Vatan, yurt haqida she’rlar

DO`STLARGA ULASHING:

O’ZBEKISTONIM, SENGA

Aylayin qalbimni tortiq nurli bo‘stonim, senga,
Sen vatandirsan, fidodir tanda bu jonim senga.

Bebahosan, asragayman gavharim, deb men seni,
Sen qarog‘ bo‘lsang agarda, sadqa mujgonim senga.

Sendan ayru dam uzundir, lahzalar ham yilga teng,
Bir umrga lek barobardir kerak onim senga.

Har bir ahling bitta yulduz, kavkabistonim o‘zing,
To hayotdirman, charog‘im, shu’layi shonim senga.

Yoru do‘stlar jam bo‘libdir, to‘y qilur o‘zbek elim,
Men degayman xush kelibsan, do‘stu mehmonim, senga.

Xizmatingga shay erurman, mehnatingda ham o‘zim,
Baxtiyorman, sarf etolsam borki imkonim senga.

Dilda borim sen uchundir, qo‘lda torim sen uchun,
Qayda bo‘lsam talpinurman, O’zbekistonim, senga.
1993

Abdulla Oripov

VATAN

Agar do‘stlar erur sodiq bir-birin qiyratib bo‘lmas,
Agar qilg‘il necha fitna alarni ayratib bo‘lmas.
Demishlar: moru qushni bir qafasda asratib bo‘lmas,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Vatan deb men bayon qildim, ayo do‘stlar, muxammasni,
Vatanni kim ulug‘ bildi, aziz bildim men ul kasni.
Vatan deb jo‘sh urar ersa ko‘targum boshima xasni,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Nadomat birla boqg‘ayman vatansizlarga har doim,
Egib boshini zor yig‘lar, agarchi davlati qoyim,
Faqir bo‘lsam-da bor yurtim — toju taxtim, borar joyim.
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Bobolar kechmishin hargiz faromush aylamang, do‘stlar,
Haqiqat tongi otganda ani tush aylamang, do‘stlar,
Agar kim e’tiqodsizdur, ani xush aylamang, do‘stlar,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Diyorim O’zbekistondur, ki andin iftixorim bor,
Demakkim, hur adolatlig‘, davlati barqarorim bor,
Onamdek mehribon, munis Vatan bor, g‘amguzorim bor,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Vatan, sen hur, yo‘ling shonli, qadamni tashlagin shaxdam,
Faxr-la boqg‘ay Abdullo, ko‘zida shodligidan nam
Panohingni tilab Haqdin dilida iltijo har dam,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.
1994

Abdulla Oripov

UMMON ORTIDAGI MAKONIM
(Vashingtonda O’zbekiston elchixonasining yangi binosi ochilishi munosabati bilan yozilgan she’r)

Keng jahon bir qadam bo‘ldi men uchun,
Menga ham ochildi olam darchasi.
Yiroq Amriqoda taft sochar bu kun.
O’zbek quyoshining olov parchasi.

Ochildi men uchun tor osmon bekam,
Kezdim yuksaklikning cho‘ng darg‘asini.
O’zbekning lochini ozod va ko‘rkam,
Qurdi bu yerda ham qo‘nalg‘asini.

Nechun xushnud bo‘lmay, dilimni yormay,
Ummon ortida ham bordir makonim.
Dunyoning qaysi bir burchiga bormay,
O’zing boshpana bo‘l, O’zbekistonim!

Vashington shahri, 1996 yil 25 iyun

Abdulla Oripov

O’ZBEK QOMUSI

Men bechora bir odamman,
Ertangi kunim,
Ne bo‘lishin bilmaydigan ojiz bandaman.
Yeru osmon o‘rtasida topmagan qo‘nim,
Botinimda botmon toshu zohir xandaman.

Yolg‘izlikning rutubatli ko‘chalarida,
Ne-ne oltin fasllarim o‘tdi junjikib.
She’riyatning tund qorong‘u ko‘chalarida
Yiroq-yiroq yulduzlarga boqdim entikib.

