Suvchechak

DO`STLARGA ULASHING:

Onalar shuni bilishlari lozimki, bola badaniga toshmalar toshishi suvchechak kasalligining asosiy belgisi hisoblanadi. Ular qoringa, songa, yelkaga, koʼkrakka toshadi, keyinchalik tanaga va oyoq-qoʼllarga yoyiladi. Dastlab diametri 5mm dan 10 mm gacha yumaloq yoki oval dogʼ koʼrinadi. Keyin uning oʼrtasida papula paydo boʼlib, ichi tiniq suyuqlik bilan toʼladi. Ushlab koʼrganda, qoʼlga yumshoq unnaydi. Keyin 1-2 kun ichida toshmalar quriy boshlaydi, qatqaloq hosil boʼladi. Toshma ichidagi suyuqlik xiralashadi. Аsta-sekin bujmayib, oʼrnida chandiq qoldirmay tushib ketadi.
Toshmalar toshgan birinchi kundan boshlab, 2-3 hafta ichida qatqaloqlanib tushib ketadi. Toshmalar qattiq tanglayga, milk ka, halqumning orqa devoriga, qizlarda jinsiy aʼzolarga ham toshishi mumkin. Toshmalar toshayotganda tana harorati biroz koʼtarilishi ehtimol. Kasallikning boshlanishida harorat 39 daraja boʼlishi mumkin.
Xavfsiz kasallik hisoblansada, suvchechakning oldi olinmasa, juda ogʼir kechadi, terida turli asoratlar paydo boʼladi, yaʼni teri yiringlaydi, chipqon chiqadi, kasallikning gemorragik, gangrenoz turlari paydo boʼladi. Ikkilamchi infektsiya qoʼshilishi natijasida sepsis rivojlanadi. Suvchechak ogʼir asorat berganda zotiljam rivojlanib, antibiotiklar bilan davolash qiyin boʼladi. Shuningdek entsefalit, keratit, nefrit, artrit, gepatit kabi asoratlar ham paydo boʼlishi mumkin.
Homilador ayol koʼzi yorishidan 3-5 kun oldin kasal boʼlib qolsa, tugʼma suvchechak rivojlanishi mumkin. Bunday hollarda, bola oʼlik tugʼilishi ehtimoldan xoli boʼlmaydi. Koʼpincha tugʼma suvchechak juda ogʼir kechadi, keng koʼlamdagi bronxopnevmoniya rivojlanadi, ich ketadi, ingichka ichak teshiladi, shuningdek ichki aʼzolar kasallanadi.
Аslida suvchechak uchun maxsus muolaja qoidalari yoʼq. Lekin kasallangan bolani eʼtiborsiz qoldirmay, qunt bilan parvarishlash zarur. Bu boradagi maslahatlarimizga amal qiling.
Toshma toshayotgan davrda, ayniqsa, tana harorati koʼtarilganda bolani yotqizib qoʼying. Bemorning ichki kiyimlari va choyshablarini tez-tez almashtirib turing, badanini toza tutish muhim. Pufakchalar toshgan joylarni qaynagan suvda yuvib turing. Bemorning qoʼlini kuniga ikki-uch marotaba sovunlab yuvish zarur. Badanini qashib tirnashiga yoʼl qoʼymang. Buning uchun bolaning tirnoqlarini olib, qoʼliga doka qoʼlqop kiydiring.
Issigʼi baland boʼlsa, bolaning labi va ogʼzi tez-tez quriydi, ogʼiz burchaklari baʼzan yorilib, ogʼzini ochishga qiynaladi. Ovqatlanayotgan paytda yorilgan joylari achishadi va bitishi qiyinlashadi. Bunday paytda bemorning lablariga sariyogʼ yoki qizdirib olingan paxta moyi surtish, bemorga koʼproq suyuqlik ichirish lozim. Ogʼzi qurisa, bolaning oʼzi ham suv soʼraydi. Shunda sovuq choy, qaynagan suv yoki 5 foizli glyukoza eritmasi bilan bemorning ogʼzi hoʼllab turiladi.
Bolaning burni ham toza boʼlsin. Kattaroq yoshli bolalarda toza dastroʼmol boʼlishi lozim, goʼdaklarning burnini esa bir boʼlak paxta bilan tozalab turing. Burun yoʼllarida qatqaloqlar paydo boʼlsa, vazelin yoki paxta moyiga botirilgan pilik bilan sekin olib tashlang.
Bemor bolaga toza havo va yorugʼlik zarur. Uni changdan, kuchli shamoldan va shovqin-surondan xoli joyda sayr qildirish kerak. Isitmasi chiqib turgan paytda u koʼpincha ovqatdan bosh tortadi. Kasallik oʼtkir kechganida esa baʼzan bolaning meʼdaichak ishi buziladi, bemor qayt qilishi, ichi ketishi mumkin. Bu paytda uni zoʼrlab ovqatlantirmaslik lozim. Balki tez-tez suv ichirib, 10-12 soat davomida ovqat bermaslik kerak.
Ogʼzi ogʼrib, ovqat yeya olmay qolsa bemorga iliqqina suyuq ovqat yoki sabzavotlari ezilib pishirilgan shoʼrva, shavla va boʼtqalar bering. Kasal bolaga nordon va achchiq taomlar yedirish mumkin emas. Bemorning ichi ravon boʼshalib turishi juda muhim. Ichi qotganda klizma qiling. Shifokor kelgunicha unga hech qanday ovqat bermasdan, tez-tez qaynagan suv yoki sovuq choy ichirib turganingiz maʼqul. Onalar bolaning badaniga birorta toshma toshib, ahvolida sal oʼzgarish paydo boʼlganda tezlik bilan bolalar shifokoriga olib borsalar, soʼngra muolajaga kirishsalar kasallik ancha yengil kechadi.
Sevara ZIYoDOVА, shifokor.

Оставьте комментарий