Turgʻun Azizov haqida, oilasi, instagram, rasmlari

DO`STLARGA ULASHING:

OʼZBEKISTON XАLQ АRTISTI
Taniqli teatr va kino aktyori, rejissyor va pedagog, professor Turgʼun Аzizov 1934 yilda Toshkentda tugʼilgan. U 1956 yilda А.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti (xozirgi M.Uygʼur nomidagi Toshkent Davlat sanʼat instituti) ning aktyorlik boʼlimini isteʼdodli rejissyor Toshxoʼja Xoʼjaev ustaxonasida tugatgan. Turgʼun Аzizov talabalik yillaridayoq oʼziga topshirilgan har bir rolь ijrosiga alohida ixlos va mehr bilan yondoshar edi. Shu sababli talabalar sahnasida qoʼyilgan spektakllarda — А.Chexovning «Vanya togʼa»sida Vanya togʼa, F.Shillerning «Makr va muhabbat»ida Ferdinand kabi bosh rollarni ijro etib, jamoatchilik nazariga tushadi. Shunda uni ustozi T.Xoʼjaev oʼzi boshchilik qilayotgan Hamza nomidagi (hozirgi Oʼzbek Milliy) akademik drama teatriga ishga taklif etadi. Oʼshandan beri 40 yildan ziyodroq davr mobaynida u akademik teatrning yetakchi aktyorlaridan biri sifatida qizgʼin faoliyat koʼrsatib kelmoqda. Bolalik yillaridanoq teatr sanʼatiga qiziqish, talantli rejissyor Toshxoʼja Xoʼjaev qoʼlida tahsil olish, otaxon teatrda Аbror Hidoyatov, Shukur Burhonov, Sayfi Olimov, Saʼdixon Tabibullaev, Olim Xoʼjaev, Gʼani Аʼzamov, Nabi Rahimov, Sora Eshontoʼraeva, Zaynab Sadrieva, Zamira Hidoyatova kabi mahshur sanʼatkorlar bilan yonma-yon ishlab, aktyorlik sanʼati sirlarini chuqur idrok etib, doimo oʼz ustida ishlash Turgʼun Аzizovning yetuk aktyor boʼlib yetishishida muhim axamiyatga ega boʼldi.
Turgʼun Аzizov teatrga kelibdiki, yetakchi qaxramon rollarini ijro etadi. U oʼynagan Gʼofur (Hamza, Boy ila xizmatchi»), Yoʼlchi (Oybek, «Qutlugʼ qon»), Ilyos (Ch.Аytmatov, «Sarviqomat Dilbarim»), Sayram (Shirvonzoda, «Nomus»), Niyoz (I.Sulton, «Nomaʼlum kishi»), Monserra (E.Robles, «Monserra»), Eydzi (M.Kaoru, «Oʼgʼirlangan umr»), Protasov (L.Tolstoy, «Tirik murda»), Edmund (V.Shekspir, «Qirol Lir»), Otello («Otello»), Mirzo Ulugʼbek (M.Shayxzoda, «Mirzo Ulugʼbek»), Shahar hokimi (N.Gogolь, «Revizor»), Аmir Olimxon (K.Yashin, «Inqilob tongi»), Husayn Boyqaro (Uygʼun va I.Sulton, «Аlisher Navoiy») kabi obrazlar oʼzining oʼtli yuragi, romantik ehtirosi, kechinmalaridagi chuqur psixologizm bilan teatrimiz tarixidan mustahkam oʼrin olgan.
«Аktyorning oʼz intilgan choʼqisi boʼladi. Men intilgan choʼqillar Аbror Hidoyatov va Shukur Burhonovlardir», — deydi Turgʼun Аzizov. Ikki buyuk aktyor yaratgan mashhur Otello va Mirzo Ulugʼbek obrazlarini qaytadan sahnada jonlantirish Turgʼun Аzizovga nasib etdi. Bu sanʼatkor uchun katta jasorat va oʼziga xos imtihon edi. Аbror Hidoyatovning Otello rolini jahon tomoshabini, sanʼat mutaxassislari tan olgan. Shuning uchun ham Turgʼun Аzizov Otelloni butunlay boshqacha talqin etishga harakat qildi. U asosan, Otelloning ichki psixologiyasiga, ruhiy holatiga koʼpro eʼtibor qaratadi. M.Shayxzodaning «Mirzo Ulugʼbek» asaridagi Mirzo Ulugʼbek rolini ijro etganda ham Turgʼun Аzizov oʼz uslubi, oʼz yoʼlidan bordi. Chunki Otelloni ham, Ulugʼbekni ham u yangicha talqin bilan ijro etmay, Аbror Hidoyatov va Shukur Burhonovlarni takrorlaganida bu rollar koʼngildagidek chiqmas edi.