Ig‘vo, hasad, fitna bilan to‘lgan bu hayot,
Har onimda mingta etdi bir hasratimni.
Xira tuman orasida butkul koinot,
G‘ira-shira ilg‘ar edim mamlakatimni.

Eslar edim Buxoriyni, Yassaviyni ham,
Ha, ha, ayri tushmagandi xotirotimdan,
Faqat ular chalinardi ko‘zimga mubham,
Lekin sira ketmas edi xayolotimdan.

Ham Temurbek, ham Ulug‘bek, Alisher, Bobur,
Sizlar tuzgan ul saltanat — Saltanat bo‘ldi.
Ulug‘ tarix Turkistonga cho‘ng guvoh erur,
Davlat edik, davlat edik, u davlat bo‘ldi!

Emukdoshim, ay, qardoshim, quloq tut menga,
Ushbu ko‘hna kahkashonda mag‘rur tutgin bosh.
Sen zaminga loyiqdirsan, zamin ham senga,
Senikidir endi bu yer, seniki quyosh.

Qo‘lingda erk, boshda yalov, tilingda surud,
Vataning bor, bola-bog‘chang, or-nomusing bor.
O’zbekiston deb atalgan muqaddas hudud,
O’z Davlating, Mamlakating, o‘z Qomusing bor.
1992

Abdulla Oripov

TURKISTON BOLALARIGA
(Mustaqilligimizning bir yilligi munosabati bilan)

Turkistonning bolalari, maqtovimga quloq tutmang,
Gina qilsam chidang, ammo gaplarimni hech unutmang.

Eng avvalo, shajarangiz qaydan chiqqan, bilib oling,
Siz ham bashar farzandisiz, Haqni bayroq qilib oling.

Men Temurdan so‘zlayinmi, so‘zlayinmi Navoiydan,
Barchasini o‘qigansiz, eshitgansiz yo roviydan.

Tarixingiz shundoq uzoq, jangu jadal desa ham bor,
Bosqin ham bor, toshqin ham bor, kasbu amal desa ham bor.

Bobur bo‘lib so‘radingiz qo‘ni-qo‘shni dunyolarni,
Mashrab bo‘lib kezdingiz goh qashqir yurmas sahrolarni.

O’t ketsin u qora kunga — birovlarga qul bo‘ldingiz,
Sharqu G‘arbning o‘rtasida oyoqosti yo‘l bo‘ldingiz.

Biroq iymon nuri doim oqib turgan qoningizda,
O’zingiz ham sezmagansiz, bir gavhar bor joningizda.

Ming-ming shukr, zamon kelib istiqbolga erishdingiz,
Xarob bo‘lgan xonadonni butlamoqqa kirishdingiz.

Hurlikniyu saodatni muborakbod etgum, lekin
Aytib qo‘yay, qulog‘ingiz bitgan ekan sekin-sekin.

Nazaringiz tushar avval zebi-ziynat dasturxonga,
Hanuz ta’zim qilmoqdasiz mol-dunyosi bor insonga.

Bo‘y-bastini ko‘rsatguvchi urfoni zo‘r millat qani,
Sizning uchun obro‘ — oltin, arzongarov shuhrat — ma’ni.

Yuragida javhari bor kimsalarni ko‘rmagaysiz,
Karnayi yo‘q bechoraning to‘yiga yo‘l burmagaysiz.

Har qadamga xushomadni o‘z o‘rniga qo‘yolsaydim,
Peshvolarning poylariga haftada qo‘y so‘yolsaydim,

Bo‘lmas edi mendan ulug‘, mendan aziz biror inson,
Oh, xalqimni ne ko‘ylarga solding zamon, solding zamon.

Turkistonning bog‘larida bulbullari bor, holbuki,
Xor bo‘lsa ham tog‘day baland ko‘ngillari bor, holbuki.

Birov u yon tortar bo‘lsa, birov bu yon tortayotir,
Qonsiragan jallodlarning shodliklari ortayotir.

