Yangi yil haqida ertak

DO`STLARGA ULASHING:

Sehrli o‘yinchoq
Gulmira  Kamilova
Yangi yil kelishiga bir haftagina qolgan edi. Samira tun bo‘yi bu galgi Yangi yilni qanday kutish, unda nimalarni so‘rab niyat qilishini o‘ylab yotdi. U Yangi yildan birinchi marta mo‘jiza kutayotgani yo‘q. O‘tgan yili u o‘zining bemor yotgan yolg‘izgina buvisining boshqa hech qachon kasal bo‘lmasligini tilagan edi. Bu istak amalga oshdi va Salomat buvi tez orada sog‘ayib ketdi. Samira buvisi haqida ko‘p qayg‘urardi, sababi uning ota-onasi bevaqt olamdan o‘tgan. Agar Salomat buvi bo‘lmaganida, uning yolg‘izlanib qolishi aniq edi.
Maktabda Samiraning do‘stlari unchalik ko‘p emasdi. Tengdoshlari uning fikr va o‘ylariga unchalik qo‘shilmasdi. Ba’zan uning ustidan kular va hazillashishar, «xayolparast» deya jig‘iga tegishardi. Samira aslida juda mehribon qiz edi — o‘z inidan tushib ketgan polaponlarni, egasiz mushukchalarni uyiga olib kelar, ularni mehr bilan parvarishlardi. Daraxtning singan shoxlarini ko‘rsa, tezda ro‘molchasi bilan bog‘lab qo‘yardi. Maktabda esa navbatchining o‘rniga doskani artib, gullarga suv quyib ketaverardi.
— Senga nima zaril, yaxshisi yur, arg‘imchoq uchgani yoki muzqaymoq yegani boramiz. Buning uchun senga hech kim rahmat aytmaydi-ku! — deyishardi ba’zan sinfdoshlari.
Ammo Samira dugonalarining so‘zlariga e’tibor bermas, xafa bo‘lib, kek ham saqlamasdi. Bir necha kun o‘tgach, ularning gaplarini butunlay yodidan chiqarib yuborardi.
Uning buvisi bilan sevimli mashg‘uloti — ermagi bor edi. Ular birgalikda xona gullarini o‘stirishni yaxshi ko‘rishardi. Uyida doim bahor nafasi kelib turadigan kichkina yashil burchak bor edi. Yaqinda Samiraga yana bir yangi ermak topildi: u har xil buyum va qog‘ozdan o‘yinchoq yasashni o‘rgatuvchi to‘garakka a’zo bo‘ldi. Bu to‘garakda unga ayniqsa, yaltiroq qog‘oz parchalaridan yangi yil o‘yinchoqlarini yasash yoqib qoldi. Ularning uyida archa yo‘qligi uchun buvisi bilan hovlida o‘sadigan kichkina archaga o‘xshash daraxtni bezatishi bunga sabab bo‘ldi. Daraxt bir yil ichida yaxshigina o‘sardi, lekin bolalarning sho‘xligi sabab so‘la boshlardi. Bir kuni bolalar daraxt atrofida «Qaroqchilar» o‘yinini o‘ynashdi. Ular o‘yinga shunchalik berilib ketishdiki, daraxtning bir nechta shoxlari sinib, yon tomonga qiyshayib qolganini sezishmadi ham. Samira buni ko‘rib qayg‘urdi. U sinib qolgan shoxlarni bog‘lab, kelgusi yilda uni chiroyli va yorqin ko‘rishni niyat qilib, sug‘orib qo‘ydi.
— Daraxtsiz nima bo‘ladi endi? Bezatilgan archasiz Yangi yil qanday kirib keladi? — o‘z-o‘zidan so‘rardi qiz.
O‘sha kuni to‘garakda Samira archa uchun ajoyib katta o‘yinchoq yasamoqchi bo‘ldi.
— Mening o‘yinchog‘im katta va chiroyli bo‘ladi. Uni tillarang qog‘ozdan yasab, yaltiroq tomchilar bilan bezataman, ustiga esa chiroyli naqsh chizaman. Shunda daraxt mening sovg‘amni ko‘rib, yana qad rostlaydi, bahorda yana momiq kurtaklar yozadi, — deb dalda berdi o‘ziga.
Keyingi kuni u o‘z fikrini buvisiga ham aytdi. Mashg‘ulotga shoshar ekan, har kungidek archa bilan salomlashib, unga tez orada mo‘jiza yuz berishiga va’da berdi. Salomat buvi esa nabirasi ortidan:
— Dunyoda mo‘jiza ko‘p, sen ham mo‘jiza yaratishing mumkin. Buning uchun asosiysi, chin dildan ishonishing va ezgu ishlarni qilishing kerak, — deb qoldi.
To‘garakdagilar Samiraning nima uchun bunday katta o‘yinchoq yasayot¬ganini bilib olishdi. Uning ustidan kulib, xafa ham qilishdi.
— Archaga sening o‘yinchog‘ing nima uchun kerak? Mening o‘yin¬choqlarim shunaqangi ko‘pki, hammasi senikidan chiroyli, — dedi baland ovozda bir qiz.
—           Balki daraxt senga rahmat ham aytar! — qo‘shib qo‘ydi ikkinchisi.
Qattiq kulgi boshlan¬ganida o‘qituvchi:
—           Sinf¬do¬shingizning ustidan kulishga uyalmaysizmi, bas qilinglar, qizlar, — dedi.
Qiz keyingi kunni ham o‘yinchoq yasashga sarfladi. Kechqurun «Xayolparast» o‘yinchoqni buvisiga ko‘rsatish va uni daraxtga sovg‘a qilish uchun uyga shoshildi.
Yakshanba kuni ertalab Samira oynadan katta va rang-barang bo‘lib yashnab turgan o‘yinchoqli archani ko‘rib zavqlandi. Yangi yil shu tariqa o‘tdi, ammo mo‘jiza yuz bermadi. Samira juda xafa bo‘ldi va sinfdoshlarining haqligi to‘g‘risida o‘ylay boshladi. Faqat Salomat buvi:
— Mo‘jizaga ishonish, sabr-toqat bilan uning amalga oshishini kutish kerak, u kutilmagan paytda yuz beradi, — deya qayta-qayta takrorladi.
Bahor keldi va Samira bu haqda biroz unutdi. Lekin har kuni archani ko‘rgani borib turdi. Bir kuni u maktabdan qaytayotganda, odatda¬gidek daraxt yoniga keldi. Keldi-yu, yangi, to‘q yashil kurtaklarni ko‘rib, xursand bo‘lib ketdi. U uyga yugurdi va ostonadan buvisini chaqira boshladi.
— Buvi, buvijon! Mo‘jiza, mo‘jiza yuz berdi! O‘yinchog‘im daraxtning jonlanishiga yordam berdi. U endi o‘sib, barg yozadi!
Buvisi kulib:
— Endi sen inson o‘z qo‘li bilan mo‘jiza yaratishi mumkinligiga ishonding. U faqatgina yangi yil kechasi sodir bo‘lmaydi. Bu mo‘jiza daraxtga g‘amxo‘rlik va sevgi bergan mehrli qalbingda joylashgan. Aynan u archangni hayotga qaytardi… — deb qo‘shib qo‘ydi.
Javob sifatida qiz buvisini quchoqlab o‘pib qo‘ydi va bu yangilikni do‘stlari bilan bo‘lishish uchun yugurib ketdi.
erkatoy.uz

Оставьте комментарий