Yur, muhabbat, ketdik bu erdan

DO`STLARGA ULASHING:

Dam olish kuni kechgacha uyda bo‘lib, anchadan beri ortga surilib kelayotgan ishlarimni tartibga soldim. Kamtargina ijodxonaning kunbotar tarafidagi derazasi qiya ochiq, undan endigina kirib kelgan bahorning engil-engil nafas olishlari eshitilib turardi. Biroz oldin oppoq bulutlardan yog‘ib o‘tgan yomg‘irning isi xonani tutgan, bu yomg‘ir go‘yo mening ruhimga yog‘ib, undagi bor tashvish va dardlarimni o‘zi bilan yuvib ketgandek edi. Ayni damda o‘zimni qushdek engil his qilardim. Botayotgan quyoshning so‘nggi nurlariga qishi bilan sog‘inib chiqqanimiz – oftobning iliqligi enib, u yuzimga tekkani sari qandaydir mehrga o‘xshash bir taftni his qilardim. Asta oyna yoniga bordim va deraza raxiga tayangancha tashqaridagi ko‘klamning ovoziga quloq tutdim. Shu damda olis-olisdan bir kuy sasi kela boshladi. Bu kuy mening qalbimga shu qadar singib ketgan ediki, xuddi mening ichimdan chiqayotgandek. Bu navo bundan ancha vaqt oldin bo‘lib o‘tgan, yurakning tub-tubida yotgan bir xotirani uyg‘otib yubordi.
* * *
…U auditoriyaga kirib kelgan kuni men allaqachon yigirma besh yoshni urib qo‘ygan, qo‘shni qizlarning mish-mish gaplari bilan aytganda “ancha-muncha narsalarni ko‘rib, ichidan qarib ketgan” yigit edim. U esa endigina o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yoshga kirgan, bo‘yi mendan ham baland ukamning ta’biri bilan aytganda: “Qibla tarafdan shabada essa ham yiqilib tushadigan darajada” nozik edi.
Guruhdoshlarim ichida yoshim katta bo‘lganligi uchun auditoriyaning “to‘ri”, ya’ni eng orqa tarafi hamisha kaminaga tegishli bo‘lar, bu esa, ba’zida darsning qoq yarmida uyquni tortib yuborish uchun-da qulay edi.
Xullas, u biroz jilmaygan ko‘yi bir-bir qadam bosib xona o‘rtasigacha keldi-da, bo‘sh joy qidirganday bir zum taraddudlandi. Yonimdagi bo‘sh joyni ko‘rib, qimtinibgina, erga tikilgancha men tomonga yura boshladi. Guruhimizda ungacha o‘ttiz yigit va bir qiz o‘qirdik. O‘sha kuni yolg‘izgina erka qizimiz ham darsga kelmagan, qush bozoriga o‘xshab, qiy-chuv qilib o‘tirgan bolalar u kirib kelishi bilan negadir g‘ayritabiiy bir tarzda tinchigan, bundan ham qizig‘i, xonaga birorta begona qiz adashib yoki dekanatning ishi bilan kirib qolgan mahallarda boshlanib ketadigan hushtakbozligu qarsakbozliklar bu safar birdan hammaning esidan chiqib qolgandek edi. U asta qadam bosib kelar ekan, qadamlarining “taq-tuq” tovushi xona bo‘ylab aks-sado berardi.
Shu paytgacha qancha qizlarning qo‘lidan ushlab, qulog‘iga she’r shivirlab yurgan bo‘lsam-da, biror marta bu qadar qattiq hayajonga tushmagan edim. Uning men tarafga kelayotganligining o‘ziyoq, ich-ichimdan qandaydir bir to‘lqinni uyg‘otdi… Beixtiyor parta ustida betartib sochilib yotgan kitob va daftarlarimni yig‘ishtirib, unga joy ocha boshladim. U esa hamon men tarafga kelardi: taq-tuq, taq-tuq…
U xuddi quyoshga o‘xshardi. Biz – butun auditoriya – kungaboqarday burilib, undan ko‘z uzolmasdik. Bir tekis, o‘lchanganday tashlanayotgan qadamlar: taq-tuq, taq-tuq….
