“Mehr daftari”ga kimlar kiritiladi?

DO`STLARGA ULASHING:

“Mehr daftari” tizimi haqida maʼlumot bersangiz, bu daftarga kimlar kiritiladi?
Ushbu savolga Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva javob berdi.
“Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi Bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining muammolarini oʻrganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish maqsadida “Mehr daftari” tizimi joriy etilishi belgilangan.
“Mehr daftari” tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi “Mehribonlik” uylari va boshqa oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning taʼlim-tarbiyasi, ularni balogʻatga, turmushga tayyorlash ishlariga masʼul etib belgilandi.
Vazirlik shu toifadagi qizlarning ijtimoiy holati doimiy oʻrganib boradi va ularni “Mehr daftari”ga kiritib, qiynayotgan masalalarni joyida hal qilish, keyingi hayotlarida oʻz oʻrinlarini topishlariga har tomonlama koʻmak beradi.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Milliy gvardiyaning masʼul mutaxassislari, “Mahalla va oila” ilmiy- tadqiqot instituti olimlari bilan birgalikda oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini oʻrganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish boʻyicha “Mehr daftari” anketa soʻrovnoma loyihasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, “Mehr daftari”ni yuritish orqali nogironligi boʻlgan, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda yetim bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish boʻyicha Yangi tartib loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu loyihalar belgilangan tartibda tegishli vazirlik, idoralar va rahbariyat bilan kelishilgandan soʻng amaliyotga joriy etiladi.