo’lsa-da, qo’limizdan kelgancha yengillashtirmoqchi edik. To ocharchilik tugab, yaxshi kunlarga yetib olguncha, farzandlaringizdan ayrimlari bizlarnikida yashab tursin, — deyishdi.
Nochor Abu Tolib:
— Aqiyldan boshqasini oladigan bo’lsangiz, mayli, nima ham derdim, — deb rozi bo’ldi.
Muhammad o’zi bilan Alini olib ketdi. Abbosning bolalari safiga Ja’far qo’shildi. Ali Muhammaddan to Alloh taolo uni hidoyat va haq din bilan elchi qilib yuborguncha ajralmadi. Islom kelgach, Ali yosh bolalar ichida birinchi bo’lib iymon keltirdi.
Ja’far esa amakisi Abbosning uyida o’sdi, ulg’aydi islomga kirdi va mustaqil hayotga qadam qo’ydi. U va xotini Asmo binti Umays islom yo’liga asos solingan ondan ilohiy nurga yo’g’rilgan karvon safiga qo’shilishdi. Ular hali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Dorul Arqamda da’vat markazini tashkil qilmaslaridan turib, Abu Bakr Siddiqning nasihati bilan islomni qabul etishdi. Yosh kelin-kuyov boshqa ilk musulmonlar singari qurayshliklar tarafidan ko’p ozor chekishdi. Hamma ko’rguliklarga sabr qildilar, chunki jannat yo’li tikanaklar bilan to’shalgan, musibatu alamlarga to’lib-toshganligi ularga besh panjaday ma’lum edi, lekin ularning va dindosh birodarlarining ta’bini xiralashtiradigan narsa boshqa edi — qurayshliklar islom shiorlarining oshkora namoyish etilishiga tish-tirnog bilan qarshilik ko’rsatishar, musulmonlarni ibodat lazzatini totib, zavqlanishdan mahrum qilishar, ularni holi-joniga qo’ymas, har qadamini kuzatishar, har nafasini hisoblashardi.
Ja’far ibn Abu Tolib, pichoq suyakka qadalgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib, xotini ikkisiga Habashiston yeriga jo’nayotgan sahobalar bilan birga hijrat qilish uchun izn so’radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mahzun kayfiyatda, noiloj ruxsat berdilar. Shundoq pokiza, olijanob kishilarning hech bir gunohsiz faqatgina «Robbim — Allohdir», deganlari uchun o’z diyorlaridan ajralayotgani, sho’x-shodon bolalik yillari, har lahzasi oltinga teng yoshlik davrlari o’tgan yerlaridan judo bo’layotgani ul zoti bobarakot uchun nihoyatda og’ir edi, lekin ayni damda mushriklarning popugini pasaytirib, tanobini tortib qo’yadigan darajada quvvatga ega emas edilar.

Ja’far ibn Abu Tolib boshchiligidagi ilk muhojirlar Habashistonga kelib, odil va solih podshoh Najoshiyning mamlakatida qaror topishdi. Islomga kirganlaridan beri endi birinchi marta tinchlik mazasini totishdi. Hech kimdan qarshilik ko’rmay, huzur-halovat bilan ibodat qilib, tip-tiniq, musaffo osmon ostida osoyishta yashay boshlashdi.
Ammo Quraysh kattakonlari musulmonlarning bir necha nafari Habashistonga borib, podshohning himoyasi ostida aqida erkinligiga erishib, dinlarida emin ekanligi haqidagi xabarni eshitar-eshitmas, darrov ularni o’ldirib tashlash yoki ulkan qamoqxonaga qaytarish rejasini tuzish uchun kengash chaqirishdi.
Keling, yaxshisi, gapni o’sha voqealarning bevosita guvohi bo’lgan Ummu Salamaga beraylik.
Ummu Salama aytadi:
— Biz Habashistonda qo’shnilarga yolchigan edik. Dinimizda emin bo’lib, Parvardigorimiz Alloh taologa bexavotir ibodat qilardik. Buning uchun birov bizni qiynamas yoki haqoratlamas edi. Buni eshitgan qurayshliklar kengashib, o’zlarining eng ishongan ikki kishisini — Amr ibn Os va Abdulloh ibn Abu Rabiani Najoshiyning huzuriga elchi qilib yuborishdi. Qo’llariga Najoshiy va uning atrofidagi rohiblar uchun habashistonliklar judayam yoqtiradigan, Hijozda tayyorlangan sovg’a-salomlarni tutqazishib, rohiblarga atalgan hadyalarni podshoh bilan suhbatlashishdan oldin topshirishni qattiq tayinlashdi.

Quraysh elchilarining Habashistonga kelib qilgan birinchi ishlari rohiblar bilan uchrashuv bo’ldi. Ular har bir rohibga alohida sovg’a topshira turib:
— Podshohingiz tasarrufidagi yerga qabilamizning ahmoq yoshlari makon qurishibdi. Ular ota-bobolarining dinidan qaytgan, qavmining yuziga oyoq qo’ygan sobiylar (dindan qaytganlar). Biz ertaga podshoh bilan ular xususida gaplashib ko’rmoqchimiz. Agar xojangiz sizlarni kengashga chorlasa, qochoqlarni bizning qo’limizga topshirish maslahatini bering. Dinlari haqida surishtirishga yo’l qo’ymang. «Qavmdoshlari ularning diniyu e’tiqodlarining yomonligini bilgani uchun ta’qib qilishyapti», deng, — deb iltimos qilishdi.
Og’zi moylangan rohiblar rozi bo’lishdi. Amr va uning birodari esa Najoshiy bizdan biron kishini chaqirib, so’zimizga quloq tutishi mumkinligini o’ylab ichini it tirnayotganday qattiq xavotirlanishardi.

Ertasiga Quraysh elchilari Najoshiyga sovg’a-salomlarni topshirishdi. Podshoh nodir tortiqlardan niqoyatda xursand bo’ldi. Uning xush kayfiyatidan foydalanib qolmoqchi bo’lgan elchilar shosha-pisha:
— A’lo hazrat, yurtingizga bizning nodon yoshlarimiz qochib kelishibdi. Ular bizning dinimizdan chiqqan, sizning diningizga kirmagan. Na sizga, na bizga ma’lum bo’lran dinni paydo qilishgan. Toki fitna-fasod avj olib ketmasligi uchun yoshlarimizni qaytarib yuborishingizni so’rab, ularning otalari, amakilari, qarindosh-urug’lari, qavmimiz oqsoqollari bizni huzuringizga jo’natishdi, — deyishdi.
Najoshiy rohiblarning ra’yini bilish uchun ularga savol nazari bilan boqdi. Ular bir-biriga gal bermay:
— Albatta qaytarib yuboring, hazrati oliylari. Qochoqlarning qanaqaligini qavmdoshlari yaxshi bilishadi, barcha kirdikorlaridan xabardor, shuning uchun bizga ham kasofatlari urib ketmasidan turib, ularni elchilarning qo’liga topshirsangiz, xo’p ma’qul ish bo’lardi, — deb chuqurlashib ketishdi.
Rohiblarning gapidan podshohning achchig’i chiqdi.
— Yo’q, — dedi keskin,-— xudo haqqi, to ularni chaqirib, ayblarini tekshirib ko’rmaguncha, hech kimga topshirmayman. Agar manavilarning gapi rost bo’lsa, mayli, shular aytgancha bo’la qolsin. Mabodo, yolg’on gapirishgan bo’lsa, men ularni himoyamga olaman, xohlagan yerlarida yashashlariga ijozat beraman.

