Ulug‘ faylasuf, shoir, munajjim, matematik va tabib bo‘lgan G‘iyosiddin Abulfath Umar ibn Ibrohim Xayyom Nishopuriy Eronning Nishopur shahrida tug‘ilgan. Aniq fanlar sohasida o‘z davrining yagonasi bo‘lgan olim tomonidan tuzilgan taqvim, manbalarning yakdillik bilan guvohlik berishicha, amaldagi Grigorian kalendaridan ham aniqroq bo‘lgan. Uning riyoziyot, ilmi nujum va falsafaga oid bir qancha asarlari bizgacha yetib kelgan.
Umar Xayyom Nishopur, Balx, Samarqand, Buxoro shaharlarida o‘qiydi. Rivoyatlarga qaraganda Saljuqiylar vaziri Nizomulmulk unga Nishopur hokimligini taklif qiladi. Lekin Umar Xayyom bunga rozi bo‘lmaydi. U 1074 yildan boshlab Isfaxon rasadxonasi ishlariga rahbarlik qilib, matematika, astronomiya sohasida tadqiqotlar olib boradi. Uning matematika, falakiyotshunoslik, falsafaga oid bir qancha asarlari va kashfiyotlari ma’lum.
Masalan, 1077 yilda u yunon olimi Evklid kitobiga sharh yozib, butun sonlarning ildizini topish yo‘llarini ko‘rsatib beradi. 1079 yilda Xayyom yangi isloh qilingan kalendar ishlab chiqaradi. Bu kalendar Yevropada undan 500 yil keyin qabul qilingan va hozirgi vaqtgacha qo‘llanilayotgan Grigorian kalendaridan ham aniqroq bo‘lgan. Shuningdek uning “Risolatul-kavn vat-taklif” (“Koinot va uning vazifalari”), “Risola fil-vujud” (“Borliq haqida risola”), “Risola fi kulliyati vujud” (“Borliq umumiyligi haqida risola”) kabi asarlari ham mashhurdir.
Umar Xayyom o‘zini sira ham shoir deb hisoblamagan. Ruboiylarini ilmiy izlanishlardan charchagan paytida turli dafgarlarning hoshiyasiga bitgan. Qismat o‘yinini qarangki, olim o‘z umrining asosiy qismini sarflagan fanning turli sohalaridagi buyuk kashfiyotlari bir chekkada qolib, u ikkinchi darajali hisoblagan ruboiylari Xayyom nomini dunyoga taratdi.
Umar Xayyomni dunyoga mashhur qilgan uning ruboiylaridir. Umar Xayyom shoir bo‘lmagan, lekin hayot haqida ba’zi mulohazalarini 4 qatorlik she’r qilib qog‘ozga tushirib qo‘yavergan. XVIII asrga qadar uning ruboiylari haqida tadqiqotlar olib borilmagan. U haqda dastlab Oksford universiteti professori Tomas Gayd, undan so‘ng Fon Gomer Birgestel va Meme Nikoloslar tadqiqot olib borishgan. 1859 yili ingliz shoiri va tarjimoni Edvard Fitjerald Umar Xayyomning 70 ruboiysini tarjima qilib e’lon qilgandan so‘ng, bu she’rlar juda mashhur bo‘lib ketgan va ingliz tilidan jahonning boshqa tillariga ham tarjima qilingan.
Xayyom ruboiylarining soni turli ma’lumotlarda 11 tadan 1200 tagacha ekanligi aytiladi. Xayyomga nisbat beriladigan ruboiylarni u yozganligiga ham turli shubhalar mavjud. Ayniqsa, zamondoshlari “katta ilm egasi, mutaffakir, taqvodor zot edi” deb ulug‘lagan shoirning mayxo‘rlik, yengil hayot, aysh-ishrat, kufr, dahriylik mavzularidagi ruboiylari ishonchsizdir. Bunday ruboiylar Islomga qarshi ba’zi toifalar tomonidan ataylab to‘qib chiqarilgan, degan ma’lumotlar bor. Hatto Londonda saqlanayotgan Umar Xayyom ruboiyoti qo‘lyozmasi ham soxta ekanligi aniqlangan.
Umar Xayyom ruboiylari kirib bormagan o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak. Uning falsafiy mazmuni teran va badiiy jihatdan pishiq ruboiylari atoqli mutarjim Sh. Shomuhamedov tarjimasida bir necha marta nashr etilgan. Keyinchalik J. Kamol shoir ruboiylaridan bir qanchasini o‘z aruziy vazni bilan o‘zbek tiliga o‘girdi.
Avval tafakkurda tug‘ilib, keyin qalb qo‘riga yo‘g‘rilgan Umar Xayyom ruboiylari, bir so‘z bilan aytganda, Olam va Odam haqida. Shoir dunyo evrilishlariga donishmandona bosiqlik, taassuf aralash loqaydlik bilan qaraydi: dunyoni o‘zgartirishki qo‘lingdan kelmas ekan, uni deb qayg‘urish behuda. Uning uchun tug‘ilish va o‘lim, yaxshilik va yomonlik, halol va harom — bir xil: hammasi o‘z tabiiy qonuniyatiga asoslanadi.
Dunyoviy falsafa vakili sifatida Xayyom dunyoni aql elagida elaydi — Olam va Odam muammosini umumfalsafa mezoni bilan o‘lchaydi. Shu ma’noda, Xayyom ijodida biz odamdan ham, olamdan ham ustun turadigan — dunyoni qamrab oladigan shafqatsiz falsafaga duch kelamiz. Lekin farang faylasufi Laroshfuko: «Falsafa o‘tmish va kelajak kulfatlari ustidan tantana qiladi, lekin bugunning qayg‘usi falsafa ustidan tantana qiladi», — degani kabi Umar Xayyom ruboiylari ham buyuk mutafakkirning falsafiy mezonlariga bo‘ysunmagan, ularni yorib chiqqan zalvorli fikrlar po‘rtanasi, beorom qalbiga sig‘magan otashin tuyg‘ular silsilasidir. Agar shunday bo‘lmaganda, Xayyomning isyonkor she’riyati ham dunyoga kelmas edi.
Buyuk olim, astronom Umar Xayyom 1122 yili Nishopurda vafot etadi.
***
Afsus, umr behuda bo‘lmishdir barbod,
Bo‘lmadim haromdan bir nafas ozod,
Buyurganin qilmay yuzim qarodir.
Amringdan tashqari ishlaringdan dod!
***
Dunyoning tilagi, samari ham biz,
Aql ko‘zin qorasi — javhari ham biz.
To‘garak jahonni uzuk deb bilsak,
Shaksiz uning ko‘zi — gavhari ham biz.
***
Sen-mendan oldin ham tun-kun bor edi,
Aylanga falak ham butun bor edi.
Tuproqqa avaylab qadamingni qo‘y,
Bu tuproq qora ko‘z bir nigor edi.
Bizlar bo‘lmasak ham jahon bo‘lg‘usi,
Bizlardan na nomu nishon bo‘lg‘usi,
Avval-ku yo‘q edik, yetmovdi halal
Yana bo‘lmasak ham, hamon bo‘lg‘usi.
***
Bu yerning yuzida har zarraki bor,
Bir zamon bo‘lmishdi oy yuzli dildor.
Nozaninlar yuzin gardin asta art
Go‘zal chehra edi bir vaqt bu g‘ubor.
***
Dilim ilmlardan mahrum bo‘lmabdi.
Bir sir qolmabdiki mavhum bo‘lmabdi.
Tunu kun o‘yladim yetmish ikki yil.
Ongladim — hech narsa ma’lum bo‘lmabdi.
***
Sening maftuningman berayin xabar,
Uni ikki so‘zla etay muxtasar:
Ishqing tuproq qilgay, ammo mehringdan
Boshimni ko‘tarib bo‘lgum jilvagar.
***
Keksa, yosh — hayotga har kimki yetar —
Hammasi izma-iz birma-bir o‘tar.
Bu dunyo hech kimga qolmas abady,
Keldilar, ketamiz, kelishar, ketar.
***
Yuragim qonidan yuz xona vayron,
Uvvos tortuvimdan qo‘rqinch yuz chandon,
Har bir kiprigimda qon daryosi bor,
Kipriklar yumulsa boshlanur to‘fon.
***
Afsuski yigitlik mavsumi bitdi,
Ko‘klam o‘tib ketdi, qish kelib yetdi,
Yoshlik deb atalgan u sevinch qushi
Bilmadim, qachonlar keldi-yu ketdi.
***
Bu ko‘p eski ravot, olam unga nom, —
Tun-kun tulporiga bor bunda orom.
