Mirzo Ulug‘bekning rasadin toqi, Yurgan yo‘limizga nurlar to‘shasin, Vatan deb jon bergan har botir xoki Dilda nafas olsin, dilda yashasin.
Vatan – yurakdagi quvonch, qayg‘u, shasht, Uni tirik saqlar yurakdagi sas. Vatan – bamisoli quyoshga o‘xshash, Vatan ham odamdek oladi nafas.
MUQADDAS SO‘ZIM: VATANDIR
Ko‘ngil kimni sevsa, u ko‘zda turar,
Necha boqmasin ko‘z, yana orzular.
Dil orzu-tilagi nima bo‘lsa gar
Og‘iz so‘zga ochgach u tilga chiqar. Yusuf Xos Hojib. Qutadg‘u bilik. XI asr.
Bu ko‘ngil Vatan der, ko‘zimda Vatan, Necha boqmasin ko‘z, yana Vatan der. Qalbimning eng chuqur yerida yotgan Muqaddas, muqaddam so‘zim Vatandir.
Boqurman tegramda yashnaydi o‘lkam, Boqurman tegramda kuylaydi bahor. Va quyosh kezadi samoda ulkan, Uning qo‘shig‘ida oliy tilak bor.
Bu quyosh bor ekan tirikdirman men, Bu ko‘ngil entikib yana Vatan der. Qalbimning eng chuqur yerida yotgan Eng qutlug‘, yagona so‘zim Vatandir.
JONIM ICHRA JONIMDURSAN
Bu dunyoda jannatmonand yerlar bisyor, Bu dunyoda oqu qaro ellar bisyor, Ammo yo‘qdir bu dunyoda sendek diyor, Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
Tuprog‘ingda ajdodlarim izi qolgan, Bobolarim terlarining tuzi qolgan, Har gardida momolarim ko‘zi qolgan Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
O‘zbek elim, nuri diydam, qarog‘imsan, O‘zbek elim, osmonimu tuprog‘imsan, Ham quvonchim, ham baxtimu firog‘imsan, Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
Beshigingda allalading dunyolarni, Dunyo ochgan necha–necha daholarni, Bolam deding yuraklari adolarni, Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
Sohibqiron qo‘llarida qalqon bo‘lding, Ulug‘bekning nigohida osmon bo‘lding, Mirzo Bobur yuragida armon bo‘lding, Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
Qo‘li qadoq dehqon elim, sulton elim, Ko‘ksi yurtga doim balogardon elim, O‘z yurtiga sohibqiron hoqon elim, Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
VATAN DЕVORLARI
Bu devorlar – bizning yelkamiz, Bu devorlar – oyoqlarimiz. Yelkamizda ona o‘lkamiz – Kuyu bayot, qir, bog‘larimiz.
So‘zimizdir – devorda har tosh, Ko‘zimizdir – toshdagi bo‘yoq. Izimizdir – yurtdagi har bir Qal’a, qasr, madrasa, chortoq.
Minoralar – qaddimiz bizning, Sardobalar – bizning ko‘z yoshlar. Bitik toshdir har biri, o‘qing, Poydevorga taxlangan toshlar.
Bo‘lmaganda gar Shoxizinda, Yo Xivaning Kalta minori – Yurak degan qutlug‘ zaminda Yuksalmasdi G‘urur chinori.
Bo‘lmaganda Go‘ri Amirning Toshlariga bitilgan ko‘klam – Hayratlanib qoshida sirning, Viqor bilan to‘lmasdi ko‘krak.
Yurmas edik bunchalar tetik, Bo‘lmas edi tanda ruh obod. Bor bo‘lardi yurakda kemtik – Bo‘lmaganda oddiy Ruhobod.
Imom Buxori-yu Shohi Naqshband Imom Termizi-yu, Najmiddin Kubro — Bobolarning ravshan imoni Yuraklarga beradi oro.
Biz ularni bilmasak agar Porlamasdi buncha ko‘zimiz. Osmonlarni titratmas edi She’r aytganda sas, ovozimiz.
Ona deymiz Vatanni!
Vatan – Shu Registon, shu Ichanqal’a. Bolalikdan ular bizlarning Boshimizda aytmishlar alla.
Vatandir – yer ostidan birdan, Qadim qo‘shiq parchasi kabi, Sellar o‘tib, ko‘zga tashlangan Bitik toshlar – bobolar qalbi.
Qal’alarning ko‘ksiga botgan O‘qlar izi – yarasiga boq! Ular – dilda og‘riq uyg‘otgan Bujur yara, iztirob, ingroq.
Ularni sen o‘yilgan ko‘z deb O‘ylamagin – ko‘radi ular. Ular yashar dunyoda biz deb, Qadamimiz tuzatib turar.
Ular qaddi bukilsa agar, Yelkamizni tutaylik darrov. Qulayotgan minor oldidan Befarq o‘tgan ajnabiymas, yov!
Zilzilani kutgan asbobdek Sergak bo‘lsin doimo yurak. Aldamasin xuddi sarobdek Aldoqchi his, o‘tkinchi ermak.
Yelkalarni tutaylik, toki Qudrat bilan to‘lsin yelkamiz. Yelkamizda ko‘zimiz oqu Qorasi – yurt, ona o‘lkamiz.
Yelkalarni tuting… Devorlar Cho‘kib borar – Vaqt qilmas shafqat. Qulaganda… Qulaydi ular Bolalarning ustiga faqat.
1981
VАTАN HАQIDА SHE’R
Dunyo kezib goʼzal-goʼzal yurtlar koʼrdim, Jannatmonand oʼlkalarda hayron yurdim, Аmmo, sendek yuragimga aziz boʼlgan Biror yurtni topolmadim, ona yurtim!
Men noningdan shirinroq non topolmadim, Men nomingdan azizroq nom topolmadim, Shoningdan ham yuksakroq topolmadim, Tarixlarda nomi yuksak, ona yurtim!
Xoru xasing azizroqdir javharlardan, Tuprogʼingning gardi laziz gavharlardan, «Dunyo koʼrki menman» degan shaharlardan Siqimgina xoking aziz, ona yurtim!
Istiqloling muʼtabardir onamdayin, Bamisoli onam aytgan alladayin, Аjdodlarim qoni tomgan daladayin, Muqaddassan, mukarramsan, ona yurtim!