Va nihoyat u men o‘tirgan partaga juda yaqin keldi. Men esa, bu paytda u mening yonimga o‘tirishiga butkul ishongan, men tarafga o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘yayotgan guruhdoshlarimga g‘olibona bir nazar bilan – labimning bir chetini sal uchirgancha, kulib turardim…
U etib keldi-yu o‘ylab ham ko‘rmasdan shart burilib, narigi qatordagi bo‘sh joylardan biriga borib o‘tirdi. Xonaga og‘ir sukunat cho‘kdi. Hech kimdan ovoz chiqmas, hamma ustimdan jimgina kulayotgandek edi. O‘zining qitmirligi va sho‘xligi bilan guruhda otning qashqasidek bo‘lib qolgan qashqadaryolik kursdoshim Jasur sekingina, lekin hamma eshitarli qilib “Imm…” dedi-yu, “shilq” etib parta ustiga yiqildi. Yana bir andijonlik jo‘ramiz esa ming‘irlab she’r o‘qiy boshladi:
Oy yuzidan nur yog‘ar sim-sim,
Yur, muhabbat, ketdik bu erdan…
Men esa ayni damda o‘zimni tahqirlangandek his qilar ekanman, dam daftarni, dam kitobni sababsiz, asabiy varaqlardim. Shu lahzalarda ongu shuurimning ich-ichidan, qandaydir o‘zim ham bilmagan joylardan, yurakning hali xayol etib bormagan burchaklaridan hazin bir kuy, kuy-ki odamni jang oldidan ruhlantirishga qodir, navo-ki, unda inson­ga chek-chegarasiz olamni bosib o‘tishga etadigan qud­rat bag‘ishlovchi kuch bordek edi. Bu ko‘ngil kuyining ohangidan men faqat bir narsanigina ilg‘ashga ulgurdim: “Albatta uning muhabbatini qozonishim kerak!” Qolganlarini anglashga menda fursat va tafakkur etmadi, chog‘i. Zero, shuning o‘zi ham menga bir olam ishonch baxsh etgan edi.
Bu paytda auditoriya ham asta-sekin o‘zining eski holatiga qayta boshlagan, hamma o‘z ishini qolgan joyidan davom ettirishga tushib ketgan edi: kimdir kimgadir latifa aytar, yana kimdir sherigining telefonidagi suratlarni tomosha qilishga tushib ketgan. Shunday bo‘lsa-da, u hamon hammaning diqqat markazida edi. Bolalar tez-tez unga o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘yar, u qayoqqa qarayotganligini bilmoqchi bo‘layotgandek, zimdan kuzatishardi. U esa beparvo, faqat ba’zan derazadan tashqariga ko‘z tashlar ekan, boshqalar ham unga taqlid qilgandek o‘sha tarafga qarab qo‘yishardi. Lekin birorta talaba uning oldidagi bo‘sh joyga borib o‘tirishga jur’at topa olmasdi. Shu mahal eshik shahd bilan ochilib, darsga kechikkan domla xonaga kirib keldi va hamma birdan oyoqqa qalqdi. Uch-to‘rt kishi boshlagan “As-salomu a-ley-kum” so‘zlarini butun auditoriya jo‘r bo‘lib tugatdik. Shundan keyin xonani portfellarning “qars-qurs”lari-yu kitoblarning “tap-tup” ovozlari tutib ketdi – hamma darsga tayyorgarlikni boshlab yubordi.
Mening xayolimda hamon uning “taq-tuq, taq-tuq” qadam tovushlari-yu, shoirning she’ri aks-sado berib turardi:
Shirin tushlar ko‘rsin sevgilim,
Yur, muhabbat, ketdik bu erdan…
Darslar tugab, hamma uy-uyiga tarqalish ha­ra­katiga tushganda, kuni bo‘yi shahar xiyobonlaridagi daraxtzorlar ichida mudrab o‘tirgan qorong‘ulik atrofga yoyila boshlagan, biroz oldin yog‘ib o‘tgan bahor yomg‘iri yo‘laklarni ham yangi kelin suv sepib, supurganday qilib qo‘ygan edi. U bilan oliygoh qopqasidan izma-iz chiqib borar paytimizda havodan ham qishning zahri ketgan, bahorning yoqimli shabadasi endigina sharflardan holi bo‘lgan yoqalardan kirib, etni huzurbaxsh junjiktirayotgan, kech tushishi bilan xiralashgan osmondagi bulutlar qo‘ng‘ir-qora tusga kirib turgan bir mahal edi.
