Аtopik dermatit (bolalardagi ekssudativ diatez)

DO`STLARGA ULASHING:

Ekssudativ diatez allergik holat boʼlib, asosan goʼdaklarda uchraydi. Bunda bolaning terisi va shilliq qavatlari turli allergenlarga taʼsirchan boʼlib qoladi. Kasallik rivojlangani sayin murgʼak organizmda moddalar almashinuvi buziladi.
Diatezni keltirib chiqaradigan sabablardan eng birinchisi bolaning ovqatlanishi bilan bogʼliq. Masalan, goʼdak organizmi baʼzi oziq-ovqat mahsulotlari (sut, tuxum oqi, tovuq, baliq goʼshtidagi oqsillar, qulupnay, uzum, oʼrik, bargak, naʼmatak, pomidor, sabzi, asal, shokolad, sitrus mevalar)ni koʼtara olmasa, darhol diatez paydo boʼladi.
Kepaklanuvchi dogʼlar
Ekssudativ diatezga chalingan bolaning terisi chaqaloqligidanoq oʼzgaradi, keyinchalik u ovqatga oʼrgatilganda terisidagi oʼzgarishlar yaqqol koʼzga tashlanadi. Dastlab bolaning tizza boʼgʼimlarida va qosh ravogʼida sargʼimtir, kepaklanib turuvchi dogʼlarni koʼrish mumkin. Garchi kichkintoy toʼgʼri parvarish qilinganda ham qoʼltigʼida, chov sohasida, boʼyni va quloqlari ostidagi teri suvchirab turadi. Ogʼiz ichining shilliq qavatlari oqimtir tusga kiradi.
Bola bir yarim-ikki oylik boʼlgach, yuzi qizarib, yogʼli qasmoq paydo boʼladi. Kasallik ogʼirroq kechganda esa qasmoqlar koʼpayadi. Diatezi bor bola oʼtkir respirator kasalliklar, tumov, angina, bronxitga tez-tez chalinadi. Аgar zotiljam bilan ogʼrib qolsa, kasallik uzoq davom etib, tuzalishi qiyinlashadi. Meʼda-ichaklarida ham oʼzgarishlar roʼy beradi. Baʼzan ichi ketsa, baʼzida qotadi.
Bundan tashqari, ekssudativ diatezda bolaning koʼz shilliq pardasi va oʼrta quloq sohasi yalligʼlanadi. Bemor bola biror kasallik bilan ogʼrib, tuzalganidan keyin ham anchagacha oʼziga kelolmaydi, yaʼni ahvoli yengillashavermaydi, tana harorati tez-tez koʼtarilib turadi. Goʼdak xomsemiz, rangpar koʼrinadi. Qovoqlari shishadi, ishtahasi karnay boʼladi (baʼzi bemorlarda esa buning aksi kuzatiladi).
Diatezni boshdan kechirayotgan bolalarda neyrodermit, bronxial astma va qichima paydo boʼlishi har ikkita bemordan bittasida kuzatiladi.
Neyrodermit
Koʼp hollarda nasldan naslga oʼtadigan neyrodermitda tirsak, taqim, bukiladigan joy va yirik burmalar sohasi quruqshab shoʼralaydi, teri dagʼallashib, qichishadi. Bola qashlaganda terisi tirnaladi va keyinchalik zararlangan sohalarning yuza sathi asta-sekin koʼchib tushadi. Natijada terida yoʼl yoriqlar paydo boʼladi. Аgar oʼz vaqtida oldi olinmasa, neyrodermit qaytalaydi va navbatdagisi ancha ogʼir kechib, bemorni qiynab qoʼyadi. Shuning uchun ham diatezi bor bemorda neyrodermitning oldini olish uchun profilaktik choralar qoʼllash lozim.
Vaqti-vaqti bilan vanna qilib turish (sodali va margantsovkali) hamda bolalar kremi yoki yogʼ surtish tavsiya etiladi. Terisi doim yalligʼlanib, suvchiraydigan bolalarga vannadan tashqari ayrim dori-darmonlarni vrach maslahatiga koʼra berib turish kerak.
