DO`STLARGA ULASHING:
Kotlet tayyorlash usullari juda ko’p. Biroq, ular suvli va mazali chiqishi uchun albatta sinalgan yo’ldan borgan ma’qul. Quyida uyda pishirish oson bo’lgan kotletalar retsepti sizga havola etiladi.
KOTLETA TAYYORLASH UCHUN KERAKLI MASALLIQLAR
Tayyorlash vaqti: 1 soat | Portsiyalar soni: 5
1 kg go’sht – turli nisbatda qo’y va mol go’shtini aralashtirish mumkin;
2 bosh piyoz;
1 ta tuxum;
Kecha pishirilgan 2ta buxanka non (faqat mag’zi kerak bo’ladi);
1 choy qoshiq tuz;
1/3 qism maydalangan murch;
Qovurish uchun o’simlik yog’i (5-6 osh qoshiq);
Belab olish uchun un.
PISHIRISH KETMA-KETLIGI
- Non mag’zini ushatib, idishga solish, ustidan yarim stakan suv qo’shib, 5 daqiqaga ivish uchun qoldirish kerak. Non suvni yaxshi shimib olishi kerak.
- Piyoz yaxshilab maydalab olinadi.
- Go’sht go’shtqiymalagichning yirik panjarasi orqali chiqarib olinadi.
- Qiymaga non mag’zi (suvi bilan birga), bitta tuxum, maydalangan piyoz qo’shiladi. Tuz (1 kg go’sht uchun 1 choy qoshiq) va murch solinadi.
- Barcha masalliqlar yaxshilab aralashtiriladi, so’ng qiymani “pishiq” qilib olish kerak bo’ladi. Buning uchun suvda namlab olinga qo’l bilan qiymadan kotlet kattaligidagi bo’lak ajratib olinib, 20 sm uzoqlikdan idishga qaytarib zarb (me’yorda) bilan otiladi. Shu tariqa 10 daqiqa davom etiladi. Bu usulda tayyorlangan kotletalar qovurish davomida uvalanib ketmaydi va suvli bo’lib pishadi.
- Qiyma 10-15 daqiqaga dam olishga qoldiriladi. Bu vaqt davomida go’sht bo’lakchalari piyoz sharbati, murch va tuzni o’ziga shimib oladi.
- Nam qo’llar bilan qiymadan kotlet shakllantiriladi. U haddan ortiq qalin bo’lmasligi kerak, aks holda ichi pishib ulgurmay, usti kuya boshlaydi. 1,5 sm qalinlik eng yaxshi tanlov bo’ladi. Tayyor bo’lgan qiyma bo’lakchalari unga belab olinadi.
- Kotletalar yaxshi qizigan tovada qovuriladi. Chunki bu vaqtda yuqori harorat tufayli qiyma yuzasida qobiq hosil bo’ladi va u ichki suyuqlikni saqlab qoladi. Agar tova yaxshi qizdirilmasa, kotletlar tovaga yopishib qolishi va u shu tufayli uvalanib ketishi mumkin.
- Tovaning qopqog’ini yopmagan holda kotletaning har bir tomoni 3 daqiqadan qovurib olinadi. So’ng, olov biroz pasaytiriladi va har bir tomoni yana 3 daqiqadan qovuriladi. Shundan so’ng, yakuniy tayyor bo’lguncha o’rta olovda tovaning qopqog’ini yopgan holda pishirishda davom etiladi.
- Dasturxonga qovurilgan kartoshka va tuzlamalar bilan tortiq qilinadi. Go’shtli taomlar uchun mo’ljallangan souslar ham mos keladi. Yoqimli ishtaha!
KOTLETA PISHIRISHNING BA’ZI SIRLARI
Kotletada asosiy rol non mag’ziga to’g’ri keladi. Agar non kam solinsa, go’sht qattiq va bemaza bo’lib chiqadi. Shuningdek, non yangi bo’lmasligi ham e’tiborga olinishi kerak. Ideal variantda u tezda ushaladigan bo’lishi talab etiladi. Yangi non esa cho’ziluvchan bo’ladi.
Taom suvli bo’lib chiqishi uchun go’shtni o’zingiz qiymalagichdan chiqarganingiz ma’qul. Bunda go’shtning bir qismi yog’li bo’lishi muhim. Agar lahm bo’lsa, bir bo’lak charvi qo’shib yuborish ham mumkin. Yog’ pishirish davomida erib, go’shtga yumshoqlik beradi.
Piyozni qiymaga aynan mayda qilib to’g’rab solish kerak, ko’pchilik bunda uni go’sht bilan birga qiymalagichdan chiqarib yuboradi. Bu holda u o’z aromati va suvliligini yo’qotadi.
Qiyma qovurish davomida bo’laklanib ketmasligi uchun uni yaxshilab urib olish muhim bosqich sanaladi. Uni cheklab o’tish tavisya etilmaydi.
17 комментариев к “Kotlet tayyorlash retsepti — usullari, sirlari, mazali go’shtli qiyma nisbati”
Обсуждение закрыто.