Najoshiy bizni huzuriga chorlab, odam yubordi. Podshoh bizdan dinimiz to’g’risida so’rashini bilib, yo’lga tushishdan oldin iymonimizni yashirmaslikka, bor gapni ochiq bayon qilishga kelishib oldik va buni Ja’far ibn Abu Tolibga topshirdik. So’ng Najoshiyning qabuliga qarab jo’nadik.
Podshohning o’ngu so’lini rohiblar egallab o’tirishardi. Barchalarining egnida taylason (rohiblar kiyadigan uzun rido), boshlarida xoch surati tushirilgan bosh kiyim, oldilarida diniy kitoblari ochiq turardi. Amr ibn Os va Abdulloh ibn Abu Rabia ham tu yerda edi.
Kutganimizdek, birinchi savol dinimiz to’g’risida bo’ldi.
— Sizlar qavmingizning dinini tark qilibsiz, mening dinimga kirmabsiz, boshqa bironta xalqning ham mavjud dinini qabul qilmay, o’zingizcha yangi din paydo qilibsiz, deb eshitaman? – so’radi Najoshiy.
Hammamizning nomimizdan Ja’far ibn Abu Tolib oldinga chiqib, javob berdi:
— A’lo hazrat, biz johil qavm edik. Sanamlarga ibodat qilardik, o’limtiklarni yerdik, hech qanday buzuq ishdan orlanmasdik, qarindoshchilik aloqalarini uzardik, qo’shnichilik haqlariga rioya etmasdik, kuchimiz yetgan odamnmng qonini so’rardik. By hol to Alloh nasl-nasabi ma’lum, to’g’ri so’zligi, omnatdorligi va pokizaligi bilan oramizda mashhur bo’lgan kishini payg’ambar qilib yuborguncha davom etdi. U zot bizlarni Allohni yakka bilishga, yolg’iz ungagina ibodat qilishga, o’zimiz va ota-bobolarimiz shu paytgacha, Allohni qo’yib, sig’inib kelayotgan tosh va butlardan voz kechishga chaqirdi. U bizni rostgo’ylikka, omonatdorlikka, qarindosh-urug’ va qo’ni-qo’shnilar bilan xushmuomala bo’lishlikka, harom ishlarga qo’l urmaslikka, qon to’kmaslikka o’rgatdi. Buzuqliklardan, yolg’on so’zlashdan, yetimlarning molini nohaq yeyishdan va pokiza ayollarni haqorat qilishdan qaytardi. Allohning yolg’iz o’zigagina ibodat qilib, unga aslo shirk keltirmaslikka, namozni to’la-to’kis o’qishga, sadaqotlar berishga buyurdi. Biz uni haq payg’ambar ekanini tasdiqlab, iymon keltirdik, Alloh tarafidan buyurilgan ishlarda unga ergashdik, halol deganini halol deb, harom deganini harom deb qabul qildik.
Shuning uchun, janobi oliylari, qavmimizning bizga nisbatan adovati kuchaydi. Dinimizdan voz kechib, butlar ibodatiga qaytishimizni talab qilib, ko’p aziyatu ozorlar berishdi. Zulmu bedodlik, tazyiq nihoyatda avj olib, jonimiz haqildoqqa kelgach, sizning yurtingizga hijrat qildik. Sizni boshqalardan afzal bilib, panohingizga qochib keldik va hamon himoyangiz ostida zulm ko’rmaymiz, deb umid qilamiz.
Najoshiy Ja’fardan so’radi:
— Sen, payg’ambaringiz Alloh tarafidan keltirgan biron narsani o’qib bera olasanmi?
— «Xa», — dedi Ja’far va Maryam surasini o’qiy boshladi:
-«KOF, HA, YO, AYN, SOD. (Ushbu-) Parvardigoringiz O’z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri-qissasidir. Eslang: u Parvardigoriga xufyona duo iltijo qilib, degan edi; «Parvardigorim, darhaqiqat mening suyaklarim mo’rtlashdi, keksalikdan boshim-sochim oqardi. Parvardigorim, men senga duo qilib (hech qachon) noumid bo’lgan emasman» («Maryam» surasi, 1-4-oyatlar).
Sura o’rtalariga yetganda Najoshiyning ko’zidan bir necha tomchi yosh sizib chiqib, soqoliga oqib tushdi. Allonimg kalomini eshitgan atrofdagi rohiblar ham o’zlarini tutolmay yig’lashdi. Shunda podshoh bizga qarata xitob qildi:
— Sizning payg’ambaringiz keltirgan din va Iso olib kelgan ta’limot bir manba’dan nur emganligi aniq.
So’ng Amr va uning sherigiga:
— Sizlar ketaveringlar, xudo haqqi, men himoyamdagi kishilarning birontasini ham sizning qo’lingizga topshirib qo’ymayman, — dedi…
Najoshiyning qabulidan chiqqanimizda Amr jo’rttaga bizga eshittirib, hamtovog’iga dedi:
— Allohga qasamki, ertaga podshohga bular haqida shunday xabarni yetkazamanki, uning qalbi nafratga to’lib, pushtipanohlikdan bu bedavolarni ko’rishga ko’zi, otishga o’qi yo’q dushmanga aylanadi va o’zi ularni mamlakatidan dumini tugib yuboradi.
Abdulloh ibn Abu Rabia uni hovridan tushirmoqchi bo’ldi:
— Bu fikringdan qayt, Amr. Ular boshqa dinga kirgan bo’lsalar ham qavmdoshlaring…
Amr uning so’zini bo’ldi:
— Qo’ysang-chi shu gapingni… Xudo haqqi, men bularning ko’zlarini ochib qo’yaman. Ularning Maryam o’g’li Isoni oddiy banda deyishlarini podshohga yetkazsam, ana unda tomoshani ko’raver…

