Til tig‘dan o‘tkir

DO`STLARGA ULASHING:

O’tmish zamonda bir mamlakatning podshosi qattiq kasal bo‘lib qolibdi. Mashhur tabiblar ham ko‘rib uni tuzata olmabdilar. Nig‘oyat, bir donishmand chol podsho qoshiga kelib:
— Sher sutini ichsangiz tuzalasiz, — debdi.
Podsho jar chaqirtiribdi. Hech bir joydan biror kimsa: «Sher sutini men olib kelaman», demabdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, podsho saroyiga bir yigit kelib:
— Podshoga sher sutini men keltiraman.— deydi. Podsho:
— Sher sutini keltirsang, bosh-oyoq sarpo va tillalar beraman, — debdi.
Yigit podshodan to‘rt qo‘zi so‘rabdi. Amaldorlar yigitga to‘rt qo‘zini tutqazishibdi. Yigit to‘rt qo‘zi bilan shahardan chiqib ketibdi. Cho‘l yurib, suvsiz aro yo‘l yurib, bir o‘rmonzorga yetibdi. O’rmonning yonida bir dasht bor ekan. Yigit qo‘zilarini bir joyga qo‘yib, sekin haligi dashtga nazar tashlasa, uzoqda bir ona sher bolalarini emizib issiqda yaslanib yotgan ekan. Yigit ikki qo‘ltig‘ida ikkitadan to‘rtta qo‘zini ko‘tarib o‘rmon oralab sherga yaqinlashibdi. Yigit avval bir qo‘zini sher tomon yuboribdi. Sher bolalari qo‘zini tutib olib birpasda yeb bitiribdilar. Yigit shu tarzda ikkinchi, uchinchi qo‘zini sher tomon yuboribdi. Sher bolalari ularni ham saranjomlab qo‘yishibdi.
Nihoyat, yigit to‘rtinchi qo‘zini ko‘tarib to‘g‘ri ona sher oldiga boribdi. Ona sher yigitga tashlanmabdi, balki qo‘zilarni yuborayotgan o‘sha yigit ekanligini anglab jim yotibdi. Yigit kelib bemalol sherning sutini sog‘ib olibdi va iziga qaytibdi. Yigit yo‘lda qaytib ketayotganida uning qo‘l, oyoq va ko‘z, tili o‘zaro janjallashibdi.
Quloq: «Men jarchidan eshitdim, shuning uchun yigit bu vazifani bajardi», — desa, ko‘z: «Avval men ko‘rdim, mensiz yigit bu joylarga kela olmas edi», — debdi. Oyoqlari: «Bizlar yurib-yurib shu joylarga olib keldik, bizlarsiz yigit bir qadam ham ilgari siljimas edi», desa, ko‘llar: «Biz avaylab sher sutini sog‘dik, yigit murod-maqsadiga yetadi», — debdi. Indamay turgan til: «Ey og‘aynilar, hammamiz bir jon, bir tanmiz, lekin dunyoda mendan o‘tkir narsa yo‘q. Chunki til tig‘dan o‘tkir, xonasi kelsa, tig‘ni ham qaytaradi», — debdi. Hamma a’zolar o‘zaro janjallashib, talashib, podsho saroyiga yetib kelganini bilmay qolishibdi.
Yigit podsho saroyiga kirib, qo‘lidagi ko‘zachani mahkam ushlagani holda, podsho oldiga yaqinlashganini sezmay qolibdi. Podsho atrofida amaldorlar, tabiblar turgan ekan. Podsho yigitdan:
— Qanday sut olib kelding? — deb so‘ragan ekan, yigit shoshib qolib:
— Echki suti, — deb yuboribdi. Podsho:
— Jallod! —debdi.
Jallodlar kelib yigitning qo‘l-oyog‘ini bog‘lamoqchi bo‘lganlarida, podshoning dono vaziri:
— To‘xtang, taqsir, bu sahroyi yigit, arkoni davlatni ko‘rmagan, shoshib tili tutilib qoldi. Yana bir so‘rang. Qo‘lidagi ko‘zachada nima olib kelganini aytib bersin, — debdi. Podsho yana so‘rabdi. Shunda yigit, es-hushini yig‘ishtirib olib:
— Taqsir, men sizga sher sutini keltirdim. Ana oling, — debdi.
Vazirlar yigitning qo‘lidan idishni olib, tabiblar tekshirib qarashsa, haqiqatan yigit sher sutini keltirgan ekan. Podsho sher sutini ichib sog‘ayibdi. Yigitning tili so‘zga kirib, boshqa a’zolariga qarab:
— Ey og‘aynilar, ko‘rdingizmi? Yigit shoshib qolib, tili g‘uldirab, yanglishib: «Echki suti», deganida bekorga o‘lib ketar edi. Es-hushini yig‘ishtirib, o‘ylab to‘g‘risini aytgani uchun o‘limdan qoldi. Til tig‘dan o‘tkir deb, bekorga aytmaganlar, — debdi.

Оставьте комментарий

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek