DO`STLARGA ULASHING:
Bu yil maktabni 600 ming o‘quvchi bitiradi. Oldingi yillarda maktablarni bitirganlarni ham qo‘shib hisoblasa, jami 1 mln 7 ming abituriyent OTMga kirish uchun hujjat topshirishi prognoz qilinyapti.
Qabul kvotalari oshiriladi
O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ta’lim shakllari, jumladan, masofaviy ta’lim bo‘yicha qabul kvotasi shakllantirish rejalashtirilmoqda.
2022-2026 yillarda Taraqqiyot strategiyasining 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» loyihasiga ko‘ra, takliflardan kelib chiqib, qabul parametrlarini oshirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, 2022 yilga borib yoshlarning oliy ta’limga qabul qilish darajasini 38 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bu yil 5ta fandan imtihon bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 13-son bayoni bilan 2022-2023-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi. Abituriyentlarni baholash mezoni o‘zgardi, bu 5 ta yo‘nalishni tanlash qamrovini ham o‘zgartiradi.
Endi abituriyentlarga o‘tgan yilgidek mutaxassislik blokidagi 2 ta fan uchun ham birday 3,1 balldan berilmaydi, 2-fanga 2,1 balldan beriladi. Mutasaddilar bunday o‘zgarish nega kiritilganiga izoh berishdi.
26 aprel kuni Davlat test markazi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida joriy yilgi qabul masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda bu yil abituriyentlarni baholash mezoni o‘zgargani haqida tushuntirish berildi.
“Oldingi yil mutaxassislik blokidagi 2 ta fanga bir xil ball berilgan bo‘lsa, bu yil birinchi fanga 3,1 balldan, ikkinchi fanga 2,1 balldan beriladi. Bunday o‘zgarishning sababi bor. Masalan, matematika yo‘nalishiga matematikadan, fizika yo‘nalishiga esa fizikadan bilimi yuqori yoshlar kirishi kerak. Oldingi yil esa aksincha bo‘lgan holatlar ham bo‘ldi: fizikani yaxshiroq biladigan bola matematikaga o‘qishga kirib qiynalgan holatlar bo‘ldi.
Bundan tashqari, bir xil ball berish bir semestr o‘qish tugagandan so‘ng talabalar o‘zi yaxshiroq bilgan yo‘nalishga o‘qishini ko‘chirishga harakat qilish holatlariga ham olib keladi. Shu sababli ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha eng yuqori bo‘lgan fanga ko‘proq ball berilishi mezon sifatida olindi va bu abituriyentga noqulaylik tug‘dirmaydi”, – deya izoh berdi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov. Qayd etilishicha, baholash mezonidagi bu o‘zgarish abituriyentlarning 5 ta yo‘nalishni tanlash qamroviga ham ta’sir qiladi.
Joriy yilgi baholash mezoni quyidagicha:
Unga ko‘ra barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan bo‘yicha:
- Ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili) — 10 ta savol.
Har biri uchun 1,1 balldan.
Maksimal ball – 11 ball. - Matematika — 10 ta savol.
Har biri uchun 1,1 balldan.
Maksimal ball – 11 ball. - O‘zbekiston tarixi — 10 ta savol.
Har biri uchun 1,1 balldan.
Maksimal ball – 11 ball.
Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 33 ball.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos 2 ta fan bo‘yicha:
- 1-fan — 30 ta savol.
Har biri uchun 3,1 balldan.
Maksimal ball – 93 ball. - 2-fan — 30 ta savol.
Har biri uchun 2,1 balldan.
Maksimal ball – 63 ball.
Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 156 ball.
Bu yilgi maksimal ball qancha?
Umumiy holda, 2022-2023 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ballni tashkil etadi.
Imtihonlar qayerda o‘tkaziladi?
Davlat test markazi direktori Majid Karimovning ma’lumot berishicha, bu yilgi test sinovlari uchun tayyorgarlik boshlangan.
“DTM tomonidan 2022 yilda 50ga yaqin test turlari o‘tkazilishi va unda 2 mln atrofida talabgorlar qatnashishi kutilyapti.
OTMlarning bakalavriat bosqichiga kirish uchun 1 mlndan oshiq abituriyent hujjat topshirishi kutilyapti. Test sinovlarini o‘tkazish uchun binolar ro‘yxati ham shakllantirilgan. Agar pandemiya vaziyati bo‘lmasa, 99 ta katta sig‘imdagi an’anaviy binolarda imtihon o‘tadi. Agar pandemiya bo‘lsa, 53 ta stadion va xiyobonda imtihonlar o‘tkaziladi”, dedi Majid Karimov.
DTM bosh boshqarma boshlig‘i Farhod Mirzayevning aniqlik kiritishicha, maktablarni 600 mingdan oshiq o‘quvchi bitiradi. Ularni qo‘shib hisoblaganda, bu yilgi qabulda jami 1 mln 7 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirishi prognoz qilinyapti.
Matbuot anjumanida chet tilidan ijodiy imtihon olinadigan 6ta OTM bilan bog‘liq rejalashtirilayotgan yangiliklar ham ma’lum qilindi.
Chet tili birinchi fan bo‘lgan yo‘nalishlari uchun ijodiy imtihon olinadigan 6ta OTM:
- O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
- Samarqand davlat chet tillari instituti;
- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
- Toshkent davlat pedagogika universiteti;
- Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
- Nukus davlat pedagogika institutiga 40 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirishi kutilyapti.
Ushbu 40 ming nafar abituriyentning 34 mingi ingliz tilidan imtihon topshirishi, qolgan 6 ming nafari esa boshqa chet tillari yo‘nalishlarida ekani taxmin qilinyapti. Ingliz tilida katta kontingent – 34 ming abituriyent borligi hisobga olinib, bu fandan ijodiy imtihon kompyuterda onlayn olinishi, qolgan 6 ming abituriyentdan esa boshqa chet tillaridan imtihonlar qog‘oz shaklida olinishi mumkin. Barcha turdagi imtihon savollari oldindan sinovdan o‘tkazilib, yangiliklari e’lon qilib boriladi.