Bu eski bazm yuzlab Jamshiddan qoldi,
Bu go‘rda yotadi yuz-yuzlab Bahrom.
***
Yo‘qlikdan pok kelib, nopok bo‘ldik biz,
Sho‘xu quvnoq kelib, g‘amnok bo‘ldik biz.
Ko‘zimiz to‘la yosh yurakda olov,
Umr yelga ketdi, ham hok bo‘ldik biz.
***
Bir g‘arib ko‘nglini qila olsang shod —
Yaxshidir yer yuzin qilgandan obod —
Lutfing-la bir dilni qul qila olsang,
Afzaldir yuz qulni qilmoqdan ozod.
***
Nokasdan sir berkit, dilingno bog‘la,
Ablahdan yashirin bo‘lmoqni chog‘la,
Kishilar joniga o‘z qilimishing ko‘r,
Sen ham shunga ko‘z tut, shuni so‘roqla.
***
Bu kun kelar ekan, qo‘lingdan, zinhor,
azizlar xotirin shod et, ey dildor.
Husning saltanati turmas abadiy,
To‘satdan qo‘lingdan ketishi ham bor.
***
Mol-dunyo hasrati qilmasin afgor,
Mangu yashar kishi qani, qayda bor?
Bir necha nafasing tanda omonat,
Omonatga omonat bo‘lmoqlik darkor.
***
Ahil bo‘lsa olov ichra ham inson,
Ahil kishilarga olov ham oson.
Noahil kishilar suhbatidan qoch,
Noahil suhbati yomondan yomon.
***
O‘zni dono bilgan uch-to‘rtta nodon
Eshak tabiatin qilur namoyon.
Bular suhbatida sen ham eshak bo‘l,
Bo‘lmasa “kofir” deb qilishar e’lon.
***
Bir so‘ngakka sordek qanoat qilg‘on,
Afzaldir nokasga bo‘lgandan mehmon.
Nokasning shinnilik nonidan yaxshi
O‘zing topib yegan burda arpa non.
***
Misoli bir oltin ko‘za bu dnyo
Suvi goho shirin, achchiqdir goho,
Shuncha umrim bor deb kerilma aslo.
Egarloqdir ajal oti doimo.
***
Meni halok etmish g‘amu hijroning,
Etagingni tutdim ketgan zamoning.
Ketding-u g‘amingdan ming ko‘ngil o‘ldi,
Qaytding, yana ming jon bo‘ldi qurboning.
***
Tokay pastlar xizmatin etasan bajo,
Har yemishga pashshadek qilma jon fido,
Bir nonni ikki kun ye, tortma minnat,
O‘zga nondan o‘z dil qoning ko‘p avlo.
***
G‘ayrating sarf etsang kiymoq, ichmoqqa,
Arziydi bu ishni ma’zur tutmoqqa.
Hushyor bo‘l, qolganin bari arzimas
Umringni sarf etib, o‘tib ketmoqqa.
***
Bir qo‘lda Qur’onu bittasida jom,
Ba’zida halolmiz, ba’zida harom,
Feruza gumbazli osmon ostida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom.
***
Biror kishi chiqib har zamon, mana Men, deydi,
Molu siymu zari bor chunon, mana Men, deydi.
Ishi rivoj topib turganda, bir kuni ajal,
Pistirmadan chiqib nogahon, mana, men deydi.
***
Kelolmagach qaytib ushbu olamga,
Qo‘rqamen, yetmasmiz yoru hamdamga.
Bu damni g‘animat hisob etaylik,
Balki yetolmasmiz hatto shu damga.
***
Jonimiz bu tanni tark etib ketar,
Ikki g‘isht go‘rimiz ko‘zin berkitar,
Keyin boshqa go‘rga g‘isht qo‘ymoq uchun,
Bizning tuproqlarni ezib loy etar.
***
Kelolmagach qaytib ushbu olamga,
Qo‘rqamen, yetmasmiz yoru hamdamga.
Bu damni g‘animat hisob etaylik,
Balki yetolmasmiz hatto shu damga.
***
Dilim bo‘lgan edi bitta yorga zor,
U o‘zga bir yerda g‘amga giriftor.
Men undan o‘zumga doru izlasam,
Netay, tabibimning o‘zi ham bemor.
***
O‘lik-tirik ishin tuzatkuvchisen,
Tarqoq koinotni kuzatkuvchisen,
Yomon bo‘lsam hamki, sening bandangman,
Men nima ham qilay? Yaratguvchi – Sen!
