Ona tili darslarida ta’limiy o‘yinlar

DO`STLARGA ULASHING:

Ona tili “Fonetika” bo‘limini o‘qitishda ta’limiy o‘yinlardan foydalanish
Biz texnika va texnologiyalar bilan hayotimiz osonlashgan bir davrda yashayapmiz. Barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim sohasida ham bir qator innovatsion g‘oyalar ta’lim sifatini ko‘tarishga safarbar etildi. Yangi darsliklar, ko‘rgazma va ko‘rsatmali vositalar, elektron kitoblar barchasi yangi davr kishisini shakllantirish va rivojlantirishga qaratildi.
Ayniqsa ona tili fanini umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitilishiga e’tibor kuchaydi.
Ona tilini o‘qitishda darslikdagi ma’lumotlarin berish bilangina cheklanish ta’lim sifatini ta’minlab bermay qoldi. Shuning uchun bugungi zamon pedagogi turli xil o‘qitish usullari orqali o‘quvchini mavzuga jalb etishi va DTSdan ko‘zlangan maqsadga yetishi lozim. Ayniqsa 5-sinfda ona tili fanidan Fonetika va Leksikologiya bo‘limlarini o‘qitishda biroz murakkabliklar yuzaga kelishi mumkin. Shunda pedagog an’anaviy ta’lim metodlaridan chiqib, noan’anaviy yo‘sinda saboqlarni tashkil etishi samarali natija beradi.
Masalan,
“Svetafor” ta’limiy o‘yini.
Bu o‘yinda “Fonetika” bo‘limi yuzasidan o‘tilganlarni takrorlash darvlarida keng foydalaniladi. O‘yinga uch xil, ya’ni svetafor rangidagi kartochkalar hamda savollar uchun mashinalarning aplekatsiyasidan foydalanish mumkin. Buning uchun rangli kartochkalar o‘quvchilarga tarqatiladi.o‘qituvchi savollar yozilgan ko‘rgazmani doskaga iladi.
Sinf guruhlarga ajratiladi. Guruh a’zolari tartib bilan savollarga javob beradi. Javobni to‘g‘ri deb hisoblagan o‘quvchilar yashil, noto‘g‘ri deb hisoblaganlar qizil, savolga javob topa olmagan o‘quvchilar sariq krtochkani ko‘taradilar. Har uchchala guruhga 3 tadan 5 tagacha savol berish mumkin. Har bir sariq kartochkaga bir ball ayirib olinadi. Qizil kartochkada noto‘g‘ri deb topilgan savolning aniq javobi uchun bir ball qo‘yiladi, noto‘g‘ri javob uchun yarim ball ayirib qolinadi.
Masalan 1-guruhda 30 ball, 2-guruhda 30 ball, 3-guruhda 30 ball bo‘lib, birinchi guruh 5 ta sariq kartochka yig‘sa, 25 ball qoladi.
Qizil kartochka ko‘targanlar javobning nima uchun noto‘g‘riligini izohlab beradilar. Izohlab bera olmasalar yarim ball kamayadi.
O‘yin oxirida eng faol qatnashgan guruh taqdirlanadi.
O‘qituvchi o‘yin uchun savolni darslikdan kelib chiqqan va bolalarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda tuzishi shart.
Yosh tadqiqotchi ta’limiy o‘yini. Bu o‘yin interfoal usullar asosida tashkil etilib, yangi mavzuni tushuntirishda foydalanish mumkin. Buning uchun sinf ikki guruhga ajratildi. Birinchi guruh “Unli tovush”, ikkinchi guruh “Undosh tovush” deb nomlanishi mumkin. Har bir dars uchun gurhlarning nomi va sardori o‘zgarishi o‘quvchilarda liderlikka intilishini ta’minlaydi. Har ikki guruhga alohida topshiriq beriladi. Masalan undosh tovushlarning ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra turlari yuzasidan birinchi guruh “Jarangli undoshlar va ularning o‘ziga xos jihatlari”, ikkinchi guruh uchun “Jarangsiz undoshlarning o‘ziga xos jihatlari” mavzusida ma’ruza tayyorlaydi. Buning uchun 2-3 minut vaqt ajratiladi.ma’ruzani tayyorlashda darslik va darslikdan tashqari materialladan foydalanishga pedagog yordam berishi mumkin. Guruh a’zolari ichidan bitta asosiy, bitta qo‘shimcha ma’ruzachi tayinlanadi.