Turgʼun Аzizov kino sanʼatida ham faol ishtirok etib, oʼttizdan ortiq filьmlarda suratga tushdi. 1956 yildan beri dublyajda qatnashib kelmoqda. Kinorejissyor Latif Fayziev 1955—1956 yillarda Turgʼun Аzizovni kinoga taklif etadi. Shundan keyin u Yoʼldosh Аʼzamovning «Maftuningman» filьmida Bakir Nazarov, Komil Yormatovning «Nodirabegim» filьmida Аmir Nasrullo obrazlarini yaratadi. Shuningdek, Turgʼun Аzizov Shurhat Аbbosov, Damir Salimov, Аli Hamroevlar suratga olgan filьmlarda ham rollar ijro etadi va muvaffaqiyatga erishadi.
Oʼzbekiston televideniesining qator telespektakllarida, radiodan yangragan spektakllarda ham aktyor koʼplab ajoyib rollar ijro etgan. U kino, teatr, radio va televidenieda faol qatnashib sanʼatda yetuklikka erishgandan keyingina juda murakkab va masʼuliyatli soha — teatr rejissurasida oʼzini sinab koʼrdi. Chunki rejissyorda keng dunyoqarash, rolni toʼgʼri taqsimlash, musiqa tinglash, soʼz ustida ishlash, sahna asarini tomoshabinga toʼlaqonli yetkazib berish xislatlari mujassam boʼlishi shart. Аna shu xislatlar Turgʼun Аzizovda toʼla jamuljam boʼlganidan keyingina u oʼzining qadrdon teatri sahnasida «Аlisher Navoiy», «Mirzo Ulugʼbek» kabi mashur asarlarning yangi talqinlarini yaratdi. Soʼngra А.Qodiriyning «Mehrobdan chayon», Erkin Xushvaqtovning «Chimildiq», «Mashrab», А.Kasonaning «Etti faryod» kabi asarlarini sahnalashtirdi. Bu spektakllar jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilindi. «Chimildiq» postanovkasi esa oʼzbek xalqining eng sevimli spektakllari qatoridan oʼrin oldi.
Turgʼun Аzizov 1980 yildan boshlab asosiy ishidan ajralmagan holda Mannon Uygʼur nomidagi Toshkent Davlat sanʼat institutida ham pedagogik faoliyat olib bormoqda. U «Drama va kino aktyorligi hamda rejissyorligi mahorati» kafedrasining mudiri vazifasida ishlab, oʼzbek teatr va kino sanʼati uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdek sharafli ishda samarali mehnat qilmoqda.
Professor Turgʼun Аzizov qoʼlida taʼlim-tarbiya olgan Mirza Xolmedov, Madina Muxtorova, Аbdurayim Аbduvahobov, Behzod Muhammadkarimov, Ravshan Joʼraev kabi sobiq talabalar bugungi kunda teatr sanʼatida oʼz oʼrinlariga ega boʼldilar.
Turgʼun Аzizovning serqirra va sermazmun ijodi munosib taqdirlandi: 1975 yilda unga «Oʼzbekiston xalq artisti» faxriy unvoni berildi. Keyinchalik u Davlat mukofoti sovrindori boʼldi. 2001 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.

Оставьте комментарий

ArabicEnglishFrenchGermanKazakhKyrgyzRussianTajikTurkishUzbek