Kuz faslidagi yuz parvarishi

DO`STLARGA ULASHING:

Insonning yuz terisi boshqa fasllardan ko’ra, kuzda ko’proq parvarishga muhtoj bo’lishi xech kimga sir emas. Kuzgi parvarish aslida to’rt qismga bo’linadi. Bular: himoya, namlantirish, to’yintirish, tozalash. Quyida biz kutilmagan ob-havolarga boy bo’lgan kuzgi mavsumda terini to’g’ri parvarishlash to’g’risida tavsiyalar keltiramiz.

Qanday krem tanlasam ekan? Kuz faslida ishlatadigan kremni tanlashdan oldin, uning qadog’ida «himoyalovchi», «qayta tiklovchi» yozuvlari borligiga ishonch hosil qiling. Bunday kremlar yuz terisida tashqaridagi ob-havodan asraydigan ko’rinmas devor hosil qiladi.

Qancha yog’li bo’lsa shuncha yaxshi! Kuzgi kosmetika vositalari qancha yog’li bo’lsa shuncha yaxshi. Lekin me’yorni unutmang. Masalan, yuz terisiga haddan ziyod surilgan yog’li krem havo etmaydigan joyda teriga salbiy ta’sir ko’rsatib, husnbuzarlar sonini orttirishi mumkin.

«Oqarish»ga shoshilmang! Kuz kirib kelishi bilan negadir ko’pchilik terisini oqartirishga kirishib ketadi. Mutaxassislar oqartiruvchi niqoblardan oktyabr oyidan boshlab foydalanishni tavsiya qilishadi. Negaki, quyoshli kunlarga boy sanalgan sentyabr oyi oqartiruvchi  niqobning teskari ta’sir ko’rsatishiga sabab bo’lishi mumkin.

Mevalar haqida unutmang! Avvalo, yozning issiq kunlari sharofati bilan etilib pishgan mevalar haqida unutmang. Kuz kunlarida terini to’g’ri namlantirishning eng oddiy yo’li – kundalik taomnomalarga mevalarni kiritishdir. Bu paytda, ayniqsa, C vitaminiga boy mevalarni ko’proq tanovul qiling. Oltin kuzning oltin mevasi hisoblanmish olma bu borada sizga yordam beradi. Olma nafaqat terining chiroyli bo’lishiga, balki qomatni chiroyli qilishda qo’l keladi.

Quruq teri uchun olmali niqob. Yarimta olmani po’stlog’idan tozalab, qirg’ichdan o’tkazing. Ustidan bitta tuxum sarig’i, bir osh qoshiq asal va bir choy qoshiqdan askorbin kislotasi hamda o’simlik yog’i qo’shib aralashtiring. Hosil bo’lgan aralashmani 15 daqiqaga yuzingizga surtib, keyin sovuq suv yordamida yuvib tashlang.

Normal va yog’li teri uchun tozalovchi vosita. Ikki-uchta aloe yaproqlarining suvini siqib olib, 2-3 qoshiq iliq suv bilan aralashtiring va kuniga ikki marta, ertalab va kechqurun yuzingizni arting. Bunday usulda tayyorlangan vositani muzlatkichda saqlash tavsiya etiladi.

Uy sharoitidagi niqoblar:

  • Istalgan meva va sabzavotni qirg’ichdan o’tkazing yoki qoshiq yordamida ezib, yogurt bilan aralashtiring va bo’tqasimon massa hosil qiling. Tayyor niqobni 20 daqiqaga yuzingizga surtib, iliq suv bilan yuvib tashlang.
  • Bir nechta uzum donasini olib, ikkiga bo’ling va ko’z atrofiga tegdirmasdan yuzingizga surib chiqing. Umuman olganda, kuzda uzumdan tayyorlangan niqob yuz terisi uchun juda foydali hisoblanadi.
  • Bir osh qoshiq suli yormasini uch osh qoshiq iliq sut yoki qaymoq bilan yaxshilab aralashtirib, suli suyuqlikni to’liq shimib olishini kuting. Tayyor bo’lgan niqobni yuz va bo’yin qismlariga surtib, 20 daqiqadan so’ng iliq suv yordamida, sovunni ishlatmay yuvib tashlang.

Оставьте комментарий