Bu ma’ruzachilar guruhga berilgan topshiriq bo‘yicha darsni bayon qiladilar. Asosiy ma’ruzachi yo‘l qo‘ygan kamchilikni qo‘shimcha ma’ruzachi to‘ldiradi. Raqib guruh savollar bilan murojaat qilishi mumkin. Keyin ikkinchi guruh ma’ruza qiladi, birinchi guruh savollar beradi. O‘yin shu tarzda davom etadi. O‘qituvchi bu o‘yinni boshqaradi. Agar ma’ruzachilar kamchilikka yo‘l qo‘ysalar, o‘qituvchi ularni to‘ldiradi.
Bu o‘yindan ko‘zlangan maqsad shuki, bunda o‘quvchilar ilmiy ma’lumotlarni topish, tahlil qilishida kitobdan foydalanish kompetensiyalariga ega bo‘ladilar.
“Kim tezkor?” ta’limiy o‘yini. Bunda “Fonetika” yuzasidan unli va undosh tovushlarga bag‘ishlangan mashg‘ulotlarda foydalanish mumkin.
Jihozlar.
1. Qizil va yashil rangli yulduzcha yoki moychechak shaklidagi kartochkalar.
2. Tarqatmali materiallar.
3. Raqamli topshiriqlar.
O‘yinning avvalida sinf o‘quvchilari stol ustidagi qizil va yashil rangli moychechaklarni tanlab, ikki guruhga ajraladilar. Guruhlarga ajratilgach, o‘yinning asosiy qismiga o‘tish mumkin.
1-grammatik topshiriq. Tarkibida faqat jarangli undosh ishtirok etgan 101 ta so‘z yozish.
2-grammatik topshiriq. “X” undoshi ishtirok etgan 10 ta so‘z yozing.
3-grammatik topshiriq. “A” unlisi “O” tarzida talaffuz qilinishiga 10 ta so‘zni misol qilib keltiring.
4-grammatik topshiriq. Bo‘g‘iz undoshi ishtirok etgan 10 ta so‘z yozing.
5-grammatik topshiriq. Tutuq belgisi qo‘yilganda unli cho‘ziq talaffuz qilinishiga 10 ta so‘z yozing.
Mazkur topshiriqlar doskaga ko‘rgazma sifatida osib qo‘yiladi. O‘quvchilar qutidagi raqamlardan birini tanlashi va raqam ostidagi grammatik topshiriqni bajarilari mumkin.
“Izquvar o‘quvchi” ta’limiy o‘yini.
Mazkur o‘yinda o‘quvchilar guruhlarda faoliyat olib boradi. Sinf doskasiga o‘qituvchi bir necha unli tovushlari tushirib qoldirilgan so‘zlar yozilgan kartochkalarni ilib qo‘yadi. Stolda esa bir necha unli harflar yozilgan kichik kartochkalar turadi. Har bir guruhdan tayinlangan izquvar o‘quvchi so‘zda yetishmayotgan harfni topib, so‘zni hosil qilgach, qolgan guruh a’zolari mazkur harf haqidagi ma’lumotlarni aytadilar va guruh uchun bir ball ishlab oladilar. Boshqa guruhlarda boshqa variantlar bo‘lsa, ko‘rib chiqiladi va izohlanadi. Masalan, z…ra, q…tiq, …smon, q…yiq. o‘quvchilar berilgan so‘zlarga kerakli tovushni qo‘yishlari, hamda tovushlarning ma’no farqlash vazifasi yuzasidan bilimlarini mustahkamlashda “Izquvar o‘quvchi” ta’limiy o‘yinining o‘rni beqiyosdir.