Bilib bo‘lmas rost gap qayda, bilib bo‘lmas qayda yolg‘on,
Malomatga yo‘liqadi, elga: «œBirlash» degan inson.

Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
«œPuf» deganda to‘zg‘igudek mo‘’jazgina lolalari.

Chinor bo‘lib ildiz oting, qoya bo‘lib tiklangiz qad,
Ulug‘-ulug‘ ajdodlarning xavotiri Sizdan behad.

Soyangizda panoh topsin horib tolgan qondoshingiz,
Unutmangki, bul chamanda har bir yaproq jondoshingiz.

To‘qayzori bo‘lmasa gar sheru arslon qaydan unar,
Bir manzili bor ekanki, burgutlar ham kelib qo‘nar.

Oldindadir hali zahmat, oldindadir imkoningiz,
Osilmagan ne-ne Mashrab, otilmagan Cho‘lponingiz.

O’tinch ila hasratimni nasihat deb yuzga solmang,
Xudo insof bergan kuni barmog‘ingiz tishlab qolmang.

Muruvvatu ma’rifatdir buyuklikning nishonasi,
Qadam qo‘ying, mana sizga dong‘il yo‘lning ostonasi.

Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
«œPuf» deganda to‘zg‘igudek mo‘’jazgina lolalari…
1992

Abdulla Oripov

O’ZBEKISTON DAVLATI

O’zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi chinakam,
Ushbu kunni, ayting-chi, qay birimiz kutmadik.
Zarur bo‘lgan chog‘da goh dor tagida turib ham,
Qay birimiz tarixning sinovidan o‘tmadik.
Dong‘il safarga chiqdi endi hur O’zbekiston,
Kimgadir oyoqosti, kimga u osmon bo‘ldi.
Shukrkim, o‘z-o‘zini tanidi keksa jahon,
Ya’ni o‘zbek Davlatin jumlai jahon bildi.

Ne-ne kamsituvlarni ko‘rgan shu boshim bilan,
Ona xalqim, qoshingda tizza bukib turibman.
O’zbekcha gapirganda, bir chuqum oshim bilan
Sadaqai baxting deb borim to‘kib turibman.

Garchi doim ungandir gulchechaklar bog‘imda,
Temur va Navoiyni eslaymiz takror-takror.
Men-ku uzoq yasharman, lekin ketar chog‘imda
Tepamda egilajak o‘z tug‘im — bayrog‘im bor!

Nasib etmish bu kunlar, taralsin yangroq unlar,
Do‘stlar bilar yonma-yon qutlaylik bu ayyomni.
Iloyo, boshimizga kelmasin qaro kunlar,
O’zbegim, deb ko‘taring, do‘stlarim, oltin jomni.
1992 yil, 4 mart

Abdulla Oripov

ERK HAQQI

Qadimiy bobo yurtim,
Qutlug‘ bo‘lsin yaloving,
O’ylay-o‘ylay tashlagan
Qadam muborak bo‘lsin.
Tag‘in gurillab yongay
O’chmagan qalb oloving,
Erk haqqiga ichilgan
Qasam muborak bo‘lsin.
Kimsaga yomonlikni
Ko‘rmagansan hech ravo,
Lekin shum qutqulardan
Chiqmadi sho‘rlik boshing,
Endi seni qo‘llasin
Zafar o‘zi doimo,
Safaring bexataru
Xizr bo‘lsin yo‘ldoshing.
1991

Abdulla Oripov

VATANIM

Men dunyoni nima qildim,
O`zing yorug` jahonim,
O`zim xoqon,
O`zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg`izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, Vatanim…

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o`zing mehri –
Ilig`imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko`ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog`i ochilmagan
Qo`rig`imsan, Vatanim.

