Qandli diabetda davolovchi mashqlar

DO`STLARGA ULASHING:

Qandli diabet bilan ogʼriganda jismoniy mashqlar bilan shugʼullanish ayniqsa zarurdir. Jismoniy mashqlar moddalar almashinuvining barcha turlariga ijobiy taʼsir koʼrsatadi.
Muntazam jismoniy harakatlar bajarilganda insulin retseptorlarining sezgirligi ortadi, bu esa qon tarkibidagi shakar miqdori ozayishiga va insulin yoki shakar miqdorini ozaytiruvchi dorilarni kamroq ichishga olib keladi.
Mashqlar bilan doimiy shugʼullanilganda organizmda oqsil almashinuvi yaxshilanadi, yogʼlarning parchalanishi kuchayadi, tana vazni kamayib, qondagi yogʼ tarkibi meʼyorga tushadi.
Qandli diabet kasalligining tomirlardagi asorati rivojlanishi uchun vujudga keladigan shart-sharoitlar ham jismoniy mashqlar tufayli bartaraf etiladi.
Kasallikda qoʼllanilishi mumkin boʼlgan jismoniy mashqlar qisqa va uzoq muddatli turlarga boʼlinadi. Oʼz navbatida qisqa muddatli jismoniy mashqlar rejalashtirilgan va rejalashtirilmagan boʼlishi mumkin.
Siz rejalashtirilmagan ozroq jismoniy mashqlar (ogʼir yuk koʼtarish, transportga yugurib yetib olish singarilar)ni bajarsangiz, u holda gipoglikemiya (yaʼni qon tarkibida shakar miqdori meʼyordan kamayib ketish holati) ning oldini olish uchun tez va osnon hazm boʼladigan taomni tegishlicha NB da (non birligi) zudlik bilan isteʼmol qilishingiz lozim.
Rejalashtirilgan qisqa muddatli mashqlar (jismoniy tarbiya darsi, suv havzasida suzish, diskoteka singarilar) paytida har yarim soatda qoʼshimcha ravishda sekin hazm boʼladigan NB (masalan, bir boʼlak non va hoʼl meva) isteʼmol qilishingiz zarur.
Uzoq muddatli jismoniy mashqlar vaqtida (masalan dalada ishlash yoki sayohatga chiqishda) uning jadalligi va koʼproq davom etishiga, shuningdek tanangiz xususiyatlariga bogʼliq tarzda insulin dorisi miqdorini 25-50 foizga kamaytirish mumkin.
Gipoglikemiya paydo boʼlganda esa yengil hazm boʼladigan uglevodlar (shirin ichimliklar, sharbatlar) ichish bilan uning oʼrni tez toʼldiriladi.
Jismoniy mashqlar qon tarkibidagi shakarning miqdori kompensatsiyalangan darajada (meʼyorda)boʼlganida bajarilishi kerak. Bordiyu kompensatsiyalanmagan davrda jismoniy mashqlar oʼtkazilsa qon tarkibidagi shakar miqdori ortishi mumkin. Shu tufayli qandli diabet bilan ogʼrigan bemorning qoni tarkibidagi shakar miqdori 15 mmolь/l dan yuqori boʼlganda unga jismoniy mashqlar tavsiya etilmaydi.
Jismoniy mashqlarni kun davomida maʼlum tarzda taqsimlash oqilona tadbir hisoblanadi. Masalan, ertalab badantarbiya bilan shugʼullangan maʼqul. Аsosiy mashqlarni esa ovqat yeyilgandan soʼng 1-2 soat oʼtgach, gipoglikemiyaning rivojlanish ehtimoli past boʼlgan paytda yaʼni taom hazm boʼlib, tana quvvatga kirganda bajarish lozim.
Unutmaslik kerakki, insulin dorisini qabul qiluvchi bemorlar jismoniy mashqlarni uquvsizlik bilan bajarishsa gipoglikemiyaning rivojlanish ehtimoli kuchayadi, bu esa salomatlik uchun xavfli oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Har kuni bir xildagi jismoniy mashqlar bajarilishi maqsadga muvofiq boʼlib, bu hol diabetni yaxshi nazorat qilish imkonini beradi.
Kundalik jismoniy mashqlardan tashqari bir qancha harakatli mashgʼulotlar, masalan, velosiped minish, konkida uchish, suvda suzish, raqsga tushish, yugurish va gimnastika bilan shugʼullanish ham profilaktik tadbirlar sirasiga kiradi. Yodda tutish lozimki, bemorda qandli diabetdan tashqari yurak-qon tomir xastaliklari mavjud boʼlsa, u oʼzidagi jismoniy yuklamani aniqlab olish uchun soha mutaxassisidan maslahat olishi lozim.
Rioya etilishi zarur boʼlgan jismoniy mashqlarni tanlash va bajarishda quyidagilarga ahamiyat berish zarur:
har bir kishi yoshiga va sogʼligi holatiga qarab mashq turi va jadalligini yakka tartibda tanlaydi;
insulin qabul qiluvchilar mashqlarni kuniga ayni bir vaqtda muntazam bajarishlari kerak;
mashgʼulotlar davomiyligi va jadalligi asta-sekin oshirib boriladi;
mashqlardan soʼng bemor charchab qolmasligi lozim.
Yulduz АMINJONOVА,
Chilonzor tibbiyot kolleji oʼqituvchisi, mutaxassis.

Оставьте комментарий