“Ikkita to‘g‘ri, bitta xato” ta’limiy o‘yini.
Bu o‘yin fonetika yuzasidan istalgan mavzuning mustahkamlash qismida tashkillanishi mumkin. Bunda sinf ikkita katta guruhga bo‘linishi mumkin.
Agar dars unli va undosh tovushlar yuzasidan mustahkamlash darsi bo‘lsa, o‘qituvchi o‘yin uchun birinchi guruhga unli tovush bilan boshlanuvchi so‘zlar, ikkinchi guruhga undosh bilan boshlanuvchi so‘zlarni topshiriq qilib beradi.
Ona, aka, gul. – mazkur uchtalikdan “gul” undosh bilan boshlanganini o‘quvi bilishi kerak.
Maktab, muallim, ana. – mazkur uchtalikdan “ana2 so‘zi unli bilan boshlanganini, “maktab” va “muallim” o‘yindagi ikkita to‘g‘ri so‘z ekanini o‘quvchi tushuna olishi lozim.
Mazkur o‘yin undoshlarning talaffuzi va imlosidagi barcha saboqlarda, bo‘g‘in va urg‘u yo‘nalishidagi saboqlarda ham o‘quvchilarga mavzuni o‘zlashtirishda yaxshi natija beradi.
“Juftini tanla” ta’limiy o‘yini.
O‘yinda “Fonetik”a yuzasidan tashkillanayotgan saboqlarda o‘quvchilar jarangli va jarangsiz undoshlarni o‘zlashtirishlarida yaxshi natija beradi.
Buning uchun o‘qituvchi ikkita daraxtning shaklidan ko‘rgazma sifatida foydalanadi. Daraxt aplekatsiyasidagi jarangli undoshlar o‘quvchilarga ko‘rinib turadi. Ikkinchi daraxtdagi jarangsiz undoshlar esa yashiringan bo‘ladi. O‘quvchilar jarangsiz undoshlardan istalgan birini olib, uni jarangli jufti yoniga iladi. So‘ng izohlaydi. Masalan, “P” jarangsiz undoshi. Uni daraxtdagi “B” jarangli undoshi yoniga qo‘ygach, “P” jarangsiz undosh sanalib, u hosil bo‘lish o‘rniga ko‘ra lab undoshining lab-lab turiga kirib, portlovchi tovush ham sanaladi. “B” esa uning jarangli juftidir.
Javob to‘liq bo‘lgandagina, o‘qituvchi rag‘batlantiradi. Agar javob ma’lum miqdorda bo‘lsa-da topilsa, unga jarima berilmaydi, javob topilmasa, o‘quvchiaga jarima beriladi.
O‘qituvchi yengillik sifatida qo‘shimcha to‘ldirishlarni guruhlardan olishi ham mumkin.
Mazkur o‘yin o‘quvchilarni topqirlikka va olgan bilimlarini og‘zaki bayon qila olishga o‘rgatib, o‘quvchilarni axborotlar bilan ishlay olish layoqatini shakllanishiga ko‘mak beradi.
“Blis” yoki “To‘g‘ri joylashtir” usuli .
O‘quvchilarning harakatlar ketma ketligini to‘g‘ri tashkil etishga, mantiqiy fikrlashga, o‘rganayotgan mavzu asosida ko‘p xilma-xil fikrlardan, ma’lumotlardan kerakligini tanlab olishga o‘rgatishga qaratilgan. Bu usul asosida o‘quvchilar o‘zlarining mustaqil fikrlarini boshqalarga o‘tkaza oladilar, yangi mavzuni o‘zlashtirganlik darajasini aniqlaydilar. Bu kechimda o‘quvchilarda mavzuni muayyan qismlarga bo‘lib o‘rganish va qismlar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlik va aloqadorlikni tahlil qilishlariga imkon beradi. Bu usul orqali sinf yakka holda, guruhlarda va jamoa bo‘lib ishlash mumkin. Ayniqsa, bu usulni fonetika saboqlarida qo‘llash o‘qituvchi ko‘zda tutgan maqsadga erishishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Masalan, astlab, unli va undosh tovushlar mavzusidagi “Blis” jadvalni quyidagicha shakllantirish mumkin.
Tovushlar Unli tovushlar Undosh tovushlar Ball
Y + 2
U + 2
K + 2
N + 2
G + 2
Sh + 2
Z + 2
X + 2
G‘ + 2
H + 2
F + 2
V + 2
A + 2
Q + 2
P + 2
R + 2
O + 2
L + 2
D + 2
J + 2
E + 2
Ch + 2
S + 2
M + 2
I + 2
T + 2
B + 2
O‘ + 2
Bundan tashqari “Unli tovushlarda lablarning ishtiroki”, “Undoshlarning hosibl bo‘lishiga ko‘ra farqlanishi”, “Undoshlarning hosil bo‘lish o‘rni”, “Bo‘g‘inlarda unli va undoshlar” va h.k. muammolar bo‘yicha “Blis” so‘rovni o‘tkazish mumkin. Bu usul o‘quvchilarni dars jarayonida matn bilan ishlashlariga, o‘tilgan mavzuni mustahkamlashlariga va yodda saqlab qolishlariga, bilmaganlarini bilib olishlariga, bilganlarini esa qaytarib mustahkamlashlariga, eng asosiysi, o‘zlashtirish darajalarini aniqlashi, shu bilan birga butun jamoani baholashda qo‘l keladi.
“Davom ettir” ta’limiy o‘yini orqali o‘quvchilar “Fonetika” bo‘limidagi bo‘g‘inlarni o‘rganishga qartilgan saboqlarda, “Leksikologiya” va “Sintaksis” bo‘limlarida qo‘llanilsa yaxshi samara beradi.
Bunda o‘qituvchi o‘quvchilarga ochiq bo‘g‘ilar yoki yopiq bo‘g‘inlarni beradi. O‘quvchilar berilgan bo‘g‘inga mos bo‘g‘in qo‘shib, so‘z hosil qiladilar.
Bo-, bo‘-, ji-, no-, sa-, gi-, za-, bi- va h.k.
Bunda o‘quvchilar bobo, bola, Bosit, Boqi, Botir, boxabar, bokira singari so‘zlarni belgilashlari mumkin.
Tan-, bek-, tir-, mak-, hukm- va h.k.
Tanbeh, tandir, tansiq, tantana, tanga, tanbal kabi so‘zlarni keltirish mumkin.
O‘qituvchi hosil qilingan so‘zlarni havola etilayotganda birinchi guruh aytgan so‘z boshqa guruh tomonidan takrorlanmasligiga e’tibor berishi va bolalarni ham shunga yo‘naltirishi kerak. Ana shundagina o‘quvchilar darsda e’tiborli, boshqalar fikrini hurmat qiladigan, hamda o‘zlariga berilgan topshiriqda o‘ziga xoslikka erishishga intiladigan bo‘ladilar. Eng asosiysi o‘quvchilar bo‘g‘inni davom ettirishda xotira puchmoqlarida mavjud lug‘at boyligiga murojaat qiladi va nutqini ana shu so‘zlar bilan boyishiga ejrishiladi.
“Ikkisi bir xil” ta’limiy o‘yini.
Bu o‘yinda bir so‘z tarkibida bir xil undosh ishtirok etgan so‘zlar, yoki bir so‘z tarkibida bir xil uknli ishtirok etgan so‘zlarni topishga e’tibor qaratiladi.