Ertasi kuni Amr Najoshiyning oldiga kirib:
— Janobi oliylari, siz boshpana berib, himoyangizga olgan odamlar Maryam o’g’li Iso qaqida juda boshqacha gaplarni gapirishadi. Ishonmasangiz, ularni chaqirtirib, surishtirib ko’rishingiz mumkin,—dedi.
Ummu Salama aytadi:
— Podshoh bizni imtihon qilish uchun chaqirayotganini eshitib, qattiq tashvishga tushdik. Najoshiy bizdan Maryam o’g’li Iso haqida so’rab qolsa, nima deymiz? Biroz maslahatlashgach, bir to’xtamga keldik. Iso haqida faqat Alloh aytgan so’zlarni aytamiz, payg’ambarimiz keltirgan xabarlarni o’z-o’ziday yetkazamiz. Keyin, nima bo’lsa bo’lar. Boshga tushganni ko’z ko’radi.
Bu safar ham podshoh bilan gaplashishni Ja’far ibn Abu Tolibga topshirib, saroyga yo’l oldik.
Qabulgohda rohiblar tunov kungiday holatlarida o’tirishar, Amr ibn Os ham, uning sherigi ham shu yerda hoziru nozir edilar. Biz hali nafasimizni rostlab ulgurmasimizdan Amr:
— Siz Maryam o’g’li Iso haqida nima deysiz? — deb savol tashladi.
Ja’far ibn Abu Tolib javob berdi:
— Paygambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam nima desalar, biz ham shuni deymiz!
— Payg’ambaringiz nima deydi?— so’radi Najoshiy.
— U kishi aytadilarki: Iso Masih — Allohning bandasi va rasuli, Uning bokira Maryamga yetkazgan so’zi hamda Uning tomonidan bo’lgan ruh sohibidir.
Bu javobni eshitgan Najoshiy tizzasiga urib, o’rnidan turdi-da:
— Xudo haqqi, Maryam o’g’li Iso sizning payg’ambaringiz aytganidan qilcha ham boshqacha emas, — dedi.
Ochiqchasiga e’tiroz bildirishga jur’at etolmagan rohiblar norozilarcha shivirlashga tushishdi.
Bas qiling! — dedi podshoh buyruq ohangida. So’ng bizga qarab, ko’nglimizni tog’dek ko’taradigan so’zlarni aytdi:
— Sizlar bo’shsiz, ketaverishingiz mumkin. Sizga zo’ravonlik qiladigan, ozor yetkazadiganlar bilan o’zim gaplashaman. Xudo haqqi, modomiki, men tirik ekanman, sizlarning birontangizni chertishlariga ham yo’l qo’ymayman, xatto evaziga tillodan tog’ va’da qilsalar ham.
Keyin yana rohiblarga yuzlandi:
— Anavi elchilarning sovg’alarini qaytarib bering. Olsinlaru daf bo’lishsin.
Ikki hamtovoq saroydan hafsalasi pir bo’lib, suvga tushgan mushukday bo’shashib chiqib ketishdi. Biz esa Najoshiy adolati ostida osoyishta yashay boshladik.

