Oyoqlar uchun niqoblar

DO`STLARGA ULASHING:

Oyoq kaftini yumshatish uchun. Ikkita tuxum oqini uqalovchi harakatlar bilan oyoq ostiga yaxshillab suring. 15-20 daqiqadan so’ng yuvib tashlang. Oyoq osti terisini oqartirish, yumshatish uchun mayonez va smetanadan foydalanish mumkin. Bunda 1 soat va undan ko’p vaqtgacha oyoqlar yuvilmaydi.

Oyoq zamburug’iga qarshi. Qora turp yoki piyozning suvini siqib, oyoq poyiga suriladi. Bu o’simliklar zamburug’larga qarshi kurashish xususiyatiga ega. Uni surtgach teri qurishini kutib turing, so’ng oyoqlarni uqalab chaying. Faqat bu niqobni qo’llash uchun oyoqda yara chaqalar bo’lmasligi kerak.

Yoqimsiz hidga qarshi. Tog’oraga 3 litr iliq suv, 3 osh qoshiq uksus (essentsiya bo’lmasligi kerak) soling. Bir necha minut oyoqlarni shu suvga solib o’tiring. So’ng iliq suvda yuvib, sochiq bilan quruq qilib arting.

Badbo’y hidni yo’qotish uchun. 3 osh qoshiq eman po’stlog’ini (dorixonada mavjud) 1 litr qaynoq suvda qatnating. Qatnatmani yarim soat tindirib qo’yib, doka yoki mayda tishli chovlida suzib oling. Oyoqlar yarim soat shu suvga solib o’tiriladi.

Oyoqlar charchog’ini olish uchun. Quritilgan yalpizning shoxchalarini qaynoq suvga soling. Yog’och qoshiqda ezib bo’tqa holiga keltiring. Ezilgan yalpizni oyoqlarga surtib chiqing.10-15 daqiqadan keyin salfetka yordamida artib chiqing. Qichishish va qizarishga qarshi bo’tqaga suv solib, oyoqlarni yuvib turish mumkin.

Oyoq barmoqlari qiyilishiga qarshi. Ikkita karam bargini blenderda maydalab oyoq ostiga qo’yib polietilen paket o’rab, ustidan paypoq kiyib oling. Kompress yarim soat tursin. So’ng oyoqlar sovuq suvda chayiladi. Quruq qilib artgach, oziqlantiruvchi krem surtib qo’yish kerak.

Eski qadoqlarni yo’qotish uchun. Kartoshka po’stlog’ini yaxshillab yuvib, unga ko’p bo’lmagan suv solib, yumshoq bo’tqa hosil bo’lguncha past olovda qaynating. Oyoqlaringizni soda solingan qaynoq suv bug’iga tutib, so’ng kartoshka po’chog’i bo’tqasini surib chiqing. 20-30 minutdan keyin iliq suvda chayib, quritib arting. Shundan keyin oyoqlar nezma bilan ishqalanadi, krem suriladi.

Pushtirang barmoqlarni asl holiga qaytarish uchun. Suli yormasini qaynatib bo’tqa tayyorlanadi. Bo’tqaga 1 osh qoshiq sarig’yog’ solinadi. Keyin ikkita polietilen paketga solib, oyoq kaftiga yopishtiriladi. 2 soat paypoq kiyib yurib so’ng yuvib tashlanadi.

 

Shuningdek.

  • Har kuni kechqurun 1 litr suvga 1 osh qoshiq iste’mol sodasi qo’shib, 15 minut davomida oyoqlarni vanna qilishni odatlaning.
  • Vanna qilib bo’lgach, aloe bargini bo’laklab ichki tomonini oyoq terisiga qoplab ustidan kompress qog’oz qo’yiladi va bint bilan o’raladi. Ertalab oyoqni yuvib, artib, quritiladi. Yumshagan oyoqning dag’al terisini nezmada ishqalang.
  • Oyoqlarni ikki kunda 1 marta tuzli sovuq suvda vanna qiling. 3 osh qoshiq osh tuzini 3 litr suvda eriting. Keyin shu suvga oyoqlarni 5 minutdan 25 minutgacha solib o’tiring.
  • Hadeb oyoq tirnoqlariga lak suraverish, tirnoqlarni sarg’ayib qolishiga olib keladi. Tirnoqlarni limon suvi bilan artib tursangiz, yaltiraydi, sarg’ayishini oldini oladi.

 

Оставьте комментарий