Tirnoqdagi oq dog‘lar nimani anglatadi?

DO`STLARGA ULASHING:

Tirnoqdagi oq dog‘lar tibbiyot tilida – leykoxoniya deb ataladi. Leykoxoniya ko‘pincha oq nuqtasimon yoki chiziqcha shaklida uchrab organizm uchun aytarli xavf tug‘dirmaydi va faqat kosmetik defekt xisoblanadi. Ayrim xollarda esa u organizmda yashirin kechayotgan jiddiy patologiyaning belgisi bo‘lishi mumkin.
Leykoxoniya nima?
Sog‘lom zararlanmagan tirnoq yarimshaffof strukturaga ega bo‘lib, tirnoq ostidagi teri (loja) ga zich yopishib turadi. Ayrim paytlarda tirnoq plastinasi va lojasi orasiga xavo pufakchasi kirib qolib, tirnoqning teridan ajralishi kuzatiladi. Natijada nuqtasimon yoki chiziqli shakldagi dog‘lar xosil bo‘ladi. Ammo savol tug‘iladi, bu xavo pufakchalari qaydan paydo bo‘ladi? Uning sabablari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
1. Travma (shikastlanishlar)
Bunda tirnoq plastinasini yoki uning o‘suvchi qismi (matritsasi) ni zararlanishi kuzatiladi. Shikastlanishning sababi ko‘pincha: tirnoqlarni g‘ajish, asabiylashganda barmoqlari bilan stolga urish, doimiy manikyur, tirnoqlariga qattiq jismning bexosdan va kuchli ta’siri (masalan bolg‘a bilan), tor oyoq kiyimi kiyish (oyoqlardagi leykoxoniya sababi).
Shikastlanish ta’siridagi leykoxoniyani aniqlash oson. Ular odatda bir yoki bir nechta yumaloq shakldagi oq dog‘lar bo‘lib, tirnoqda notekis joylashadi. Tirnoq o‘sgan sari ularning siljishi va asta-sekin yo‘qolishini kuzatish mumkin.
2. Zaxarlanish yoki ayrim dori preparatlarini ichish
Masalan:
• Sulfanilamid preparatlarini ichish. Masalan, sepsis, teri va siydik yo‘llaridagi bakterial infeksiyani davolashda qo‘llaniladigan sintetik dorilar
• O‘sma kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan ximiopreparatlar.
• Og‘ir metallar qo‘rg‘oshin yoki margimush bilan zaxarlanish.
Bu xollarda leykoxoniya oq rangli uzun cho‘zinchoq shaklda bo‘lib, tirnoqning o‘suvchi chizig‘iga nisbatan perpendikulyar joylashadi. Shu sababli ular chiziqli (yoki ko‘ndalang) leykoxoniya deb ataladi.
3. Organizmdagi tizimli o‘zgarishlar
Organizmdagi ayrim a’zo va to‘qimalarning faoliyatidagi buzilishlar tirnoqlardagi chiziqli leykoxoniya ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. Ularga quyidagi kasalliklar kiradi:
• Temir tanqis anemiya;
• Rux va kalsiyning yetishmasligi;
• Buyrak kasallikari;
• Yurak yetishmovchiligi;
• Jigar kasalliklari, shu jumladan sirroz;
• Gipertireoz – buqoq bezi faoliyatini kuchayishi;
• Oshqozon ichakda oqsillar so‘rilishini buzilishi;
• Teri kasalliklari: psoriaz yoki ekzema;
• Tirnoqning zamburug‘li kasalligini erta bosqichlari.
Tirnoqlardagi oq dog‘lardan qanday qutulish mumkin?
Ko‘p xollarda kutishning o‘zi kifoya – tirnoq o‘sib asta –sekin dog‘lar o‘zi yo‘qoladi. Ammo ko‘ndalang leykoxoniyada, ayniqsa chiziqli dog‘larning muntazam paydo bo‘lishida va bir nechta barmoqdagi tirnoqlarda kuzatilganda terapevtga uchrash zarur.
Vrach leykoxoniyaning xaqiqiy sabablarini aniqlaydi va uni davolaydi. Tizimli buzilishlar bo‘lsa – asosiy kasallik davolanadi, dorilar xisobiga bo‘lsa – ichilayotgan dori preparatiga alternativ dori vositasi tanlanadi.
Oq dog‘lardan bir-ikki kunda qutulishning imkoni yo‘q, bir necha xafta yoki oylar kutishga va tirnoq plastinasini tabiiy yo‘l bilan yangilanishini kutishga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun: Tirnoqlar oyiga o‘rtacha 1,5-3 mm gacha o‘sadi. Sog‘lom odamlarda tirnoqlarning to‘liq yangilanishi qo‘lda – 3-4 oygacha, oyoqlarda esa 9-12 oygacha davom etadi.

Оставьте комментарий