***
Tinglang bu abadiy sado bo‘ladi,
Gadoning dushmani gado bo‘ladi,
Ikkisi bir-birin topishguncha to,
O‘rtada bu dunyo ado bo‘ladi.
***
Kulol do‘koniga tashladi nazar,
Ikki mingcha ko‘za jim suhbat qurar:
— Qaysimiz sotuvchi, — dedi bir ko‘za, —
Qaysimiz oluvchi, qani ko‘zagar.
***
Bozorda bir kulol ko‘rsatib hunar,
Bir bo‘lak xom loyni tepib pishitar,
Loy ingrab aytadi: Hoy, sekinroq tep,
Men ham kulol edim, sendek, birodar.
***
Ketishdan qo‘rqmayman men bu dunyoda,
Chunki u dunyoda umrim ziyoda.
Vaqti yetgach tanda omonat jonni
Topshirayin shunday bo‘lgach iroda.
***
Jahon g‘amin yema do‘stim behuda,
G‘am yemagil jahon tirriqdir juda,
Bori o‘tib ketdi, yo‘g‘i hali yo‘q,
Bor-yo‘qni g‘am qilmay yasha osuda.
***
Shuhrat topsang, kishilar hasadi yomon,
Yolg‘iz qolsang sendan qilishar gumon.
Xizr bo‘lsang hamki hech kimni bilma,
Seni ham bilmasin mayli biron jon.
***
So‘zimga quloq os, ey do‘sti a’lo,
Dunyo ishlarini o‘ylama aslo.
Qanoat go‘shasin aylabon makon,
Olam ishlarini qilg‘il tamosho.
***
Umrim qiymoqdadir, dardim be iloj,
Rohat qisqa, zahmat topmoqda rivoj.
Xudoga ming bora shukrki, balo
Va kulfatga meni etmadi muhtoj.
***
Baxtingdan obodlik shoxi unsa ham,
Hayoting libosi bo‘lsa-da, hurram.
Tanang chodiriga suyanma ko‘pam,
To‘rttala qozig‘i sustdir, ey odam.
***
Qayda kamol topding, jononam o‘zing,
Oyni uyaltirar tunda yulduzing.
Bazm uchun yuzlarim bezar go‘zallar,
Jahon bazmin bezar bir sening yuzing.
***
Agar mulking Misr, yo Rum yoki Chin,
Yo hukmingda butun yer yuzin tutgin,
Oxir bu boylikdan olar hissang, bil:
O‘n gaz kafan bilan ikki gaz zamin.
***
O‘zgartirib bo‘lmas ne bitmish qalam,
Faqat dil xun bo‘lur tortaversang g‘am,
Butun umr jigar qonin yutsang ham,
Umring uzaytirib bo‘lmas biror dam.
***
Olma sardaftari ishqning imlosi,
Yoshlik qasidasin jilva ziyosi.
Ey, ishq olamidan xabarsiz, bilg‘il,
Ishq emasmi asli hayot ma’nosi.
***
Kimsani ranjitma, ranjitma hayhot,
G‘azabing birovga sochmagil, ey zot.
O‘zing ranj cheku, hech kimni ranjitma,
Rohat desang agar o‘zing g‘amga bot.
***
Muhabbat o‘tida yonmasa ko‘ngil,
Holiga voy degil bemoru zahil.
Muhabbatsiz o‘tgan har bi kuning, bil:
Umringdan behuda ketmish behosil.
***
Bir burchakda qotgan nonga qanoat,
Istamadim undan ortiq hashamat.
Jonu dildan harid etdim faqirlik,
Faqirlikdan ortiq ko‘rmadim davlat.
***
Poku, ahil, oqil kishiga o‘rtqo —
Bo‘lu noahildan qochaver yiroq.
Dono senga zahar tutsa ham ichgil,
Qo‘l cho‘zmagil sharbat tutsa ham ahmoq.
***
Dardga chalinmish bu dili vayronam,
Ishqdan uyg‘onmadi sarmast jononam,
Oshiqlik sharobin berganlari kun
Jigarim qoni-la, to‘ldi paymonam.
***
Hikmat chodirini tikladi Xayyom,
Andux ko‘rasida yondi ul nokom.
Umr ipin kesdi ajal qaychisi,
Xizmatiga oxir shul erdi in’om.