Noma’lum askarga maktub

DO`STLARGA ULASHING:

Noma’lum askarga maktub
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Mushtipar onangni, boshlari sarak,
Qalbini tig’laydi sog’inch tug’yoni,
Ko’p yil bo’ldi axir sendan yo’q darak,
Qachon uyga qaytasan o’zbek o’g’loni.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Sog’misan esonmi? Bormisan hali?
Yoki qolib ketdingmi Volga bo’yida,
Nogahon o’q tegib janglar mahali,
Qoldingmi yiqilib Kursk yoyida.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Eshitdim fashistga qarshi chiqibsan,
Bir paytlar Chingizga chiqqandek zamon,
Janglarda mardu mardon turibsan,
Nomsiz tepalikda o’n bir qahramon.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Frontda bormikan dardingni tinglar,
Yiqilsang qo’linga qo’lini tutib,
Yotganda izg’irin qahraton tunlar,
Janoning o’rniga shneling quchib.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Do’sting ham yaxshimi, sen bilan ketgan,
Yurgandir frontda yerlarni tepib,
Do’ppisin o’rniga pilotka kiygan,
Marshaldan g’ururli, chapani yigit!
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Ismlaring kim edi Qodir? Pirimqul?
Berlin darvozasiga yozganmidingiz?
Qishloqqa qaytsangiz hanuz o’sha yo’l,
Yo’lni eslatsam balki kelarmidingiz.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Sog’ omon chiqqanding ota uyidan,
Endi qayerlarda qolding sen inim,
Onang hanuz kutar soyning bo’yidan,
Qo’ylarni boqib, qaytar deb o’g’lim.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Qayerlarga ketding yurtingdan nari,
Qaytgin qo’llaringa ketmoningni ol,
Unutma yurtingni boylik Gavhari,
Otangdan qolgan dalalaring bor.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Ey o’zbek shu kunlar bormi boshingda,
Kecha-yu kunduzda paxtalar terib,
Minglab yetimlarni boqding uyingda,
O’zingni bolangni frontga berib.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Nomi o’chsin, o’sha la’nati urush,
Hanuz kechalari o’ylayman biroq,
Yetmayman o’yimga bo’laman xomush,
Kerakmidi senga shu qizil Bayroq.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Necha o’g’lon, necha pahlavon,
Ketdingiz bedarak na nom na nishon,
Atashar sizlarni nomalum askar,
Noma’lum? Demak yashaysiz hamon.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸
Bobo deymi, ota? Nima deb atay,
Axir yosh edinglar, bormaydi tilim,
Mayli hammangizni og’a deb atay,
Og’alar sizlarni rosa sog’indim.
🕸🕸🕸🕸🕸🕸🕸

Оставьте комментарий