Bir xil unli ishtirok etgan so‘zlardan yozing. Unum, tutun, mushuk, uchun, burgut, surgun, burun, yupun, tushum, mushtum.
Bir xil undoshlar ishtirok etgan so‘z yozing. Qoq, non, tot, yoy, mum, tut, arra, ko‘k, Aziza, bobo.
Birinchi guruh keltirgan so‘zlarni ikkinchi guruh takrorlashiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
O‘quvchilarga so‘zlarni muayyan miqdorga yetkazish topshiriladi. Belgilangan miqdorda eng ko‘p so‘z topa olgan o‘quvchilar o‘yin g‘olibi sanaladi.
“Tovushlar jilvasi” ta’limiy o‘yini.
Bu o‘yinda “Fonetika bo‘limi”ga oid “Undosh tovushlar” mavzusining ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra jihatlarini o‘rganish saboqlarida foydalanish mumkin. Uni o‘qituvchi quyidagi tartibda o‘tkazish mumkin.
Avvalo o‘quvchilar kichik guruhlarga ajratiladi, hamda musobaqa sharti belgilanadi. O‘yin shartiga ko‘ra o‘quvchilar jarangli(yoki jarangsiz) tovushlardan boshlanuvchi va shu tovush bilan tugagan so‘zga misol topishlari kerak bo‘ladi.
Bir guruh bitta tovush aytadi, ikkinchi guruh vakili zudlik bilan shu tovushga mos so‘z topadi. Bu topshiriq doira bo‘ylab turgan guruh vakillari tomonidan ketma-ket davom ettiriladi. Masalan, “b” tovushi aytilishi bilan ikkinchi guruh vakili “bob” so‘zini aytishi kerak. Keyingi o‘rinda guruhlar almashadilar.
O‘yin shartini quyidagicha o‘zgartirish ham mumkin. Berilgan tovushga har ikki tomondan o‘qisa ham bir xil so‘z chiqadigan so‘z aytish. Masalan, kiyik, non, Pop, dod, shosh, tut va h.k.
Ushbu o‘yinda qaysi guruh so‘z topolmasa, topshirq shartini bajara olmasa, u mag‘lub hisoblanadi. Topshiriq shartini bajargan guruh g‘olib bo‘ladi.
Mazkur o‘yin o‘quvchilarda og‘zaki savodxonlik bilan bir qatorda so‘z tanlash va ularni mavzuga monand tarzda tushuntirib berish kompetensiyalarini shakllantiradi.
Ona tili saboqlarini tashkil etishda “Fikrlarning tarmoqlanishi”, “BBB”, “FSMU”, “Venn diagrammasi”, “Charxpalak”, “Tushunchalar tahlil”, “Raqamlar so‘zlaydi”, “Baliq skeleti”, “Yelpig‘ich”, “Bumerang”, “Zakovat”, “Himoya”, “Torozi”, “Savol loto”, “Ha yoki yo‘q” singari bir qator ta’limiy o‘yin va noan’anaviy ta’lim metodlaridan ham foydalanish mumkin bo‘lib, saboqlarni yangi innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida tashkil qilishda ularning ahamiyati katta. Berilgan o‘yinlar qat’iy va o‘zgarmas sifati bilan sifatlanmagan albatta. Uni har bir o‘qituvchi o‘zi saboq berayotgan o‘quvchilarning harakteri, iqtidori va qiziqishidan kelib chiqib o‘ziga xos yo‘sinda tashkil etishi, o‘zgartirishi, ijodiy rivojlantirishi yoki o‘xshash variantlaridan foydalanishlari mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday o‘yinlar mavzularni o‘quvchilarga oson va tushunarli berishning yo‘li hisoblanib, pedagog yangi-yangi ta’limiy o‘yinlarni saboqlarda qo‘llashi, hatto o‘zi bunday o‘yinlarni o‘ylab topishi ham mumkin. Zero biz yangiliklar, axborotlar asrida yashayapmiz.

Оставьте комментарий