Ketma-ket ketib boryapmiz-u, xayolan unga nima deyish haqida o‘ylayman. Aksiga olib kallamga ham biror tuzukroq fikr kelmayotgan edi. Nihoyat bir chuqur nafas oldim-da, ketidan etib olib:
– Salom! Endi bizning guruhimizda o‘qiysizmi? – dedim.
Shunday dedim-u, ovozimdan o‘zim uyalib ketdim. Ovozim juda past, buning ustiga bemorlarnikiga o‘xshab xirillab chiqqan edi.
Tabiiyki, u gapimga tushunmadi va menga “yalt” etib qaradi. Keyin jilmaygancha:
– Kechirasiz, nimadir dedingizmi? – dedi.
– Salom, degandim. Keyin, endi bizning guruhda o‘qiysizmi, deb so‘radim, – dedim bu safar tetikroq tovushda.
– Hm-m, – dedi u. Keyin jilmaygan ko‘yi davom etdi: – Men bo‘lsam, o‘zingizga o‘zingiz gapiryapsizmi, deb o‘ylabman.
– Savolimga javob bermadingiz?
– Javob berishim shartmi?
– Ha endi… balki, bundan keyin kursdoshmizmi, deyman-da.
– Bo‘lishi mumkin….
Suhbatimiz u qadar qovushmadi. U esa hamon xiyol jilmaygan ko‘yi, erdan ko‘zlarini uzmagan holda men bilan yonma-yon ketib borardi. Uning birgina shu tabassumi ham shu qadar chiroyli ediki, u yo‘lak bo‘yidagi endigina bosh ko‘targan maysalar bilan yaxlit bir manzarani kasb etardi. Biz bu mahalda bekatga yaqin kelib qolgandik.
– Kechirasiz, ismingiz nima? Odatda guruhga yangi kelganlarni tanishtirishardi. Siz bilan esa birorta domla kelib, tanishtirmadi ham, – dedim. Bu paytga kelib ichimda potirlayotgan hayajon bosilmagan bo‘lsa-da, o‘zim anchagina dadillashib qolgan edim. U menga taftishchi nigohlari bilan qarab turdi-da:
– Sizni faqat shu qiziqtiradimi? – dedi kulimsirab.
Yana kalavaning uchini yo‘qotib qo‘ydim. Boshim qizib, quloqlarim shang‘illay boshladi.
– Yo‘q, e-e, ha, umuman aytaman-da.
– Mayli, xayr bo‘lmasa. Meni olib ketgani kelishdi.
U yonginamizga kelib to‘xtagan avtobusning zinalaridan salonga ko‘tarilar ekan, men tarafga yana bir bor “yalt” etib qarab qo‘ydi.
– Mayli… xayr… – dedim bo‘shashibgina. Lekin ovozimni o‘zimdan bo‘lak hech kim eshitmadi.
Yurilaverib har bir muyulishi, har bir binosi tanish bo‘lib qolgan ko‘chalardan talabalar sha­harchasidagi yotoqxonamga qaytar ekanman, atrof ham har kungidan boshqacha go‘zal edi. Butun borlig‘im va xayolimda u bilan nomini o‘zim ham bilmaydigan bir joylarda sayr qilib yurardik.
Mening nazarimda u bilan chiqishib ketish osondek, umuman dunyoda hamma ishni qilish osondek ko‘rina boshladi. Ayni damda butun Toshkentni piyoda aylanib chiqishga qodirdek sezardim o‘zimni.
Yotoqxonaga etib keldim-u ertangi kunni orziqib kuta boshladim. Xonadoshlarimning qochirimli gaplariga ham e’tibor bermay, faqat u haqda xayol surardim. Zero, men uchun hozir eng zavqli narsa ham shu edi. “Qiziq, uning ismi nima ekan? Maftunamikin? Yo‘-o‘q, uning ismi bundan ham chiroyli. U dunyodagi eng chiroyli ismga munosib.”
…Gap-so‘zlaridan biroz sho‘x bo‘lib ko‘rinsa-da, o‘ziga etarli darajada jiddiy ham edi va xuddi mana shu jiddiylik u haqda engil xayollarga borishimdan saqlab turardi.