Bronxial astma
Diatezi bor bolada bronxial astma paydo boʼlsa, u bezovtalanadi, ishtahasi yoʼqoladi, xuruj tutishi yaqinlashganda burun sohasi qichishib, undan suyuq modda ajraladi. Shunda tez-tez aksa uradi va yoʼtaladi. Аyniqsa, kechasi bolaning nafas olishi qiyinlashadi. Baʼzan terida toshma toshib, dermatit (teri yalligʼlanishi) kuchayadi. Bemorning oʼzini tutishi oʼzgaradi. Uyqusi buziladi, ishtahasi pasayadi. Havo yetishmagandek tuyulib, nafasi boʼgʼadi va kutilmaganda xuruj yuzaga keladi. Yoʼtalaverib holi quriydi, soʼng balgʼam tashlaydi.
Ekssudativ diatez bilan kechadigan bronxial astma oʼz vaqtida davolanmasa, surunkali tusga oʼtadi, asorat qoldiradi, faslga qarab tez-tez takrorlanib turadi.
Bolalar qichimasi (strofulyus)
Odatda 1-3 yashar bolalarda uchraydigan qichimada bemorning yuzi qizarib qichishadi, poʼsti yupqa pufakchalar toshadi. Bola qashlanganda pufakchalar tez yorilib, ichidan tiniq suyuqlik chiqadi. Baʼzan toshmalar tananing pastki qismi va oyoqlarga tarqaladi. Toshmalar suvlanishi natijasida yangi pufakchalar hosil boʼlaveradi. Bola asabiylashadi, uyqusi buziladi.
Ekssudativ diatezning oldini olishda, eng avvalo, homilador va emizikli ayollarning toʼgʼri ovqatlanishini yoʼlga qoʼyish muhim. Shuningdek, homiladorlik toksikozlarini ham vaqtida davolash kerak.
Diatez kelib chiqishiga aksariyat hollarda bolani notoʼgʼri ovqatlantirish sabab boʼladi. Shuning uchun ham diatezga moyil bolalar ovqati oʼziga xos tartibda tuziladi. Bunda onalar baʼzi bir allergiya chaqiruvchi yeguliklar (masalan, ot, qoʼy, baliq goʼshtlari, mosh, yongʼoq, mayiz, kakaoli va sitrusli oziqlar, sabzi, pomidor, qulupnay, shokolad, tuxum kabi kabilar)ni isteʼmol qilmasliklari kerak. Chunki goʼdaklarning asosiy taom koʼkrak suti boʼlganligi bois bunday yeguliklar sut orqali bola organizmiga oʼtib, diatezga sabab boʼladi.
Onalar yodda tutishsin
Ovqatda sabzavot va mevalar koʼp boʼlgani yaxshi. Faqat mol goʼshtini isteʼmol qiling, tuxumni esa haftada bir marta yeyishingiz mumkin. Sutni kamroq ichganingiz maʼqul.
Diatez bilan ogʼrigan bolalarga meva sharbatlari juda ehtiyotkorlik bilan, kuniga bir tomchidan bir necha tomchigacha beriladi. Har bir sharbat turi goʼdakka qanday taʼsir qilayotganini kuzatib borish kerak.
Bemor bolaga grechixa, suli (ovsyanka), perlovka, guruch yormalaridan boʼtqalar tayyorlab yediring. Bunday boʼtqalarni sabzavot qaynagan suvda pishirsangiz, foydalilik darajasi yanada ortadi.
Qatiq (kefir) ichadigan bolalarda diatez kam uchrashi isbotlangan. Shuning uchun ham bolaga tez-tez, oz-ozdan qatiq ichiring.
Faqat mol goʼshti qiymasidan va jigaridan tayyorlangan taomlarni yedirganingiz maʼqul.
Ekssudativ diatezning oldini olishda bolaning kundalik ovqatiga alohida eʼtibor qiling. Bolaga hadeb bir xildagi ovqatni yedirmang. Аyniqsa, goʼdaklarni koʼkrakdan barvaqt ajratmaslik lozim. Ikki-uch yoshga yetmagan bolalarga tuxum, shokolad, kakao singari diatezga sabab boʼladigan narsalarni bermang.
Bolaga bir yoshdan soʼng oʼsimlik yogʼi qoʼshib tayyorlangan taomlardan yediring. Uning kundalik ovqati vitaminlarga boy boʼlsin. Аgar goʼdaklarning terisida qichishish paydo boʼlsa, uni, albatta, pediatr shifokorga koʼrsating.
Muzaffar YuLDАShEV,
dermato-venerolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий