Qonun cholg’u asbobi va uning tuzilishi

DO`STLARGA ULASHING:

Qonun
Qonun yaqin va o’rta Sharq mamlakatlari cholg’usi hisoblanadi. Xususan, qonun cholg’usi Forobiy tomonidan musiqa nazariyasining qonuniyatlarini ifoda etuvchi cholg’u sifatida ixtiro etilgani haqida ma’lumotlar bor. Bu cholg’u Armaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Sharqiy Turkiston markaziy Osiyoda keng ishlatilgan.
XVII asrda Darvishali Changiy yozib qoldirgan «Risolayi musiqiy» da qonunning qadimiy cholg’u asboblaridan ekanligi qayd qilinadi. Bu cholg’u bizda XX asrning 30-yillardan boshlab ishlatilmadi va nihoyat 1978-1980- yillarda mohir sozanda, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Abdurahmon Xoltojiyev tomonidan yanada qaytadan o’lkamizga olib kelindi va ishlatila boshlandi.
Cholg’ular haqidagi kitobning arfaga bag’ishlangan bo’limida, Forobiy eslatgandek «Ma’zif» cholg’usi ovozining yo’nalishi jihatidan arfaga yaqin, sadosi ochiq torlarning tebranishi orqali hosil bo’ladi. Safiuddin Urmaviyning XII asr yozishicha, ikki turdagi qonun mavjud bo’lgan.
XV asrda «Kanz-al-tuxaf» nomli (anonim) fors traktatida qonun va nuzxa haqida rasmlar bilan ma’lumot berilgan. Muallifning yozishicha, qonun olxo’ri daraxtidan tayyorlangan yoki uzumning zangidan. Pastki qismining uzunligi 81 sm, qarama-qarshi qisqa tomoni 45,5 sm, qiya tomoni 74,25 sm. O’sha davrning qonunida 13 ta uchtalik torlar bo’lgan. O’ng tomonida xarrak, yana shu qiya tomonida quloqlar joylashgan.
Nuzxa qonunga nisbatan ikki barobar katta, shamshod, kiparis yoki qizil tol daraxtidan tayyorlangan. Ustki qismi (dekasi) ud sozinikiga o’xshash, juda ham yupqa qilingan. Torlarining bir qanchasi uchtalik. Ular butun ustgi qobiq bo’ylab tortilgan. Ular orasida bittalik turli uzunlikdagi torlar joylashgan. Quloqlar cholg’uning chap tomonida joylashgan. Nuzxani ham, qonun singari, ikkala qo’l barmoqlarida chalishgan.
Qonunning tuzilishi
Hozirda qo’llaniladigan qonun ko’p torli, yassi sathli, trapsiya ko’rinishdagi cholg’udir. Uzunligi 800-900 mm, eni 380-400 mm bo’lib, chinor, tut, yong’oq, o’rik daraxtlari yog’ochidan tayyorlanadi. Daraxt yog’ochidan yasalgan qopqog’i (deka) asosiy vazifani bajaradi. Dekaning ozroq qismi hayvon yoki baliq terisi bilan qoplanadi. Qopqoqning ustida turli gul shaklidagi uchta tovushxonasi mavjud. Pastki qopqog’i va atrofi aksariat hollarda klyon daraxti yog’ochidan yasaladi. Ustki qopqog’i oralig’ida 24-25 ta (uchtalik) ichak – yupqa torlari va ya’ni 72-75 dona torlar joylashgan. To’g’ri burchak shakldagi qismida teshik orqali torlar o’tkazib bog’lanadi va yopib qo’yiladi. Uchburchak shaklidagi qismida maxsus kalit bilan buraladigan yog’och quloqlariga, torlarning boshqa tomoni soat millariga qarama-qarshi ravishda o’ralib, maromiga yetgunga qadar sozlanadi. Teri qoplamining ustida torlar, ostida uzun yog’och xarrak joylashadi. Boshqa tomonidagi shayton xarrak orasidan simlar o’tkaziladi. Shayton xarraklari yonida 1-2-3 tagacha maxsus «Urb» moslamalari joylashtirilgan. Urb moslamalari ijro vaqtida torlarni kichik sekunda, katta sekunda va kichik tersiyagacha ko’tarib-tushirish imkoniyatini beradi.
Qonunga o’xshash cholg’ulardan: ruslarda Gusli, latishlarda Kuokle, estoniyada Kannel, latviyada Konkles, ozarbayjonda Cheng, ukrainada Bandura, osetinlarda Duadastanon, G’arbiy Ovrupada Simbala deb yuritiladi.
Qonunni noxun va mediator bilan ijro etadilar. O’ng va chap qo’l ko’rsatgich barmoqlariga, ba’zida boshqa barmoqlarga ham noxun taqilib, barmoq va noxun orasiga mediator kiydirib ijro etiladi. Mediator 30-40 mm uzunlikda va 1,5-2 mm qalinlikda, eni esa 0,5-0,7 mm bo’ladi. Noxun esa bo’yi 25-30 mm, eni 10-15 mm bo’lib, sozandaning qo’liga osongina moslashtirish mumkin bo’lgan holda metaldan yasaladi.

Оставьте комментарий