Ertasi kuni uning ismi ma’lum bo‘ldi. Guruh jurnaliga yozilganda bildik. Ruxshona. Bu ism o‘y-xayollarimni shu qadar band etdiki, ko‘zimga ko‘ringan yozuvlardan uning ismida ishtirok etgan harflarni izlaydigan bo‘lib qoldim. Bir so‘z bilan aytganda shoirlar mubolag‘a qilib yozadigan devonalik menda haqiqatga aylangan edi. U bilan qisqa-qisqa suh­batlarimizdan yana shu narsani bildim: u men birinchi kunda o‘ylaganimdek har doim sho‘x-shodon emas ekan. Uning ko‘zlarida qandaydir mung yashirin edi. Shu sabablimi, ba’zan ma’yus tortib qolar va bu damlarda men ham dunyolarga sig‘may ketardim…
Shu tariqa uch oy ko‘z ochib yumguncha o‘tdi-ketdi. Bu orada uning ma’yusligi, g‘amginligi ham ortaverdi. Uning birinchi kundagi, huvv o‘sha, ilk bahorda, yangi yomg‘ir yog‘ib o‘tgan yo‘lakda bo‘lib o‘tgan suhbatdagi sho‘xligi, quvnoqligidan bu paytga kelib asar ham qolmagandi.
U mening so‘rovlarimga ham javob bermas, negadir doim yolg‘iz qolishga intilardi. Bir ko‘nglim “u seni hech qachon yaxshi ko‘rib qolmaydi,” desa, yana bir ko‘nglim “hammasi o‘zingning harakatingga bog‘liq,” derdi. Men uning o‘sha, birinchi kungi sho‘x kulgusi-yu quvnoqligi, ovozidagi jarangdorlikni sog‘inardim. Uni yana shu holatda ko‘rgim kelardi…
Sen, dilimda yashnagan chechak,
Biz birgamiz, qayda yashasak!
Shoir mening dardlarimni bilib yozgandek edi go‘yo. Qani endi o‘z muhabbatingni etaklasang-u, hech kimning qadami etmas joyga olib ketsang. Uni o‘sha joyga yashirib qo‘ysang. U joyga begona nigohlar oralamasa. Har xil ko‘ngilxiraliklar-u bu dunyoning tashvishlari etib bormasa. Shunday joy bormikin? Agar bor bo‘lsa, qaerda bo‘lishi mumkin? Ko‘ngilning tubidami? Lekin ko‘ngilning eng tubidagi muhabbat ham vaqti kelib o‘zini oshkor qilib qo‘yishi mumkin-ku.
Yozgi ta’til ham boshlanib, barcha talabalarning quvonchi ichiga sig‘maydigan palla kelgan edi. Hamma xursand, faqat meni undan uzoqlashish qayg‘usi qiynar edi. Uni ko‘rmasdan uch oylik ta’tilni qanday o‘tkazaman? Koshki oramiz yaqin bo‘lsa. U boshqa viloyatda, men boshqa viloyatda. Buning ustiga qishloq sharoiti… Tomorqa va uydagi ishlardan ortib, biror joyga chiqish muammo. Yana bizning xonadonda bir so‘m pulning ham o‘z ishlatiladigan joyi bor ediki, bu holatga men ham allaqachonlar ko‘nikib bo‘lgan edim. Buning ustiga ota-onamga ham biror qiz haqida gapirish juda qiyin edi.
U menga ro‘yxushlik bermagan bo‘lsa-da, negadir ich-ichimdan “u ham meni yaxshi ko‘radi” degan o‘y o‘taverardi. Bu orada necha bor unga qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lsam, hammasi besamar ketdi. Telefonxatlar ham havoga uchgandek javobsiz qoldi…
Qushlarning chug‘ur-chug‘urlariyu, hamma yoqni changitib podadan qaytayotgan mol-qo‘ylarning ovozlari bilan azim yoz fasli ham o‘tib ketdi. O‘qish boshlanishi oldidan talabalar yotoqxonasiga joylashdim. Darslar boshlangan kuni yuragim hapqirib, institut tomonga uchib bordim. Kursdosh bolalar hammasi bir-biri bilan quchoqlashib hol-ahvol so‘rashar, yozgi taassurotlarni so‘zlab charchashmasdi. U ham shu erda edi. Jilmaygan ko‘yi kimningdir so‘zlarini tinglarkan, qo‘lidagi besh-oltita kichik xatjildlar titrab turardi. Men bilan ham o‘shanday, jilmaygancha bosh qimirlatib so‘rashgan bo‘ldi. Mening ko‘zlarim esa xatjildlarda – ular titrab turardi.