Ja’far ibn Abu Tolib xotini bilan hayotining o’n yilini sokin Habashiston diyorida o’tkazdi. Xijratning yettinchi yilida bu yurtni tark etib, bir guruh musulmonlar bilan birgalikda Madinaga ravona bo’ldi. Ular shaharga yetganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam endigina Xaybar (yahudiylarning istehkomi. Hijratning yettinchi yilida musulmonlar uni fath qilib, ko’pgina g’animatlarni qo’lga kiritganlar) g’azotidan kelib turgan edilar. Ul zot Ja’farni ko’rib nihoyatda xursand bo’ldilar. Hatto:
— Bilmadim, qay biriga ko’proq quvonay: Xaybar g’alabasigami yoki Ja’farning tashrifigami? — dedilar.
Ja’farning kelganini ko’rgan musulmonlarning, ayniqsa, kambag’allarning quvonchi cheksiz edi. Chunki u zaif va faqirlarga mushfiqu mehribon edi. Xatto, «Abul Masokiyn» — «Miskinlar otasi», degan laqabi ham bor edi.
Abu Xurayra rivoyat qiladi:
— «Biz miskinlar uchun eng yaxshi odam Ja’far ibn Abu Tolib edi. U ko’pincha bizlarni uyiga olib ketar, bor taomini oldimizga to’kib tashlardi. Dasturxonda hech narsa qolmagach, quruq yog’idishni keltirardi. Biz uni sindirib, yog’ yuqini yalab-yulqab qo’yardik.

Ja’far ibn Abu Tolib Madinada uzoq turmadi. Sakkizinchi hijriy sananing boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Shom diyorida qaror topgan Rum lashkariga qarshi jihodga askar to’pladilar. Qo’shinga Zayd ibn Xorisani sarkarda qilib sayladilar.
— Agar Zayd halok bo’lsa yoki jarohatlansa, o’rniga Ja’far ibn Abu Tolib sarkarda bo’lur, — dedilar Rasuhlulloh sollallohu alayhi vasallam safar oldidan. — Mabodo Ja’far qatl kilinsa yoinki og’ir yaralansa, qo’mondonlik Abdulloh ibn Ravohaga o’tur. Agar unga ham biron kor-hol ro’y bersa, musulmonlar o’zlariga lashkarboshi saylab olurlar.
Musulmonlar hali Shomga yetmaslaridan, Urdundagi Mo’’ta qishlog’ida g’animlariga yo’liqishdi. Rumlik askarlarning soni yuz mingta bo’lib, ularga Laxm, Juzom, Quzoa va arablarning nasroniy diniga e’tiqod qiluvchi boshqa qabilalaridan tashkil topgan yana yuz minglik lashkar qo’shilgan edi. Musulmon mujohidlarining soni esa bor-yo’g’i uch mingta edi…
Ikki lashkar to’qnashib, jang endi boshlangan paytdayoq Zayd ko’kragidan yaralanib, shahodat topdi. Uning suvoriysiz qolgan samani dushmanlar qo’liga o’lja bo’lib tushmasligi uchun Ja’far otning oyog’ini qilich bilan chopib tashladi. Bayroqni baland ko’tardi-da, o’zini rumliklar safiga urdi. Musulmonlarning ruhini ko’tarish uchun qichqirib she’r o’qidi:

Jannat ajib yuksakdir, nasib etgan insonga,
Sharobi jon rohati boldek shirin makonga.
Irqi o’zga rumliklar — shum niyatli yomonga
Do’zax qa’ri lang ochiq, dinni inkor etganga.
Mard bo’lsang gar biz tayyor, tushgin qani maydonga.
(Emin Usmon tarjimasi)

Nogahon tushgan qilich zarbasi dushmanlar qurshovida javlon urayotgan Ja’farning o’ng qo’lini kesib tashladi. U darhol tug’ni chap qo’liga oldi. Yana bir zarba uning chap panjasini uzib yubordi. Chekinishni xayoliga ham keltirmagan mujohid bayroqni tirsagi bilan ko’ksiga bosdi. Uchinchi zarbadan so’ng Ja’far halok bo’ldi. Undan tug’ni qabul qilib olgan Abdulloh ibn Ravoha ham urusha-urusha oxiri shahid bo’ldi.

Uchala sarkarda ham halok bo’lganining xabarini eshitgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq qayguga cho’mdilar. Amakivachchasi Ja’far ibn Abu Tolibning ahli oilasidan xabar olgani jo’nadilar. Asmo jangdan qaytadigan erini kutib olishga hozirlik ko’rib qo’ygandi. Xamirlar qorilgan, bolalar cho’miltirilgan, yasantirilgan, xushbo’yliklar sepilgan, hammayoq pokiza…
Asmo rivoyat qiladi:
— Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biznikiga kelganlarida yuzlaridan qayg’u asarini sezdim. Birdaniga ko’nglimga g’ulg’ula tushdi, lekin Ja’far haqida so’rashga jur’at etolmadim. Mudhish xabarni eshitsam, ko’tarolmaymanmi deb qo’rqdim.
U kishi «Ja’farning farzandlari qani?» deb so’radilar. Men bolalarni chaqirdim. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko’rib, nihoyatda quvonib ketishdi. Chopib kelib, bo’yinlariga osilishdi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni galma-galdan quchoqlab o’par, boshlarini silar, ko’zlari esa jiqqa yoshga to’la edi. Men chidab turolmadim.
— Yo Rasululloh, ota-onam sizga fido bo’lsin, nega yig’layapsiz? Ja’far haqida biron yomon xabar keldimi? — dedim.
U kishi:
— Ha, — dedilar,- u bugun shahid bo’ldi.
Onalarining piqillab yig’lab yuborganini ko’rgan go’daklarning dami ichiga tushib ketdi. Yuzlaridagi tabassum bir zumda yo’qolib, hammalari turgan joylarida qotib qolishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’rnilaridan turdilar. Qo’llari bilan ko’z yoshlarini artib:
— Parvardigoro, Ja’farning bolalarini zoe’ qilma. Uning oilasiga o’zing murabbiy bo’l, — deb duo qildilar. So’ng:
— Men Ja’farni jannatda ko’rdim, Uning ikkita qanoti bor edi. Old tarafdagi patlari qip-qizil qonga bo’yalgan edi, — dedilar.

Doktor Abdurahmon Ra’fat al-Boshoning  «Sodiq sahobalar qissasi» (Toshkent, “O’zbekiston”, 1997) kitobidan olindi.

14 комментариев к “Ja’far ibn Abu Tolib”

  1. Уведомление: click

  2. Уведомление: sbo

  3. Уведомление: golden teacher vs b+ mushly spores,

  4. Уведомление: sportsbet

  5. Уведомление: 이천반영구

  6. Уведомление: sbo

  7. Уведомление: how to make dmt

  8. Уведомление: What Are Essential Oils and Do They Work?

  9. Уведомление: real estate passive income

  10. Уведомление: Ammunition for sale online

  11. Уведомление: songs about molly drug,

  12. Уведомление: this article

  13. Уведомление: supreme court peyote case

  14. Уведомление: a knockout post

Комментарии закрыты.