Sen Ho`jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig`i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko`rgan cho`pon
Cho`lig`imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Qurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig` deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to`qson olti
Urug`imsan, Vatanim…

O`g`lim desang osmonlarga
G`irot bo`lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo`lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug`beging quchgayman,
G`ichir-g`ichir tishimdagi
So`lig`imsan, Vatanim…

O`tgan kuning – o`tgan kundir,
O`z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo`lin bog`lab,
Dilin dog`lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug`imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig`lagan bir
Shoiringga qarab qo`y,
Gar Qo`qonga yo`ling tushsa,
Detdomlarni so`rab qo`y.
Hech bo`lmasa Usmon hokin
Keltirmoqqa yarab qo`y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug`imsan, Vatanim…

Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O`glim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo`ynimdagi iftixorim,
Bo`ynimdagi tumorim,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, VATANIM !

Muhammad Yusuf

VATAN

Sen agar bug‘doy boshoq bo‘lsang somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon bo‘lsin, tovoningman, Vatan.

Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.

Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
To sahar gulxan yoqib chiqqan cho‘poningman, Vatan.

Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
Haq so‘zin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.

Bo‘lmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
Qatl etib o‘ldirsa xam o‘lmas omoningman, Vatan.

Yurtda Vulqon cho‘qqidek boshim bulutlardan baland,
Yov uchun mangu o‘tib bo‘lmas dovoningman, Vatan!

Xoldor Vulqon

VATAN

Seni desam yuragimda
ochilar gullar,
Yomg’ir bo’lib samolardan
sochilar gullar,
Sahrolardan, daryolardan
sochilar gullar,
Yuragimning gulisan sen,
gullagan Vatan!

Isming aytib uyg’onadi
chuchuk jilg’alar,
Sunbulalar tonglaringdan
taqar sirg’alar,
Kiprigimda yog’dularing
solar jilvalar,
Tilagimning gulisan sen,
gullagan Vatan!

Xushbo’y-xushbo’y olmalarda
jannat havosi,
Tog’laringning bag’rida ming
dardning davosi,
Shudir, axir, bir insonning
umr safosi,
Yuragimning gulisan sen,
gullagan Vatan!

Hovuch-hovuch, zilol-zilol
suvingdan ichdim,
Mehring qanot bo’ldi, moviy
ko’klarda uchdim,
Yana qaytib senga keldim,
tuprog’ing quchdim,
Tilagimning gulisan sen,
gullagan Vatan!

… Yuragimning gulisan sen,
gullagan Vatan!

Iqbol Mirzo

TAVALLO

Oq yo`rgakka o`ragansan o`zing bizni,
Ham oq yuvib-taragansan o`zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo`lib,
Kunimizga yaragansan o`zing bizni.
Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!..

Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga,
Alpomishlar ruhi yor har o`g`loningga.
Asragaymiz giyohing ham gulday o`pib,
Yovlar yaqin yo`lolmagay qo`rg`oningga.
Adoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston.

Tuzing totib, unutganlar xor bo`ladi,
Ko`zlariga ikki dunyo tor bo`ladi.
Shodon daming ko`rolmagan yurtfurushlar
Bir kun bir kaft qumlog`ingga zor bo`ladi.
Yoningda turgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!..

Gul ko`ringan dashtingdagi giyoh-xasdir,
Soddadilu ulug`vorlik senga xosdir.
Sevamizki, cho`llaring ham bizga jannat,
Tuprog`ing ham Makka misol muqaddasdir.
Onadek ko`rgaymiz seni, O`zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!

Muhammad Yusuf

MENI OLIB KETING

Tinch edi hamma yoq, tinch edi har yon,
Titradi go‘yoki yer bilan osmon.
Boshimga xastalik tushdi nogahon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Issiq jon, deydilar, jon bo‘lsa bo‘lar,
Payt kelsa chechak ham sarg‘ayar, so‘lar.
Kim bilgay paymonang qay yerda to‘lar,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Ginam bor bu yurtning na havosidan,
Mehribon doktorning na davosidan.
Qaytarmang xastani muddaosidan,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Sha’nimga g‘ayurlar bir so‘z demasin,
Har kim o‘zi tortar umr kemasin.
Hech kimni mushtoqlik dardi yemasin,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Talpingan diyorim, u — O’zbekiston!
Sehrini aytishga bormi hech imkon!
Yo‘q, o‘zga yurtlarda berolmasman jon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.
1981, Moskva

Abdulla Oripov

INJU DIYOR UCHUN

Qutlug‘ davralarda jam bo‘lgan mahal,
Do‘stlarga baxt tilash azaliy odat.
Keladigan bu yil tinch bo‘lsin avval,
Baxsh etsin har kimga oliy saodat.

