Sadriddin Ayniy (1878–1954)

DO`STLARGA ULASHING:

XX asr oʻzbek va tojik adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adib, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878 yilning 15 aprelida Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanidagi Soktare qishlogʻida dunyoga kelgan. Olti yoshidan maktabga qatnay boshlagan Sadriddin 1890 yilda Buxoroga kelib Mir Arab, Badalbek, Olimxon, Hoji Zohid, Koʻkaldosh madrasalarida tahsil oladi. yangi usul maktablarida muallimlik qiladi.
Buxorolik ulkan maʼrifatparvar Ahmad Donish hamda koʻplab maʼrifatparvarlar asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Madrasa tahsili tugagach, Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun oʻquv qoʻllanmalar, xalqni ilm-maʼrifatga chaqiruvchi sheʼr va hikoyalardan iborat “Tahsib us-siyobon” – “Yoshlar tarbiyasi” (1909) darsligini tuzadi. “Yosh buxoroliklar” harakatida faol qatnashadi.
Sadriddin Ayniy zullisonayn ijodkor boʻlib oktyabr toʻntarishidan keyin oʻzbek va tojik tillarida daʼvatkor sheʼrlar, marshlar yaratadi, ularni “Inqilob uchqunlari” (1923) toʻplamida nashr etadi.
Yozuvchi “Buxoro jallodlari” (1922) qissasida amir amaldorlarining dahshatli jabr-zulmini, gunohsiz kishilarning qatl etilishlari, “Odina” (1927) qissasida esa mehnatkash xalqning ogʻir qismati va fojiali hayotini jonli tasvirlab berdi.
S. Ayniyning dastlabki “Doxunda” romani 1929–1930 yillarda yaratilgan. Unda maʼrifatga intilgan yosh yigitning hayot yoʻli umumlashtirilgan. Keyingi “Qullar” romani 1934 yilda Toshkentda oʻzbek tilida, 1935 yilda esa Dushanbeda tojik tilida nashr qilindi.
“Sudxoʻrning oʻlimi” (1937) qissasining bosh qahramoni Qori Ishkamba jahon adabiyotidagi Plyushkin va Gobsek kabi mumtoz obrazlar bilan bir qatorda turadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida S. Ayniy “Marshi intiqom”, “Muqanna qoʻzgʻoloni”, “Temur Malik” kabi vatanparvarlik ruhidagi ilmiy va badiiy asarlarini yaratdi. U xalq ijodidan, folklor asarlaridan keng foydalangan holda “Yetti boshli dev” asarini yozdi. Yigirmanchi yillarda eʼlon qilingan qator hajviy asarlari, “Yana bu qaysi goʻrdan chiqdi”, “Puling halol boʻlsa, toʻy qil” (1924), “Mashrab bobo”, “Ye, toʻnim” (1925), “Bilganim yoʻq”, “Kengash” (1926) kabi oʻzbekcha feletonlari, hajviy sheʼr va maqolalari, ayniqsa, “Sudxoʻrning oʻlimi” (1939) hajviy qissasi yozuvchining mohir satirik ham ekanligini koʻrsatadi.
S. Ayniyning Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda yaratgan asarlari orasida toʻrt jildlik “Esdaliklar”i (1949–1954) alohida ajralib turadi. “Esdaliklar”, “Sudxoʻrning oʻlimi” qissalari, shuningdek, “Doxunda” va “Qullar” romanlari bolgar, nemis, polyak, venger, xitoy, fransuz, rumin, hind, chex va boshqa tillarga tarjima qilingan. S. Ayniy zukko olim, tarixchi va adabiyotshunos sifatida oʻzbek va tojik adabiyoti tarixi borasida salmoqli ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning Oʻrta Osiyolik buyuk shoir, olim va mutafakkirlar – Rudakiy, Saʼdiy, Ibn Sino, Vasfiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. Ana shunday salmoqli tadqiqotlari uchun unga filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan.
Adib Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining faxriy aʼzosi, Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi. Bir necha yillar Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat dorilfununining professori, Tojikiston Fanlar akademiyasi tashkil topgan kundan boshlab uning prezidenti sifatida xizmat qilgan.
Sadriddin Ayniy 1954 yilning 15 iyulida Dushanbe shahrida vafot etdi. Vafotidan keyin Oʻzbekiston va Tojikistondagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, koʻchalar, maktablar, kutubxonalar, sanʼat va madaniyat muassasalariga Sadriddin Ayniy nomi berildi. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochildi. Vatan va xalq oldidagi unutilmas xizmatlari inobatga olinib, 2001 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan

17 комментариев к “Sadriddin Ayniy (1878–1954)”

  1. Уведомление: DevOps Industry Trends

  2. Уведомление: DevOps Development Company

  3. Уведомление: sitemap

  4. Уведомление: swipe dumps with pin

  5. Уведомление: sbobet

  6. Уведомление: Buy magic mushroom online USA

  7. Уведомление: buy cheap instagram followers

  8. Уведомление: Pursuing financial independence

  9. Уведомление: 토토휴게소

  10. Уведомление: Chèque

  11. Уведомление: buy howafirearms guns

  12. Уведомление: Buy Alprazolam Online

  13. Уведомление: Bar one chocolates

  14. Уведомление: Ammunition for sale online

  15. Уведомление: maltipooofinstagram

  16. Уведомление: view it

  17. Уведомление: ข่าวบอล

Комментарии закрыты.