Kolbasa mahsulotlari iste’mol qilishning shar’iy hukmi

DO`STLARGA ULASHING:

Kolbasa, sosiska kabi qayta ishlab tayyorlanadigan go‘sht mahsulotlarining hukmi ularning aslining hukmi kabi bo‘ladi. Agar go‘shti harom hayvondan tayyorlangan bo‘lsa yoxud asli halol hayvon bo‘lsa ham shar’iy so‘yilmagan bo‘lsa yo bo‘lmasa, tarkibida iste’mol qilish shar’an harom hisoblangan moddalar topilsa, ularni iste’mol qilish shar’an harom bo‘ladi. Illoki, ochlik zarurati tufayli o‘lim xavfi paydo bo‘lsagina, mazkur xavf bartaraf bo‘lguncha yeyish joiz.
Agar mazkur mahsulotlar yuqoridagi kabi mahzurotlardan xoli bo‘lish bilan birga inson sog‘lig‘iga keskin zararli bo‘lgan moddalar qo‘shilmagan bo‘lsa, yaroqlilik muddati chiqib ketib, yegan odam zaharlanadigan darajaga kelib qolmagan bo‘lsa, ularni iste’mol qilishda biron-bir shar’iy mahzurlik va zarar yo‘q.
Holat yuqoridagidek ekan ortiq, ularning kelib chiqishi g‘arb va nomusulmonlar o‘lkalaridan ekanligi yoxud nomining g‘alatiligi ularni harom yoki makruh deyishga shuningdek, mazkur narsalarni iste’mol qiluvchilarni malomat qilishga shar’iy asos bo‘lolmaydi. Balki, bu qaysidir ma’noda chuqur ketish va ifrot hisoblanadi.
Inson hammani bir qolipga tiqolmaydi. Barchani o‘zi kabi fikrlashga, narsalarga o‘zining prizmasi orqali nazar solishga majbur qila olmaydi. Zero, bizda halol va harom masalasida aniq-tiniq shar’iy mezonlar bor. Ularga tushganni harom deymiz. Tushmaganni taqvo yuzasidan har qancha o‘zimiz saqlansakda ammo, harom deb, o‘zgalarni qaytarishga haqqimiz yo‘q.
Chunki, bu ish oliyjanob, oson va yengil bo‘lgan, haraj va mashaqqat ko‘tarilgan dinimizni odamlarga qiyinlashtirish bo‘ladi.
O‘tgan ulug‘larimiz har qancha qo‘shimcha ibodat, taqvo va vara bilan o‘zlariga yuklansalarda o‘zgalarga bu narsalarni yuklamaganlar. Aylantirib kelsa, afzal va mustahab bo‘lishi mumkin bo‘lgan mulohazalarni deb, muboh ishni qilayotgan insonlarga malomat toshlarini yog‘dirmaganlar.
Yoshlik vaqtimda BAA da umrimning bir qismini o‘tkazganman. O‘shanda qo‘shnilarim boshqa davlatdan bo‘lgan ayrim insonlar edi. Ular namoz o‘qishmas, aroq ichishar hatto, qizlar bilan rosa taralla-bedod yurishardi. Ammo, bir kuni ular bilan birga yashaydigan O‘zbekistonning qaysidir viloyatidan bo‘lgan bir inson supermarketdan halol kolbasa keltirib, ularning tovalarida pishirib yeganda uni o‘ldirib qo‘yay deyishgandi.
O‘sha kishi oshxonada mazkur narsani qovurayotganda tepasiga kelib qolib, hamma narsani harom qilding deb, baqir-chaqir qilib, tovani ichidagi ovqat-povqati bilan axlatga tashlab, pichoqni ham tashlab, keyin ularning badalini to‘latishgan edi unga.

Bunday soxta taqvo, noto‘g‘ri, buzuq mezon din emas va bo‘lolmaydi ham. Bu shunchaki, bir vaqtlar kolbasalarga cho‘chqa go‘shti qo‘shib tayyorlangan davrlardagi ota-bobolarimizning raddi fe’lidan ongimizga singib qolgan narsalar, xolos.

Keyin, nomlar haqida. Bir postda xot-dog so‘zining ma’nosiga urg‘u berilibdi. Mazkur taomning kelib-chiqishi aynan it go‘shtiga borib taqalgan ham deylik. Aslida, bu aniq emas. Ammo, hozirda o‘sha taom uchun ishlatiladigan sosiskalar harom mahsulotlardan xoli bo‘lsa, shunchaki, nomdagi «it» so‘zi uchun ularni diskreditatsiya qilish to‘g‘ri emas.
Shakl emas, mazmun muhim deydilar. Biz ham aytamiz, nom emas mohiyat muhim deb. As’hobi kiromning (sahobalarning) qanchalarining nomi g‘alati hayvonlarning nomi bilan bir xil bo‘lgan. Ularning hammasi ham nomini o‘zgartirmagan.
Agar har bir nomga e’tibor berib, chuqur ketsak, eh-he nimalar g‘alati tuyulmaydi.
Fast-fud mahsulotlarini uy sharoitida uzoq vaqt pishiriladigan taom bo‘lmaganligi uchun parhez yuzasidan va sog‘lom ovqatlanish maqsadida yemaslik boshqa narsa. Fast-fud o‘z nomi bilan ham tez tayyorlanadigan taom bo‘lganligi tufayli inson organizmiga ma’lum muddat davomida qovurib, qaynatib pishiriladigan taomlar kabi foydali bo‘la olmaydi. Doimiy ravishda iste’mol qilish ortiqcha vazn to‘planishiga sabab bo‘lishi ham mumkin.
Lekin, bu ham mazkur taomlarda harom modda mavjudligi aniq bo‘lmaguncha, harom deb hukm qilishga sabab bo‘la olmaydi. Uyda tayyorlanadigan yog‘li ovqatlarni ham ko‘p iste’mol qilish semirishga olib keladi, zotan.
Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
sof.uz

Оставьте комментарий