Yoshlik — bu karvonning erka noridir,
Daryoday toshqindir, jilg‘a kabi sof.
Yoshlik — kelajakning xaloskoridir,
Sira tark etmasin yoshlikni insof.

Mo‘’tabar onalar — xonamiz ko‘rki,
Otalar hayotdir — yorug‘dir jahon.
Tiriklik nomiga bir o‘tinch shulki,
O’rtaga tushmasin bemahal hijron.

Inju diyorimiz ko‘z bo‘lsa agar,
Mudom omon bo‘lsin to‘garak zamin.
Boshimiz silagan shu xalq mo‘’tabar,
Daf’atan chekmasin farzandlar dog‘in.

Yangi yil sha’niga aytmoqdamiz so‘z,
Balki o‘tib ketar bir zum bu farah.
Xalqimning mehnatin aylagin ko‘z-ko‘z
Million chanoqlarda ko‘pirgan qadah.
1983 yil, noyabr

Abdulla Oripov

O’ZBEKISTON BAYROG‘I

Har qanday lashkarning ham
O’z tug‘i, yalovi bor,
Sen qaysi saltanatdan,
Sen qaysi davlatdan kam.
Qo‘rg‘onlar qatorida
Bir qo‘rg‘onsan ustuvor,
Vallamat, tug‘dor yurtim,
Muhtasham Respublikam.

O’ylayman, ha, olamda
Nisbiy erur ko‘p holat,
Zamona g‘alviridan
Har narsa o‘taverar.
Tarix uchun va lekin
Kim ham bergay kafolat,
Yakka inson bir yo‘lchi:
Kelaru ketaberar.

Qadim-qadim zamonda
Yunonlik haykaltarosh,
Bir san’at yaratibdi,
Maqsadi — bir burda non.
Haykal esa asrlar
Sinoviga bermish dosh,
Bugun uni ko‘klarga
Ko‘tarar butkul jahon.

Ko‘zni kattaroq ochib
Boqsang bu muammoga,
Alam qilgulik qadar
Kam yashar inson zoti,
Faqatgina xalq sohib
Bardavom bu dunyoga,
Asragay har kas nomin
Faqat xalqning hayoti.

Sanasang hodisot mo‘l
O’zbekning tarixida,
Har biriga bir noma
Yoki doston bitgulik.
Ne zotlar oqmagan bu
Asrlar arig‘ida,
Har biri bitta xalqning
G‘ururiga yetgulik.

Barchaga ayon erur
Men aytgan ushbu gaplar,
To hanuz asablarni
Ezg‘ilar bu shum o‘tmish.
Moziyga o‘qtin-o‘qtin
Sochsak hamki g‘azablar,
Lekin ayting, o‘zbekning
Qo‘lidan kim ham tutmish?

Bir kuni yovqur shoir
Ya’ni Turdi Farg‘oniy,
Bo‘ltak bo‘lgan bu xalqqa
Birlash deb qildi xitob.
Bejavob qolaberdi
Uning dardli so‘rog‘i,
O’sha-o‘sha zamin kar,
O’sha-o‘sha gung oftob.

Bugun zimdan nazar sol
Sen mana bu bayroqqa,
Mayliga bir daqiqa
Unutgin turfa kekni.
Shu bayroq nomimizni
Eltdi yiroq-yiroqqa,
Shu bayroq birlashtirdi
Parokanda o‘zbekni.
1984

Abdulla Oripov

Оставьте комментарий