O‘sha kunning o‘zidayoq men uchun mash’um bir ha­qiqat ayon bo‘ldi. Titrayotgan xatjildlar uning to‘­yiga taklifnomalar ekan. Shundan keyin nimalar bo‘lganligini aytib o‘tishimga hojat yo‘q, deb o‘y­lay­man. Faqatgina darslar tugab, yana o‘sha yo‘lakdan yon­ma-yon qaytar ekanmiz, havoda ham kuzning og‘ir qora bulutlari izg‘ib yurardi. U qo‘lidagi so‘nggi taklifnomani qo‘limga tutqazdi-da:
– Meni kechiring. Sizni xafa qilmoqchi emasdim, – dedi.
– Nega axir… Qanday qilib axir…
– Bu ancha oldin pishitilgan savdo. Ota-onam meni yoshligimda unashtirib qo‘yishgan.
– Men hech kimdan xafamasman. Lekin odam o‘zi uchun ham yashashi kerak-ku. Istasangiz hamma mas’uliyatni bo‘ynimga olaman.
U aqlli qiz edi. Nima demoqchi bo‘layotganligimni darrov tushundi.
– Yo‘q! Buning keragi yo‘q. Men hech qachon ota-onamning yuzi erga qarashini istamayman. Ular oldidagi mas’uliyatim ham, burchim ham bunga yo‘l qo‘ymaydi. Hissiyotlarga berilib ish ko‘rsam, oxiri yaxshi bo‘l­masligi mumkin, – dedi qat’iy qilib.
U so‘nggi gaplarini qat’iylik bilan aytgan bo‘lsa-da, ovozidagi titrashni anglash unchalik qiyin emasdi. Bekatga kelib to‘xtagan avtobus tomon burilar ekan, past ovozda:
– Mayli, xayr, meni olib ketgani kelishdi. Xayr, Siz yaxshi odamsiz, – dedi. Unga diqqat bilan, xuddi so‘nggi bora ko‘rayotgandek termular ekanman, ko‘z­larining tub-tubidan to‘fon kabi yopirilib kelayotgan yoshlarni ko‘rdim. Shu lahzada uning nima uchun kundan-kunga g‘amginlashib borayotganligi ham ayon bo‘lgan edi men uchun.
U avtobusga chiqdi-yu odamlar orasiga singib ketdi. Huvillagan bekatda yana yolg‘iz o‘zim qoldim. Kuzning ilk kunlari bo‘lishiga qaramay oldin bitta-bitta, keyin esa shovullab yomg‘ir yog‘a boshladi. Ammo bu safargi yomg‘ir kuz yomg‘iri edi. Qo‘limdagi taklifnomaga qaerdandir tomchilar tomar, bu tomchilar yom­g‘irmi yoki mening ko‘zimdan tomchilayotgan yoshlarmi, buni aniq ajrata olmasdim.
Biz ketsak, er kengayib qolar,
Osmon ham sal enkayib qolar,
Bir qora ko‘z jilmayib qolar,
Yur, muhabbat, ketdik bu erdan!
* * *
Hamon deraza raxiga suyangancha, tashqaridagi ba­horni tomosha qilardim. Qaerlardadir haliyam o‘sha kuy o‘zining hazingina ohangini taratardi. Shu paytda bir narsaga amin bo‘ldim – Muhabbat hayot ekan, bu kuylar o‘lmaydi. U abadiy yashaydi!
Behzod BIYBOLAEV – 1986 yilda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida tug‘ilgan. Toshkent Moliya instituti “Moliya-iqtisod” fakultetida tahsil olgan.
Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida bo‘lim muharriri lavozimida faoliyat yuritmoqda.

14 комментариев к “Yur, muhabbat, ketdik bu erdan”

  1. Уведомление: rolex ecstasy pills

  2. Уведомление: san jose real estate

  3. Уведомление: gun for sale

  4. Уведомление: this website

  5. Уведомление: Usa Inmate

  6. Уведомление: jav

  7. Уведомление: buy psilocybin mushrooms online usa

  8. Уведомление: why is the drug molly named molly,

  9. Уведомление: weed delivery toronto

  10. Уведомление: แทงบอล ufabet

  11. Уведомление: Anabolika Kaufen

  12. Уведомление: 무선단말기

  13. Уведомление: ติดเน็ตบ้าน AIS

  14. Уведомление: Lsm99 เว็บบอล Auto

Комментарии закрыты.