Parkinsonizm

DO`STLARGA ULASHING:

1817 yili angliyalik vrach Jeyms Parkinson (1755-1824) “Titroq falajlik” deb nomlangan kichik bir asar yozadi. Bunda u oʼsha davrgacha nomaʼlum boʼlgan kasallik haqida soʼz yuritadi. Hamma gap shundaki, bu dardga uning oʼzi yoʼliqqan edi. U oʼzida kechayotgan kasallik belgilarini yon daftarchasiga yozib yuradi. Uning qoʼllari doimo titrar, boshi qaltirar va hali 60 yoshga ham yetmagan boʼlsa-da, gavdasi bukchayib borayotgandi. Parkinson tanasidagi barcha mushaklari goʼyoki qotib borayotganini, bemalol qadam tashlab yura olmayotganidan aziyat chekardi. U yaqinlariga: “Bu qarilik emas, balki qandaydir bir kasallik” deydi siqilib. Hozirda har bir nevropatolog biladigan parkinsonizmning deyarli barcha belgilari oʼsha vaqtdayoq Parkinson tomonidan batafsil qilib yozib qoldirilgan. Toʼgʼrisini aytganda u yoza olmasdi, chunki ushbu kasallik uchun xos boʼlgan fikrlar karaxtligi va muskullar qotishi bunga yoʼl qoʼymasdi. Аgar Parkinson ushbu kasallik bilan ogʼrimaganida edi, balki biz uning haqida hech narsani bilmagan boʼlur edik.
Ellik yoshdan keyin uchraydi
Jeyms Parkinson oʼzida bu kasallik belgilarini 50 yoshdan oshgandan soʼng payqay boshlagan. Keyin uning oʼzi yana 6 nafar bemorda xuddi shunday kasallik alomatlarini kuzatadi. Ularning ham 50 yoshdan oshgan edi. Kasallikning kattalarda uchrashi Parkinson eʼtiborini tortadi va u “ushbu kasallik 50 yoshdan oshganlarda uchraydi” deb yozadi. Shu bilan birga oʼzida va oʼzi kuzatuvga olgan bemorlarda bir xil alomatlarga, yaʼni qoʼllarning titrashi, mushaklar qotishi, harakatlarning sustlashib borishi va qadam tashlashning sekinlashuviga eʼtibor qaratadi. Mushaklar kuchi saqlanib qolgan boʼlsa ham, titroqlar va mushaklarning qotib qolishi sababli Parkinson bu kasallikka “Titroq falajlik” deb nom beradi.
Parkinson oʼlimidan 50 yil oʼtgach, yaʼni 1874 yili mashxur frantsuz nevrologi Jan Marten Sharko bu kasallikni chuqur oʼrganib, uning nomini oʼzgartiradi. Jarko shunday deb yozadi: “Biz ushbu kasallikni oʼzi shu darddan aziyat chekkan va uni batafsil yozib qoldirgan vrach nomi bilan ataymiz”. Barcha olimlar Sharkoning bu taklifini qoʼllab quvvatlashadi. Oʼsha davrdan boshlab ushbu kasallik Parkinson kasalligi deb nomlanadi. Jahon nevrologiyasi fani asoschisi J.M.Sharko ushbu kasallik tufayli vafot etgan bemorlarning bosh miyasini kesib oʼrganadi, biroq miya toʼqimalarida hech qanday patologik oʼzgarishlar topmaydi.
Nasliy xususiyatga ega
Parkinson kasalligi tufayli hayotdan koʼz yumgan bemorlarning bosh miyasini Sharko davridan (1880 yillardan) buyon olimlar kesib oʼrganib kelishgan. Biroq bosh miyada hech qanaqa oʼzgarishlar topilmagani uchun albatta hayratda qolishadi: “nevrologik belgilar boru, biroq bosh miya esa oʼzgarmagan?!” Bu qanaqasi boʼldi? Balki kasallik nasliy xususiyatga egadir? Bu savol deyarli 80 yil mobaynida, yaʼni XX asrning 60-yillarigacha javobsiz qoladi.
1918 yili Yevropada epidemik entsefalit (bosh miyaning kuchli yalligʼlanishi) bilan kasallanganlar soni juda koʼpayib ketadi. Vengriyalik olim Ekonomo ushbu kasallikning, yaʼni entsefalitning surunkali bosqichida Parkinson kasalligiga xos simptomlarni kuzatadi. Entsefalit tufayli nomud boʼlgan bemorlarning bosh miyasi tekshirilganda bosh miyaning chuqur qismida patologik oʼzgarishlar topishadi. Oʼsha davrdan boshlab Parkinson kasalligiga oʼxshab kechuvchi kasalliklarni parkinsonizm deb atay boshlashadi. Oʼsha paytlari patomorfologik tekshiruvlar rivojlana boshlagan edi. Xullas, shu kasallik tufayli vafot etgan bemorlarning bosh miyasi tekshirilganda bosh miyaning quyi qismida joylashgan qora modda xujayralari atrofiyasi aniqlanadi.
Аslida parkinson kasalligining rivojlanishida nasliy omillarga katta urgʼu beriladi. Chunki kasallik nasldan-aslga dominant tipda uzatiladi. Bu kasallik toʼla ravishda farzandlarga oʼtadi, degani emas. Vaholanki, Parkinson kasalligining oʼzi emas, balki unga moyillik keyingi avlodlarga uzatiladi. Demak, ushbu kasallikka moyilligi bor odamlarda turli tashqi salbiy taʼsirlargina Parkinson kasalligini yuzaga keltirish mumkin.
Zaharlanish dardga turtki beradi
Turli kimyoviy moddalar va vositalar bilan surunkali zaharlanish parkinsonizm rivojlanishiga sababchi boʼlishi mumkin. Masalan, oltingugurt, marganets, qoʼrgʼoshin, metil va etil spirtlari, fosfororganik birikmalar, is gazi, yaʼni miyada dofamin moddasi almashinuviga salbiy taʼsir koʼrsatuvchi moddalar parkinsonizm rivojlanishiga turtki bergan. Аsab sistemasi infektsiyalari miyaning ichki qismida joylashgan qora moddani zararlaydigan viruslar parkinsonizm rivojlanishiga sababchi boʼlishi mumkin.
Baʼzi dorilargina parkinsonizm rivojlanishiga sababchi boʼlishi mumkin. Bular – aminazin, galoperidol va shu guruhga kiruvchi dorilar boʼlib, asosan ruhiy buzilishlarni davolashda ishlatiladi. Ular katta miqdorda yoki uzoq vaqt tavsiya qilinsa, bemorda parkinsonizm belgilari rivojlanadi. Biroq bemor bu dorilarni ichishdan toʼxtatsa, parkinsonizm belgilari darrov orqaga qaytadi. Shuning uchun ham dorilar taʼsiridan rivojlangan parkinsonizm haqiqiy Parkinson kasalligiga qaraganda tez tuzaladi. Parkinsonizmni yuzaga keltiradigan dorilarning nojoʼya taʼsirini pasaytirish uchun siklodol dorisi beriladi.
Giyohvand moddalarni qabul qiladiganlarda parkinsonizm koʼp rivojlanadi. Chunki giyohvand moddalar aynan qora moddada ishlab chiqariladigan dofamin moddasini parchalaydi.

Оставьте комментарий